2014-yilning 1-yarmi uchun aholini ish bilan taʼminlash tuman Dasturi toʻgʻrisida (73-q-son)
15.02.2014
Andijon viloyati Buloqboshi tumani hokimining
Qarori
2014-yilda tuman aholisini ish bilan taʼminlash va ijtimoiy himoyaga olish maqsadida, tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazining 2013-yil 24-dekabrdagi 293-sonli xatini koʻrib chiqib hamda Oʻzbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 25-moddalariga asosan qaror qilaman:
1. Buloqboshi tuman bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazining 2013-yil 24-dekabrdagi 293-sonli xati inobatga olinsin.
2. 2014-yilning 1-yarmi uchun “Aholini ish bilan taʼminlash tuman dasturi” mehnat bozoriga chiquvchi ishchi kuchlari va ulardan foydalanish prognozi 1-ilovaga*, mehnat bozorini tashkil etuvchi toifalar prognozi 2-ilovaga*, iqtisodiyotning tarmoqlaridagi boʻsh ish joylarining ishchi kasblari va mutaxassisliklari boʻyicha prognozi 3-ilovaga*, band boʻlmagan ish qidirib yuruvchi aholining kasblar boʻyicha tarkibi va boʻsh ish oʻrinlari taqqoslama prognozi 4-ilovaga*, ishsiz shaxslarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash ularning malakasini oshirishni tashkil etish 5-ilovaga*, muvofiq tasdiqlansin.
* 1—5-ilovalar berilmaydi.
3. Tuman hokimining oʻrinbosari I. Toʻraboyev, tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (M. Yulchiyev) “Aholini ish bilan taʼminlash tuman dasturi”ning ijrosini taʼminlashda quyidagilarga ustivor vazifa deb qarasinlar:
Ish bilan band boʻlmagan aholi sonini aniqlash uslubiga muvofiq ishsizlar sonini tizimli ravishda hisobga olib borilishini, ishga joylashtirishga muhtojlar va boʻsh ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar banki shakllantirilishini taʼminlash;
Aholi bandligining samarali shakllarini, ayniqsa, kasanachilikni, mustaqil ish bilan bandlikni, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish;
Ishsizlarni kasbga oʻqitish va qayta oʻqitishni tashkil qilish, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qonun hujjatlarida nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish, haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etish;
Ishsizlarni, birinchi navbatda, yoshlar, xotin-qizlar va aholining boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarini ishga joylashtirishga koʻmaklashish.
4. OATB “Agrobank” Buloqboshi filiali (E. Nishonov), D.T. Xalq banki Buloqboshi filiali (A. Muhitdinov), “Mikrokreditbank” ATB amaliyot boʻlimi Buloqboshi minibanki (F. Aybeshov)lar kredit mablagʻlarini birinchi navbatda yangi ish oʻrinlari barpo etiladigan loyihalar boʻyicha ajratish choralarini koʻrsinlar.
5. Tuman Davlat soliq inspeksiyasi (L. Uvaysiddinov) yakka tartibda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlar toʻgʻrisidagi umumiy maʼlumotlarni har oy yakuni boʻyicha tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markaziga taqdim etib borilishini taʼminlasin.
6. “Buloqboshi” gazetasi muharriri (A. Gʻoziyev)ga mazkur qarorni gazeta sahifalari orqali keng ommaga yetkazish vazifasi topshirilsin.
7. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan tuman hokimining 2013-yil 23-iyundagi 268-q-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Tuman statistika boʻlimi (E. Mirzaxonov)ga tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (M. Yulchiyev) bilan birgalikda joylarda yaratilayotgan yangi ish oʻrinlari hisobi monitoringini olib borish vazifasi topshirilsin.
9. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari I. Toʻraboyev zimmasiga yuklatilsin.
Hokim D. MAXSUDOV
Buloqboshi t.,
2014-yil 15-fevral,
73-q-son
