Tumandagi korxona, tashkilot, muassasa va xoʻjaliklar hisobidagi avtomototransport vositalarini 2014-yilda texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida (32-son)
13.01.2014
Fargʻona viloyati Toshloq tumani hokimining
Qarori
Tuman hududida hamda tumandagi korxona, tashkilot, muassasa va xoʻjaliklarga qarashli avtomototransport vositalari tomonidan yoʻllarda harakat xavfsizligi qoidalariga rioya qilinishini taʼminlash, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Transport vositalarini majburiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom”, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki Ishlar Vazirligining 2003-yil 19-fevraldagi 56-sonli buyrugʻi talablarini bajarish maqsadida hamda tuman ichki ishlar boʻlimining 2013-yil 24-dekabrdagi 3 9/4630-sonli yozishmasini koʻrib chiqib qaror qilaman:
1. Tumandagi mulkchilik shaklidan qati nazar barcha korxona, tashkilot, muassasa hamda fermer xoʻjaliklari hisobidagi avtomototransportlar, tirkamalar va yarim tirkamalarni 2014-yilning mart-oktabr oylarida davlat texnik koʻrigidan oʻtkazilsin.
2. Tumandagi korxona, tashkilot, muassasa va xoʻjaliklar tasarrufidagi avtomototransport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha tuman komissiyasi tarkibi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
3. Tuman ichki ishlar boʻlimi yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmasi tomonidan tuzilgan 2014-yilda tumandagi korxona, tashkilot, muassasa va xoʻjaliklarga qarashli avtomototrapsport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish jadvali 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1 va 2-ilovalar berilmaydi.
4. Tumandagi tijorat asosida yoʻlovchi tashish uchun foydalaniladigan yengil avtomobillarni, avtobuslarni, odamlarni muntazam tashish uchun jihozlangan yuk avtomobillarini, ogʻir yuk hamda xavfli yuklarni tashuvchi transportlarni va ularni tirkamalarini bir yilda ikki marotaba texnik koʻrikdan oʻtkazilsin.
5. Davlat texnik koʻrigidan oʻtkazish komissiyasiga avtomototransport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish jadvaliga qati amal qilish, transport vositalarini zaruriy asbob-anjomlar bilan taʼminlanganligi holatiga alohida eʼtibor berish topshirilsin.
6. Tuman avtomotohavaskorlar Kengashi (Sh. Omonov)ga 2014-yilgi davlat texnika koʻrigi davomida barcha haydovchilarning yoʻllarda harakatlanish qoidalari boʻyicha oʻttiz soatlik oʻqish dasturini oʻtaganligini qayta tekshiruvdan oʻtkazish yuklatilsin.
7. Tuman ichki ishlar boʻlimi (boshligʻi Sh. Moʻminov) va tuman mudofaa boʻlimi (boshligʻi A. Qodirov)lar zimmasiga mazkur qarorning bajarilishi yuzasidan 2014-yil 10-noyabrga qadar tuman hokimligiga yozma axborot berish vazifasi yuklatilsin.
8. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan tuman hokimining 2013-yil 9-yanvardagi 9-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Mazkur qaror rasman eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
10. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari A. Boboraximov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim X. UMAROV
Toshloq t.,
2014-yil 13-yanvar,
32-son
