Yunusobod tumanida 2014-yilda haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etish toʻgʻrisida (55-son)
20.01.2014
Toshkent shahar Yunusobod tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 5-6-son, 97-modda; 1999-y., 1-son, 20-modda; 5-son, 124-modda, 9-son, 229-modda; 2000-y., 5-6-son, 153-modda; 2001-y., 5-son, 89-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 25-26-son, 225-modda; 2009-y., 52-son, 553-modda) 17-moddasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 19-iyuldagi “Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqidagi” (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1999-y., 7-son, 40-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 5-6-son, 46-modda) 353-son qarori ijrosini taʼminlash, ish qidirayotgan shaxs sifatida tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazida roʻyxatga olingan fuqarolarga ularni vaqtincha ish haqi olish va ish qidirayotgan davrida ularni moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, markaz tomonidan “ishsiz” deb eʼtirof etilgan fuqarolarni vaqtincha ish bilan taʼminlash uchun shart-sharoitlar yaratish, birinchi marta ish qidirayotgan va kasbi boʻlmagan shaxslarni mehnatga jalb qilish maqsadida qaror qilaman:
1. Yunusobod tumanida 2014-yil uchun haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etuvchi korxona va tashkilotlar roʻyxati ilovaga asosan tasdiqlansin.
2. Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etuvchi korxona, tashkilotlar rahbarlariga:
ilovada qayd etilgan haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etish taʼminlansin;
jamoat ishlariga jalb qilingan fuqarolar mehnatiga haq toʻlash xarajatlarining mahalliy davlat hokimiyati organlariga qarashli korxona va tashkilotlar boʻyicha 50 foizi ish beruvchilar mablagʻlari va 50 foizi mahalliy budjet va ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan;
boshqa korxona va tashkilotlar boʻyicha 75 foizi ish beruvchilar mablagʻlari hisobidan 25 foizi ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi hisobidan amalga oshirilsin;
tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi yoʻllanmasi boʻyicha haq toʻlanadigan jamoat ishlariga yuborilgan fuqarolarni jamoat ishiga qabul qilinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumot 3 kunlik muddatda markazga yozma ravishda xabar qilinsin;
3. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (B. Meliyev):
korxona va tashkilotlar rahbarlari tomonidan mazkur qarorning toʻliq bajarilishi yuzasidan qatʼiy nazorat oʻrnatilsin;
haq toʻlanadigan jamoat ishlariga yuborilgan va ish bilan taʼminlangan fuqarolar belgilangan tartibda hisobga olinsin.
4. Yunusobod tumani hokimining 2013-yil 28-iyundagi “Yunusobod tumanida 2013-yilda haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etish toʻgʻrisida”gi 560-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Ushbu qaror rasman eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari A. Salixov zimmasiga yuklansin.
Hokim Sh. AZIMDJANOV
Toshkent sh.,
2014-yil 20-yanvar,
55-son
Tuman hokimining 2014-yil 20-yanvardagi 55-sonli qaroriga ILOVA
Yunusobod tumanida 2014-yil uchun haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etuvchi korxona va tashkilotlar roʻyxati
