Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan, alkogolizm, giyohvandlik va zaharvandlikka yoʻliqqan shaxslarga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (2591-son)
03.06.2014
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI ICHKI ISHLAR VAZIRINING
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 3-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2591]
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksiga muvofiq buyuraman:
1. Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan, narkologik kasallikka (surunkali alkogolizm, giyohvandlik, zaharvandlik) yoʻliqqan shaxslarga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 1994-yil 20-oktabrdagi 268-sonli “Ixtisoslashtirilgan axloq tuzatish muassasalarida saqlanayotgan mahbuslarni giyohvandlikdan majburiy davolashni tashkil etish toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir A. AXMEDBAYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 3-may,
65-son
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2014-yil 3-maydagi 65-sonli buyrugʻiga ILOVA
Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan, narkologik kasallikka (surunkali alkogolizm, giyohvandlik, zaharvandlik) yoʻliqqan shaxslarga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan, narkologik kasallikka (surunkali alkogolizm, giyohvandlik, zaharvandlik) yoʻliqqan shaxslarga (bundan buyon matnda hukm qilingan shaxslar deb yuritiladi) nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 96-moddasiga asosan alkogolizmga, giyohvandlikka yoki zaharvandlikka yoʻliqqan yoxud aqli rasolikni istisno etmaydigan tarzda ruhiy holati buzilgan shaxslar tomonidan jinoyat sodir etilgan taqdirda, agar tibbiy xulosa mavjud boʻlsa, sud jazo tayinlash bilan birga ularga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini tayinlashi mumkin.
2. Hukm qilingan shaxslarga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari ularni davolash maqsadida qoʻllaniladi.
3. Tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini ijro etish uchun sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi yoki ajrimi asos boʻladi.
31. Tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilgan hukm qilingan shaxslar majburiy davolanishda boʻlishi davrida davolash maqsadida va ularning jismoniy holati hisobga olingan holda, shuningdek tibbiy koʻrsatmalarga muvofiq ularga nisbatan mehnat terapiyasi qoʻllaniladi.
2-bob. Tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash
4. Tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilgan hukm qilingan shaxslar jazoni ijro etish muassasalarining qabul boʻlimida shifokor-narkolog yoki shifokor-psixiatr tomonidan roʻyxatga olinadi va 3 kun ichida tibbiy tekshiruvdan oʻtkaziladi.
Umumiy, qattiq va maxsus tartibli koloniyalarda jazo muddatini oʻtayotgan hukm qilingan shaxslarga tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari davolash huquqi asosidagi koloniyalar va mahkumlar uchun ixtisoslashgan kasalxonada amalga oshiriladi.
Manzil-koloniyalarida jazo muddatini oʻtayotgan hukm qilingan shaxslarga tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari majburiy davolash uchun moʻljallangan narkologiya muassasalarida amalga oshiriladi.
5. Tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilgan hukm qilingan shaxslar klinik, anamnestik, psixopatologik, somatonevrologik va laboratoriya tekshiruvlaridan oʻtkaziladi va ularga shifokor-narkolog yoki shifokor-psixiatr tomonidan tashxis qoʻyiladi hamda individual ravishda davolash rejasi belgilanadi.
6. Tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilgan hukm qilingan shaxslarga shifokor-narkolog yoki shifokor-psixiatr xulosasiga muvofiq davolash rejasiga asosan tibbiy yordam koʻrsatiladi.
7. Tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllashga hukm qilingan shaxslarni tekshirish va davolash Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan standartlar va klinik bayonnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.
Hukm qilingan shaxsni majburiy davolash davomiyligi oʻn sakkiz oydan oshmasligi kerak.
8. Tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilgan hukm qilingan shaxslarda faol sil kasalligi mavjudligi aniqlangan taqdirda, ularga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash faol sil kasalligiga ixtisoslashtirilgan jazoni ijro etish muassasalarida amalga oshiriladi.
9. Tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilgan hukm qilingan shaxslarga shifokor-narkolog yoki shifokor-psixiatr xulosasiga asosan statsionar yoki ambulatoriya kuzatuvi tayinlanadi.
10. Statsionar davolanish uchun yotqizilgan alkogolizm bilan kasallangan hukm qilingan shaxslarning narkologik statsionar boʻlimidagi minimal davolanish muddati qirq besh kundan, giyohvand yoki zaharvandlarni esa oltmish kundan kam boʻlmasligi lozim.
Har bir hukm qilingan shaxsga tibbiy karta (kasallik tarixi) toʻldiriladi, unga hukm qilingan shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kiritiladi.
11. Statsionar kuzatuv yakunlangandan soʻng, tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilgan hukm qilingan shaxslarga ambulator kuzatuv tayinlanadi va tegishli davolash, shu jumladan tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya ishlari amalga oshiriladi.
12. Tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilgan hukm qilingan shaxslar bilan tegishli davolash ishlarini tashkil etish hamda samarali tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiyani yoʻlga qoʻyish maqsadida jazoni ijro etish muassasasi rahbarining buyrugʻi bilan doimiy faoliyat yuritadigan tibbiy komissiya (bundan buyon matnda tibbiy komissiya deb yuritiladi) tashkil etiladi.
Tibbiy komissiya tarkibi ichki ishlar organlari xodimlari orasidan kamida besh kishidan iborat tarkibda shakllantiriladi.
Bunda, jazoni ijro etish muassasasi davolash-profilaktika yordamini koʻrsatish boʻlimi boshligʻi tibbiy komissiya raisi hamda shifokor-narkolog, shifokor-psixiatr va shifokor-terapevtlari komissiya aʼzolari hisoblanadi.
Statsionar yoki ambulator kuzatuv davrida shaxsda unga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllashga toʻsqinlik qiluvchi kasallik mavjudligi aniqlangan taqdirda, tibbiy komissiya tomonidan berilgan xulosaga muvofiq tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash vaqtinchalik toʻxtatib turiladi.
13. Hukm qilingan shaxs tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilishidan bosh tortsa, tibbiyot boʻlimi boshligʻi jazoni ijro etish muassasasi boshligʻini bu haqda yozma ravishda darhol xabardor qiladi. Bunda tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilishidan bosh tortgan hukm qilingan shaxsga nisbatan qonunchilik hujjatlariga muvofiq choralar qoʻrilishi mumkin.
14. Tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash jazoni ijro etish muassasasi tibbiy komissiyasining xulosasiga asosan yakunlanadi.
15. Jazoni ijro etish muassasasi boshligʻi tibbiy komissiya xulosasiga asosan oʻn kun ichida tibbiy yoʻsindagi majburlov chorasini tugatishni soʻrab tegishli sudga yozma ravishda murojaat qiladi. Bunda tibbiy xulosa va tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilgan hukm qilingan shaxsning shaxsiy hujjatlari yigʻmajildi mazkur murojaatga ilova qilinishi lozim.
16. Tibbiy xulosadagi maʼlumotlar tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilgan hukm qilingan shaxsning tibbiy ambulator varaqasiga qayd etiladi.
17. Majburiy davolash kursi tugallanmagan hukm qilingan shaxs jazoni ijro etish muassasasidan ozod etilgan taqdirda, ushbu muassasa maʼmuriyati hukm qilingan shaxs yashaydigan manzildagi narkologiya muassasasi hamda ichki ishlar organlarini mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq quyidagi muddatlarda xabardor qiladi:
sud tayinlagan jazo muddatini oʻtab boʻlganligi munosabati bilan ozod etilishidan oʻn kun oldin;
jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish, jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish, amnistiya akti yoki afv etish munosabati bilan ozod etilgan kundan boshlab uch kun ichida.
Bunda, narkologiya muassasasiga hukm qilingan shaxsning tibbiy ambulator kartasidan koʻchirma ham yuboriladi.
Xabarnomaning bir nusxasini Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti Tibbiyot boʻlimiga yuboriladi.
3-bob. Yakuniy qoida
18. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan.
Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan, narkologik kasallikka (surunkali alkogolizm, giyohvandlik, zaharvandlik) yoʻliqqan shaxslarga nisbatan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2025-yil 31-iyuldagi 427-sonli buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2591-3, 18.08.2025-y.) asosan kiritilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 19.08.2025-y., 10/25/2591-3/0746-son)
Sogʻliqni saqlash vaziri A. ALIMOV
2014-yil 2-may
