Tumanda maishiy chiqindi chiqarish uchun toʻlov narxini tasdiqlash toʻgʻrisida (432-son)
01.05.2014
Jizzax viloyati Zafarobod tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 5-apreldagi “Chiqindilar toʻgʻrisida”gi 362-II-son Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 4-5-son, 72-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 25-apreldagi “Bozor iqtisodiyoti sharoitlarida aholiga kommunal xizmat koʻrsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 211-sonli va 2013-yil 3-dekabrdagi “Respublika aholi punktlarida sanitariya jihatidan tozalash tizimini rivojlantirish va takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 315-sonli qarorlari (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 49-son, 632-modda) ijrosini taʼminlash hamda tumanda sanitariya va ekologik vaziyatni tubdan yaxshilash, aholining qattiq maishiy chiqindilarini tashib ketish va joylashtirish boʻyicha sanitariya jihatidan tozalash borasida oʻz vaqtida va sifatli xizmatlarni samarali tashkil etish maqsadida qaror qilaman:
1. Tuman Obodonlashtirish boshqarmasining Moliya boʻlimi bilan kelishilgan kalʼkulatsiyasiga asosan chiqindi chiqarish toʻlovi 2014-yil 1-maydan eʼtiboran quyidagi yangi narxda tasdiqlansin:
Mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, korxona, tashkilot va muassasalar uchun 1 (bir) tonna qattiq maishiy chiqindi (QMCh) — 36858 soʻm;
Jismoniy shaxslar uchun 1 (bir) kishiga bir oyda — 276,4 soʻm.
2. Tuman Obodonlashtirish boshqarmasi (Oʻ. Sanaqulov)ga tumanda aholi yashaydigan joylarni tozalash va sanitariya holatini yaxshilashni taʼminlash uchun toʻplanib qolgan chiqindilarni muntazam ravishda chiqarilishini tashkil etish vazifasi yuklatilsin.
3. Tuman hokimining birinchi oʻrinbosari (Sh. Sayfullayev), tuman tabiatni muhofaza qilish inspeksiyasi, Statistika boʻlimi (U.Ochilov), Tibbiyot birlashmasi (M. Oʻsanov), Davlat soliq inspeksiyasi (Oʻ. Turdiyev), Ichki ishlar boʻlimi (O. Allayorov), mahalla fuqarolar yigʻini raislari bilan birgalikda Obodonlashtirish boshqarmasining xizmatlaridan foydalanuvchi jismoniy va yuridik shaxslar xatlovdan oʻtkazilsin.
4. Tuman hokimining birinchi oʻrinbosari (Sh. Sayfullayev)ga:
Obodonlashtirish boshqarmasi bilan jismoniy va yuridik shaxs boʻlgan isteʼmolchilar oʻrtasida qattiq maishiy chiqindilarni tashib ketish uchun shartnoma tuzish choralari koʻrish;
shartnomalarga asosan toʻlovlarni oʻz vaqtida amalga oshirilishida doimiy amaliy yordam koʻrsatish vazifasi topshirilsin.
5. Tuman Obodonlashtirish boshqarmasi (Oʻ. Sanaqulov), tabiatni muhofaza qilish inspeksiyasi hamda qishloq va mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari bilan birgalikda aholi oʻrtasida chiqindi chiqarish uchun yangi toʻlov kalkulatsiyasi joriy etilganligi toʻgʻrisida tushuntirish ishlari olib borilsin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari Sh. Sayfullayev zimmasiga yuklatilsin.
7. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Hokim E. ABDURASULOV
Zafarobod sh.,
2014-yil 1-may,
432-son
