Transport vositalarining majburiy texnik koʻrigini tashkil etish haqida (362-son)
01.04.2014
jizzax viloyati Zafarobod tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 15-son, 197-modda) 17-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomiga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 1-2-son, 17-modda) muvofiq transport vositalarining 2014-yilda majburiy texnik koʻrigini tashkil qilish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 320-modda) asosan qaror qilaman:
1. Tuman hududidagi barcha yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan avtomototransport vositalari va ularga tirkamalar majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilsin.
2. Texnik koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha tuman komissiyasining tarkibi 1-ilovaga, texnik koʻrikdan oʻtkazish jadvali 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
2-ilova berilmaydi.
3. Tumandagi barcha transport vositalari egalari boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslarga transport vositalarini texnik pasporti bilan birgalikda, oʻz vaqtida reja jadval asosida koʻrikdan oʻtkazish majburiyati yuklatilsin.
4. Transport vositalari quyidagi davriylikka muvofiq texnik koʻrikdan oʻtkazilsin:
a) tijorat asosida yoʻlovchilar tashish uchun foydalaniladigan yengil avtomobillar, avtobuslar va oʻtiriladigan joylar soni 8 ta va undan ortiq boʻlgan (haydovchining oʻrnidan tashqari), odamlarni muntazam tashish uchun jihozlangan yuk avtomobillari, yirik gabaritli, ogʻir vaznli va xavfli yuklarni tashish uchun maxsus transport vositalari va ularga tirkamalar — bir yilda ikki marta;
b) ishlab chiqarilganligiga besh yildan koʻp boʻlmagan (ishlab chiqarilgan yili ham shu jumlaga kiradi) transport vositalari (mazkur bandning “a” kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalaridan tashqari) — ikki yilda bir marta;
v) ishlab chiqarilgan yilini hisobga olgan holda ishlab chiqarilganligiga besh yildan ortiq boʻlgan transport vositalari, shuningdek ishlab chiqarilgan vaqti aniqlanmagan transport vositalari (mazkur bandning “a” kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalaridan tashqari) — bir yilda bir marta;
g) tirkamalar koʻrikka transport vositasi — shatakchi uchun belgilangan muddatlarda taqdim etiladi.
5. Qarorning 4-bandi “a” kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalarning texnik koʻrigi:
birinchi marta — 1-mart — 30-iyunda;
ikkinchi marta — 1-sentabr — 31-oktabrda oʻtkaziladi.
Yuridik shaxslarga qarashli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigi 5-aprel — 30-iyunda;
Jismoniy shaxslarga qarashli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigi 5-apreldan — 31-avgustga qadar oʻtkazilsin.
6. Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tuman komissiyasi (A. Doʻstbekov)ga:
transport vositalarining texnik holati, ulardan foydalanish normalari va qoidalariga rioya etilishi ustidan samarali nazoratni tashkil etish;
transport vositalarining texnik holati va uskunalari yoʻl harakati xavfsizligi standartlari, qoidalari, normalariga muvofiqligini baholash vazifasi yuklatilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-son “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori 3-bandiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligining ichki va soqchilik qoʻshinlari, Milliy xavfsizlik xizmatining harbiy boʻlinmalari transport vositalari koʻrsatib oʻtilgan idoralar tomonidan belgilangan tartibda majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilishi inobatga olinsin.
8. Transport vositalari texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-son qarori bilan tasdiqlangan “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq yigʻim undirilsin.
9. Tuman ichki ishlar boʻlimi (J. Xodjanov) majburiy texnik koʻrik yakuni toʻgʻrisida tuman hokimligiga axborot taqdim etsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari Sh. Sayfullayev zimmasiga, ijrosini tashkil etish tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi J. Xodjanov zimmasiga yuklatilsin.
11. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Hokim E. ABDURASULOV
Zafarobod sh.,
2014-yil 1-aprel,
362-son
Tuman hokimining 2014-yil 1-apreldagi 362-sonli qaroriga 1-ILOVA
Tumandagi avtomototransport vositalarini yillik majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazuvchi ishchi guruh
TARKIBI
