Tumanda mavjud boʻlgan barcha transport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish haqida (1177-son)
20.12.2013
Fargʻona viloyati Oltiariq tumani hokimining
Qarori
Hozirgi kunda avtotransport vositalaridan unumli foydalanish, qishloq xoʻjaligi tasarrufidagi MMTPlar, barcha fermer xoʻjaliklari, sanoat korxonalari, aloqa, qurilish, transport tashkilotlari, muassasa, xalq taʼlimi va shaxsiy transport vositalarini texnik holatini yaxshilash, yoʻl-transport hodisalarini oldini olish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvar kungi “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 54-sonli qaror ijrosini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
1. Tuman Ichki Ishlar boʻlimi YXXG katta inspektori serjant V. Mamajonov, tuman Davlat texnika nazorati inspeksiyasi bosh muhandis inspektori A. Musaxonovga tumandagi barcha fermer xoʻjaliklari, sanoat korxonalari, transport, qurilish tashkilotlari, muassasalar, xalq taʼlimiga qarashli va shaxsiy transport vositalarini 2014-yil texnika koʻrigidan oʻtkazish vazifasi topshirilsin.
2. Yillik texnik koʻrigi oʻtkazish guruhi komissiya aʼzolari 1-ilovaga* asosan tasdiqlansin, guruh aʼzolarining ish haqlari saqlanib qolinishi tashkilot rahbarlariga tavsiya etilsin.
3. Yillik texnik koʻrik oʻtkazish jadvali 2-ilovaga* asosan tasdiqlansin.
* 1 va 2-ilovalar berilmaydi.
4. Belgilab qoʻyilsinki, tumandagi fermer xoʻjaligi, tashkilot, sanoat korxonalari, muassasa, MMTP rahbarlari transport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish jadvalda belgilangan muddatga toʻliq tayyorlash, hamda tuman mudofaa ishlari boʻlimi hisobida turuvchi texnika vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazilishi chora-tadbirlarini koʻrish vazifasi yuklatilsin.
5. Tuman texnik koʻrik oʻtkazish komissiyasi raisi V. Mamajonov, komissiya masʼul kotibi A. Musaxonovlarga fuqarolarning shaxsiy transport vositalarini yashash joylarida, MTPlar va tashkilotlarning avtosaroylarida oʻtkazilishini taʼminlash choralarini koʻrish vazifasi yuklatilsin.
6. Tuman hokimligi “Davr ovozi” roʻznomasi orqali tumanimizda mavjud texnika vositalari texnik koʻrikdan oʻtkazilishi haqida xabarlarni yoritish topshirilsin.
7. Ushbu qaror qabul qilinishi munosabati bilan tuman hokimining 2013-yil 22-fevral kungi 258-sonli qarori bekor qilinsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari v.b M. Abdulatipov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim A. BOʻTAYEV
Oltiariq sh,
2013-yil 20-dekabr,
1177-son
