Monopoliyaga qarshi organning tabiiy monopoliyalar subyektlari faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni olishi tartibi toʻgʻrisida (118-son)
10.05.2014
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasiga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonunlarning havolaki normalarini amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish rejalarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2013-yil 15-iyuldagi PQ-2003-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Monopoliyaga qarshi organning tabiiy monopoliyalar subyektlari faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni olishi tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 10-may,
118-son
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 10-maydagi 118-son qaroriga ILOVA
Monopoliyaga qarshi organning tabiiy monopoliyalar subyektlari faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni olishi tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasining “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasiga muvofiq ushbu Nizom tovar bozorlarida tabiiy monopoliyalar subyektlarining faoliyati bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solish maqsadida monopoliyaga qarshi organning tabiiy monopoliyalar subyektlari faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni (hisobotni) olishi tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
monopoliyaga qarshi organ — Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi va uning hududiy organlari;
tabiiy monopoliya subyekti — tabiiy monopoliya sharoitlarida tovarlarni (ishlar, xizmatlarni) ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish boʻyicha faoliyatni asosiy faoliyat turi sifatida amalga oshiradigan xoʻjalik yurituvchi subyekt yoki shaxslar guruhi.
3. Monopoliyaga qarshi organ quyidagi hollarda tabiiy monopoliyalar subyektlari faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni soʻrash va olish huquqiga ega:
tabiiy monopoliyalar subyektlari tomonidan raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini nazorat qilishda;
yuridik va jismoniy shaxslar, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining murojaatlari asosida raqobat toʻgʻrisidagi qonunchilik buzilishi toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish va prokuratura organlariga taqdim etishda;
Tabiiy monopoliyalar subyektlari davlat reyestriga oʻzgartirishlar kiritish masalasini koʻrib chiqishda;
tabiiy monopoliyalar subyektlari tomonidan xizmat koʻrsatilishi shart boʻlgan isteʼmolchilarni aniqlash boʻyicha oʻrganish ishlarini olib borishda;
tabiiy monopoliyalar subyektlarining tovarlari (ishlari, xizmatlari)ga narxlar va tariflarni tahlil qilishda, shuningdek tabiiy monopoliyalar subyektlari tomonidan taqdim etiladigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxlarining asossiz oshirib yuborilishiga va sifati pasayishiga yoʻl qoʻymaslik chora-tadbirlarini koʻrishda;
tabiiy monopoliyalar subyektlari uchun deklaratsiyalashtiriladigan (tasdiqlanadigan) narxlarni shakllantirish mexanizmlarini yanada takomillashtirish, shuningdek tovarlar (ishlar, xizmatlar)ga ularning xarajatlarini pasaytirish chora-tadbirlarini ishlab chiqishda;
qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda.
4. Monopoliyaga qarshi organning ushbu Nizomda nazarda tutilgan axborot va hujjatlarni taqdim etish toʻgʻrisidagi soʻrovi asoslangan boʻlishi va amalga oshirilishi uchun ushbu axborot soʻralayotgan maqsadlarni oʻz ichiga olishi kerak.
5. Tabiiy monopoliyalar subyektlari monopoliyaga qarshi organ, uning mansabdor shaxslari tabiiy monopoliyalar subyektlari faoliyati toʻgʻrisidagi axborotdan toʻsiqsiz foydalanishlarini taʼminlashi, shuningdek monopoliyaga qarshi organ tomonidan qonunchilikda unga yuklangan funksiyalar amalga oshirilishi uchun zarur boʻlgan hujjatlar, tushuntirishlar va boshqa axborotni yozma yoki elektron shaklda taqdim etishi shart.
6. Monopoliyaga qarshi organ tomonidan olingan yoki qonunchilikda unga yuklangan funksiyalarni amalga oshirish tufayli maʼlum boʻlgan tijorat sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar oshkor qilinmaydi.
II. Tabiiy monopoliyalar subyektlari tomonidan oʻz faoliyati toʻgʻrisida axborot taqdim etish tartibi
7. Tabiiy monopoliyalar subyektlari monopoliyaga qarshi organning soʻrovi olingan sanadan boshlab oʻn kun muddatda:
qonunchilikda belgilangan 1 va 2-shakllar boʻyicha moliyaviy hisobotni;
tabiiy monopoliya sharoitlarida ishlab chiqariladigan va/yoki realizatsiya qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning asosiy isteʼmolchilari roʻyxatini (jismoniy shaxslar, budjet tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslar boʻyicha alohida);
asosiy vositalarni xarid qilish uchun oʻtkazilgan savdolar materiallarini (tanlov hujjatlari, tanlov komissiyalarining bayonnomalari, ekspert guruhlarning bayonnomalari va xulosalari nusxalari, tanlov takliflarini baholash jadvallari, qatnashchilarning ofertasi va shu kabilarni);
tabiiy monopoliyalar subyektlari yoki ularning yuqori tashkilotlari (ular mavjud boʻlganda) tomonidan qabul qilingan tabiiy monopoliya sohasida tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni realizatsiya qilish shartlarini nazarda tutuvchi hujjatlarni;
isteʼmolchilar bilan tuziladigan shartnomalar nusxalarini;
tabiiy monopoliya sohasida tovarlar (ishlar, xizmatlar)ga narxlar (tariflar)ni qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi batafsil tushuntirishni;
isteʼmolchilarning koʻrib chiqish uchun yuboriladigan shikoyatlari boʻyicha batafsil tushuntirishni;
soʻralayotgan davr uchun aniq isteʼmolchilar bilan hisob-kitoblarning tafsilotini;
moliyaviy sogʻlomlashtirish, tannarxni pasaytirish boʻyicha qabul qilingan dasturlar amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani taqdim etadilar.
8. Tabiiy monopoliyalar subyektlari tomonidan xizmat koʻrsatilishi shart boʻlgan isteʼmolchilarni aniqlashni monopoliyaga qarshi organ tomonidan oʻrganib chiqishda qoʻshimcha ravishda quyidagilar taqdim etiladi:
oldingi ikki yil uchun tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va/yoki realizatsiya qilishning amaldagi chiqimlari, shu jumladan ish haqi, xom ashyo va materiallar qiymati, yuklama sarf-xarajatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma va jadvallar;
asosiy ishlab chiqarish vositalarining balans qiymati, ularni takror ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan investitsiyalarga ehtiyoj va amortizatsiya ajratmalari toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma;
joriy (yoki keyingi) hisobot yili uchun tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning har xil narxlar (tariflar) boʻyicha realizatsiya qilinishidan tushishi mumkin boʻlgan prognozlashtiriladigan foyda toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma;
asosiy isteʼmolchilar roʻyxati va ular ayrim guruhlarining tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va/yoki realizatsiya qilish joyidan uzoqdaligi;
ishlab chiqariladigan va/yoki realizatsiya qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) sifatining isteʼmolchilar talabiga muvofiqligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma;
oxirgi besh yil uchun dotatsiyalar mavjudligi va ularning miqdorlari hamda davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga doir boshqa chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma.
9. Monopoliyaga qarshi organ qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa maʼlumotlarni, shu jumladan tabiiy monopoliyalar subyektlari tomonidan ularga yuklangan boshqa funksiyalarni amalga oshirishda ular faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni soʻrashi mumkin. Monopoliyaga qarshi organning soʻrovida taqdim etilishi kerak boʻlgan tabiiy monopoliyalar subyektlari faoliyati toʻgʻrisidagi aniq maʼlumot koʻrsatiladi.
10. Tabiiy monopoliyalar subyektlari ushbu Nizomning 7 va 8-bandlarida koʻrsatilgan axborot va tegishli hujjatlarni monopoliyaga qarshi organga elektron shaklda taqdim etish huquqiga ega.
III. Yakunlovchi qoida
11. Tabiiy monopoliyalar subyektlari oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi axborot va hujjatlarni monopoliyaga qarshi organga taqdim etmaganligi, oʻz vaqtida taqdim etmaganligi yoxud atayin yolgʻon maʼlumotlar taqdim etilganligi uchun ushbu Nizomning II boʻlimiga muvofiq, qonunchilikda nazarda tutilgan tarzda javob beradilar.
