Oʻzi ishlab chiqargan mahsulotlarni yetkazib berishga shartnomalarni Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi Direksiyasida roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (117-son)
08.05.2014
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2014-yilda Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasini tashkil etish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2014-yil 24-fevraldagi 38-son qaroriga muvofiq, shuningdek shartnomalarni Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi Direksiyasida roʻyxatdan oʻtkazish mexanizmini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzi ishlab chiqargan mahsulotlarni yetkazib berishga shartnomalarni Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi Direksiyasida roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Vazirliklar, idoralar, korxonalar va tashkilotlar shartnomalar, eksport kontraktlari va qoʻshimcha bitimlarni tuzishda hamda keyinchalik Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi Direksiyasida roʻyxatdan oʻtkazishda ushbu qaror bilan tasdiqlangan nizomga amal qilsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 8-may,
117-son
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 8-maydagi 117-son qaroriga ILOVA
Oʻzi ishlab chiqargan mahsulotlarni yetkazib berishga shartnomalarni Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi Direksiyasida roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi, hududiy va tarmoq sanoat yarmarkalari (keyingi oʻrinlarda sanoat yarmarkalari deb ataladi) doirasida xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan tuzilgan oʻzi ishlab chiqargan mahsulotlarni yetkazib berishga (ishlarni bajarishga, xizmatlar koʻrsatishga) shartnomalarni, shuningdek Tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi (keyingi oʻrinlarda Mahalliylashtirish dasturi deb ataladi) doirasida ishlab chiqariladigan mahsulotlarni yetkazib berishga (ishlarni bajarishga, xizmatlar koʻrsatishga) shartnomalarni Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi Direksiyasida (keyingi oʻrinlarda Direksiya deb ataladi) roʻyxatdan oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizom maqsadlari uchun quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
shartnoma — Oʻzbekiston Respublikasining xoʻjalik yurituvchi subyektlari oʻrtasida yozma shaklda tuziladigan bitim, unga muvofiq bir tomon mahsulotlarni berish, ishlarni bajarish yoki xizmatlar koʻrsatish majburiyatini, boshqa tomon esa mahsulotlar, ishlar, xizmatlarni qabul qilish va ular uchun haq toʻlash majburiyatini oladi;
eksport kontrakti — Oʻzbekiston Respublikasining xoʻjalik yurituvchi subyektlari tomonidan oʻzi ishlab chiqargan mahsulotlarni eksportga yetkazib berishga (ishlarni bajarishga, xizmatlar koʻrsatishga) yozma shaklda tuzilgan bitim, shu jumladan maqsad bayonnomasi, doiraviy bitim;
maqsad shartnomasi — Oʻzbekiston Respublikasining xoʻjalik yurituvchi subyektlari oʻrtasida mahsulotlarni yetkazib berish (ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish) yoki mahsulotlarning yangi turlarini oʻzlashtirish va keyinchalik oqilona muddat mobaynida shartnoma tuzish boʻyicha shartnoma asosida hamkorlik qilish haqida tomonlarning birgalikdagi maqsadi toʻgʻrisida yozma shaklda tuzilgan bitim;
qoʻshimcha bitim — shartnoma yoki eksport kontrakti tomonlari oʻrtasidagi ularning shartlarini oʻzgartiruvchi bitim;
ariza beruvchi — shartnoma, eksport kontrakti yoki maqsad shartnomasi tomoni (sanoat kooperatsiyasi boʻyicha yetkazib berishda — xaridor, eksportga yetkazib berishda — mahsulot ishlab chiqaruvchi);
yarmarka qatnashchisi — qatnashish uchun Direksiyaga buyurtmanoma bergan yoki tegishli vazirlik, idora, xoʻjalik boshqaruvi organi yoki mahalliy davlat hokimiyati organining buyurtmanomasida tarmoq sanoat yarmarkasi yoki Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasining qatnashchisi sifatida koʻrsatilgan, yoxud tegishli mahalliy davlat hokimiyati organi tomonidan hududiy sanoat yarmarkasi qatnashchisi sifatida qatnashchilar roʻyxatiga kiritilgan Oʻzbekiston Respublikasining xoʻjalik yurituvchi subyekti;
reyestrdan koʻchirma — Direksiyaning vakolatli shaxsi tomonidan imzolanadigan hujjat, unda shartnoma yoki eksport kontrakti boʻyicha mahsulotlarni yetkazib berish, ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish nazarda tutilgan kalendar yil oxirigacha boʻlgan muddatda amal qiluvchi reyestr satriga muvofiq yozuv mavjud boʻladi.
3. Qonun hujjatlariga muvofiq sanoat yarmarkalari doirasida asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, qayta ishlangan xomashyo va materiallarni, shu jumladan mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan isteʼmol tovarlarini xarid qilish, shuningdek mahalliylashtiriladigan mahsulotlarni sotib olish barcha mahalliy isteʼmolchilar uchun qoʻshimcha tendyerlar oʻtkazmasdan toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
4. Quyidagilar:
sanoat yarmarkalari doirasida yarmarka qatnashchilari bilan tuzilgan oʻzi ishlab chiqargan mahsulotlarni yetkazib berishga (ishlarni bajarishga, xizmatlar koʻrsatishga) shartnomalar;
oldin Direksiyadan roʻyxatdan oʻtkazilgan shartnomalarga ularning ajralmas qismi hisoblanadigan qoʻshimcha bitimlar Direksiyada roʻyxatdan oʻtkazilishi kerak.
Direksiyada tomonlarning xohishiga koʻra:
Mahalliylashtirish dasturi doirasida ishlab chiqariladigan mahsulotlarni yetkazib berishga (ishlarni bajarishga, xizmatlar koʻrsatishga) shartnomalar va ularga qoʻshimcha bitimlar;
eksport kontraktlari va ularga qoʻshimcha bitimlar ham roʻyxatdan oʻtkazilishi mumkin.
5. Sanoat yarmarkalari doirasida yarmarka qatnashchilari bilan tuzilgan maqsad shartnomasi Direksiyada hisobga olinadi (reyestrga kiritiladi). Maqsad shartnomasi asosida tuzilgan shartnoma Direksiyada roʻyxatdan oʻtkazilishi kerak.
II. Shartnomalar, eksport kontraktlari va qoʻshimcha bitimlarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etiladigan hujjatlar, shuningdek maqsad shartnomalarini hisobga olish
6. Shartnomalar, eksport kontraktlari va qoʻshimcha bitimlarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun ariza beruvchi Direksiyaga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
ushbu Nizomga 1a yoki 1b-ilovalarga muvofiq shakl boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi ariza, qoʻshimcha bitim taqdim etilgan taqdirda — xat shaklidagi ariza;
shartnoma, shartnomaga qoʻshimcha bitimning asl nusxasi va nusxasi yoki eksport kontrakti, eksport kontraktiga qoʻshimcha bitimning nusxasi;
Direksiyaning bank hisob raqamiga vositachilik haqining belgilangan miqdori toʻlanganligi toʻgʻrisidagi toʻlov hujjati (kvitansiya) (eksport kontraktini yoki unga qoʻshimcha bitimni roʻyxatdan oʻtkazishda ariza beruvchi kichik tadbirkorlik subyekti hisoblangan hollar bundan mustasno).
7. Maqsad shartnomasini hisobga qoʻyish uchun ariza beruvchi Direksiyaga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
ushbu Nizomga 1a-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha maqsad shartnomasini hisobga qoʻyish toʻgʻrisida ariza;
maqsad shartnomasining asl nusxasi va uning nusxasi.
8. Hududiy sanoat yarmarkalari doirasida shartnomalar tuzgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar ushbu Nizomning 6-bandida nazarda tutilgan hujjatlarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun tegishli yarmarkalarni oʻtkazish davrida ularning tashkilotchilariga beradilar. Bunda hududiy sanoat yarmarkalarining tashkilotchilari hujjatlarni roʻyxat boʻyicha qabul qiladilar, roʻyxatning nusxasini hujjatlar qabul qilingan sana toʻgʻrisida belgi qoʻyilgan holda ariza beruvchiga topshiradilar va ikki ish kuni mobaynida ularni roʻyxatdan oʻtkazish uchun Direksiyaga beradilar.
9. Ariza beruvchi tomonidan Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi, tarmoq sanoat yarmarkalari doirasida tuzilgan shartnomalarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun hujjatlarni Direksiyaga berish muddati tegishli yarmarkalarning ish davri boʻyicha belgilanadi.
10. Mahalliylashtirish dasturi doirasida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni yetkazib berishga (ishlarni bajarishga, xizmatlar koʻrsatishga) shartnomalarga, maqsad shartnomalari asosida tuzilgan shartnomalarga hujjatlar roʻyxatdan oʻtkazish uchun istalgan vaqtda Direksiyaga beriladi. Qoʻshimcha bitimlarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun hujjatlar shartnomaning amal qilishi muddati mobaynida beriladi.
11. Hujjatlar Direksiyaning masʼul shaxsi tomonidan roʻyxat boʻyicha qabul qilinadi, uning nusxasi hujjatlar qabul qilingan sana toʻgʻrisida belgi qoʻyilgan holda ariza beruvchiga yuboriladi (topshiriladi).
12. Shartnomani, eksport kontraktini yoki qoʻshimcha bitimni roʻyxatdan oʻtkazishda Direksiya tomonidan oʻzi ishlab chiqargan mahsulotlarni yetkazib berishga va eksport qilishga shartnomalar (kontraktlar) tuzishda xoʻjalik subyektlariga koʻmak berish boʻyicha xizmatlar uchun toʻlov kunida Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida vositachilik haqi undiriladi.
Agar ariza beruvchi kichik tadbirkorlik subyekti hisoblangan taqdirda:
shartnomani yoki unga qoʻshimcha bitimni roʻyxatdan oʻtkazishda vositachilik haqi toʻlov kunida Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan eng kam oylik ish haqining bir baravari miqdorida undiriladi;
eksport kontraktini yoki unga qoʻshimcha bitimni roʻyxatdan oʻtkazishda vositachilik haqi undirilmaydi.
Vositachilik haqi shartnoma (eksport kontrakti) tomonlaridan biri yoki boʻysunish tartibida yuqori turuvchi organ tomonidan toʻlanadi.
13. Shartnomani roʻyxatdan oʻtkazish uchun quyidagi shartlarga rioya qilinishi kerak:
shartnoma yoki maqsad shartnomasi sanoat yarmarkalari davrida oʻzi ishlab chiqargan mahsulotlarni yetkazib berishga (ishlarni bajarishga, xizmatlar koʻrsatishga) yarmarka qatnashchisi bilan tuzilgan boʻlishi yoki shartnoma boʻyicha Mahalliylashtirish dasturi doirasida ishlab chiqariladigan mahsulotlarni yetkazib berish (ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish) nazarda tutilishi;
shartnoma yoxud xat matnida yetkazib beriladigan mahsulot yetkazib beruvchining oʻzi tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulot ekanligini tasdiqlaydigan qayd mavjud boʻlishi;
hududiy va tarmoq sanoat yarmarkalari doirasida tuzilgan shartnomaning amal qilish muddati tegishli yarmarka boʻlib oʻtgan yil oxirida, Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi doirasida tuzilgan shartnomaning amal qilish muddati esa — keyingi yilning oxirida tugaydi;
hujjatlar zarur tarzda rasmiylashtirilgan va ushbu Nizom talablariga muvofiq taqdim etilgan boʻlishi.
14. Eksport kontrakti va qoʻshimcha bitimni roʻyxatdan oʻtkazish uchun hujjatlar zarur tarzda rasmiylashtirilgan boʻlishi va ushbu Nizom talablariga muvofiq taqdim etilishi kerak.
15. Taqdim etiladigan hujjatlarning toʻgʻriligi hamda shartnoma, eksport kontrakti va qoʻshimcha bitim shartlarining Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari talablariga muvofiqligi uchun shartnoma, eksport kontrakti tomonlari javob beradilar.
III. Shartnomalarni Direksiyada roʻyxatdan oʻtkazish tartibi
16. Shartnomalar, eksport kontraktlari va qoʻshimcha bitimlarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqish Direksiya tomonidan ular berilgan yoxud hududiy sanoat yarmarkalari savdolarining tashkilotchilaridan olingan paytdan boshlab ikki ish kuni mobaynida amalga oshiriladi.
17. Shartnomani roʻyxatdan oʻtkazish uchun taqdim etilgan hujjatlar ushbu Nizomning 13 va 14-bandlari talablariga muvofiq boʻlgan taqdirda shartnoma yoki oldin roʻyxatdan oʻtkazilgan shartnomaga qoʻshimcha bitim shartnomalar reyestriga kiritiladi, unga roʻyxatdan oʻtkazish tartib raqami beriladi va shartnoma yoki qoʻshimcha bitimning har bir sahifasiga Direksiyaning vakolatli shaxsi imzosi qoʻyilgan holda tegishli shtamp bosiladi.
18. Taqdim etilgan hujjatlar ushbu Nizomning 14-bandi talablariga muvofiq boʻlgan taqdirda eksport kontrakti yoki oldin roʻyxatdan oʻtkazilgan eksport kontraktiga qoʻshimcha bitim eksport kontraktlari reyestriga kiritiladi va unga roʻyxatdan oʻtkazish tartib raqami beriladi.
19. Taqdim etilgan hujjatlar ushbu Nizomning 13 va 14-bandlari talablariga muvofiq boʻlmagan taqdirda Direksiya hujjatlar taqdim etilgan paytdan boshlab ikki ish kuni mobaynida ariza beruvchiga shartnoma yoki qoʻshimcha bitimni roʻyxatdan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisida asoslangan xulosani yuboradi.
Ariza beruvchi fikr-mulohazalar va kamchiliklarni bartaraf etgandan keyin hujjatlarni tegishli xat bilan birga Direksiyaga takroran taqdim etishga haqlidir.
20. Shartnoma yoki oldin roʻyxatdan oʻtkazilgan shartnomaga qoʻshimcha bitimning roʻyxatdan oʻtkazilgan asl nusxasi ariza beruvchining vakiliga u shaxsni va shaxsning vakolatlarini tasdiqlaydigan hujjatlarni (ishonchnoma) taqdim etgach beriladi.
Shartnoma tomonlardan birining murojaati boʻyicha Direksiya tomonidan ikki ish kuni mobaynida ushbu Nizomga 2a-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha shartnomalar reyestridan koʻchirma beriladi.
21. Roʻyxatdan oʻtkazilgan eksport kontrakti yoki oldin roʻyxatdan oʻtkazilgan eksport kontraktiga qoʻshimcha bitim boʻyicha ariza beruvchining vakiliga ushbu Nizomga 2b-ilovaga muvofiq shakl boʻyicha eksport kontraktlari reyestridan koʻchirma beriladi.
22. Shartnoma, eksport kontrakti yoki qoʻshimcha bitimni reyestrdan chiqarish, shartnoma tomonlaridan birining yozma talabiga koʻra yoki shartnoma tomonlarini (eksport qilishga shartnoma tuzilgan taqdirda — eksport qiluvchini) yozma xabardor qilgan holda, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa holatlarda amalga oshiriladi.
Oʻzi ishlab chiqargan mahsulotlarni yetkazib berishga shartnomalarni Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi Direksiyasida roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1a-ILOVA
Oʻzi ishlab chiqargan mahsulotlarni yetkazib berishga shartnomalarni Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi Direksiyasida roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1b-ILOVA
Oʻzi ishlab chiqargan mahsulotlarni yetkazib berishga shartnomalarni Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi Direksiyasida roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2a-ILOVA
ShARTNOMALAR REESTRI
Oʻzi ishlab chiqargan mahsulotlarni yetkazib berishga shartnomalarni Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi Direksiyasida roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2b-ILOVA
EKSPORT KONTRAKTLARI REESTRI
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 20-son, 223-modda; 2016-y., 8-son, 78-modda; 2017-y., 12-son, 189-modda)
