42-modda. Oʻziga nisbatan huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasi chora-tadbirlari qoʻllanilayotgan shaxslarning huquq va majburiyatlari
Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida (O‘RQ-371-son) · Sana: 14.05.2014 · Amalda
Oʻziga nisbatan huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasi chora-tadbirlari qoʻllanilayotgan shaxslar:
oʻziga nisbatan qoʻllanilayotgan huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasi chora-tadbirlarining asoslari va huquqiy oqibatlarini bilishga;
oʻziga nisbatan toʻplangan hujjatlar va boshqa materiallar bilan tanishishga;
iltimoslar qilishga;
yuridik yordam olishga;
huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organning yoki muassasaning qarorlari, mansabdor shaxslarning harakatlari (harakatsizligi) ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqli.
Oʻziga nisbatan huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasi chora-tadbirlari qoʻllanilayotgan shaxslar huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organlar va muassasalar mansabdor shaxslarining qonuniy talablarini bajarishi shart.
Oʻziga nisbatan huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasi chora-tadbirlari qoʻllanilayotgan shaxslar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi va ularning zimmasida boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
