21-modda. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolarning huquqbuzarliklar profilaktikasidagi ishtiroki
Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida (O‘RQ-371-son) · Sana: 14.05.2014 · Amalda
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari:
huquqbuzarliklar profilaktikasiga doir davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni amalga oshirishda ishtirok etadi;
huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisidagi qonunchilikning ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;
tegishli hududda jamoat tartibini taʼminlashda, shu jumladan fuqarolarning kelishi va ketishi hisobga olinishini tashkil etishda, voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi hamda ularning huquqlarini himoya qilish boʻyicha ishlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga koʻmaklashadi;
roʻyxatdan oʻtkazilmagan diniy tashkilotlar faoliyatiga chek qoʻyish, fuqarolarning diniy eʼtiqod erkinligiga boʻlgan huquqlariga rioya etilishini taʼminlash, diniy qarashlarni majburlab singdirishga yoʻl qoʻymaslik chora-tadbirlarini koʻradi, vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi bilan bogʻliq boshqa masalalarni koʻrib chiqadi;
yarashtirish komissiyalari va boshqa komissiyalarni tuzadi;
huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi boshqa organlar hamda muassasalar bilan oʻzaro hamkorlik qiladi.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolar huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi hamda unda ishtirok etuvchi organlar va muassasalarga koʻmaklashish hamda zarur yordamni koʻrsatish yoʻli bilan huquqbuzarliklar profilaktikasida ishtirok etishi mumkin.
