Kattaqoʻrgʻon tumanida ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida (440-q-son)
30.09.2013
Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasi, “Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 25-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga asosan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun tumanda 2014-yil uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish maqsadida qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasiga asosan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun Kattaqoʻrgʻon tumanidagi tashkilot, korxona va muassasalardagi xodimlarning roʻyxat boʻyicha oʻrtacha soni yigirma nafardan koʻpni tashkil etadigan 7 foizi miqdorida, shu jumaladan:
14 yoshga toʻlmagan bolalari va nogiron bolalari bor yolgʻiz hamda koʻp bolali ota-onalar uchun — 26,5 foiz (144 kishi);
taʼlim muassasalarini tugatgan yoshlar uchun — 50,6 foiz (272 kishi);
muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilganlar uchun — 9 foiz (20 kishi);
bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlarida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun — 1 foiz (55 kishi);
jazoni oʻtash muassasalaridan ozod qilingan, jazoni oʻtayotgan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy xarakterdagi majburiy choralar koʻrilgan shaxslar uchun — 10,3 foiz (55 kishi);
nogironlar uchun — 2,6 foiz (14 kishi) miqdorida ish oʻrinlari zaxirasi belgilansin.
2. 2013-yilda ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini 2014-yil uchun band qilib qoʻyish lozim boʻlgan korxonalar roʻyxati 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-ilova berilmaydi.
3. Korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun ish joylarining koʻrsatib oʻtilgan miqdorini Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq belgilangan muddatlarda va tartibda yaratilishini (ajratilishini yoki band etib qoʻyilishini) hamda ish joylari sanitariya-gigiyena normalariga va xodim oʻz majburiyatlarini bemalol bajarishini taʼminlaydigan mehnat sharoitlariga muvofiq boʻlishini taʼminlasinlar.
4. Ushbu qaror ijrosi bajarilmagan taqdirda tashkilotlarning mansabdor shaxslariga “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning 15-bandiga muvofiq jarima solinadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga asosan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish qidirishda qiynalayotgan shaxslar uchun band qilib qoʻyiladigan ish oʻrinlarini tuman hokimi tomonidan belgilangan miqdordan ortiqcha tashkil etgan tashkilotlar ushbu ish oʻrinlarini tashkil etishga sarflangan mablagʻlarining bir qismini tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi bilan tuzilgan shartnoma asosida Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplash huquqiga ega ekanliklari inobatga olinsin.
6. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (S. Abdullayev) bir hafta muddatda mazkur qarorni tegishli korxona va tashkilot rahbarlariga yetkazsin hamda uning bajarilishi ustidan qatʼiy nazoratni taʼminlasin.
7. Tuman hokimining 2012-yil 31-oktabrdagi “Kattaqoʻrgʻon tumanda ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida”gi 767-Q-sonli qarori 2013-yil 31-dekabrdan oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari Sh. Yuldashev zimmasiga yuklatilsin.
9. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Hokim P. OʻSAROV
Kattaqoʻrgʻon t.,
2013-yil 30-sentabr,
440-q-son
