Tumanda ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida (518-q-son)
27.09.2013
Samarqand viloyati Paxtachi tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasi, “Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 25-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga asosan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun tumanda 2014-yil uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish maqsadida hamda tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazining 2013-yil 16-sentabrdagi 536-sonli xatini koʻrib chiqib, tuman hududida joylashgan korxonalarda ish oʻrinlarining eng kam miqdorini belgilash yuzasidan berilgan takliflarni inobatga olib qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasiga asosan 2014-yilda tuman hududidagi korxonalar uchun ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun tumandagi tashkilot, muassasa va korxonalar boʻyicha xodimlarning roʻyxat boʻyicha (1-ilova*) oʻrtacha soniga nisbatan 7 foiz, shu jumladan nogironlar uchun 3 foizi miqdorida, jumladan:
yolgʻiz ota, yolgʻiz ona hamda 14 yoshgacha va nogiron bolalari bor koʻp bolali ota-onalar uchun — 70 kishi;
oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarini tamomlagan yoshlarga, shuningdek, oliy oʻquv yurtlarining davlat grantlari asosida taʼlim olgan bitiruvchilar uchun 286 kishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlaridan muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilganlarga 15 kishi.
nogironlar uchun — 13 kishi;
bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish tuman (shahar) markazlarida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar — 4 kishi;
jazoni oʻtash muassasalaridan boʻshatilgan, jazoni oʻtayotgan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy xarakterdagi majburiy choralar koʻrilgan shaxslar uchun — 16 kishi miqdorida ish oʻrinlari zaxirasi belgilansin.
odam savdosidan jabrlanganlar uchun 15 kishi;
boshqa toifadagi shaxslar uchun 15 kishi.
2. Aholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish qidirishda qiynalayotgan shaxslar uchun band qilinadigan ish oʻrinlariga ishga joylashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish boʻyicha ishchi guruhi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-2 ilovalar berilmaydi.
3. Korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun ish joylarining koʻrsatib oʻtilgan miqdorini Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq belgilangan muddatlarda va tartibda yaratilishini (ajratilishini yoki band etib qoʻyilishini) hamda ish joylari sanitariya-gigiyena normalariga va xodim oʻz majburiyatlarini bemalol bajarishini taʼminlaydigan mehnat sharoitlariga muvofiq boʻlishini taʼminlasinlar.
4. Ushbu qaror ijrosi bajarilmagan taqdirda tashkilotlarning mansabdor shaxslariga “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning 15-bandiga muvofiq jarima solinadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida”gi nizomga asosan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish qidirishda qiynalayotgan shaxslar uchun band qilib qoʻyiladigan ish oʻrinlarini tuman hokimi tomonidan belgilangan miqdordan ortiqcha tashkil etgan tashkilotlar ushbu ish oʻrinlarini tashkil etishga sarflangan mablagʻlarining bir qismini tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi bilan tuzilgan shartnoma asosida Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplash huquqiga ega ekanliklari inobatga olinsin.
6. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (A. Turobov) bir hafta muddatda mazkur qarorni tegishli korxona va tashkilot rahbarlariga yetkazsin hamda uning bajarilishi ustidan qatʼiy nazoratni taʼminlasin.
7. Tuman hokimining 2012-yil 10-oktabrdagi 455-Q-sonli “Paxtachi tumanda ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida”gi qarori 2013-yil 31-dekabrdan oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari A. Usmanov zimmasiga yuklatilsin.
9. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Hokim v.b. H. JOʻRAYEV
Paxtachi t.,
2013-yil 27-sentabr,
518-q-son
