79-modda. Jamiyatning ijroiya organi
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Jamiyatning kundalik faoliyatiga rahbarlik qilish vakolati jamiyatning ustavida belgilanadigan direktor yoki jamiyat boshqaruvi tomonidan amalga oshiriladi. Agar jamiyatning kundalik faoliyatiga rahbarlik boshqaruv tomonidan amalga oshiriladigan boʻlsa, jamiyat ustavida boshqaruv rahbarining (boshqaruv raisining) vakolati ham belgilangan boʻlishi lozim.
Aksiyadorlar umumiy yigʻilishining qaroriga koʻra jamiyat ijroiya organining vakolatlari shartnoma boʻyicha tijorat tashkilotiga (ishonchli boshqaruvchiga) berilishi mumkin. Tuziladigan shartnomaning shartlari, agar jamiyat ustavida oʻzgacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, jamiyat kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi tomonidan tayinlanadigan jamiyat ijroiya organi tarkibiga kirgan shaxsning vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan taqdirda, jamiyat kuzatuv kengashining qarori bilan belgilangan shaxs uning vazifalarini aksiyadorlarning navbatdagi umumiy yigʻilishigacha boʻlgan davrda vaqtincha bajarib turishiga yoʻl qoʻyiladi.
Jamiyat ijroiya organining vakolatiga jamiyatning kundalik faoliyatiga rahbarlik qilishga doir barcha masalalar kiradi, aksiyadorlar umumiy yigʻilishining yoki jamiyat kuzatuv kengashining vakolat doirasiga kiritilgan masalalar bundan mustasno.
Jamiyatning ijroiya organi aksiyadorlar umumiy yigʻilishining va jamiyat kuzatuv kengashining qarorlari bajarilishini tashkil etadi.
Jamiyatning direktori (boshqaruv raisi) jamiyat nomidan ishonchnomasiz ish yuritadi, shu jumladan uning manfaatlarini ifodalaydi, jamiyat nomidan bitimlar tuzadi, jamiyatning filiali yoki vakolatxonasi rahbarini tayinlaydi, shtatlarni tasdiqlaydi, jamiyatning barcha xodimlari bajarishi majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi va koʻrsatmalar beradi.
Jamiyatning ijroiya organlarini tuzish hamda ularning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish, agar jamiyat ustavida ushbu masalalarni hal etish jamiyat kuzatuv kengashining vakolat doirasiga kiritilmagan boʻlsa, aksiyadorlar umumiy yigʻilishining qaroriga koʻra amalga oshiriladi. Jamiyat ustaviga muvofiq yoki aksiyadorlar umumiy yigʻilishining yoxud jamiyat kuzatuv kengashining qaroriga koʻra jamiyat direktorini yoki boshqaruv aʼzolarini tayinlash, qoida tariqasida, chet ellik menejerlar ishtirok etishi mumkin boʻlgan tanlov boʻyicha saralash asosida amalga oshiriladi.
