761-modda. Jamiyat kuzatuv kengashining mustaqil aʼzosi
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Aksiyalari fond birjasining birja kotirovkasi varagʻiga kiritilgan jamiyatning, shuningdek ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foizdan ortiq boʻlgan jamiyatning kuzatuv kengashi tarkibiga kamida bir nafar mustaqil aʼzo kiritilishi kerak. Bunda kuzatuv kengashining mustaqil aʼzoligiga nomzodlar, agar jamiyat ustavida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, jamiyatning kuzatuv kengashi tomonidan, qoida tariqasida, aksiyadorlar umumiy yigʻilishi koʻrib chiqishi uchun tanlov asosida koʻrsatiladi.
Quyidagilar kuzatuv kengashining mustaqil aʼzosi boʻlishi mumkin emas:
soʻnggi uch yil ichida jamiyatda va (yoki) jamiyatning affillangan shaxslarida ishlagan shaxs;
jamiyat ovoz beruvchi aksiyalarining besh yoki undan ortiq foiziga egalik qiluvchi (toʻgʻridan-toʻgʻri va (yoki) affillangan shaxslar orqali) aksiyador;
jamiyatning va (yoki) uning affillangan shaxsining yirik mijozi va (yoki) yirik yetkazib beruvchisi bilan fuqarolik-huquqiy munosabatlarda boʻlgan shaxs. Bunda qaysi shaxslar bilan bazaviy hisoblash miqdorining ikki ming baravaridan koʻp boʻlgan summaga teng amaldagi shartnoma mavjud boʻlsa, oʻsha shaxslar yirik mijoz va yirik yetkazib beruvchi deb eʼtirof etiladi;
soʻnggi uch yil ichida jamiyatga va (yoki) jamiyatning affillangan shaxslariga auditorlik xizmatlarini koʻrsatgan auditorlik tashkilotining xodimi;
ketma-ket olti yil davomida jamiyatning kuzatuv kengashi tarkibiga kirgan shaxs;
jamiyat va (yoki) uning affillangan shaxslari bilan biror-bir kelishuvga ega boʻlgan shaxs, bundan kuzatuv kengashi aʼzosining vazifalari va funksiyalari bajarilishini taʼminlash bilan bogʻliq boʻlgan kelishuvlar mustasno;
jamiyatning boshqaruv va ichki nazorat organlarining va (yoki) uning affillangan shaxslarining aʼzosi boʻlgan shaxsning yoki soʻnggi uch yil ichida ularga aʼzo boʻlgan shaxsning yaqin qarindoshi yoki quda tomondan qarindoshi (ota-onasi, aka-ukalari, opa-singillari, oʻgʻillari, qizlari, eri (xotini), shuningdek erining (xotinining) ota-onasi, aka-ukalari, opa-singillari va farzandlari) boʻlgan shaxs;
davlat boshqaruvi organining yoki davlat korxonasining xodimi boʻlgan shaxs;
