70-modda. Ovoz berish byulleteni
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida kun tartibidagi masalalar boʻyicha ovoz berish ovoz berish byulletenlari orqali yoki axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda masofadan turib amalga oshiriladi.
Ovoz berish byulletenlarining shakli va matni jamiyatning kuzatuv kengashi tomonidan tasdiqlanadi, aksiyadorlarning navbatdan tashqari umumiy yigʻilishi jamiyat kuzatuv kengashi tomonidan chaqirilmagan hollar bundan mustasno. Ovoz berish byulleteni umumiy yigʻilishda ishtirok etish uchun roʻyxatdan oʻtgan aksiyadorga (uning vakiliga) beriladi.
Ovoz berish byulletenida: jamiyatning toʻliq firma nomi, aksiyadorlar umumiy yigʻilishini oʻtkazish sanasi, vaqti va joyi, ovoz berishga qoʻyilgan har bir masalaning taʼrifi va uni koʻrib chiqish navbati, ovoz berishga qoʻyilgan har bir masala boʻyicha “yoqlayman”, “qarshiman” yoki “betarafman” degan mazmundagi soʻzlar bilan ifodalangan ovoz berish variantlari koʻrsatilgan boʻlishi (bundan ovoz berishga qoʻyilgan masalaga “yoqlayman” degan mazmundagi soʻz bilan ifodalanadigan kumulyativ ovoz berish mustasno), ovoz berish byulleteni aksiyador (uning vakili) tomonidan imzolanishi lozimligi toʻgʻrisidagi koʻrsatma boʻlishi kerak.
Jamiyatning kuzatuv kengashi yoki taftish komissiyasi aʼzosini (taftishchisini) saylash toʻgʻrisidagi masala yuzasidan ovoz berish oʻtkazilgan taqdirda, ovoz berish byulletenida nomzod toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, uning familiyasi, ismi, otasining ismi koʻrsatilishi lozim.
Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida kun tartibidagi masalalar boʻyicha axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda masofadan turib ovoz berilganda ovoz berish byulletenlaridan foydalanilmaydi. Bunda ovozga qoʻyilgan masalalar boʻyicha qabul qilingan qarorning qonuniyligi aksiyadorni aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida ishtirok etish uchun roʻyxatga olishda foydalaniladigan elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadi.
