64-modda. Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrilayotganda jamiyatning kuzatuv kengashi, ushbu Qonun 65-moddasining oʻn birinchi qismida nazarda tutilgan hollarda esa, umumiy yigʻilishni chaqiruvchi shaxslar quyidagilarni belgilaydi:
umumiy yigʻilish oʻtkaziladigan sana, vaqt va joyni;
umumiy yigʻilishning kun tartibini;
umumiy yigʻilish oʻtkazish uchun jamiyat aksiyadorlarining reyestri shakllantiriladigan sanani;
umumiy yigʻilish oʻtkazilishi haqida aksiyadorlarga xabar qilish tartibini;
umumiy yigʻilishni oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrilayotganda aksiyadorlarga taqdim etiladigan axborot (materiallar) roʻyxatini;
ovoz berish byulletenining shakli va matnini;
aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida ishtirok etish va ovoz berish, shu jumladan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda masofadan turib ishtirok etish va ovoz berish tartibi.
Aniq masala qoʻyilishini aks ettirmaydigan taʼriflarning (shu jumladan, “turli masalalar”, “boshqa masalalar”, “oʻzga masalalar” va shu singari taʼriflarning) aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi kun tartibiga kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi oʻtkaziladigan sana uni oʻtkazish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻn kundan kam va oʻttiz kundan koʻp etib belgilanishi mumkin emas.
