62-modda. Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishini oʻtkazish toʻgʻrisidagi axborot
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishini oʻtkazish toʻgʻrisidagi xabar aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi oʻtkaziladigan sanadan kamida yigirma bir kundan kechiktirmay, lekin uzogʻi bilan oʻttiz kun oldin Korporativ axborotning yagona portalida, jamiyatning rasmiy veb-saytida va ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi, shuningdek aksiyadorlarga elektron pochta orqali yuboriladi.
Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishini oʻtkazish toʻgʻrisidagi xabarda quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
jamiyatning nomi, joylashgan yeri (pochta manzili) va elektron pochta manzili;
umumiy yigʻilish oʻtkaziladigan sana, vaqt va joy;
jamiyat aksiyadorlarining reyestri shakllantiriladigan sana;
umumiy yigʻilish kun tartibiga kiritilgan masalalar;
umumiy yigʻilishni oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrilayotganda aksiyadorlarga taqdim etilishi lozim boʻlgan axborot (materiallar) bilan aksiyadorlarni tanishtirish tartibi;
aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida ishtirok etish va ovoz berish, shu jumladan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda masofadan turib ishtirok etish va ovoz berish tartibi.
Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrilayotganda aksiyadorlarga taqdim etilishi lozim boʻlgan axborotga (materiallarga) jamiyatning yillik hisoboti, jamiyatning yillik moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish natijalari yuzasidan jamiyat taftish komissiyasining (taftishchisining) va auditorlik tashkilotining xulosasi, jamiyat kuzatuv kengashining direktor (boshqaruv raisi), ishonchli boshqaruvchi bilan tuzilgan shartnomaning amal qilish muddatini uzaytirish, shartnomani qayta tuzish yoki bekor qilish mumkinligi toʻgʻrisidagi xulosasi, shuningdek jamiyatning kuzatuv kengashi hamda taftish komissiyasi aʼzoligiga (taftishchiligiga) nomzodlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, jamiyatning ustaviga kiritiladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar loyihasi yoki jamiyatning yangi tahrirdagi ustavi loyihasi kiradi.
Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrilayotganda aksiyadorlarga taqdim etilishi majburiy boʻlgan qoʻshimcha axborotning (materiallarning) roʻyxati qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan belgilanishi mumkin.
