60-modda. Aksiyadorlar umumiy yigʻilishining qarorlari
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida ovozga qoʻyilgan masalalar boʻyicha quyidagilar ovoz berish huquqiga ega boʻladi:
jamiyatning oddiy aksiyalari egalari boʻlgan aksiyadorlar;
ushbu Qonunda nazarda tutilgan hollarda jamiyatning imtiyozli aksiyalari egalari boʻlgan aksiyadorlar.
Ovozga qoʻyilgan masala boʻyicha aksiyadorlar umumiy yigʻilishining qarori, agar ushbu Qonunda boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, jamiyatning ovoz beruvchi aksiyalari egalari boʻlgan, yigʻilishda ishtirok etayotgan aksiyadorlarning koʻpchilik (oddiy koʻpchilik) ovozi bilan qabul qilinadi.
Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida ovozga qoʻyilgan, hal qilish chogʻida jamiyatning oddiy va imtiyozli aksiyalari egalari boʻlgan aksiyadorlar ovoz berish huquqiga ega boʻladigan masala yuzasidan ovozlarni sanab chiqish ovoz beruvchi aksiyalarning barchasi boʻyicha birgalikda amalga oshiriladi.
Ushbu Qonun 59-moddasi birinchi qismining ikkinchi — toʻrtinchi, oltinchi va oʻn toʻrtinchi xatboshilarida , 84-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlarida hamda 88-moddasining beshinchi qismida koʻrsatilgan masalalar boʻyicha qaror aksiyadorlar umumiy yigʻilishi tomonidan aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida ishtirok etayotgan ovoz beruvchi aksiyalarning egalari boʻlgan aksiyadorlarning toʻrtdan uch qismidan iborat koʻpchilik (malakali koʻpchilik) ovozi bilan qabul qilinadi.
Soliqqa oid yoki davlat oldidagi boshqa qarzdorlik hisobiga jamiyat ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) davlat ulushini shakllantirish yoki oshirish toʻgʻrisidagi qaror jamiyat aksiyadorlari umumiy yigʻilishi tomonidan jamiyatning joylashtirilgan ovoz beruvchi aksiyalarining kamida uchdan ikki qismi egalari boʻlgan aksiyadorlarning (davlatdan tashqari) roziligi mavjud boʻlgan taqdirda, aksiyadorlarning oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishini olib borish tartibi boʻyicha aksiyadorlar umumiy yigʻilishi tomonidan qaror qabul qilish tartibi jamiyatning ustavida yoki jamiyatning aksiyadorlar umumiy yigʻilishi qarori bilan tasdiqlangan boshqa hujjatlarida belgilab qoʻyiladi.
Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi kun tartibiga kiritilmagan masalalar boʻyicha qaror qabul qilishga, shuningdek kun tartibiga oʻzgartishlar kiritishga haqli emas.
