58-modda. Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi jamiyatning yuqori boshqaruv organidir.
Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishini jamiyat kuzatuv kengashining raisi, u uzrli sabablarga koʻra boʻlmagan taqdirda esa, jamiyat kuzatuv kengashining aʼzolaridan biri olib boradi.
Jamiyat har yili aksiyadorlarning umumiy yigʻilishini (aksiyadorlarning yillik umumiy yigʻilishini) oʻtkazishi shart.
Aksiyadorlarning yillik umumiy yigʻilishi jamiyat ustavida belgilangan muddatlarda, ammo moliya yili tugaganidan keyin olti oydan kechiktirmay oʻtkaziladi. Aksiyadorlarning yillik umumiy yigʻilishida jamiyatning kuzatuv kengashini va taftish komissiyasini (taftishchisini) saylash toʻgʻrisidagi, jamiyatning yakkaboshchilik asosidagi ijroiya organi (bundan buyon matnda direktor deb yuritiladi), kollegial ijroiya organining (bundan buyon matnda boshqaruv deb yuritiladi) aʼzolari, ishonchli boshqaruvchi bilan tuzilgan shartnomaning muddatini uzaytirish, uni qayta tuzish yoki bekor qilish mumkinligi haqidagi masalalar hal etiladi, shuningdek ushbu Qonun 59-moddasi birinchi qismining oʻn ikkinchi va oʻn uchinchi xatboshilariga muvofiq jamiyatning yillik hisoboti jamiyat ijroiya organi va kuzatuv kengashining jamiyatni rivojlantirish strategiyasiga erishish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi hisobotlari va boshqa hujjatlari koʻrib chiqiladi.
Aksiyadorlarning yillik umumiy yigʻilishidan tashqari oʻtkaziladigan umumiy yigʻilishlari navbatdan tashqari yigʻilishlardir.
Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishini oʻtkazish sanasi va tartibi, yigʻilish oʻtkazilishi haqida aksiyadorlarga xabar berish tartibi, aksiyadorlarning umumiy yigʻilishini oʻtkazishga tayyorgarlik vaqtida aksiyadorlarga beriladigan materiallarning (axborotning) roʻyxati jamiyatning kuzatuv kengashi tomonidan belgilanadi.
Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishini oʻtkazish chogʻida umumiy yigʻilishda, kun tartibidagi masalalarni muhokama qilish va ovozga qoʻyilgan masalalar boʻyicha qarorlar qabul qilishda ishtirok etish imkoniyatini beradigan axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanilishi mumkin. Aksiyadorlarning umumiy yigʻilishida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda masofadan turib ishtirok etish va masofadan turib elektron ovoz berishning umumiy tartibi qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.
