40-modda. Aksiyadorlarning talabiga koʻra aksiyalarni olish
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Ovoz beruvchi aksiyalarning egalari boʻlgan aksiyadorlar:
jamiyatni qayta tashkil etish toʻgʻrisida;
joylashtirilgan aksiyalarni yiriklashtirish haqida;
ushbu Qonun 84-moddasining ikkinchi va uchinchi qismlariga muvofiq jamiyat tomonidan mol-mulkni olish yoki boshqa shaxsga berish bilan bogʻliq yirik bitim (bundan buyon matnda yirik bitim deb yuritiladi) tuzish toʻgʻrisida;
jamiyatning ustaviga ovoz beruvchi aksiyalar egalari boʻlgan aksiyadorlarning huquqlarini cheklovchi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yoki yangi tahrirdagi ustavni tasdiqlash toʻgʻrisida aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi tomonidan qarorlar qabul qilishda, agar ular qarshi ovoz bergan boʻlsa yoxud ovoz berishda uzrli sabablarga koʻra ishtirok etmagan boʻlsa, oʻzlariga tegishli aksiyalarning hammasi yoki bir qismi jamiyat tomonidan qaytarib sotib olinishini talab qilishga haqlidir.
Oʻzlariga tegishli aksiyalar jamiyat tomonidan qaytarib sotib olinishini talab qilish huquqiga ega boʻlgan aksiyadorlarning roʻyxati ovoz berish natijasida ushbu Qonunga muvofiq aksiyalarni qaytarib sotib olishni talab qilish huquqi yuzaga kelishi mumkin boʻlgan masalalar kun tartibiga kiritilgan aksiyadorlar umumiy yigʻilishida ishtirok etish huquqiga ega boʻlgan jamiyat aksiyadorlari reyestrining maʼlumotlari asosida tuziladi.
Jamiyat tomonidan aksiyalarni qaytarib sotib olish ushbu aksiyalarning bozor qiymati boʻyicha amalga oshiriladi, bu qiymat jamiyatning aksiyalarni qaytarib sotib olishni talab qilish huquqi yuzaga kelishiga sabab boʻladigan harakati natijasida qiymatning oʻzgarishi hisobga olinmagan holda aniqlanadi.
Jamiyat aksiyalarining 50 va undan ortiq foizi egasiga aylangan shaxs, agar u bungacha mazkur jamiyat aksiyalariga egalik qilmagan yoki aksiyalarining 50 foizidan kamrogʻiga egalik qilgan boʻlsa, qolgan aksiyalar egalariga aksiyalarni bozor qiymati boʻyicha oʻziga sotishlari borasidagi taklifini oʻttiz kun ichida eʼlon qilishi shart. Aksiyadorning oʻziga tegishli aksiyalarni sotishi toʻgʻrisidagi yozma roziligi eʼlon qilingan kundan eʼtiboran oʻttiz kun ichida olingan taqdirda, jamiyatning 50 va undan ortiq foiz aksiyalari egasi mazkur aksiyalarni sotib olishi shart.
