26-modda. Aksiyadorlarning huquqlari
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Aksiyadorlar:
tegishli jamiyat aksiyadorlarining reyestriga kiritilish;
depo hisobvaragʻidan oʻziga taalluqli koʻchirma olish;
jamiyat foydasining bir qismini dividendlar tarzida olish;
jamiyat tugatilgan taqdirda oʻzlariga tegishli ulushga muvofiq mol-mulkning bir qismini olish;
aksiyadorlarning umumiy yigʻilishlarida ovoz berish orqali jamiyatni boshqarishda ishtirok etish;
jamiyatning moliya-xoʻjalik faoliyati natijalari toʻgʻrisida toʻliq va ishonchli axborotni belgilangan tartibda olish;
olgan dividendini erkin tasarruf etish;
qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organida, shuningdek sudda oʻz huquqlarini himoya qilish;
oʻziga yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishini belgilangan tartibda talab qilish;
oʻz manfaatlarini ifodalash va himoya qilish maqsadida uyushmalarga va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlariga birlashish;
jamiyat aksiyadorlari (ishtirokchilari) oʻrtasida ularning huquqlarini amalga oshirish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksida belgilangan tartibda korporativ shartnoma tuzish;
qimmatli qogʻozlarni olishda zarar koʻrish, shu jumladan boy berilgan foyda ehtimoli bilan bogʻliq tavakkalchiliklarni sugʻurta qilish huquqiga ega.
Aksiyadorlar qonunchilikka va jamiyat ustaviga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Aksiyador tomonidan huquqlarning amalga oshirilishi boshqa aksiyadorlarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzmasligi lozim.
Aksiyalarni boshqa shaxsga berishga doir cheklov belgilanishi aksiyadorni — mazkur aksiyalar egasini ushbu Qonunda belgilangan tartibda jamiyatni boshqarishda ishtirok etish va ular boʻyicha dividendlar olish huquqidan mahrum qilmaydi.
