21-modda. Jamiyatning aksiyalari
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Aksiyalar egasining nomi yozilgan emissiyaviy qimmatli qogʻozlar boʻlib, ular turiga koʻra oddiy va imtiyozli boʻlishi mumkin.
Aksiya boʻlinmasdir. Agar aksiya umumiy mulk huquqi asosida bir nechta shaxsga tegishli boʻlsa, bu shaxslarning barchasi bir aksiyador deb eʼtirof etiladi va aksiya bilan tasdiqlangan huquqlardan oʻzlarining umumiy vakili orqali foydalanadi.
Bir turdagi aksiya unga egalik qiluvchi har bir aksiyadorga shu turdagi aksiyalarning boshqa egalari bilan bir xil boʻlgan hajmdagi huquqlarni beradi.
Oddiy aksiyalarni imtiyozli aksiyalarga, korporativ obligatsiyalarga va boshqa qimmatli qogʻozlarga ayirboshlashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Aksiyalar mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquq asosida qaysi yuridik yoki jismoniy shaxsga tegishli boʻlsa, oʻsha yuridik yoxud jismoniy shaxs aksiyaning egasi — aksiyador deb eʼtirof etiladi.
Oddiy aksiyalar ovoz beruvchi aksiyalar boʻlib, ular oʻz egasiga dividendlar olish, jamiyatni boshqarishda ishtirok etish huquqini beradi.
Oʻz egalariga dividendlarni, shuningdek jamiyat tugatilayotganda aksiyalarga qoʻyilgan mablagʻlarni birinchi navbatda olish huquqini beradigan aksiyalar imtiyozli aksiyalardir. Imtiyozli aksiyalar oʻz egalariga jamiyat foyda koʻrish-koʻrmasligidan qatʼi nazar, muayyan dividendlar olish huquqini beradi.
Aksiyaning egasi boʻlgan aksiyadorga ovozga qoʻyilgan masalani hal etishda ovoz berish huquqini beradigan oddiy yoki imtiyozli aksiya jamiyatning ovoz beruvchi aksiyasidir.
Chiqariladigan aksiyalarning turlari, ularni joylashtirish, ular boʻyicha dividendlar toʻlash tartibi jamiyat ustavida belgilanadi.
