18-modda. Jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) koʻpaytirish
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Jamiyatning ustav fondi (ustav kapitali) qoʻshimcha aksiyalarni joylashtirish yoʻli bilan koʻpaytirilishi mumkin.
Qoʻshimcha aksiyalar faqat jamiyat ustavida belgilangan, eʼlon qilingan aksiyalarning soni doirasida jamiyat tomonidan joylashtirilishi mumkin.
Jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) koʻpaytirish toʻgʻrisidagi va jamiyat ustaviga tegishli oʻzgartishlar kiritish haqidagi qarorlar aksiyadorlarning umumiy yigʻilishi tomonidan yoki, agar jamiyat ustaviga yoxud aksiyadorlar umumiy yigʻilishining qaroriga muvofiq jamiyatning kuzatuv kengashiga shunday qarorlar qabul qilish huquqi berilgan boʻlsa, jamiyatning kuzatuv kengashi tomonidan qabul qilinadi.
Jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) koʻpaytirish toʻgʻrisidagi qarorda joylashtiriladigan qoʻshimcha oddiy aksiyalarning va imtiyozli aksiyalarning soni, ularni joylashtirish muddatlari hamda shartlari belgilangan boʻlishi kerak.
Jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) koʻpaytirish joylashtirilgan qoʻshimcha aksiyalarning nominal qiymati miqdorida roʻyxatdan oʻtkaziladi. Bunda jamiyat ustavida koʻrsatilgan, eʼlon qilingan muayyan turdagi aksiyalarning soni ushbu turdagi joylashtirilgan qoʻshimcha aksiyalarning soniga kamaytirilishi kerak.
Jamiyatning tegishli boshqaruv organi tomonidan qabul qilingan qoʻshimcha aksiyalarni chiqarish haqidagi qaror jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) koʻpaytirish toʻgʻrisidagi qarordir.
Jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) koʻpaytirish jalb qilingan investitsiyalar, jamiyatning oʻz kapitali va hisoblangan dividendlar hisobidan qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirilishi mumkin.
Jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) uning oʻz kapitali hisobidan koʻpaytirishda qoʻshimcha aksiyalar barcha aksiyadorlar oʻrtasida taqsimlanadi. Bunda har bir aksiyadorga qaysi turdagi aksiyalar tegishli boʻlsa, ayni oʻsha turdagi aksiyalar unga tegishli aksiyalar soniga mutanosib ravishda taqsimlanadi. Jamiyatning ustav fondi (ustav kapitali) koʻpaytirilishi natijasida koʻpaytirish summasining bitta aksiyaning nominal qiymatiga muvofiqligi taʼminlanmaydigan boʻlsa, jamiyatning ustav fondini (ustav kapitalini) koʻpaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
