102-modda. Jamiyatning buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisoboti
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Jamiyat qonunchilikda belgilangan tartibda buxgalteriya hisobini yuritishi va moliyaviy hisobot taqdim etishi shart.
Jamiyatda buxgalteriya hisobining tashkil etilishi, holati va ishonchliligi, tegishli organlarga har yilgi hisobot va boshqa moliyaviy hisobotlar, shuningdek jamiyatning rasmiy veb-saytida va ommaviy axborot vositalarida aksiyadorlarga, kreditorlarga taqdim etiladigan jamiyat faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oʻz vaqtida taqdim etilishi uchun javobgarlik jamiyat ijroiya organining zimmasida boʻladi.
Jamiyatning moliyaviy hisobotida koʻrsatilgan va aksiyadorlarning umumiy yigʻilishiga taqdim etiladigan moliyaviy hisobotdagi, buxgalteriya balansidagi, foyda va zararlar hisobvaragʻidagi maʼlumotlarning ishonchliligi mulkiy manfaatlari jamiyat yoki uning aksiyadorlari bilan bogʻliq boʻlmagan auditorlik tashkiloti tomonidan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
Jamiyatning yillik hisoboti aksiyadorlarning yillik umumiy yigʻilishi oʻtkaziladigan sanadan oʻn kundan kechiktirmay jamiyatning kuzatuv kengashi tomonidan dastlabki tarzda tasdiqlanishi lozim.
Jamiyat Xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga muvofiq tuzilgan yillik moliyaviy hisobotni u Xalqaro audit standartlariga muvofiq tashqi auditdan oʻtkazilganidan keyin, aksiyadorlarning yillik umumiy yigʻilishi oʻtkaziladigan sanadan kamida ikki hafta oldin eʼlon qilishi shart.
