100-modda. Tugatilayotgan jamiyatning mol-mulkini aksiyadorlar oʻrtasida taqsimlash
“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-370-son) · Sana: 06.05.2014 · Amalda
Tugatilayotgan jamiyatning kreditorlar bilan hisob-kitoblardan keyin qolgan mol-mulki tugatuvchi tomonidan aksiyadorlar oʻrtasida quyidagi navbat boʻyicha taqsimlanadi:
birinchi navbatda ushbu Qonunning 40-moddasiga muvofiq qaytarib sotib olinishi lozim boʻlgan aksiyalar boʻyicha toʻlovlar amalga oshiriladi;
ikkinchi navbatda imtiyozli aksiyalar boʻyicha hisoblangan, biroq toʻlanmagan dividendlarni va jamiyat ustavida imtiyozli aksiyalar boʻyicha belgilangan tugatish qiymatini toʻlash amalga oshiriladi;
uchinchi navbatda tugatilayotgan jamiyatning mol-mulkini oddiy aksiyalar egalari boʻlgan aksiyadorlar oʻrtasida taqsimlash amalga oshiriladi.
Mol-mulkni har bir navbat boʻyicha taqsimlash avvalgi navbat boʻyicha mol-mulk toʻliq taqsimlab boʻlinganidan keyin amalga oshiriladi.
Agar jamiyatdagi mavjud mol-mulk hisoblangan, biroq toʻlanmagan dividendlarni va jamiyat ustavida belgilangan tugatish qiymatini imtiyozli aksiyalarning egalari boʻlgan barcha aksiyadorlarga toʻlash uchun yetarli boʻlmasa, mol-mulk imtiyozli aksiyalarning egalari boʻlgan aksiyadorlar oʻrtasida ularga tegishli aksiyalarning soniga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
Mol-mulkni tugatish qiymatining chet ellik investor boʻlgan aksiyadorga oʻtkaziladigan qismini jamiyat xorijiy valyutaga ayirboshlab berishi shart.
