Oʻzbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish haqida (1948-8-son)
30.04.2014
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOShQARUVINING
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2014-yil 30-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1948-8]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi va “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 31-oktabrdagi PQ-2060-son “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qaroriga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 7-apreldagi PF-4609-son “Oʻzbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2009-yil 16-martdagi 7/2-sonli qarori (roʻyxat raqami 1948, 2009-yil 27-aprel) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 18-son, 229-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2014-yil 19-aprel,
12/3-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2014-yil 19-apreldagi 12/3-sonli qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga kiritilayotgan oʻzgartirishlar va qoʻshimcha
1. 7-band quyidagi tahrirdagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga ularning hisobvaraqlaridan soliqlarni va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashda banklar xizmatlari uchun toʻlovlar undirilmaydi.”.
2. 9-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. Mijozlarga hisobvaraqlar ochish va yopish, shuningdek hisobvaraqlardan mablagʻlarni hisobdan chiqarish amallarini vaqtincha toʻxtatib turish hamda ularni qayta harakatga keltirish shu kunning oʻzidayoq amalga oshirilib, Bank depozitorlarining Milliy axborotlar bazasi orqali Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasiga uzatiladi.”.
3. 42-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
4. 50-banddagi “xabarnoma (maʼlumotnoma)” degan soʻzlar “xulosa” degan soʻz bilan almashtirilsin.
