Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi hamda Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksini amalga kiritish tartibi toʻgʻrisida (2014-XII-son)
22.09.1994
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi hamda Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi 1995-yilning 1-aprelidan amalga kiritilsin.
2. 1959-yil 21-mayda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga muvofiq 1995-yilning 1-apreliga qadar hukm qilingan, sodir etgan qilmishlari 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga binoan jinoiy deb topilmaydigan shaxslar jazoning barcha turidan (asosiy va qoʻshimcha jazodan) ozod qilinsin.
3. 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga muvofiq jinoiy deb topilmaydigan qilmishlarga doir surishtiruv, dastlabki tergov va sud organlarining yuritishidagi ishlar tugatilsin.
4. 1959-yil 21-mayda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga muvofiq hukm qilingan, jazoni oʻtab boʻlmagan shaxslarga nisbatan tayinlangan jazo choralari, basharti, 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasida nazarda tutilganiga nisbatan ogʻirroq boʻlsa, 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan Jinoyat kodeksiga muvofiq holga keltirilsin. Jazo chorasi sudlar tomonidan 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasida belgilangan eng koʻp jazo chorasiga qadar kamaytiriladi.
5. Ozodlikdan shartli ravishda mahrum qilib, mahkumni mehnatga majburan jalb etish (1959-yil 21-mayda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 232-moddasi) yoki hukmning ijrosini kechiktirish (1959-yil 21-mayda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 441-moddasi) qoʻllanilgan shaxslarga nisbatan shartli hukm qilish (1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 72-moddasi) bilan almashtirilsin.
6. Ozodlikdan mahrum etish joylaridan shartli ravishda ozod qilib, mahkumni mehnatga majburan jalb etish (1959-yil 21-mayda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 502-moddasi) qoʻllanilgan shaxslarga nisbatan jazoning oʻtalmagan qismi 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 74-moddasida nazarda tutilgan tartibda yengilroq jazo bilan almashtirilsin.
7. Axloq tuzatish-mehnat yoki tarbiya-mehnat koloniyalarida ozodlikdan mahrum etish tariqasidagi jazoni oʻtayotgan shaxslarni saqlash tartibi 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga muvofiq holga keltirilsin.
8. Ushbu qarorning 2-bandiga muvofiq jazodan ozod qilingan shaxslar, shuningdek 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga muvofiq jinoiy deb topilmaydigan qilmishlar uchun hukm qilinib, jazoni ilgari oʻtab chiqqan yoki jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari ozod qilingan shaxslar sudlanmagan deb hisoblansin.
9. Ushbu qarorning ijrosi:
a) 2, 4, 5, 6, 7-bandlarda uqtirilgan shaxslarga nisbatan — ana shu shaxslarga nisbatan hukmlarni ijro etuvchi organlarning taqdimnomasiga binoan jazoni oʻtash joylaridagi sudlar zimmasiga;
b) 3-bandga muvofiq tugatilishi lozim boʻlgan ishlarga nisbatan — surishtiruv, dastlabki tergov organlari va sudlar zimmasiga yuklatilsin.
10. Ushbu qaror 2—7-bandlarining ijrosi 1995-yilning 1-oktabriga qadar amalga oshirilsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasi va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ushbu qarorning ijrosini taʼminlasinlar.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
uch oylik muddat ichida Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Kengashiga Oʻzbekiston Respublikasining qonunlarini 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq holga keltirish toʻgʻrisida takliflar taqdim etsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlarini 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi hamda Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq holga keltirsin;
Respublika vazirliklari, Davlat qoʻmitalari va idoralari 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi hamda Jinoyat-protsessual kodeksiga zid keladigan oʻzlarining normativ hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin;
1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi va Jinoyat-protsessual kodeksidan kelib chiqadigan normativ hujjatlar 1996-yilning 1-yanvariga qadar ishlab chiqilishini taʼminlasin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi ikki oylik muddat ichida 1994-yil 22-sentabrda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi hamda Jinoyat-protsessual kodeksi nashr etilishini taʼminlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Raisi vazifasini bajaruvchi E. XALILOV
Toshkent sh.,
1994-yil 22-sentabr,
2014-XII-son
