Toshkent shahrida “Favvoralar sayli” yoshlar ommaviy-madaniy tadbirlarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (101-son)
23.04.2014
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yosh avlodni maʼnaviy boy va jismonan sogʻlom etib tarbiyalash, ularni milliy gʻoya va anʼanalar ruhida kamol toptirish, jamiyatda oʻzaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, xalqimizning mamlakatda erishilayotgan bunyodkorlik yutuqlaridan shukronalik tuygʻusini yanada oshirish hamda “Sogʻlom bola yili” Davlat dasturi doirasida yoshlarning mazmunli hordiq chiqarishlari uchun qoʻshimcha qulayliklar va dam olish madaniyatining yangi zamonaviy anʼanalarini yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent shahri hokimligi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Respublika maʼnaviyat targʻibot markazining joriy yil 1-may kuni Toshkent shahrida “Favvoralar sayli” yoshlar ommaviy-madaniy tadbirlarini oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Toshkent shahrida “Favvoralar sayli” yoshlar ommaviy-madaniy tadbirini tashkil etish va uni oʻtkazish boʻyicha Tashkiliy qoʻmita va yoʻnalishlar boʻyicha ishchi guruhlar tarkiblari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Tashkiliy qoʻmitaga:
uch kun muddatda tegishli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda keng jamoatchilikni jalb etgan holda tadbirlarning yuqori saviyada oʻtkazilishini tashkil qilish boʻyicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
tadbirlar oʻtkaziladigan favvoralar dislokatsiyasini aniqlash, “Favvoralar sayli” yoshlar tadbirining konsepsiyasini, namunaviy ssenariysini, ishtirokchilar va ijodiy guruhlar roʻyxatini, tadbirlar davomida xavfsizlik chora-tadbirlarini, har bir favvora oldida yoshlarning ishtirok etishini tashkil qilish jadvallarini ishlab chiqish va tasdiqlash;
favvoralar oldida yoshlarning mazmunli dam olishlari uchun zamonaviy shart-sharoitlarni yaratish yuklansin.
3. Toshkent shahrida “Favvoralar sayli” yoshlar ommaviy-madaniy tadbirlarini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi bilan birgalikda uch kun muddatda:
tasdiqlangan dislokatsiyaga asosan tadbirlarga yoshlarni keng jalb etish, oʻtkazilayotgan tadbirlarning mazmun-mohiyatini tushuntirish ishlarini olib borsin, shu asosda qatnashadigan yoshlar soni va ularning tarkibini aniqlasin va roʻyxatini shakllantirsin;
yoshlarni tashkiliy ravishda tadbirlarga olib kelish va oʻz manzillariga olib borib qoʻyish, tadbir davomida alohida ssenariylar asosida yoshlarning faol madaniy dam olishini tashkil qilish boʻyicha reja-jadvallarini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Tashkiliy qoʻmitaga kiritsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, “Oʻzbeknavo” estrada birlashmasi, “Oʻzbekteatr” birlashmasi, “Oʻzbekkino” milliy agentligi bilan birgalikda uch kun muddatda har bir favvora oldida oʻtkaziladigan madaniy tadbirlar ssenariysini, ularda qatnashadigan sanʼatkorlar va badiiy jamoalar, shoir va yozuvchilar, teatr va kino aktyorlari roʻyxatlarini tuzib, tasdiqlash uchun Tashkiliy qoʻmitaga taqdim etsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga:
tasdiqlangan dislokatsiyaga asosan tadbirlar oʻtadigan joylarni joriy yil 25-apreldan eʼtiboran nazoratga olish;
tadbirlar davomida yongʻin xavfsizligi va ishtirokchilar xavfsizligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash boʻyicha tizimli choralarni koʻrish;
tadbirlarga tashrif buyuradigan yoshlarni olib kelish va yashash joylariga olib borishda yoʻl-patrul xizmati kuzatuvini tashkil etish kabi masalalarni oʻz ichiga olgan chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqib, uch kun muddatda tasdiqlash uchun Tashkiliy qoʻmitaga kiritish topshirilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tadbir oʻtadigan joylarda tez yordam xizmati navbatchiligini va tibbiy yordam koʻrsatish punktlarini tashkil qilsin.
8. Toshkent shahri hokimligiga:
uch kun muddatda shahar hududidagi barcha favvoralarni inventarizatsiyadan oʻtkazib, tadbirlar oʻtkaziladigan joylar dislokatsiyasini belgilash va tasdiqlash uchun Tashkiliy qoʻmitaga kiritish;
favvoralarni tadbirlarga tayyorlash, taʼmirlash, suv va elektr taʼminoti tizimini sozlash boʻyicha chora-tadbirlarni tasdiqlash;
favvoralar, ayniqsa musiqali favvoralar joylashgan maydonlar, yoʻlaklarni taʼmirlash, atrofini obodonlashtirish, bezash ishlarini amalga oshirish;
musiqiy favvoralarda milliy musiqalardan foydalanish rejasini ishlab chiqish;
har bir favvora oldida sanʼat jamoalari uchun sahnalar qurish, ularni ovoz kuchaytirgichlar bilan taʼminlash;
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati bilan birgalikda har bir favvoraga tumanlar, korxona va muassasalardan tashrif buyuradigan yoshlar sonini aniqlash;
“Toshshahartransxizmat” uyushmasi bilan birgalikda yoshlarni tadbirlar oʻtadigan joylarga olib kelish va yashash manzillariga olib borish uchun avtobuslarni bepul tashkil qilish;
yoʻnalishlar boʻyicha ishchi guruhlar iltimosiga koʻra barcha tashkiliy masalalarda amaliy yordam koʻrsatish;
belgilangan tadbirlar toʻliq bajarilganligi toʻgʻrisida joriy yil 28-aprelgacha Tashkiliy qoʻmitaga maʼlumot kiritish vazifalari yuklansin.
9. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga “Favvoralar sayli” yoshlar tadbirlarini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish tavsiya etilsin.
10. Tashkiliy qoʻmita “Favvoralar sayli”ga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha belgilangan vazifalarning toʻliq bajarilganligi toʻgʻrisidagi masalani joriy yil 29-aprelda oʻz yigʻilishida muhokama qilsin. Unda yoʻnalishlar boʻyicha ishchi guruhlarning hisobotlari eshitilsin.
11. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 23-aprel,
101-son
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 23-apreldagi 101-son qaroriga 1-ILOVA
Toshkent shahrida “Favvoralar sayli” yoshlar ommaviy-madaniy tadbirini tashkil etish va uni oʻtkazish boʻyicha Tashkiliy qoʻmita
TARKIBI
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 23-apreldagi 101-son qaroriga 2-ILOVA
Toshkent shahrida “Favvoralar sayli” yoshlar ommaviy-madaniy tadbirlarini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar
DASTURI
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 17-son, 194-modda)
