Oʻzbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PF-4609-son)
07.04.2014
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Qayd etib oʻtilsinki, soʻngi yillarda Oʻzbekiston Respublikasida ishbilarmonlik va investitsiya muhitini tubdan yaxshilash, jahon amaliyotida umum qabul qilingan biznesni yuritish sharoitlarini baholash mezonlari tizimini joriy etish va shu asosda mamlakatimizning xalqaro reytingini yanada oshirishni taʼminlash boʻyicha keng chora-tadbirlar kompleksi qabul qilindi.
Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish, kredit olish, xoʻjalik nizolarini koʻrib chiqish, biznesni tugatish jarayonlari sezilarli darajada soddalashtirildi va arzonlashtirildi. Mulkni roʻyxatdan oʻtkazish, yer uchastkalarini ajratish, qurilishga ruxsatnomalar berish, elektr tarmoqlariga ulanishda “bir darcha” tamoyillarini ommaviy joriy etish boʻyicha ishlar jadal surʼatlarda amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, Oʻzbekistonda ishbilarmonlik muhitining hozirgi holati va biznesni yuritish sharoitlari hali-hamon erkin bozor iqtisodiyoti talablari va tamoyillariga, umum qabul qilingan xalqaro normalarga toʻliq hajmda javob bermayapti. Avvalgidek tadbirkorlik faoliyatini haddan ortiqcha tartibga solish holatlari mavjud, davlat organlari bilan tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida oʻzaro munosabatlarning kontaktsiz shakllarini samarali joriy etish imkoniyatlari toʻliq hajmda ishlatilmayapti. Biznesni yuritish uchun shart-sharoitlarni yaxshilash boʻyicha qabul qilinayotgan chora-tadbirlar joylarda yetarli darajada amaliyotga joriy etilmayapti.
Ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirish, maksimal darajada qulay investitsiya iqlimini yaratish, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari faoliyatining ochiq-oydinligini oshirish, shu asosda tadbirkorlik faoliyatini yuritish sharoitlarini tubdan yaxshilash, yangi ish joylarini barpo etish va iqtisodiyotning xususiy sektorida aholi bandligini oshirish maqsadida:
1. 2014-2015-yillarda Investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni ragʻbatlantirish samaradorligini oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar Dasturi (keyingi oʻrinlarda — chora-tadbirlar Dasturi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
chora-tadbirlar Dasturiga kiritilgan tadbirlarning amalga oshirilishi ustidan tizimli nazorat oʻrnatsin, shu jumladan ularni amalda joriy etishning natijadorligi toʻgʻrisida tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida muntazam soʻrovlar oʻtkazish yoʻli orqali nazoratni taʼminlasin;
ikki hafta muddatda litsenziya va ruxsatnoma xarakteriga ega hujjatlarni olish tartibotlaridan oʻtish tartibini tubdan qisqartirish, soddalashtirish va arzonlashtirish boʻyicha aniq takliflarni kiritsin.
3. Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, aksiyadorlik kompaniyalari, uyushmalar, mahalliy davlat hokimiyati organlari bir oy muddatda oʻzlarining rasmiy veb-saytlarida tadbirkorlik subyektlari bilan oʻzaro munosabatlar masalalarini tartibga soluvchi axborotlarni joylashtirsinlar va keyinchalik ularni doimiy ravishda yangilab borsinlar, bunda quyidagilarga asosiy eʼtibor qaratilsin:
ular tomonidan qabul qilingan idoraviy meʼyoriy-huquqiy va boshqa hujjatlarni majburiy ravishda joylashtirib borish (tarqatilishi chegaralangan hujjatlar va tijorat siri bayon etilgan hujjatlar bundan mustasno);
tadbirkorlik subyektlariga ruxsatnoma xarakteriga ega hujjatlarni, litsenziyalar, sertifikatlar va boshqalarni rasmiylashtirish va berishning tartibi va muddatlari;
tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari va boshqa turdagi xizmatlar koʻrsatishning muddatlari va narxi.
Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, aksiyadorlik kompaniyalari, uyushmalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari rahbarlari zimmasiga belgilangan talablarga muvofiq, ularning rasmiy veb- saytlarida joylashtiriladigan axborotning toʻliqligi va haqqoniyligi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasi, Adliya vazirligi vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, aksiyadorlik kompaniyalari, uyushmalari va mahalliy hokimiyat organlarining rasmiy veb-saytlarini yuritishda tadbirkorlik subyektlari bilan oʻzaro munosabatlar masalalari boʻyicha qoʻyiladigan talablarga rioya etilishi ustidan tizimli nazorat oʻrnatsin.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
2014-yilning 1-iyunidan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rasmiy veb-saytlarida chop etilmagan ularning tadbirkorlik subyektlari bilan oʻzaro munosabatlar masalalarini tartibga soladigan meʼyoriy-huquqiy va boshqa hujjatlari talablarini buzish holatlari uchun tadbirkorlik subyektlariga javobgarlik choralari qoʻllash taqiqlanadi;
tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish jarayonini murakkablashtirishni va tadbirkorlik subyektlariga yangi yuridik majburiyatlar yuklatishni nazarda tutadigan, shuningdek tadbirkorlik subyektlariga yuridik javobgarlikning yangi choralarini belgilaydigan meʼyoriy-huquqiy hujjatlar ular rasman chop etilgan fursatdan boshlab, uch oydan oldin boʻlmagan muddatda kuchga kiritiladi;
mikrofirmalar yillik statistik hisobot taqdim etadilar, bunda statistika organlari har chorakda tegishli faoliyat yoʻnalishlari va sohalari boʻyicha tanlanma oʻrganishlar oʻtkazadi.
5. Soliqlarni va boshqa majburiy toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlaydigan, shuningdek ishlab chiqarishning barqaror oʻsish surʼatlarini va rentabelligini taʼminlovchi kichik tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy-xoʻjalik faoliyatini soliq tekshiruvidan oʻtkazishga qoʻllanilgan moratoriy 2017-yilning 1-yanvarigacha boʻlgan muddatgacha uzaytirilsin (yuridik shaxslarni tugatishdagi, qoʻzgʻatilgan jinoiy ishlar doirasidagi, shuningdek budjet va markazlashtirilgan mablagʻlar va resurslaridan foydalanish bilan bogʻliq rejadan tashqari tekshiruvlar bundan mustasno).
6. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, xoʻjalik boshqaruvi organlarining 2014-yilning 1-iyulidan boshlab sanoatning koʻp mehnat talab qiladigan ayrim tarmoqlari boʻyicha kichik korxonalar ishchilarining cheklangan oʻrtacha yillik sonini oshirish toʻgʻrisidagi taklifi 2-ilovaga muvofiq qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklari bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga qoʻshimcha takliflarni kiritgan holda iqtisodiyotning koʻp mehnat talab qiladigan tarmoqlarida faoliyat yuritayotgan mikrofirmalar va kichik korxonalarda qoʻshimcha ish oʻrinlarini tashkil etish yuzasidan tizimli monitoring oʻrnatsin.
8. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
xoʻjalik yurituvchi subyektlarning soliq, moliyaviy hisobotlarni taqdim etmaslik va ularni koʻrsatilgan manzilda yoʻqligi holatlarida ularning tijorat banklaridagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib turish davlat soliq xizmati organlari tomonidan faqat sudning tegishli qarori asosida amalga oshiriladi;
2015-yilning 1-yanvaridan boshlab, kichik tadbirkorlik subyektlari statistika hisobotlarini yilda bir marotaba taqdim etadilar, bunda statistika organlari har chorakda faoliyatning tegishli yoʻnalishlari va sohalari boʻyicha tanlanma asosdagi oʻrganishlarni oʻtkazib boradilar, qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartishlar kiritilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi, Markaziy bank boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2014-yil 7-aprel,
PF-4609-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 7-apreldagi PF-4609-sonli Farmoniga 1-ILOVA
2014-2015-yillarda investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni ragʻbatlantirish samaradorligini oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar
DASTURI
Izoh. Normativ-hujjatlarning turlari tegishli huquqiy munosabatlarning tartibga solinishi sohasi va predmetidan kelib chiqqan holda qayta koʻrib chiqilishi yoki yagona hujjatga birlashtirilishi mumkin
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 7-apreldagi PF-4609-sonli Farmoniga 2-ILOVA
2014-yilning 1-iyulidan boshlab kichik korxonalarda xodimlarning cheklangan soni yiliga oʻrta hisobda amaldagidan ikki baravarga oshiriladigan tarmoqlar
ROʻYXATI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 7-apreldagi PF-4609-sonli Farmoniga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim Farmon va qarorlariga kiritiladigan oʻzgartishlar
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 1-dekabrdagi PQ–1236-sonli qarori bilan tasdiqlangan Sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturini tuzish jarayonida davlat boshqaruvi organlari va loyihalar tashabbuskorlarining oʻzaro hamkorlik qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 6-bandi quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Mahalliylashtirilayotgan mahsulotlarni ishlab chiqarish hajmlarini koʻpaytirish ishlab chiqarish quvvatlari doirasida Maxsus Idoralararo komissiya va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilmagan holda loyihalar tashabbuskorlari tomonidan amalga oshiriladi”.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “1999-yilda xorijiy investorlar ishtirokida kapital qurilishni amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida” 1998-yil 31-dekabrdagi 548-sonli qarorida:
a) 1-bandidagi “(1-ilova)” soʻzlari chiqarib tashlansin;
b) 1-ilovasi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 19-maydagi 195-sonli qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2000-y., №5, 25-modda) bilan tasdiqlangan Tijorat banklari tomonidan kichik tadbirkorlik subyektlariga, dehqon va fermer xoʻjaliklariga Imtiyozli kredit berish maxsus jamgʻarmasi hisobidan kredit berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 23-bandidagi “tijorat banklarining boʻlinmalari va oʻz tarkibida boʻlinmalari boʻlmagan tijorat banklari uchun, shuningdek xususiy banklar uchun — 10 ish kuni, banklarning viloyat boʻlinmalari uchun — 15 ish kuni va bosh (respublika) banklari uchun — 20 ish kuni” soʻzlari “uch ish kuni” soʻzlari bilan almashtirilsin.
