Toshkent shahridagi Inxa universitetining faoliyatini tashkil etish va moddiy-texnika bazasini shakllantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (72-son)
27.03.2014
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida Inxa universitetini tashkil etish toʻgʻrisida” 2014-yil 24-martdagi PQ-2155-son qarorini bajarish yuzasidan hamda Toshkent shahridagi Inxa universitetining (keyingi oʻrinlarda Universitet deb ataladi) moddiy-texnika bazasini tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Universitetga:
Toshkent shahri, Ziyolilar koʻchasi, 9-uy manzilida joylashgan bino va inshootlar, ularga tutash hudud va muhandislik kommunikatsiyalari bilan birgalikda — bozor qiymati boʻyicha;
Toshkent shahri, Ziyolilar koʻchasi, 13a-uy manzilida joylashgan qurilishi tugallanmagan obyekt, unga tutash hudud va muhandislik kommunikatsiyalari bilan birga — obyektning bozor qiymati va utilizatsiya qiymati oʻrtasidagi farqni keyinchalik belgilangan tartibda qoplashni hisobga olgan holda utilizatsiya qiymati boʻyicha realizatsiya qilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi:
bir oy muddatda “Oʻzbektelekom” AK mablagʻlari hisobiga ushbu qarorning 1-bandida koʻrsatilgan sotiladigan obyektlar qiymatini baholashni;
istisno tariqasida, ushbu qarorning 1-bandida koʻrsatilgan obyektlarni sotishdan tushgan mablagʻlarni (qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tasarrufida qoldiriladigan mablagʻlardan tashqari) keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Fundamental kutubxonasini modernizatsiya qilishga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy muassasalarining ilmiy va moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga, zamonaviy yuqori texnologiyali ilmiy asbob-uskunalar sotib olishga maqsadli foydalanish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining maxsus hisob raqamiga yoʻnaltirish.
3. Universitet binolari kompleksini loyihalashtirish, rekonstruksiya qilish va qurish boʻyicha:
ishlar buyurtmachisi — “Oʻzbektelekom” AK;
“Oʻzogʻirsanoatloyiha” OAJ — bosh loyiha tashkiloti etib;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Ishlar boshqarmasining Qurilish birlashmasi — bosh pudratchi tashkilot etib belgilansin.
Buyurtmachiga, istisno tariqasida, 2014-yil 1-oktabrgacha Universitetning bino va inshootlarini rekonstruksiya qilishni loyiha-smeta hujjatlarini parallel ravishda ishlab chiqqan holda amalga oshirishga ruxsat berilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Toshkent shahar hokimligi bir oy muddatda Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti, Tarix instituti va “Fan” nashriyotining Toshkent shahri, Shahrisabz koʻchasi, 5-uy manzilida joylashgan binoga koʻchirilishini taʼminlasinlar.
5. Toshkent shahar hokimligi bir hafta muddatda Universitet ehtiyojlari uchun qoʻshimcha yer uchastkalari ajratish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
6. Belgilab qoʻyilsinki, Universitet tomonidan Toshkent shahri, Ziyolilar koʻchasi, 13a-uy manzilida joylashgan Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Fundamental kutubxonasi binosidan foydalanish bepul amalga oshiriladi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi mazkur qarorning 1-bandida koʻrsatilgan Universitetga sotiladigan obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlari belgilangan tartibda davlat ekspertizasidan oʻtkazilishini taʼminlasin hamda qurilish ishlarining sifatli bajarilishi ustidan qatʼiy davlat arxitektura-qurilish nazoratini oʻrnatsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qoʻmitasi hamda Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda 2014-yilning oxirigacha boʻlgan muddatda Universitetning istiqboldagi ehtiyojlarini hisobga olgan holda Universitetning oʻquv kompleksini kengaytirish va unga yaqin hududda yangi obyektlar, shu jumladan yotoqxonalar qurish hamda jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarni joylashtirish uchun shart-sharoitlar yaratish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi, zarurat boʻlganda, belgilangan tartibda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq “Oʻzbektelekom” AKga 2014-yilgi Investitsiya dasturi doirasida nazarda tutilgan umumiy limitlar doirasida Universitet binolari kompleksini rekonstruksiya qilishni tugallash uchun kapital qoʻyilmalar limitlarini ajratsinlar.
10. Toshkent shahridagi Inxa universiteti faoliyatini tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2014-yil 27-mart,
72-son
Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 27-martdagi 72-son qaroriga ILOVA
Toshkent shahridagi Inxa universiteti faoliyatini tashkil etish boʻyicha
TADBIRLAR REJASI
