Oʻzbekiston SSJ dehqonchilik-sanoat kompleksini moddiy-texnikaviy taʼminlash va texnikani tuzatish davlat-kooperativ qoʻmitasi (“Uzselxozsnabremont”)ni tashkil etish toʻgʻrisida (119-son)
06.05.1991
Oʻzbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Bozor munosabatlarini joriy etish sharoitlarida kolxozlarni, sovxozlarni, dehqonchilik-sanoat kompleksining korxonalari va tashkilotlarini, Shaxsiy yordamchi xoʻjaliklar egalari uyushmasini moddiy-texnikaviy taʼminlashni va muhandislik taʼminotini, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini ilmiy-texnikaviy rivojlantirishni tubdan yaxshilash maqsadida, shuningdek dehqonchilik-sanoat kompleksi mehnatchilarining istaklarini hisobga olib va Oʻzbekiston SSJ Prezidentining 1991-yil 15-apreldagi Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Dehqonchilik-sanoat kompleksini moddiy-texnikaviy va muhandislik taʼminoti bosh boshqarmasi — “Uzglavagrosnabremont” hamda uning jumhuriyat, viloyat, nohiyalararo va nohiya boʻlinmalari negizida 1-ilovaga muvofiq markaziy apparatning asosiy strukturaviy boʻlinmalari va 2-ilovaga muvofiq “Uzselxozsnabremont” huzuridagi birlashmalar, korxonalar bilan birgalikda Oʻzbekiston SSJ agrosanoat kompleksini moddiy-texnikaviy taʼminlash va texnikani tuzatish davlat-kooperativ qoʻmitasi (“Uzselxozsnabremont”) tashkil etilsin.
Belgilansinki, “Uzselxozsnabremont” tizimi faoliyati sheriklarning yakka tartibda va jamoa aʼzoligi, kooperativ, davlat, qoʻshma, ijara, xususiy va jamoat tashkilotlari va korxonalarining hamda jumhuriyat dehqonchilik-sanoat sohasida yakka tartibdagi ishlab chiqarish faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxslarning ixtiyoriy qatnashuvlari asoslarida amalga oshiriladi.
2. Oʻzbekiston SSJ dehqonchilik-sanoat kompleksini moddiy-texnikaviy taʼminlash va texnikani tuzatish davlat-kooperativ qoʻmitasiga quyidagi vazifalar yuklatilsin:
dehqonchilik-sanoat kompleksi isteʼmolchilarini ishlab chiqarish-texnika maqsadidagi mahsulotlar bilan taʼminlash, ulgurji savdo tartibida va bevosita aloqalar boʻyicha sotiladigan mahsulotlarni yetkazib berish yuzasidan yetkazib beruvchilar va isteʼmolchilar bilan ishlarni tashkil etish, shuningdek bitimlar, xoʻjalik shartnomalari, hukumatlararo kelishuvlar asosida yetkazib beruvchilar va isteʼmolchilar oʻrtasida vositachilik faoliyatini rivojlantirish;
jumhuriyat dehqonchilik-sanoat kompleksining imkoniyatlaridan foydalangan holda moddiy-texnika vositalarining ayirboshlash fondini shakllantirish, rezervlarni vujudga keltirish, bozorni barqarorlashtirish fondini vujudga keltirishda ishtirok etish, isteʼmolchilar va ishlab chiqaruvchilar oʻrtasida qaror topgan ishlab chiqarish va xoʻjalik aloqalarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish;
dehqonchilik-sanoat kompleksi isteʼmol bozorining ishlab chiqarish-texnika maqsadlaridagi mollar bilan toʻldirilishiga, savdo-vositachilik va tijorat tashkilotlarini, tovar-savdo birjalarini tuzishga, ulgurji yarmarkalar oʻtkazishga yordam berish;
dehqonchilik-sanoat kompleksi korxonalari va tashkilotlarining qurilayotgan va qayta barpo etilayotgan ijtimoiy va ishlab chiqarish maqsadlaridagi obyektlarini shartnoma asosida materiallar, komplektlovchi buyumlar va uskunalar bilan jihozlashni taʼminlash;
dehqonchilik va chorvachilik uchun yangi texnikani ishlab chiqishga hamda yaratishga boʻlgan talabni oʻrganish, takliflarni umumlashtirish, ularga buyurtmalarni shakllantirish, shuningdek qishloqda fan va texnika yutuqlarini joriy qilish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish;
shartnoma munosabatlari asosida ishlab chiqarish xizmati koʻrsatishni rivojlantirish, kolxozlar, sovxozlar, Shaxsiy yordamchi xoʻjaliklar egalari uyushmasi hamda jumhuriyat korxonalari va tashkilotlarining texnikasi va uskunalarini tuzatish;
chorvachilik obyektlarini texnik jihatdan qayta jihozlash, ularga texnika xizmati koʻrsatish, mashina va mexanizmlarni tuzatish;
dehqonchilik-sanoat kompleksi korxonalarida texnologiya va energetika uskunalarini montaj qilish, oʻrnatish va tuzatish;
xorijiy firmalar bilan tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish.
3. Belgilansinki, “Uzselxozsnabremont”:
tizimning korxonalari va tashkilotlari (paychilari) bilan bevosita shartnomalar asosida, kooperativ, davlat, ijara, xususiy va jamoat tashkilotlari va korxonalari, jumhuriyat dehqonchilik-sanoat kompleksi sohasida yakka tartibdagi mehnat faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxslarning ixtiyoriy qatnashuvi asosida oʻz xoʻjalik va ijtimoiy faoliyatining barcha masalalarini mustaqil hal qiladi;
yetkazib beruvchilar, isteʼmolchilar, pudratchilar, budjet bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish uchun bank muassasalarida pul va chet el valyutasi mablagʻlari hisob-kitoblarini ochadi, qisqa muddatli va uzoq muddatli kreditlardan foydalanadi;
dehqonchilik-sanoat kompleksini moddiy-texnikaviy taʼminlash boʻyicha oʻz faoliyatida OʻzSSJ Iqtisodiyot qoʻmitasi hamda jumhuriyatning barcha vazirliklari va idoralari bilan hamkorlik qiladi.
“Uzselxozsnabremont” va OʻzSSJ Iqtisodiyot qoʻmitasi bir oy muddat ichida 1992-yilda va keyingi yillarda dehqonchilik-sanoat kompleksini moddiy-texnika resurslari bilan taʼminlash tartibini birgalikda ishlab chiqsinlar.
4. “Uzselxozsnabremont”ga zaruratga qarab dehqonchilik-sanoat kompleksining tarmoqlariga ixtisoslashtirilgan xizmatlar koʻrsatish boʻyicha yangi birlashmalarni barpo etish, ishlab turgan korxonalarni belgilangan tartibda qayta tashkil etish va tugatish uchun ruxsat berilsin.
5. “Uzselxozsnabremont” markaziy apparati xodimlarining soni (binoni qoʻriqlovchi va unga xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari), shu jumladan, OʻzSSJ Qishloq xoʻjaligi vazirligi xodimlaridan 133 kishini berish hisobiga, 220 kishidan iborat qilib belgilansin.
OʻzSSJ Moliya vazirligi “Uzselxozsnabremont” markaziy apparati uchun ish haqi fondi, xizmat safari xarajatlari limitlarini, shuningdek xizmat yengil avtomobillari sonini belgilasin.
“Uzselxozsnabremont”ga Raisning 4 nafar oʻrinbosari, shu jumladan, bir nafar birinchi oʻrinbosari boʻlishiga ruxsat berilsin. Hayʼat aʼzolari soni 9 kishidan iborat qilib belgilansin.
6. “Oʻzselxozsnabremont” Raisiga belgilangan xodimlar soni va ish haqi fondi doirasida Qoʻmita markaziy apparatining tuzilishini tasdiqlash huquqi berilsin.
7. OʻzSSJ Iqtisodiyot qoʻmitasi, OʻzSSJ Moliya vazirligi mazkur qarordan kelib chiqqan holda OʻzSSJ Qishloq xoʻjaligi vazirligi va “Oʻzselxozsnabremont”ning reja, budjet va ish haqi fondining tegishli koʻrsatkichlariga oʻzgartishlar kiritsinlar.
8. “Uzglavagrosnabremont” va uning boʻlinmalari egallab kelgan Toshkent shahar, Abay koʻchasidagi 4-“A” uyda joylashgan xizmat binolari “Uzselxozsnabremont” ixtiyorida, uning markaziy apparatini va tashkilotlarini joylashtirish uchun qoldirilsin.
9. “Uzselxozsnabremont” OʻzSSJ Iqtisodiyot qoʻmitasi, OʻzSSJ Moliya vazirligi, OʻzSSJ Adliya vazirligi bilan kelishgan holda bir oy muddat ichida Vazirlar Mahkamasiga “Uzselxozsnabremont” toʻgʻrisidagi nizom loyihasini taqdim etsin.
10. “Uzselxozsnabremont”ning tashkil topganligi munosabati bilan OʻzSSJ Qishloq xoʻjaligi vazirligi markaziy apparatining tuzilishiga hamda Oʻzbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 11-yanvardagi 5-son qarori bilan belgilangan unga qarashli tashkilotlar roʻyxatiga tegishli oʻzgartishlar kiritilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 6-may,
119-son
Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 6-maydagi 119-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston SSJ Dehqonchilik-sanoat kompleksini moddiy-texnikaviy taʼminlash va texnikani tuzatish davlat-kooperativ qoʻmitasi markaziy apparatining
asosiy tuzilish boʻlinmalari
Vazirlar Mahkamasining 1991-yil 6-maydagi 119-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston SSJ Dehqonchilik-sanoat kompleksini moddiy-texnikaviy taʼminlash va texnikani tuzatish davlat-kooperativ qoʻmitasi tashkilotlarining
roʻyxati
