Sanitar tozalik xizmatlarining chegaralangan tariflarini oʻzgartirish toʻgʻrisida (1680-q-son)
25.10.2013
Samarqand viloyati Samarqand shahar xokimining
Qarori
Shahar hokimining 2012-yil 2-noyabrdagi 1835-Q-sonli “Sanitar tozalik xizmatlari chegaralangan tarifga tegishli oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan qattiq va maishiy chiqindilarni tashish va sanitar tozalik xizmatlari boʻyicha toʻlovlar tarifi bir oyda bir kishiga 900 soʻm miqdorida belgilangan.
Ushbu oʻtgan davr ichida eng kam ish haqi va yoqilgʻi mahsulotlarining narxi bir necha bor oshganligi, bu esa hozirgi kunda shahar hududidan maishiy chiqindilarni oʻz vaqtida olib chiqilishida ixtisoslashtirilgan korxonalarning moliyaviy ahvoliga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 14-sentabrdagi 194-sonli yigʻilish bayoni ijrosi va 2013-yil 12-avgustda oʻtkazilgan selektor yigʻilishida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash, ixtisoslashtirilgan sanitar tozalash korxonalarini moliyaviy holatini barqarorlashtirish boʻyicha Hukumat topshiriqlaridan kelib chiqib, shahar hududining sanitar holatini yaxshilash hamda shahar obodonlashtirish boshqarmasining 2013-yil 26-sentabrdagi 497-sonli xatini va shahar hokimligi moliya boʻlimining 2013-yil 26-sentabrdagi 478-sonli xatini inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga asosan qaror qilaman:
1. Samarqand shahar hududidan qattiq va maishiy chiqindilarni tashishga ixtisoslashtirilgan korxonalar tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar uchun 2013-yil 1-noyabrdan eʼtiboran:
mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha turdagi korxona, tashkilot, muassasa va yakka tartibda faoliyat yuritayotgan yuridik shaxslar uchun toʻlovlar tarifi bir tonnasiga 41160 soʻm;
jismoniy shaxslar uchun bir kishiga bir oyda 1500 soʻm etib belgilansin.
2. Samarqand shahrida qattiq va maishiy chiqindilarni tashib chiqarish xizmat tariflari 1-ilovaga* muvofiq, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan amal qilinishi lozim boʻlgan maishiy chiqindilar meʼyori 2-ilovaga* muvofiq, maishiy chiqindilarni olib chiqish uchun namunaviy shartnoma shakli 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilovalar berilmaydi.
3. Shahar hokimining 2012-yil 2-noyabrdagi 1835-Q-sonli “Sanitar tozalik xizmatlari chegaralangan tarifga tegishli oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida”gi qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Shahar hokimligi obodonlashtirish boshqarmasi (I. Radjabov) va boshqa ixtisoslashgan sanitar tozalash korxonalar rahbarlariga shahar hududida paydo boʻladigan maishiy va qattiq chiqindilarni chiqarish boʻyicha tuziladigan shartnomalar toʻlovlarini qarorda belgilangan narxlar asosida undirish topshirilsin.
5. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish shahar hokimining oʻrinbosarlari S. Saloxiddinov va J. Urakov zimmalariga yuklatilsin.
6. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingandan soʻng kuchga kiradi.
Hokim A. ShUKUROV
Samarqand sh.,
2013-yil 25-oktabr,
1680-q-son
