2014-yil tumanda ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida (485-q-son)
21.10.2013
Samarqand viloyati Narpay tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasi, “Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 25-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom”ga asosan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun tumanda 2014-yil uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish maqsadida hamda tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazining 2013-yil 28-sentabrdagi 145-sonli xatini koʻrib chiqib, tuman hududida joylashgan korxonalarda ish oʻrinlarining eng kam miqdorini belgilash yuzasidan berilgan takliflarni inobatga olib, qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasiga asosan 2014-yilda tuman hududidagi korxonalar uchun ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun tumandagi tashkilot, muassasa va korxonalar boʻyicha xodimlarning roʻyxat boʻyicha (1-ilova*) oʻrtacha soniga nisbatan 7 foizi, shu jumladan nogironlar uchun 3 foizi miqdorida, jumladan:
* 1-ilova berilmaydi.
yolgʻiz ota, yolgʻiz ona hamda 14 yoshgacha va nogiron bolalari bor koʻp bolali ota-onalar uchun 143 kishi;
taʼlim muassasalarini tugatgan yoshlar uchun 321 kishi;
muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslar uchun 78 kishi;
nogironlar uchun 18 kishi;
odam savdosi bilan jabrlangan fuqarolar uchun 8 kishi;
bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish tuman (shahar) markazlarida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar 15 kishi;
jazoni oʻtash muassasalaridan boʻshatilgan, jazoni oʻtayotgan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy xarakterdagi majburiy choralar koʻrilgan shaxslar uchun 15 kishi miqdorida ish oʻrinlari zaxirasi belgilansin.
2. Korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun ish joylarining koʻrsatib oʻtilgan miqdorini Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizom”ga muvofiq belgilangan muddatlarda va tartibda yaratilishini (ajratilishini yoki band etib qoʻyilishini) hamda ish joylari sanitariya-gigiyena normalariga va xodim oʻz majburiyatlarini bemalol bajarishini taʼminlaydigan mehnat sharoitlariga muvofiq boʻlishini taʼminlasinlar.
3. Ushbu qaror ijrosi bajarilmagan taqdirda tashkilotning mansabdor shaxslariga “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizom”ning 15-bandiga muvofiq jarima solinadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisidagi nizom”ga asosan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish qidirishda qiynalayotgan shaxslar uchun band qilib qoʻyiladigan ish oʻrinlarini tuman hokimi tomonidan belgilangan miqdordan ortiqcha tashkil etgan tashkilotlar ushbu ish oʻrinlarini tashkil etishga sarflangan mablagʻlarining bir qismini tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi bilan tuzilgan shartnoma asosida Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplash huquqiga ega ekanliklari inobatga olinsin.
5. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (T. Imomov) bir hafta muddatda mazkur qarorni tegishli korxona va tashkilot rahbarlariga yetkazsin hamda uning bajarilishi ustidan qatʼiy nazoratni taʼminlasin.
6. Tuman hokimining 2012-yil 26-oktabrdagi 451-Q-sonli “2013-yil tumanda ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida”gi qarori 2013-yil 31-dekabrdan oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari F. Amanov zimmasiga yuklatilsin.
8. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Hokim S. RAZZAQOV
Oqtosh sh.,
2013-yil 21-oktabr,
485-q-son
