Tumandagi transport vositalarini majburiy texnik koʻrigidan oʻtkazish haqida (371-q-son)
20.07.2013
Andijon viloyati Boʻz tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-sonli “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori, Oʻzbekiston Respublikasi “Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonunining 13-moddasi talablariga asosan tumandagi tashkilot, muassasa va muqobil mashina-traktor saroylari hisobidagi transport vositalarini, tirkama va yarim tirkamalarini, fuqarolarning shaxsiy transport vositalarini soniga aniqlik kiritish, texnik sozligini nazorat qilish, transport vositalari bilan bogʻliq jinoyatlarni oldini olish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida hamda “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga asoslanib qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-sonli “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori rahbarlik va ijro etish uchun qabul qilinsin.
2. Tuman Ichki ishlar boʻlimining tumandagi tashkilot, muassasa va muqobil mashina-traktor saroylari hisobidagi transport vositalarini, tirkama va yarim tirkamalarini, fuqarolarni shaxsiy transport vositalarini yillik davlat texnik koʻrigidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
3. Transport vositalarini yillik davlat texnik koʻrigidan oʻtkazish, ishchi guruh 1-ilovaga*, davlat texnik koʻrigidan oʻtkazish jadvali 2-ilovaga* asosan tasdiqlansin.
*Ilovalar berilmaydi.
4. Korxona, tashkilot, muqobil mashina-traktor saroylari hamda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari rahbarlariga transport vositalari yillik texnik koʻrigiga puxta tayyorlash va texnik koʻrik bilan bogʻliq barcha turdagi toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlanishini taʼminlash vazifalari topshirilsin.
5. Yillik davlat texnik koʻrigidan oʻtkazish ishchi tadbir davomida barcha turdagi transport vositalarining davlat raqami belgilarini peshoyna hamda yoritqich oynalariga gravirovka usulida qayta taʼmirlash topshirilsin.
6. Tuman “Boʻz hayoti” gazetasi muharririyati (S. Xazratqulov)ga texnik koʻrikni oʻtkazilishiga tayyorgarlik koʻrish va uni borishini gazeta sahifasida keng yoritish tavsiya qilinsin.
7. Mazkur qarorning qabul qilinishi munosabati bilan ommaviy axborot vositalari va rasmiy nashrlarda eʼlon qilinishi hamda keng ommaga yetkazilishi va tuman hokimi tomonidan shu mazmundagi 2012-yil qabul qilingan farmoyishi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Ushbu qaror rasmiy nashrda eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
9. Ushbu qarorni bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari Oʻ. Mamurov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim D. ADILBOYEV
Boʻz t.,
2013-yil 20-iyul,
371-q-son
