2014-yilda ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi toʻgʻrisida (16/92-q-son)
30.12.2013
Samarqand viloyati Xalq deputatlari Samarqand tuman kengashining
Qarori
2013-yil uchun tasdiqlangan ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturiga muvofiq yil davomida 4410 ta ish oʻrinlari tashkil qilish koʻzda tutilib, yil yakuni bilan barcha manbalar hisobidan 4592 ta ish joylari tashkil qilinishi va yillik prognoz koʻrsatkichi 104 foizga bajarilishi kutilmoqda.
Tashkil qilingan ish joylariga 2287 ta kollej bitiruvchilari, 2200 dan ziyod ish qidiruvchilar, 3150 ta tashqi mehnat migratsiyasidan qaytgan fuqarolar hamda jazoni ijro etish muassasalari, Qurolli Kuchlar safidan boʻshatilganlar va “odam savdosi” jabrdiydalari joylashtirilishi, tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga 2050 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishi orqali tadbirkorlik subyektlarining jami bandlikdagi ulushi 100 foizga yetishi kutilmoqda.
Tuman boʻyicha hududiy ijtimoiy-iqtisodiy va industrial rivojlanish dasturlarini, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik jihatdan yangilash tarmoq dasturlarini, mehnat bozori talablarini hisobga olib, 2014-yilda ish oʻrinlari tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi loyihasi ishlab chiqildi.
Aholi bandligini va shu asosda uning daromadlari va hayot darajasini oshirish mehnat bozorining ehtiyojlari va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ustuvorliklarini inobatga olib, yangi ish joylari yaratilishi yuzasidan javobgarlikni kuchaytirish va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2013-yil 12-dekabrdagi SQ-401-II-sonli va Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2013-yil 20-noyabrdagi 774-II-sonli, “2014-yilda ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi toʻgʻrisida”gi qarorlari talablari bajarilishini taʼminlash maqsadida xalq deputatlari tuman Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2013-yil 12-dekabrdagi SQ-401-II-sonli va Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2013-yil 20-noyabrdagi 774-II-sonli “2014-yilda ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi toʻgʻrisida”gi va xalq deputatlari tuman Kengashining “2014-yilda ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturi toʻgʻrisida”gi qarori ijro uchun qabul qilinsin.
2. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish Markazi direktori Dj. Melikovning “2014-yilda ish oʻrinlari tashkil qilish va aholi bandligini taʼminlash toʻgʻrisida”gi dasturi yuzasidan axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
3. Tumanda “2014-yilda ish oʻrinlari tashkil qilish va aholi bandligini taʼminlash toʻgʻrisida”gi dastur parametrlari 1-ilovaga*, dastur ijrosi monitoringini yuritish boʻyicha ishchi komissiyasi tarkibi 2-ilovaga* va dastur konsepsiyasi 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
4. Dastur loyihasida 2014-yilda Samarqand tumanida quyidagi asosiy yoʻnalishlar boʻyicha ilovadagi* jadvalga asosan 4450 ta yangi ish oʻrinlari tashkil etilishi koʻzda tutilganligi:
* Ilovalar berilmaydi.
investitsiya, mahalliylashtirish dasturlarini, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash va texnologik jihatdan qayta yangilash tarmoq dasturlarini amalga oshirish hisobiga 308 ta yangi ish oʻrni;
kichik korxonalar va mikrofirmalar tashkil etish va ularning faoliyatini kengaytirish hisobiga 1115 ta yangi ish oʻrni;
xususiy va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga 552 ta ish oʻrni;
kasanachilikning barcha shakllarini, eng avvalo, mehnat shartnomalari asosida korxonalar bilan kooperatsiyani rivojlantirish hisobiga 500 ta ish oʻrni;
qishloq xoʻjaligi subyektlarini, ayniqsa qayta ishlash va tayyor qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan subyektlarni rivojlantirish va kengaytirishni ragʻbatlantiruvchi chora-tadbirlarni amalga oshirishni davom ettirish hisobiga 1660 ta ish oʻrni;
ishlab chiqarish, ijtimoiy va bozor infratuzilmasini, transport va kommunikatsiya qurilishini rivojlantirish, aholi punktlarini obodonlashtirish ishlarini kengaytirish hisobiga 283 ta ish oʻrni;
vaqtinchalik faoliyat koʻrsatmayotgan korxonalar faoliyatini tiklash chora-tadbirlarini amalga oshirish hisobiga 32 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishi;
Dastur loyihasi ishlab chiqilganligi, Dastur loyihasining asosiy yoʻnalishlari, ustuvorliklari va amalga oshirish mexanizmlari tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida keng jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
5. Tuman hokimining oʻrinbosari (F. Norov), tuman hokimligi boʻlimlari, korxona va tashkilot rahbarlariga:
tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi hamda iqtisodiyot boʻlimi bilan kelishgan holda bir oy muddatda aniq korxonalar boʻyicha 2014-yilda yangi ish oʻrinlari tashkil etish tarmoq dasturlarini, shuningdek koʻp mehnat talab etadigan ishlab chiqarishlarni modernizatsiyalash va texnologik yangilashni, ishchi kuchlariga boʻlgan talab va taklifning mavsumiy oʻzgarishini hisobga olib, ilgari tashkil etilgan ish oʻrinlari saqlab qolinishi va barqaror faoliyat yuritishini soʻzsiz taʼminlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni;
kasb-hunar kollejlari tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi bilan kelishgan holda ikki hafta muddatda kasb-hunar kollejlari bilan oʻzaro hamkorlikni yanada takomillashtirish, ayniqsa bitiruvchi kurslar oʻquvchilarining ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish boʻyicha kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash, moddiy-texnik jihatdan va kadrlar bilan amalda qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirishni nazarda tutuvchi kompleks chora-tadbirlarni tasdiqlash uchun kiritish vazifasi yuklatilsin.
6. Belgilab qoʻyilsinki, har chorakda xalq deputatlari mahalliy Kengashlar deputatlari ishtirokida, tuman hokimlikning majlislarida 2014-yilda yangi ish oʻrinlari tashkil etish dasturlarining va tasdiqlangan chora-tadbirlar amalga oshirilishining borishini tanqidiy koʻrib chiqiladi, bunda yangi tashkil etilgan ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning ishonchliligini taʼminlash maqsadida tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi hamda vakolatli tashkilotlar bilan birgalikda amalga oshirilgan ish oʻrinlarini inventarizatsiyadan oʻtkazish natijalari asosiy mezonlardan biri deb baholanadi.
7. Tuman Kengashi deputatlari, tuman hokimining oʻrinbosari (F. Norov), tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (Dj. Melikov), iqtisodiyot boʻlimi (I. Komilov), tijorat banklari (kelishuv asosida), tashkilotlar, potensial investorlar va ish beruvchilar bilan birgalikda:
2013/2014 oʻquv yilida kasb-hunar kollejlarining bitiruvchilarini ishga joylashtirish parametrlarini alohida koʻrsatgan holda, ish oʻrinlari tashkil etish uchun zarur boʻlgan moliyaviy, moddiy va boshqa resurslarning belgilanishiga alohida eʼtibor qaratib, 2014-yilda tashkil etiladigan yangi ish oʻrinlarining manzilli roʻyxatlarini;
2014-yilda ish oʻrinlari tashkil etish hududiy dasturlarini amalga oshirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
8. Tuman hokimining oʻrinbosari (F. Norov), tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (Dj. Melikov), iqtisodiyot boʻlimi (I. Komilov), statistika boʻlimi (J. Zaripov), manfaatdor idoralar bilan birgalikda:
Dasturning bajarilishi monitoringini tizimli olib borilishini taʼminlash;
ishsizlarni ishga joylashtirish, shu jumladan ularni kasb-hunarga qayta oʻqitish va qayta tayyorlash, haq toʻlanadigan jamoat ishlariga yoʻllash, shuningdek “Boʻsh ish oʻrinlari yarmarkalari”ni oʻtkazish orqali ishga joylashtirish tadbirlarining soʻzsiz bajarilishini taʼminlash yuklatilsin.
9. Tumandagi tijorat banklariga:
bir oy muddatda 2014-yilda tijorat banklari tomonidan bandlik yoʻnalishlari boʻyicha xoʻjalik yurituvchi subyektlarning ish oʻrinlari tashkil etishni taʼminlaydigan biznes-loyihalarini moliyalashtirish, shu jumladan kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish uchun kredit mablagʻlari ajratish prognoz parametrlarini ishlab chiqish va tasdiqlash;
ish oʻrinlari tashkil etish uchun, ayniqsa kasb-hunar kollejlari bitiruvchilariga ajratilayotgan kredit resurslari boʻyicha keng tushuntirish ishlarini doimiy ravishda amalga oshirish vazifasi tavsiya etilsin.
10. Tuman hokimining oʻrinbosari (F. Norov) oʻn kun muddatda tumandagi sanoat hududlarda koʻp mehnat talab qiladigan ixcham, kichik ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish va joylashtirish boʻyicha masalalarni oʻrganish va takliflar ishlab chiqish uchun tuman iqtisodiyot, Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi, Davlat soliq inspeksiyasi, Arxitektura va qurilish boʻlimi, tijorat banklarining masʼul xodimlaridan iborat tarkibda maxsus ishchi guruhlarni tuzsin va tuman hokimi tasdigʻiga kiritsin.
Maxsus ishchi guruhlar joylarga borgan holda:
tumandagi mavjud sanoat zonalari (maydonchalari)dan foydalanish samaradorligini va ularning ish bilan taʼminlanganligini, shu jumladan ishlab chiqarish infratuzilmasi ahvolini tanqidiy oʻrganib chiqish;
sanoat ishlab chiqarishlarining rivojlanish dinamikasini, sanoat zonalari (maydonlari)dagi sanoat korxonalarining ishlamayotganligi va tugatilishi sababini chuqur tahlil qilish;
sanoat maydonchalarida foydalanilmayotgan binolar (inshootlar), past likvidli obyektlar, ishlamayotgan korxonalar mavjudligi yuzasidan xatlov oʻtkazish hamda ularning faoliyatini tiklash va moliyaviy sogʻlomlashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash, 2014-yil mobaynida har bir obyekt boʻyicha ish oʻrinlari tashkil etishning aniq parametrlarini tasdiqlash;
sanoat zonalarida yengil sanoat, oziq-ovqat sanoati, yogʻochni qayta ishlash, elektrotexnika sanoati mahsulotlari, shuningdek qurilish materiallari ishlab chiqarish boʻyicha koʻp mehnat talab qiladigan ishlab chiqarishlarni, tashqi muhandislik kommunikatsiyalari tarmoqlarini, zarur investitsiyalar hajmini va moliyalashtirish manbalarini aniq belgilagan holda tashkil etish va joylashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqish vazifalari yuklatilsin.
11. Tuman hokimining oʻrinbosari (F. Norov), tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (Dj. Melikov), Gulobod ijtimoiy-iqtisodiy kasb-hunar kolleji (N. Roʻziyev), Agrosanoat kasb-hunar kolleji (M. Boboyorov), Ravonak qurilish va milliy hunarmandchilik kasb-hunar kolleji (S. Zayniyev), Maishiy xizmat kasb-hunar kolleji (X. Ostonova), manfaatdor boʻlimlar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari va yirik korxonalar bilan birgalikda kasb-hunar kollejlarining bitiruvchi kurs oʻquvchilari ishlab chiqarish amaliyotini oʻtashini tashkil etish va keyinchalik ishga joylashishiga koʻmaklashish uchun aniq korxonalarga biriktirishni, shuningdek kasb-hunar kollejlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashni hamda pedagoglar malakasini oshirishni nazarda tutuvchi qoʻshma chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqsinlar va tasdiqlash uchun tuman hokimiga kiritsinlar.
12. Mazkur qaror bajarilishini nazorat qilish xalq deputatlari Samarqand tuman Kengashining Mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi (B. Odilov)ga yuklansin.
13. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingandan boshlab kuchga kiradi.
Tuman Kengashi raisi B. SADULLAYEV
Samarqand t.,
2013-yil 30-dekabr,
16/92-q-son
