2014-yil tuman hududida meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka, poliz va uzum ishlab chiqarish hamda ulardan foydalanish parametrlari toʻgʻrisida (570-q-son)
17.12.2013
Samarqand viloyati Qoʻshrabot tumani hokimining
Qarori
Viloyat hokimining 2013-yil 23-noyabrdagi 243-Q-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 20-noyabrdagi 311-sonli “2014-yilda meva-sabzavot mahsulotlari, kartoshka, poliz va uzum ishlab chiqarish hamda ishlatish prognoz koʻrsatkichlari haqida”gi qarori ijrosini bajarish, tumanda 2014-yilda yetishtiriladigan meva-sabzavot, kartoshka, poliz va uzum mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda oʻz vaqtida qayta ishlashni taʼminlash uchun optimal sharoitlar yaratish maqsadida qaror qilaman:
1. Viloyat hokimining 2013-yil 23-noyabrdagi 243-Q-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 20-noyabrdagi 311-sonli “2014-yilda meva-sabzavot, kartoshka, poliz va uzum mahsulotlari ishlab chiqarish hamda ishlatish prognoz koʻrsatkichlari haqida”gi qarori ijrosi toʻgʻrisida”gi qarori rahbarlik va ijro uchun va qabul qilinsin.
2. Tuman iqtisodiyot boʻlimi, tuman qishloq va suv xoʻjaligi boʻlimi bilan birgalikda ishlab chiqqan meva-sabzavot, kartoshka, poliz va uzum mahsulotlari ishlab chiqarish hamda ishlatishning 2014-yil prognoz koʻrsatkichlari toʻgʻrisidagi takliflari 1 va 2-ilovalarga* muvofiq maʼqullansin.
3. Tuman qishloq va suv xoʻjaligi boʻlimi:
shaxsiy, yordamchi va dehqon xoʻjaliklarida meva-sabzavot, kartoshka, poliz va uzum yetishtirish uchun yer maydonlaridan samarali foydalanilishini nazoratga olish;
meva-sabzavotchilik, kartoshka, poliz va uzumchilik maxsus fermer xoʻjaliklarida mahsulot yetishtirishning ustuvorligini hisobga olgan holda ishlab chiqarishning bashorat koʻrsatkichlariga muvofiq xoʻjaliklarda sabzavot va poliz ekinlari joylashtirilishiga alohida eʼtibor qaratilishini;
2014-yilning 1-martiga qadar fermer xoʻjaliklari va qayta ishlash korxonalari oʻrtasida meva-sabzavot va uzum mahsulotlari yetkazib berish boʻyicha hamda mahsulot yetishtiruvchilarni shartnomada belgilangan mahsulotlar qiymatining 40 foizidan kam boʻlmagan miqdorda boʻnak mablagʻlari bilan taʼminlashni koʻzda tutgan holda kontraktatsiya shartnomalari tuzilishini;
yoqilgʻi moylash materiallarni, mineral oʻgʻitlar, oʻsimliklarni himoya qilish vositalari, urugʻlik materiallari va koʻchatlar sotishda samara beruvchi tomorqalarni tashkil qilishni taʼminlasin.
4. Tuman ichki bozorlarida meva-sabzavot, kartoshka, poliz va uzum mahsulotlaridan toʻliq foydalanish masalasini hal qilish hamda mahsulotlarni eksport qilishni samarali tashkil etish maqsadida 3-ilovaga* muvofiq ishchi guruhi tuzilsin.
Ishchi guruhining asosiy vazifasi etib:
2014-yil uchun tasdiqlangan meva-sabzavot, kartoshka, poliz va uzum mahsulotlari ishlab chiqarish hamda ishlatishning asosiy bashorat koʻrsatkichlari bajarilishini sistemali tanqidiy koʻrib chiqish;
ichki isteʼmol bozorini meva-sabzavot, kartoshka, poliz va uzum mahsulotlari turlari bilan zaruriy miqdorda, uzluksiz taʼminlash hamda ushbu mahsulotlar narxlari boʻyicha monitoring oʻrnatish;
meva-sabzavot, kartoshka, poliz va uzum mahsulotlari chetga eksport qilishda tashish, vagonlar ajratilishi, bojxonada rasmiylashtirish va hisobotlar taqdim etilishi bilan bogʻliq boʻlgan masalalarni tezkorlik bilan koʻrib chiqishni tashkil etish belgilansin.
5. Tuman iqtisodiyot boʻlimi (A. Xolbekov), tuman qishloq va suv xoʻjaligi boʻlimi (A. Achilov) Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 6-fevraldagi 16-sonli “Belgilangan qiymat va moddiy balans koʻrsatkichlari bajarilishini samarali monitoringini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan tumanda 2014-yilda meva-sabzavot, kartoshka, poliz va uzum mahsulotlari ishlab chiqarish va foydalanish balans koʻrsatkichlarining bajarilishini doimiy monitoringini taʼminlash vazifasi topshirilsin.
6. Aholini hamda qayta ishlash korxonalarini ishlab chiqarilgan meva-sabzavot, kartoshka, poliz va uzum mahsulotlari bilan yetarli taʼminlash monitoringi olib borilishi munosabati bilan tuman iqtisodiyot boʻlimi (A. Xolbekov) har chorakda hisobot davridan keyingi oyning 5-sanasigacha meva-sabzavot, kartoshka, poliz va uzum mahsulotlari ishlab chiqarish va ishlatilishi haqidagi maʼlumotlarni 4-ilovadagi* shaklga muvofiq viloyat Iqtisodiyot Bosh boshqarmasiga taqdim etsin.
* Ilovalar berilmaydi.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari Z. Mamadoliyev zimmasiga yuklatilsin.
8. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Hokim O. ALIXODJAYEV
Qoʻshrabot sh.,
2013-yil 17-dekabr,
570-q-son
