Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etish toʻgʻrisida (714-son)
28.08.2013
Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasiga asosan Oqoltin tuman hududidagi ish bilan band boʻlmagan “ishsiz” maqomi berilgan fuqarolarni ishga joylashtirish borasida vujudga kelgan ogʻir vaziyatdan chiqish hamda tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazining takliflariga koʻra tashkilot va korxonalarda haq toʻlanadigan jamoat ishlarini yaʼni, hamma uchun qulay, maxsus kasb-hunar tayyorgarligi talab qilmaydigan, vaqtinchalik ish joylarini barpo etish maqsadida qaror qilaman:
1. Oqoltin tuman korxona, tashkilot va muassasalar (1-ilovadagi* roʻyxat boʻyicha) rahbarlariga tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi bilan birgalikda shartnomalar asosida 2014-yil davomida haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil etish vazifasi yuklatilsin.
* 1-ilova berilmaydi.
2. Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini mablagʻ bilan taʼminlash ish beruvchilar tomonidan oʻz mablagʻlari, shuningdek mahalliy budjet va ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi. Bunda haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb qilingan fuqarolar mehnatiga haq toʻlash xarajatlarining:
davlat hokimiyati organiga qarashli korxonalar, muassasalar va tashkilotlar boʻyicha 50 % ish beruvchilar mablagʻlari, 50 % mahalliy budjet va ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga;
boshqa korxonalar, muassasalar va tashkilotlar boʻyicha 75 % ish beruvchilar mablagʻlari va 25 % ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
3. Korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi bilan birgalikda haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkillashtirishni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 19-iyuldagi 353-sonli qarorining 1-ilovasiga yaʼni “Oʻzbekiston Respublikasida haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish haqida”gi nizomiga asosan amalga oshirilsin.
4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining ijtimoiy iqtisodiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari M. Xolboyev zimmasiga yuklatilsin.
Hokim T. XUDAYBERDIYEV
Sardoba sh.,
2013-yil 28-avgust,
714-son
