2014-yilda ijtimoiy himoyaga muxtoj shaxslar uchun ish joylarining eng kam miqdorini belgilash toʻgʻrisida (504-son)
31.08.2013
Sirdaryo viloyati Yangiyer shahar hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy Davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qaroriga asoslanib, 2014-yil uchun ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar uchun ish joylarining eng kam miqdorini belgilash maqsadida qaror qilaman:
1. “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasiga asosan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish joylarining eng kam miqdori xodimlarning roʻyxat boʻyicha oʻrtacha sonidan 3653 kishini tashkil etadigan 7 foiz miqdorida, shu jumladan:
oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bolalari, nogiron bolalari boʻlgan yolgʻiz va koʻp bolali ota-onalar uchun 0,6 foiz (13 oʻrin);
taʼlim muassasalarini tamomlagan yoshlar uchun 2,0 foiz (62 oʻrin);
nogironlar uchun 3 foiz ( 76 oʻrin);
Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun 0,3 foiz (2 ta oʻrin);
muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilganlar uchun 0,4 foiz (14 oʻrin);
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan, jazoni oʻtayotgan yoki sud qarori bilan tibbiy xarakterdagi majburiy choralar koʻrilgan shaxslar uchun 0,4 foiz (11 oʻrin) miqdorida ish oʻrinlari zaxirasi belgilansin.
2. Ushbu toifa shaxslar uchun ish oʻrinlari xodimlar tomonidan oʻzlarining mehnat majburiyatlarini toʻsiqlarsiz bajarishini taʼminlaydigan sanitariya-gigiyena normalari va mehnat sharoitlariga muvofiq boʻlishi kerak. Shu jumladan:
yolgʻiz ota, yolgʻiz ona va 14 yoshgacha boʻlgan nogiron bolalari bor koʻp bolali ota-onalar uchun — bolalarni tarbiyalash va mehnat majburiyatlari boʻyicha vazifalarni uygʻunlashtirish imkonini beradigan, oʻzgaruvchan ish jadvaliga ega boʻlgan ish oʻrinlari;
taʼlim muassasalarini tugatgan yoshlar uchun — ularning kasb boʻyicha tayyorgarligiga muvofiq boʻlgan ish oʻrinlari;
muddatli xarbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslar uchun — ularning kasb boʻyicha tayyorgarligiga muvofiq boʻlgan ish oʻrinlari;
nogironlar uchun — mehnat sharoitlari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazilgan hamda xodimga ish jarayonlarini toʻsqinliklarsiz bajarish imkonini beradigan ish oʻrinlari;
bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun — maxsus malakani talab qilmaydigan ish oʻrinlari;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan, jazoni oʻtayotgan yoki sud qarori bilan tibbiy xarakterdagi majburiy choralar koʻrilgan shaxslar uchun — ularning kasb boʻyicha tayyorgarligi hisobga olingan holdagi ish oʻrinlari, muayyan kasb-hunarga, malakaga ega boʻlmagan shaxslar uchun esa — maxsus malaka talab qilmaydigan hamda yuqorida koʻrsatilgan barcha toifalar uchun mos sharoitlar yaratilishi lozim.
Korxonalar, tashkilotlar va muassasalar:
ish joylarining eng kam miqdorini (kvota) boʻyicha ish oʻrinlarini tashkil etilganligi toʻgʻrisida maʼlumotlarni har chorakda;
ushbu oʻrinlarga ishga joylashganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotni har oyning 25-sanasiga qadar shahar Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish Markaziga topshirsinlar.
ijtimoiy muhofazaga muhtoj boʻlgan toifadagi kishilarga maxsus ish joylari ajrata olmagan korxona va muassasalar ish joylarini ijaraga sotib olish yoki boshqa korxonalar bilan xamkorlikda tashkil etilsin.
3 . Ish oʻrinlari band qilib qoʻyiladigan kasblar va lavozimlar:
Qarorning 1-bandi 2-xatboshisida koʻrsatilgan talablarga javob beradigan kasb va mutaxassisliklar boʻyicha korxonalar kesimidagi ish oʻrinlari koʻrsatilgan holda (ilova* boʻyicha) tashkil etilsin. Jumladan:
* Ilova berilmaydi.
oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bolalari, nogiron bolalari boʻlgan yolgʻiz va koʻp bolali ota-onalar uchun 15 ta ish oʻrni, taʼlim muassasalarini tamomlagan yoshlar uchun 68 ta ish oʻrni, nogironlar uchun 75 ta ish oʻrni, bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun 6 ta ish oʻrni, muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilganlar uchun 20 ta ish oʻrni, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan, jazoni oʻtayotgan yoki sud qarori bilan tibbiy xarakterdagi majburiy choralar koʻrilgan shaxslar uchun 15 ta ish oʻrni band qilib qoʻyilsin.
4. Tashkilotlarning rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muxofazaga muhtoj va ish topishda qiynaladigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq ijtimoiy muxofazaga muhtoj va ish topishda qiynaladigan shaxslar uchun koʻrsatilgan ish oʻrinlarini belgilangan muddatlarda va tartibda barpo etilishini taʼminlasinlar.
5. Ushbu qaror bajarilmagan taqdirda tashkilotning mansabdor shaxslariga “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynaladigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomning 15-bandiga muvofiq jarima solinishi toʻgʻrisida ogohlantirilsin.
6. Ushbu qarorda belgilangan ijtimoiy muxofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish sonidan ortiqcha ish oʻrinlari tashkil etilganda tashkilot uchun qoʻyidagi imtiyozlar belgilanadi:
nogironlar uchun band qilib qoʻyiladigan ish oʻrinlarini belgilangan sonidan ortiqcha tashkil etgan tashkilotlar qonun xujjatlarida belgilangan tartibda imtiyoz olishi;
mutasaddi tashkilot, korxona va muassasalar oʻz vakolatlari doirasida ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish qidirishda qiynalayotgan shaxslar uchun belgilangan koʻrsatkichdan ortiqcha, shu jumladan ish uchastkalari (sexlar) tashkil etish uchun turar joy boʻlmagan binolarni birlamchi navbatda ajratish yoʻli bilan band qilib qoʻyiladigan ish oʻrinlari tashkil etgan tashkilotlar uchun imtiyozlar belgilanishi;
ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish qidirishda qiynalayotgan shaxslar uchun band qilib koʻyiladigan ish oʻrinlari shahar hokimi tomonidan belgilangan miqdordan ortiqcha tashkil etgan tashkilotlar ushbu ish oʻrinlarini tashkil etishga sarflangan mablagʻlarning bir qismini shahar Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish Markazi bilan tuzilgan shartnoma asosida Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi hisobidan qoplash xuquqiga egadir.
Yangiyer shahar Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish Markazi bir hafta muddat ichida mazkur qarorni ilovada koʻrsatilgan korxonalar, tashkilotlar va muassasalarga yetkazsin va ijrosini nazoratga olsin.
7. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilishni oʻz zimmamda qoldiraman.
8. Mazkur qaror rasmiy nashrda eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Hokim v. v. b. B.ASOMOV
Yangiyer sh.,
2013-yil 31-avgust,
504-son
