Sayxunobod tumanida 2014-yilda ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida (19-75-son)
25.09.2013
Sirdaryo viloyati Xalq deputatlari Sayxunobod tumani Kengashining
Qarori
Xalq deputatlari Sayxunobod tumani Kengashining 2013-yil 23-noyabrdagi № 51/13-4-sonli qarori bilan tasdiqlangan 2013-yilda yangi ish joylarini yaratish va aholi bandligini taʼminlash borasida ishlab chiqilgan tuman dasturiga muvofiq joriy yilda 3805 ta yangi ish oʻrinlari yaratish belgilangan boʻlib, oʻtgan 8 oy davomida 2673 ta yangi ish oʻrinlari yaratildi.
2014-yilda yangi ish joylarini yaratish va aholi bandligini taʼminlash borasida ishlab chiqilgan tuman dasturini atroflicha muhokama etib, xalq deputatlari Sayxunobod tumani Kengashi sessiyasi qaror qiladi:
1. Sayxunobod tumanida 2014-yilda yangi ish joylar yaratish va aholi bandligi taʼminlash dasturining asosiy maqsadi va mohiyati toʻgʻrisida tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi direktori A. Yakubovning axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. 2014-yilda yangi ish joylarini yaratish va aholi bandligi taʼminlash borasida ishlab chiqarilgan tuman dasturi ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
3. Tuman hokimining oʻrinbosarlari, mutasaddi korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlariga:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan joriy yilning 18-yanvarida Respublika hukumati majlisida belgilab berilgan va belgilangan makroiqtisodiy koʻrsatkichlarga erishishni, iqtisodiyotni va mahalliy ishlab chiqaruvchilarni raqobatbardoshligini oshirishni, ishlab chiqishni, transport va muhandislik kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiyalashni, aholi bandligini va farovonligini oshirishni taʼminlashga yoʻnaltirilgan mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining eng muhim ustuvor vazifalarini roʻyobga chiqarish iqtisodiyotning yuqori va barqaror oʻsish surʼatlarini saqlab qolishga, makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlashga va shu asosda dasturlar ijrosini toʻliq taʼminlash hisobiga dasturda belgilangan aholi bandligini oshirish va ish oʻrinlarini tashkil etish parametrlarni soʻzsiz ijrosini taʼminlash;
yangi ishlab chiqarish obyektlarini ishga tushirish, mavjud korxonalarni kengaytirish va quvvatlarini yangilash, kichik korxona va mikrofirmalarni tashkil etish, yakka tartibdagi tadbirkorlikni rivojlantirish, uy mehnatining barcha shakllarini, shu jumladan korxonalar bilan kooperatsiyada mehnat shartnomalari asosida kasanachilikni rivojlantirish, fermer xoʻjaliklarini ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, ishlamasdan turgan iqtisodiy nochor, zarar koʻrib ishlayotgan korxonalar faoliyatini tiklash, moliyaviy sogʻlomlashtirish, bozor infratuzilmalarini rivojlantirish vazifalari yuklatilsin.
4.Tuman kengashining doimiy komissiyalariga:
Tumanda 7 ta ustuvor yoʻnalishlar asosida moʻljallangan dasturidan kelib chiqib, ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasida belgilangan vazifalarning soʻzsiz ijro etilishi ustidan deputatlik nazoratini oʻrnatish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 28-noyabrdagi PF-4058-sonli “Iqtisodiyotning real sektori korxonalarni qoʻllab-quvvatlash, ularning barqaror ishlashini taʼminlash va eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari dasturi toʻgʻrisida”gi Farmonining ijrosini taʼminlash yuzasidan komissiya yigʻilishlarida tuman hokimligi va tashkilotlari rahbarlarining hisobotlarini muntazam ravishda eshitib borish;
Mamlakatimizda qabul qilingan qarorlar va dasturlar ijrosini taʼminlash yuzasidan koʻrilayotgan choralarni har bir deputat oʻzining saylov okrugida keng targʻib qilish, mazmun mohiyatini xalqqa tushuntirish, tashviqot-targʻibot ishlarini olib borish vazifalari topshirilsin.
5. Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish tuman markazi (A. Yakubov) hamda oʻrta-maxsus kasb-hunar kollejlari direktorlari 2013-2014 oʻquv yili bitiruvchilarining toʻliq bandligini taʼminlasinlar va ushbu topshiriqlarning ijrosini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan har oyda tuman hokimligiga axborot berib borsinlar.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari Z. Karimov va xalq deputatlari tuman Kengashining doimiy komissiya raislari zimmasiga yuklatilsin.
7. Mazkur qaror rasman eʼlon qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Kengash raisi A. TURDIBOYEV
Sayxunobod sh.,
2013-yil 25-sentabr,
19-75-son
