2014-yilda ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar uchun ish joylarining eng kam miqdorini belgilash toʻgʻrisida (305-son)
03.09.2013
Sirdaryo viloyati Shirin shahar hokimining
Qarori
“Mahalliy Davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qaroriga asoslanib, 2014-yil ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar uchun ish joylarining eng kam miqdorini belgilash maqsadida qaror qilaman:
1. “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasiga asosan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish joylarining eng kam miqdori xodimlarning roʻyxat boʻyicha oʻrtacha sonidan 3821 kishini tashkil etadi, shu jumladan:
oʻn toʻrt yoshga toʻlmagan bolalari, nogiron bolalari boʻlgan yolgʻiz va koʻp bolali ota-onalar uchun 14 ta ish oʻrin;
taʼlim muassasalarini tamomlagan yoshlar uchun 91 ta ish oʻrin;
nogironlar uchun 16 ta ish oʻrin;
Bandlikka koʻmaklashishi va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun 10 ta ish oʻrin;
muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilganlar uchun 8 ta ish oʻrin;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan, jazoni oʻtayotgan yoki sud qarori bilan tibbiy xarakterdagi majburiy choralar koʻrilgan shaxslar uchun 11 ta ish oʻrin.
2. Ushbu toifa shaxslar uchun ish oʻrinlari xodimlar tomonidan oʻzlarining mehnat majburiyatlarini toʻsiqlarsiz bajarishini taʼminlaydigan sanitariya-gigiyena normalari va mehnat sharoitlariga muvofiq boʻlishi kerak, shu jumladan yuqorida koʻrsatilgan barcha toifalar uchun mos sharoitlar yaratilsin.
Shu jumlada:
nogironlar uchun salomatligi va mehnat faoliyatiga nisbatan qoʻyiladigan belgilangan koʻrsatkichlar hisobga olingan holda xodimga mehnat operatsiyalarini toʻsiqsiz bajarish imkonini beruvchi ish joylari;
kasb-hunar taʼlimiga ega boʻlmagan yolgʻizlar uchun, ular umumtaʼlim muassasalarini tamomlaganlaridan keyin bir yil davomida shogirdlik ish joylari yoki maxsus kasb-hunar tayyorgarligini talab qilmaydigan ish joylari;
oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlim muassasalarini tamomlagan yoshlar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlaridan, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar Vazirligi va Milliy xavfsizlik xizmati qoʻshinlaridan boʻshatilgan shaxslar uchun ular oʻquv yurtlarini tamomlaganlaridan yoki boʻshatilganlaridan keyin bir yil davomida ularning kasb-hunar tayyorgarligiga muvofiq keluvchi ish joylari;
yolgʻiz ota, yolgʻiz onalarga hamda koʻp bolali ota-onalarga bolalarni tarbiyalash va mehnat majburiyatlarini bajarishni birga qoʻshib olib borish imkonini beruvchi oʻzgaruvchan jadvali ish joylari;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoki sud qarori bilan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralariga tortilgan shaxslar uchun maxsus malakani talab qilmaydigan har qanday ish;
har chorakda shahar Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markaziga ish joylarining eng kam miqdorini (kvota) boʻyicha ish oʻrinlarini tashkil etilganligi, qancha fuqaro ushbu oʻrinlarga ishga joylashganligi toʻgʻrisida maʼlumotni oʻz vaqtida har oyning 25-kunigacha topshirilsin.
ijtimoiy muhofazaga muhtoj boʻlgan toifadagi kishilarga maxsus ish joylari ajrata olmagan korxona va muassasalar ish joylarini ijaraga sotib olish yoki boshqa korxonalar bilan hamkorlikda tashkil etilsin.
korxona va tashkilotlar maʼmuriyatini ushbu korxonada 2014-yil uchun ish joylarining eng kam miqdori (kvota) boʻyicha ish oʻrinlarini tashkil qilinishi majbur ekanligi haqida yil boshiga kamida 3 oy qolganda ogohlantirilsin.
3. Tashkilotlar rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-son qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga muvofiq ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun koʻrsatilayotgan ish oʻrinlari tashkil etilishini taʼminlasinlar.
4. Ushbu qaror bajarilmagan taqdirda tashkilotlarning mansabdor shaxslariga “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 15-bandiga muvofiq jarima solinadi.
5. Ushbu qarorda belgilangan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish sonidan ortiqcha ish oʻrinlari tashkil etilganda tashkilot uchun quyidagi imtiyoz olish:
mutasaddi tashkilot, korxona va muassasalar oʻz vakolatlari doirasida ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish qidirishda qiynalayotgan shaxslar uchun belgilangan koʻrsatkichdan ortiqcha, shu jumladan ish uchastkalari (sexlar) tashkil etish uchun turar joy boʻlmagan binolarni birlamchi navbatda ajratish yoʻli bilan band qilib quyiladigan ish oʻrinlari tashkil topgan tashkilotlar uchun imtiyozlar belgilanishi;
ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish qidirishda qiynalayotgan shaxslar uchun band qilib qoʻyiladigan ish oʻrinlari shahar xokimi tomonidan belgilangan miqdordan ortiqcha tashkil etgan tashkilotlar ushbu ish oʻrinlari tashkil etishga sarflangan mablagʻlarning bir qismini shahar Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi bilan tuzilgan shartnoma asosida Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmasi hisobidan qoplash huquqiga egadir.
6. Shahar Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (Oʻ. Akbtayev) bir hafta muddatda, ushbu qarorning 1-bandida hamda ilovada* koʻrsatilgan korxona va tashkilotlar rahbarlari eʼtiboriga yetkazsin va ushbu qarorning ustidan nazorati taʼminlansin.
* Ilova berilmaydi.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish shahar hokimi oʻrinbosari M. Abduraximov zimmasiga yuklatilsin.
8. Mazkur qaror rasmiy nashrda eʼlon qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Hokim Sh. TOJIBOYEV
Shirin sh.,
2013-yil 3-sentabr,
305-son
