2014-yilda haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkillashtirish toʻgʻrisida (303-son)
03.09.2013
Sirdaryo viloyati Shirin shahar hokimining
Qarori
Shirin shahar hududidagi ish bilan band boʻlmagan “Ishsiz” deb maqom berilgan fuqarolarni ishga joylashtirish borasida vujudga kelgan ogʻir vaziyatdan chiqish hamda shahar Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazining takliflariga koʻra tashkilot va korxonalarda haq toʻlanadigan jamoat ishlarini yaʼni, hamma uchun qulay, maxsus kasb-hunar tayyorgarligi talab qilmaydigan, vaqtincha ish joylarini barpo etish maqsadida qaror qilaman:
1. Shahar korxona, tashkilot va muassasalar (ilovadagi* roʻyxat boʻyicha) rahbarlariga, shahar Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi bilan birgalikda shartnomalar asosida 2014-yilga haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkillashtirish vazifasi yuklatilsin.
* Ilova berilmaydi.
2. Haq toʻlanadigan jamoat ishlarini mablagʻ bilan taʼminlash ish beruvchilar tomonidan oʻz mablagʻlari, shuningdek mahalliy budjet va ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi. Bunda haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb qilinadigan fuqarolar mehnatiga haq toʻlash xarajatlarining:
davlat hokimiyati organiga qarashli, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar boʻyicha ellik foiz ish beruvchilar mablagʻlari va ellik foiz mahalliy budjet va ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga;
boshqa korxonalar, muassasalar va tashkilotlar boʻyicha — yetmish besh foiz ish beruvchilar mablagʻlari va yigirma besh foiz ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.
3. Korxona tashkilot va muassasalar rahbarlari shahar Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi bilan birgalikda haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkillashtirishni Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 19-iyuldagi 353-sonli qarorining 1-ilovasiga yaʼni, “Oʻzbekiston Respublikasida haq toʻlanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish haqida”gi nizomga asosan amalga oshirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish shahar hakimining Iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari M. Abduraximov zimmasiga yuklatilsin.
5. Mazkur qaror rasmiy nashrda eʼlon qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Hokim Sh. TOJIBOYEV
Shirin sh.,
2013-yil 3-sentabr,
303-son
