Sayxunobod tuman hududida ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynaladigan va mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlashishga qodir boʻlmagan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida (1145-son)
22.08.2013
sirdaryo viloyati Sayxunobod tuman hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori, “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasiga asosan ijtimoiy himoyaga muhtoj bozor sharoitida teng raqobatlashishga qodir boʻlmagan shaxslarga, shu jumladan 14 yoshga toʻlmagan nogiron bolalari bor yolgʻiz ota-onalarga, taʼlim muassasalarini bitirgan yoshlarga, Qurolli kuchlardan, Ichki ishlar, Milliy xavfsizlik xizmati va Favqulodda vaziyatlar vazirligi qoʻshinlaridan boʻshatilganlarga, nogironlarga, pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslarga, jazoni oʻtash muassasalaridan ozod qilingan yoki sud qarori bilan tibbiy yoʻsindagi majburlov choralariga tortilgan shaxslarning ishga joylashishdagi qoʻshimcha kafolatlarini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
1. Mulkchilik va xoʻjalik yuritish shaklidan qatʼi nazar, umumiy ishchilar soni 20 nafardan kam boʻlmagan tashkilot, muassasa va xoʻjalik rahbarlari 2014-yil uchun ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni ish bilan taʼminlash maqsadida nogironlar uchun umumiy ishlovchilar sonining 3 foizi miqdorida ixtisoslashtirilgan ish oʻrinlari barpo etilishi (ajratilishini yoki band qilib qoʻyilishini) 1-ilovaga* asosan taʼminlansin.
2. Ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarning boshqa toifalari uchun ish joylarining eng kam miqdori xodimlarning roʻyxatdagi oʻrtacha soni 100 nafar va undan ortiq kishini tashkil etadigan korxona, muassasa va xoʻjaliklar uchun umumiy xodimlarning roʻyxatdagi oʻrtacha sonining 7 foizi miqdorida va shu jumladan 3 foizi nogironlar uchun ixtisoslashtirilgan ish joylari barpo etishini (ajratilishini yoki band qilib qoʻyilishini) 2-ilovaga* asosan taʼminlasin.
* 1 va 2-ilovalar berilmaydi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan ijtimoiy himoyaga muhtoj, ish topishda qiynaladigan va mehnat bozorida teng sharoitda raqobatlashishga qodir boʻlmagan shaxslarni ishga joylashtirish uchun joylarning eng kam miqdorini belgilash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 15-bandiga asosan har bir yaratilmagan ish oʻrni uchun xodimning yillik oʻrtacha ish haqi miqdorida jarima solinadi.
4. Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi direktori (A. Yakubov) bir hafta muddatda mazkur qarorni ilovada koʻrsatilgan korxona rahbarlariga yetkazilish vazifasi yuklatilsin.
5. Ushbu qaror bajarilishini nazorat qilish tuman hokimi oʻrinbosari Z. Karimov zimmasiga yuklatilsin.
6. Mazkur qaror rasmiy nashrda eʼlon qilingan kundan eʼtiboran qonuniy kuchga kiradi.
Hokim A. TURDIBOYEV
Sayxun sh.,
2013-yil 22-avgust,
1145-son
