Ayrim xalq isteʼmoli mollarining chakana narxlarini pasaytirish haqida (97-son)
12.04.1991
Oʻzbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Chakana narxlar islohoti natijasida aholining ayrim toifalarini ijtimoiy himoya qilish maqsadida, jumhuriyatning demografik xususiyatlarini va aholi daromadlari darajasining pastligini hisobga olib, Oʻzbekiston SSJ Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining “Chakana narxlarni isloh qilish haqida” 1991-yil 29-martdagi 74-son qaroriga qisman oʻzgartish kiritish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 1991-yil 1-maydan eʼtiboran quyidagi tovarlarning chakana narxlari pasaytirilsin:
maktab formasi va fartuklar narxi oʻrtacha 50 foizga;
bolalar poyabzali narxi oʻrtacha 30 foizga;
aholiga normativ boʻyicha sotiladigan xonatlasning imtiyozli belgilangan narxlari 50 foizga pasaytirilsin va 1 pogon metrining narxi 22 soʻm miqdorida belgilansin.
2. OʻzSSJ Iqtisodiyot qoʻmitasi, OʻzSSJ Savdo vazirligi, OʻzSSJ Engil sanoat vazirligi, OʻzSSJ Mahalliy sanoat vazirligi, Oʻzbekbirlashuv yuqorida koʻrsatilgan tovarlarni aholiga sotish normasi va tartibi haqida bir hafta muddat ichida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsinlar.
3. Qoraqalpogʻiston MSSJ Vazirlar Kengashi, viloyat ijroiya qoʻmitalari va Toshkent shahar ijroiya qoʻmitasi mazkur qarorning 1-punktida koʻrsatilgan tovarlarni sotish ustidan nazorat oʻrnatsinlar.
4. OʻzSSJ Moliya vazirligi koʻrsatilgan tovarlar narxlaridagi tafovutni savdo tashkilotlariga toʻlasin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 12-aprel,
97-son
