“141-modda. Partiya guruhlarining huquqlari
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-365-son) · Sana: 20.01.2014 · Amalda
Partiya guruhlari quyidagi huquqlarga ega:
davlat hokimiyatining tegishli vakillik organi sessiyasi kun tartibini tuzishda ishtirok etish;
davlat hokimiyatining tegishli vakillik organi qoʻmitalari yoki komissiyalari raisligiga, rais oʻrinbosarligiga va aʼzoligiga nomzodlar yuzasidan takliflar kiritish;
davlat hokimiyatining tegishli vakillik organi sessiyasi kun tartibidagi har bir masala boʻyicha muzokaralarda partiya guruhi vakiliga soʻz berilishini kafolatlash;
tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Raisiga va Vazirlar Kengashiga, vazirlariga hamda boshqa davlat organlari rahbarlariga, hokimlarga, hokim oʻrinbosarlariga, hokimliklar boʻlimlari va boshqarmalarining rahbarlariga, shuningdek tegishli xalq deputatlari Kengashi hududida joylashgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning rahbarlariga soʻrov bilan murojaat qilish;
tegishli hududda joylashgan davlat organi rahbarining oʻz faoliyati masalalari yuzasidan hisobotini yoki axborotini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari Kengashining sessiyalarida eshitish haqida takliflar kiritish. Bunda qaror deputatlarning yarmidan koʻpi qoʻllab-quvvatlagan taqdirda qabul qilinadi;
tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining yoki xalq deputatlari Kengashining sessiyasida muhokama qilinayotgan masala boʻyicha partiya guruhining fikrini deputatlar orasida tarqatish.
Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlaridagi partiya guruhlari viloyat hamda Toshkent shahar hokimi lavozimiga tasdiqlangan shaxslarning qoniqarsiz faoliyati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga asoslangan xulosalar taqdim etish tashabbusi huquqiga ega.
Partiya guruhlarining tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga va xalq deputatlari Kengashiga kiritiladigan masalalar boʻyicha taklifi albatta koʻrib chiqiladi.
Partiya guruhlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesidagi partiya guruhlari faoliyatiga tashkiliy, texnikaviy va boshqa xizmatlar koʻrsatish Joʻqorgʻi Kengesning devoni tomonidan, xalq deputatlari Kengashlaridagi partiya guruhlarining faoliyatiga tashkiliy, texnikaviy va boshqa xizmatlar koʻrsatish esa, hokimliklarning tegishli tarkibiy boʻlinmalari tomonidan taʼminlanadi”.
