Metallurgiya tashkilot va ishlab chiqarishlarining gaz xoʻjaligida xavfsizlik qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida (157-son)
26.11.2013
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi BOShLIGʻINING
BUYRUGʻI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilgan holda texnik hujjat deb topilgan. 2013-yil 26-dekabr, 6-24/23-14828/6-son]
Oʻzbekiston Respublikasining “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2006-yil, 39-sonli, 386-modda) muvofiq hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 11-maydagi 131-son “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tuzilmasini yanada takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-yil, 19-son, 191-modda) qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Metallurgiya tashkilot va ishlab chiqarishlarining gaz xoʻjaligida xavfsizlik qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan kelishilib, normativ texnik hujjat sifatida eʼtirof etilgan kundan boshlab kuchga kiritilsin va eʼlon qilinsin.
Boshliq B. GULYAMOV
Toshkent sh.,
2013-yil 26-noyabr,
157-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi boshligʻining 2013-yil 26-noyabr, 157-son buyrugʻiga ILOVA
Metallurgiya tashkilot va ishlab chiqarishlarining gaz xoʻjaligida xavfsizlik
QOIDALARI
Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasining “Xavfli ishlab chiqarish obyektlarining sanoat xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-yil, 39-son, 386-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 11-maydagi 131-son “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tuzilmasini yanada takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-yil, 19-son, 191-modda) ishlab chiqilgan boʻlib, metallurgiya tashkilot va ishlab chiqarishlarining gaz xoʻjaligida xavfsizlik talablarini belgilaydi.
I Bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar va atamalar foydalaniladi:
bandaj –– issiq holatda poʻlat quvurga kiydiriladigan va sovish paytida uni siqib qoʻyadigan metall halqa;
berkitish va rostlash armatura (qurilma)lari –– quvurlar va uskunalarga oʻrnatiladigan texnik qurilma boʻlib, oʻtish kesimi yuzasini oʻzgartirish yoʻli bilan gaz (suyuqlik va boshqalar) oqimini boshqarish (yopish, rostlash, taqsimlash, aralashtirish, fazalarni ajratish) uchun ishlatiladi;
gazga xavfli ishlar –– gazlangan muhitda yoki gaz chiqish ehtimoli mavjud joylarda bajariladigan ishlar;
gazning impuls oʻtkazgichi — gaz olish moslamasini nazorat-oʻlchov asboblari, datchik yoki rostlagichlar bilan ulaydigan oʻtkazish quvuri boʻlib, nazorat qilinadigan (rostlanadigan) texnologik muhitning taʼsirini nazorat-oʻlchov asboblari, datchik yoki rostlagichlarning sezuvchan elementlariga uzatish uchun xizmat qiladi;
gaz rostlash punkti (GRP) va uskunasi (GRU) — gaz taqsimlash tarmoqlarida gazning kirish bosimini avtomatik tarzda pasaytirish va uni chiqishda belgilangan doimiy darajada saqlab turish uchun moʻljallangan texnologik qurilmalar majmuasi;
gaz uskunasi –– gaz va gaz aralashmalari ishlatiladigan apparat, mashina, inshoot, qurilmalar va ularning quvuroʻtkazgichlari;
gaz xoʻjaligi obyektlari — sexlararo va sex gazoʻtkazgichlari, gaz isteʼmol qiladigan pech, qozon va boshqa agregatlarning gaz uskunalari, ferroqotishma ishlab chiqarishda ajralib chiqadigan gazlarni (bundan buyon matnda — ferroqotishma gazlari deb yuritiladi) tozalash uskunalari, gaz chiqarib yuborish qurilmalari, ferroqotishma gazining gaz soʻrish stansiyalari, gaz rostlash punkt va uskunalari, shuningdek, tashkilotlar oʻrtasidagi gazoʻtkazgichlar va alohida hududda joylashgan tashkilot obyektlariga oʻtkazilgan gazoʻtkazgichlar;
gazoʻtkazgich — yonuvchan gazlarni gaz taqsimlash tarmogʻidan gaz isteʼmol qiluvchi pech, qozon va boshqa agregatlarga tashiydigan inshoot boʻlib, quvur, armatura, ustun, tayanch va boshqa jihozlardan tarkib topgan;
drosselli klapan — quvuroʻtkazgichning oʻtish kesimiga nisbatan ancha kichik kesimli qurilma boʻlib, yopiq tizimdagi ishchi muhit (gaz, havo va b.) parametrlarini (miqdori, bosimi, harorati va h.) rostlash uchun xizmat qiladigan qurilma;
yondirgich (goryelka) — gazsimon yoqilgʻini havo bilan aralashtirib, aralashmani chiqish teshigiga uzatish va shu yerda uni yondirib, gaz isteʼmol qiluvchi agregatlarda yoqilgʻining barqaror yonishini va yonish jarayonini boshqarish (rostlash) imkonini taʼminlaydigan qurilma;
zulfin (zadvijka) — armatura turi, unda berkituvchi yoki rostlovchi elementlar gaz (suyuqlik) oqimi yoʻnalishiga perpendikulyar ravishda harakatlanadi;
klapan — mashinalar va quvuroʻtkazgichlarda texnologik muhit (gaz, bugʻ, suyuqlik va hokazo) sarfi (bosimi)ni avtomatik tarzda boshqaradigan qurilma (detal);
kondensat toʻplagich — kondensatni chiqarib yuboradigan va qizitilgan bugʻni oʻtkazmaydigan yoki cheklab oʻtkazadigan armatura;
ortiqcha gaz bosimi — quvuroʻtkazgich ichidan oʻtayotgan gaz hosil qiladigan (absolyut) bosim bilan tashqi (atmosfera) bosim orasidagi farq; ortiqcha bosim miqdori manometrlar yordamida oʻlchanadi;
ochiq (koʻrinish) masofa — yonma-yon joylashgan obyektlar (quvuroʻtkazgichlar, uskunalar, binolar va hokazo)ning eng chekka boʻrtib chiqqan qismlari orasidagi minimal masofa;
puflash svechalari — gazoʻtkazgich va uskunalardan havoni chiqarib tashlashda, shuningdek, saqlovchi chiqarish klapani ishlab ketganda undan keyingi gazni chiqarib tashlashda hosil boʻladigan gaz-havo aralashmasini atmosferaga chiqarib yuborish uchun moʻljallangan qurilma;
saqlovchi berkitish klapani (SBK) — bosim belgilangan chegaradan oshib ketganda gazisteʼmolchilarga gaz uzatilishini avtomatik tarzda toʻxtatish uchun xizmat qiladigan qurilma. SBK lar asosan gaz rostlash punkt (uskuna)lariga oʻrnatiladi;
saqlovchi chiqarish klapani (SChK) — ortiqcha ishchi muhitni chiqarib yuborish vositasida uskuna va quvuroʻtkazgichlarni bosim ruxsat berilmaydigan darajadan oshib ketishidan avtomatik tarzda himoyalaydigan qurilma;
signalizatsiya — nazorat qilinadigan parametrlarning yuqori va quyi miqdorlarga yetish hollarida ovozli yoki yorugʻlik yordami bilan xabar berilishini taʼminlaydigan qurilma;
suvli qaytargich (vodyanoy zatvor) — quvurlarda gazning orqaga oqishiga yoʻl qoʻymaydigan, gaz bilan payvandlashda esa portlash toʻlqini (alangani)ni payvandlash yondirgichidan generator (gazoʻtkazgich)ga oʻtib ketishiga (“teskari zarbaga”) toʻsqinlik qiladigan gidravlik qurilma;
tezkor uzuvchi klapan — avariyaviy vaziyatlar yuzaga kelganda gazisteʼmolchilarga gaz uzatilishini bir (bir necha) soniyada uzib qoʻyilishini taʼminlaydigan qurilma.
xavfsizlik avtomatikasi — pech, qozon va boshqa gaz isteʼmolchi agregatlarga oʻrnatilgan qurilmalar majmuasi boʻlib, ushbu agregatlarning xavfsiz ishlatilishini taʼminlaydi.
GSS — gaz soʻrish stansiyasi.
GTS — gaz taqsimlash stansiyasi.
GXDP — gaz xoʻjaligining dispetcherlik punkti.
GChQ — gaz chiqarish qurilmasi.
NOʻA va A — nazorat-oʻlchash asboblari va avtomatizatsiya.
SUG — suyultirilgan uglevodorod gazi.
ChRBK — chegaraviy ruxsat berilgan konsentratsiyalar.
EUL — elektr uzatish liniyasi
EUOʻQ — elektr uskunalarni oʻrnatish qoidalari
2. Mazkur Qoidalar quyidagilarga nisbatan tatbiq qilinadi:
a) loyihalanayotgan, qurilayotgan va foydalanaliyotgan barcha metallurgiya tashkilotlarining gaz xoʻjaligi obyektlariga;
b) metallurgiya tashkilotlarining ferroqotishma, tabiiy gazlarni, shuningdek, ularning ortiqcha bosimi 1,2 MPa dan koʻp boʻlmagan aralashmalarini va ortiqcha bosimi 1,6 MPa dan koʻp boʻlmagan suyultirilgan uglevodorod gaz (SUG)larni tayyorlash, tashish va yonilgʻi sifatida isteʼmol qilish bilan bogʻliq boʻlgan obyektlari.
3. Mazkur Qoidalar quyidagilarga nisbatan tadbiq qilinmaydi:
a) Mazkur Qoidalarning 2-bandida koʻrsatilmagan (vodorod, atsetilen, ammiak va boshqalarning) gaz quvurlari va gaz uskunalariga;
b) tabiiy gazning yer osti gaz quvurlariga;
v) gaz toʻldirish punkt va stansiyalariga;
g) SUG larning ballon, rezervuar va bugʻlatish uskunalariga;
4. Gaz uskunalarini tayyorlashga doir texnologik talablar, tashkilotlarning gaz xoʻjaligi obyektlarini ishlatish, taʼmirlash va sozlash mazkur Qoidalar talablariga mos boʻlishi lozim.
5. Tashkilotlarning gaz xoʻjaligi obyektlarini loyihalash, qurish, ishlatish, kengaytirish, texnik jihatdan qayta jihozlash, konservatsiya qilish, tugatish, shuningdek, ushbu ishlab chiqarishlar uchun texnik qurilmalarni tayyorlash, montaj qilish, taʼmirlash va ularga xizmat koʻrsatish mazkur Qoidalar va “Metallurgiya ishlab chiqarishlari uchun umumiy xavfsizlik qoidalari”, (mazkur hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2009-yil 28-maydagi 20-15-195/12-son xulosasiga muvofiq normativ-texnik hujjat deb topilgan), “Texnologik quvuroʻtkazgichlarning tuzilishi va xavfsiz ishlatish qoidalari” (mazkur hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2009-yil 1-dekabrdagi 6-15/23-9626/6-son xulosasiga muvofiq normativ-texnik hujjat deb topilgan) hamda sanoat xavfsizligi sohasiga oid boshqa normativ-texnik hujjatlar talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
6. Gaz xoʻjaligining portlash xavfi boʻlgan ishlab chiqarish obyektlari hamda texnik qurilma, bino va inshootlari, shuningdek, texnologik jarayonlar va texnik qurilmalar konstruksiyasiga kiritilayotgan oʻzgartirishlarning sanoat xavfsizligi ekspertizasi oʻrnatilgan tartibda amalga oshirilishi lozim.
7. Tashkilotda sexlararo gaz quvurlar hamda tashkilot gaz xoʻjaligining obyektlarini bexatar ishlatish va texnik holatini nazorat qilish uchun bosh energetik xizmatining rahbar mutaxassislari orasidan javobgar shaxs tayinlanadi.
8. Texnologik, mehnatni muhofaza qilish, yongʻin xavfsizligi, gazga xavfli va olovli ishlarni bexatar bajarish, gaz uskunalaridan foydalanish va taʼmirlash boʻyicha yoʻriqnomalar “Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomalarni ishlab chiqish toʻgʻrisidagi nizom” (roʻyxat raqami 870, 2000-yil 7-yanvar) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2000-yil, 1-son) va mazkur Qoidalar talablariga muvofiq ishlab chiqiladi.
9. Tashkilotlar tomonidan gaz xoʻjaligi obyektlarida “Metallurgiya ishlab chiqarishlarida avariyalarni bartaraf etish (cheklash) rejalarini tuzish boʻyicha yoʻriqnoma”ga (mazkur hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2009-yil 28-maydagi 20-15-203/12-son xulosasiga muvofiq normativ-texnik hujjat deb topilgan) muvofiq avariyalarni bartaraf etish (cheklash) rejalari ishlab chiqilishi lozim.
10. Texnologik jarayonlar, kommunikatsiya sxemalari oʻzgarganda, yangi uskuna, moslamalar joriy etilganda ishlab chiqarishga oʻzgartirishlar kiritishdan oldin “Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha yoʻriqnomalarni ishlab chiqish toʻgʻrisidagi nizom” (roʻyxat raqami 870, 2000-yil 7-yanvar) (Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2000-yil, 1-son)ga muvofiq amaldagi yoʻriqnomalarga tegishli tuzatishlar kiritilishi lozim.
11. Gaz xoʻjaligi obyektlari hujjatlarini ishlab chiqish va loyihalashni, gaz xoʻjaligi obyektlarini qurish, montaj qilish, sozlash, taʼmirlash, texnik jihatdan shahodatlashni amalga oshiruvchi hamda ushbu obyektlardan foydalanuvchi rahbar xodimlar va mutaxassislar GOST 12.0.004 va “Mehnatni muhofaza qilish boʻyicha oʻqitish va bilimlarni tekshirish toʻgʻrisida namunaviy nizom” (roʻyxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) talablariga muvofiq mehnat xavfsizligi boʻyicha attestatsiyadan oʻtkaziladi.
12. Gaz xoʻjaligida yuz bergan avariya va baxtsiz hodisalarni tekshirish oʻrnatilgan tartibda amalga oshiriladi.
II-Bob. Yonuvchan gazlarga, gazoʻtkazgich va gaz uskunalari joylashishi hamda tuzilishiga qoʻyiladigan umumiy xavfsizlik talablari
13. Metallurgiya tashkilotlarida metallarni qizdirish va eritishda, texnologik agregatlarda, qozon hamda boshqa isteʼmol qiluvchi qurilmalarda ishlatiladigan va hosil qilinadigan yonuvchan texnologik gazlar chang va zararli moddalardan tozalanishi lozim.
14. Ferroqotishmalarni ishlab chiqarish sharoitlariga qarab ferroqotishma gazi tarkibida vodorod miqdori 12 foizgacha boʻlishiga ruxsat etiladi, oltingugurt vodorodi va oltingugurt ikki oksidlarining jami miqdori (oltingugurt ikki oksidiga nisbatan qaytadan hisoblaganda) 1g/nm3 dan ortiq boʻlmasligi lozim. Tashkilot tarmoqlariga kelayotgan ferroqotishma gazi tarkibidagi chang miqdori 20 mg/nm3 dan ortiq boʻlmasligi lozim.
15. Yonilgʻi sifatida ishlatiladigan tabiiy gazning tarkibida, konga bogʻliq holda, oltingugurt vodorodining miqdori 25 mg/nm3 gacha, merkaptan oltingugurtiniki — 120—150 mg/nm3 gacha boʻlishi mumkin. Zarur boʻlsa, ayrim ishlab chiqarishlar uchun ishlatiladigan tabiiy gazni oltingugurt birikmalaridan maxsus tozalash tizimi koʻzda tutilishi lozim.
16. SUG ning hidi uning havodagi miqdori alangalanish quyi konsentratsiya chegarasining kamida 20 foizini tashkil etganda sezilishi lozim.
17. Gaz quvur va uskunalari ulardagi gazning hisoblangan bosimiga koʻra quyidagi turlarga boʻlinadi:
a) past bosimli — gaz bosim 0,05 MPa gacha;
b) oʻrtacha bosimli — gaz bosimi 0,05 dan koʻp — 0,3 MPa gacha;
v) 2 — toifa yuqori bosimli — 0,3dan koʻp — 0,6 MRa gacha;
g) 1 — toifa yuqori bosimli — gaz bosimi 0,3 dan koʻp — 1,2 MPa gacha, (propan-butan uchun esa 1,6 MPa gacha).
18. Gazning hisoblangan bosimi gaz quvur va gaz uskunalarini ishlatish paytidagi eng katta ishchi bosim hisoblanadi va bu qurilmalar ushbu bosimga hisob-kitob qilingan boʻlishi lozim.
19. Gazning hisoblangan bosimi quyidagicha aniqlanadi:
a) ferroqotishma gazining gazoʻtkazgichlari uchun pech gumbazidan gaz soʻrish stansiyasining gaz puflagichlarigacha — gaz puflagichlar hosil qiladigan gazning hisoblangan siyraklanishiga teng;
b) tabiiy gaz va SUG ning bugʻ fazasi gaz quvurlari uchun — gaz taqsimlash stansiyalari (GTS), gaz rostlash punktlari (GRP) va gaz rostlash uskunalari (GRU)dan chiqishdagi gazning hisoblangan bosimiga teng;
v) turli gazlarning gaz quvurlari biriktirilgan boʻlsa — gaz keltirish quvurlari uchun ushbu quvurlardagi hisoblangan bosim miqdori boʻyicha, aralash gazlarning gaz quvurlari uchun esa — gaz keltirish quvuridagi gazning eng katta bosimi boʻyicha;
g) gaz bosimini oshirish agregatlaridan keyingi gaz quvurlar uchun — agregatgacha hisoblangan bosim bilan agregatdan keyingi gaz quvuriga ulangan barcha isteʼmolchilarga gaz sarfi toʻxtatilganda gaz bosimini oshirish agregati hosil qiladigan bosim yigʻindisiga teng;
d) gaz bosimini oshirish agregatidan keyingi aralash gazlarning gaz quvurlari uchun — agregatgacha boʻlgan eng katta hisoblangan bosim bilan barcha isteʼmolchilarga aralash gaz sarfi toʻxtatilganda, agregat zichligi eng katta gazda hosil qiladigan bosim yigʻindisiga teng.
20. Gazoʻtkazgich va gaz uskunalar faqat ularda ortiqcha gaz bosimi boʻlgandagina ishlatilishi lozim, ferroqotishma ishlab chiqarishida qoʻllaniladigan yopiq ferroqotishma pechlari va gaz puflash qurilmasi orasida joylashgan gazoʻtkazgich hamda gaz uskunalar bundan mustasnodir.
21. Gazoʻtkazgich va gaz uskunalari ular egallab turgan hududni bemalol shamollatish taʼminlangan ochiq maydonchalarga oʻrnatilishi lozim. Gazoʻtkazgich va uskunalarni faqat texnologik jarayon yoki xizmat koʻrsatish shartlari talab etganda yopiq binolarda joylashtirish mumkin.
22. Tashkilot hududida gazoʻtkazgichlar yer ustidan oʻtkazilishi lozim.
23. Gazoʻtkazgich va gaz apparatlarining detallari bir-biriga, qoidaga koʻra, payvandlab ulanishi lozim. Flanetsli birikmalardan foydalanishga faqat tiqinlar oʻrnatiladigan, gazoʻtkazgichlar flanetsli uskuna, armatura va apparatlarga ulanadigan joylarda, gazoʻtkazgichlarning baʼzi uchastkalarida esa montaj qilish va ishlatish shartlari talablaridan kelib chiqqan holda ruxsat etiladi.
24. Diametri 1000 mm va undan koʻp boʻlgan past bosimli gazoʻtkazgichlar uchun ishlatiladigan quvurlarning montaj choklari, odatda, bandaj yordamida payvandlanishi lozim.
25. Nazorat-oʻlchov asboblarini, shuningdek, birikmasi faqat rezbali qilib yasaladigan armatura va jihozlarni ulash uchun rezbali birikmalardan foydalanish mumkin.
26. Gaz apparatlarining ichiga kirish talab etiladigan joylariga va ularni shamollatib turish uchun pastki qismiga qopqoqli tuynuk (lyuk)lar oʻrnatilishi lozim. Diametri 300 mm va undan katta boʻlgan past va oʻrtacha bosimli gazoʻtkazgichlar (bundan SUG larning gazoʻtkazgichlari mustasno) gaz yoʻnalishi boʻyicha bevosita zulfin (zadvijka)dan keyin tuynuklar bilan jihozlanishi, halqalangan gazoʻtkazgichlarda esa tuynuklar zulfinning ikkala tarafiga ham oʻrnatilishi lozim.
27. Diametri 1200 mm va undan katta hamda uzunligi 25 m dan koʻp boʻlgan gazoʻtkazgichning berk uchastkasida (boshi va oxirida) kamida ikkita qopqoqli tuynuk boʻlishi lozim.
28. Gazoʻtkazgichning diametri 600 mm gacha boʻlsa, tuynukning koʻrinish diametri uning diametriga teng va gazoʻtkazgichning diametri 600 mm va undan katta boʻlsa –– 600 mm ga teng boʻlishi lozim.
29. Futerovkalangan gazoʻtkazgichlarda qopqoqli tuynukning quvurchasi futerovka qalinligida ichkariga kiritilgan boʻlishi lozim.
30. Quvuroʻtkazgich, apparat va tayanch konstruksiyalarining tashqi sirtlarini kimyoviy yemirilishdan himoyalash turi va tizimlari “Texnologik quvuroʻtkazgichlarning tuzilishi va xavfsiz ishlatish qoidalari” (mazkur hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2009-yil 1-dekabrdagi 6-15/23-9626/6-sonli xulosasiga muvofiq normativ-texnik hujjat deb topilgan), boshqa normativ-texnik hujjatlarga muvofiq tanlab olinishi va loyihada aniqlab qoʻyilishi lozim.
31. Gazoʻtkazgichlarning tanituvchi rangi GOST 14202 talablariga muvofiq bajarilishi lozim. Gazoʻtkazgichlarda gaz harakati yoʻnalishi koʻrsatkich bilan koʻrsatilgan boʻlishi lozim.
32. Kimyoviy yemirilishga faol gaz yoki bugʻ bilan ifloslanish mumkin boʻlgan joylarda oʻrnatilgan gazoʻtkazgich va gaz uskunalari, shu jumladan, tayanch konstruksiyalari, maydoncha va zinalar maxsus kimyoviy yemirilishga qarshi qoplama bilan himoyalangan yoki kimyoviy yemirilishga bardoshli materiallardan yasalgan boʻlishi lozim.
33. Bino va gaz uskunalar amaldagi bino va inshootlarning yashindan himoyalagichlarini oʻrnatish boʻyicha yoʻriqnomaga muvofiq yashin himoyalagich bilan jihozlanishi lozim.
34. Barcha gaz mashina va apparatlari, ularning qayerda joylashganidan qatʼi nazar, yerga ulab himoyalangan boʻlishi lozim. Gazoʻtkazgichlar sex binolariga kirish va chiqish joyida sex elektr uskunalarining yerga ulash konturlariga ulanishi lozim.
35. Tashqi gazoʻtkazgichlar har 250 m da yerga ulanishi lozim.
36. Yerga ulagichning elektr toki yoyilishiga qarshiligi 10 Ω (Om)dan koʻp boʻlmasligi lozim.
37. Flanetsli birikmalar oʻrnatilgan joylarga tok oʻtkazuvchi tutashtirgichlar qoʻyilishi lozim.
38. Tashkilotga gaz uzatuvchi yer osti gazoʻtkazgichning yerdan chiqish joyida ajratuvchi flanets va qatron quyilgan gʻilof oʻrnatilishi lozim.
39. Puflash svechalari gazoʻtkazgichning oxirida tiqinga yaqin joyda va gaz yoʻnalishi boʻyicha zulfinlardan oldin, shuningdek, gazoʻtkazgich va gaz uskunalarining yuqori nuqtalarida oʻrnatilishi lozim, (agar tarmoqning zulfingacha boʻlgan uzunligi 3 m dan kam boʻlsa, gaz tarmoqlaridagi zulfinlar bundan mustasnodir) gazoʻtkazgichlar tizimi halqasimon boʻlsa, svechalar zulfinning ikkala tarafiga ham oʻrnatilishi lozim.
40. Metallarga gaz alangasida ishlov berish postlari va boshqa kichik isteʼmolchilarning (gazoʻtkazgichining geometrik hajmi 0,05 m3 gacha boʻlgan, zaharmas gazlarda, propan-butandan tashqari, ishlaydigan) tarmoqlarini sex kollektoridagi oxirgi svechaga puflab boʻlgandan soʻng sex hududiga quyidagicha puflash mumkin:
a) gaz alangasida ishlov berish postlari — undagi ajralma shtutser orqali;
b) kichik isteʼmolchilar — balandligi svecha ogʻzidan sex (ish maydonchasi) poligacha kamida 3 m boʻlgan svecha orqali puflanadi.
41. Puflash svechasining kesimi puflanayotgan hajmning 30 daqiqadan koʻp boʻlmagan vaqt ichida besh marta almashishini taʼminlash hisobidan tanlab olinadi, Diametri 1,5 m va uzunligi 500 m dan ortiq boʻlgan kollektorlar uchun puflash muddati 1 soatgacha uzaytirilishi mumkin.
Puflash svechalarining diametri 20 mm dan kam boʻlmasligi lozim.
42. Puflash svechalari zaharmas gazlar uchun svecha chiqqan joydagi tom sathidan yoki gazoʻtkazgichga xizmat koʻrsatish maydonchasidan kamida 2,5 m yuqoriga, zaharli gazlar uchun esa kamida 4 m yuqoriga chiqarilgan boʻlishi lozim. Agar tom choʻqqisidan yoki fonardan svechagacha boʻlgan masofa 20 m dan kam boʻlsa, zaharli gazlar va havoga nisbatan zichligi 0,8 va undan koʻp boʻlgan gazlar uchun svechalar fonardan kamida 10 m uzoqlikda oʻrnatilishi lozim.
43. Gazoʻtkazgichlardagi puflash svechalarining chiqarish teshigi zaharli gazlar uchun yer sathidan kamida 10 m balandlikda, zaharmas gazlar uchun esa kamida 7 m balandlikda boʻlishi lozim.
44. Har xil gazlarning puflash svechalarini, shuningdek, gazoʻtkazgichlarning qaytargich (zatvor) bilan ajratilgan alohida uchastkalarini birlashtirish man etiladi. Faqat tabiiy gazda ishlaydigan, issiqlik quvvati 12,6∙106 kJ/s gacha boʻlgan agregatlarning gazoʻtkazgichlarida va ularga boshqa gazlarni uzatish mumkin boʻlmagan hollarda, bir xil bosimli gazoʻtkazgichlar uchastkalaridan chiqqan svechalarni birlashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
45. Puflash svechasining yuqori qismi konstruksiyasi unga suv tushishiga yoʻl qoʻymasligi va gaz oqimini eng yaqin ish oʻrinlari hamda binolar fonarlaridan chet tarafga yoʻnaltirilishini taʼminlashi lozim.
46. Svechalarning tomdan oʻtish joylarida gʻilof va himoya soyabonlari koʻzda tutilgan boʻlishi lozim. Svechada zulfindan keyin (gaz yoʻnalishi boʻyicha) gazoʻtkazgichni shamollatish yoki puflash paytida, tegishincha, havo yoki gaz namunasini olish uchun, shuningdek, svecha zulfinining zichligini tekshirish uchun joʻmrakli shtutser oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
47. Puflash svechalarining ogʻzi bino va inshootlarni shamollatuvchi tizimning havoolgichlaridan gorizontal boʻyicha 30 m dan koʻp boʻlgan masofada boʻlishi lozim. Masofa 30 m dan kam boʻlsa, svecha ogʻizlari havoolgichdan kamida 8 m balandda boʻlishi lozim, bundan puflash svechalaridan pastda boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydigan SUG havoolgichlari mustasnodir.
48. Umumiy qoʻllash armaturasidan foydalanilganda GOST 9544 talablari bajarilishi lozim.
49. Gaz tarkibida oltingugurt miqdori 20 mg/m3 dan koʻp boʻlganda, gazoʻtkazgichlarga bronza joʻmrak yoki bronza halqali zulfinlarni oʻrnatish man etiladi.
50. Gazoʻtkazgich va apparatlarga surilma shpindelli zulfinlar oʻrnatilishi lozim. Joʻmraklarning tiqinlarida ularning holatini belgilovchi kertik boʻlishi, joʻmraklar dastagida esa burash cheklagichi boʻlishi lozim. Oʻz-oʻzini moylovchi joʻmraklarda ularning ochilishini koʻrsatuvchi koʻrsatkich boʻlishi lozim.
51. Berkitish armaturasi materialini tanlash boʻyicha talablar 1-ilovada keltirilgan.
52. Masofadan turib boshqariladigan berkitish armaturasi quyidagi joylarda oʻrnatilishi lozim:
a) gazoʻtkazgichlarning tashkilot hududiga kirish joyida;
b) tarmoqlarda va isteʼmolchiga gaz kirishida (quvuroʻtkazgichning diametri 400 mm va undan katta boʻlganda);
v) diametri 600 mm va undan katta boʻlgan zulfinlarda;
g) armatura avtomatik boshqarish tizimiga ulanganda (boshqaruvni markazlashtirish, texnologik jarayonlarni avtomatlashgan boshqarish tizimi);
d) xavfsizlik sharoitiga koʻra armaturani masofadan turib boshqarish zarur boʻlganda (armatura 10 m va undan ortiq balandlikdagi estakada, maydonchalarda joylashganda va boshqalar), bosimi 0,6 MPa dan yuqori boʻlgan zaharli gazlarning quvuroʻtkazgichlarida.
53. Shartli oʻtish 400 mm va undan koʻp boʻlgan berkitish armaturasi mexanik yuritmali (shesternyali, chervyakli, pnevmatik, gidravlik, elektr va boshqa) boʻlishi lozim. Yuritma turi normativ va texnologik talablarga koʻra tanlab olinadi.
54. Elektr yuritmali berkitish armaturasida takrorlovchi dastaki boshqarish ham boʻlishi lozim.
55. Gazoʻtkazgich va gaz apparatlarga berkitish qurilmasi sifatida gidravlik qaytargich (zatvor)larni oʻrnatish man etiladi.
56. Ushbu taqiq skrubber, elektrfiltr, kondensat yigʻgichlarning doimiy ishlaydigan gidravlik qaytargichlariga, shuningdek, ferroqotishmalar pechlarining gaz tarmoqlariga qoʻllanilmaydi.
57. Gaz oʻtkazgichlarning alohida uchastkalarini, gaz isteʼmol qiluvchi agregat va gaz apparatlarini ishlatilayotgan gazoʻtkazgichlardan zich qilib berkitish uchun gardish (disk)li zulfinlardan keyin (gaz yoʻnalishi boʻyicha) listli zulfin yoki tiqinlar oʻrnatish lozim.
58. Bino va sex ichida gazoʻtkazgichlarga listli zulfinlarning har qanday turini, agar ularning oldida gardish(disk)li zulfin boʻlmasa, oʻrnatish man etiladi.
59. Diametri 300 mm dan katta boʻlgan gazoʻtkazgichlardagi listli zulfinlar mexanizatsiyalashtirilgan yuritma bilan jihozlangan boʻlishi lozim. Agar listli zulfinlar oʻrnatilmagan boʻlsa, taʼmirlash, uzoq muddatga toʻxtash, reviziya va avariya paytlarida tiqinlar qoʻllanilishi lozim. Tiqinlar, odatda, gaz yoʻnalishi boʻyicha zulfindan keyin uning flanetslari orasiga oʻrnatilishi lozim.
60. Listli zulfinlar va diametri 2,0 m gacha boʻlgan tiqinlarning bekituvchi listlari yaxlit listdan yasalishi lozim. Diametrlar bundan ham ortiq boʻlsa, ikki boʻlakdan iborat payvandlangan listlarni choklariga tegishlicha ishlov berib va chok zichligini sinovdan oʻtkazgandan soʻng qoʻllashga ruxsat etiladi.
61. Listli zulfinlar va tiqinlarning bekituvchi listlari gazoʻtkazgich diametriga koʻra tegishli gaz bosimiga hisoblangan boʻlishi zarur, bunda ularning qalinligi 4 mm dan kam boʻlmasligi lozim.
62. Tiqinlar flanetsdan chiqib turadigan dumchaga ega boʻlishi lozim. Dumchada “T” (“Z”) harfi oʻyib yozilgan boʻlishi, shartli bosim va diametr kattaligi koʻrsatilgan boʻlishi lozim.
63. Berkitish qurilmalari boshqarish, koʻrikdan oʻtkazish va taʼmirlash uchun qulay joylashgan boʻlishi lozim.
64. Ochiq maydoncha yoki isitilmaydigan binolarda namli gazning quvuroʻtkazgichlariga berkitish va rostlash armaturalari oʻrnatilgan joylarga bugʻ quvurlari keltirilgan boʻlishi lozim. Gaz oʻtkazgichlarga bugʻ quvurlarini ulash mazkur qoidalarning 76-bandiga asosan bajarilishi lozim.
65. Pol sathidan 2,2 m va undan yuqori balandlikda joylashgan zulfin, drossel qurilmalari, oʻlchash diafragmalari, toʻlqinli hamda salnikli kompensatorlar, boshqa armaturalar va uskunalarga xizmat koʻrsatish uchun zinali muqim maydonchalar oʻrnatilishi lozim.
66. Diametri 300 mm va undan katta boʻlgan gazoʻtkazgichlarning ikkala yon tarafiga ham xizmat koʻrsatish maydonchalari oʻrnatilishi lozim, gazoʻtkazgichning diametri 300 mm dan kam boʻlsa, bir tarafiga oʻrnatish mumkin. Bunda maydoncha eni uskunaning chiqib turgan qismlaridan kamida 1 m, toʻsqich balandligi esa 1,2 m boʻlishi lozim.
67. Uskunaga doimiy xizmat koʻrsatish maydonchalari zinalarining qiyalik burchagi 45˚, uskunaga vaqti-vaqti bilan xizmat koʻrsatiladigan maydonchalarda esa 60˚ boʻlishi lozim.
68. Uzunligi 6—12 m boʻlgan doimiy xizmat koʻrsatish maydonchalariga chiqish uchun maydonchaning qarama-qarshi tomonlariga ikkita zinalar oʻrnatilishi, ulardan bittasi supa (marsh)li zina boʻlishi lozim. Maydoncha uzunligi 12 m dan koʻp boʻlsa, ikkalasi ham supa (marsh)li zina boʻlishi lozim.
69. Sex binolarida joylashgan, uskunaga vaqti-vaqti bilan xizmat koʻrsatishga moʻljallangan maydonchalarga chiqish uchun balandligi 3 m dan koʻp boʻlmagan vertikal zinalar oʻrnatish mumkin. Sexlararo gazoʻtkazgichlar va sexlarga tarqalgan tarmoqlarda koʻp qavatli maydonchalar qurilayotganda, maydonchalar orasiga vertikal zinalar oʻrnatish mumkin, bunda zinalar balandligi 3 m dan ortiq boʻlmasligi lozim.
70. Gazoʻtkazgichlarning haroratdan deformatsiyalanishini oʻz-oʻzini kompensatsiyalash hisobiga kompensatsiyalab boʻlmasa, P-simon yoki toʻlqinli kompensatorlar oʻrnatilishi lozim. Quritilgan gazning gorizontal uchastkalariga oʻrnatiladigan linzali va gardishli kompensatorlarning har bir toʻlqiniga tiqinli kalta shtutser oʻyib oʻrnatilgan boʻlishi, namli gazoʻtkazgichlarining har bir toʻlqini esa antratsen moyini quyish va toʻkish uchun moʻljallangan ikkita shtutser bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
71. P-simon kompensatorlar diametri 500 mm gacha boʻlgan choksiz quvurlarni bukib yoki tashkilotda tayyorlangan quvurni payvandlab, payvandlash choklari putur yetkazmaydigan usul bilan tekshirilib yoki tik bukilgan tarmoqlar qoʻllanilib yasalishi lozim. Yangi oʻtkazilayotgan gazoʻtkazgichlarga kompensatorlar flanetsli birikmasiz oʻrnatilishi lozim.
72. Kompensator chizmalarida kompensatorning dastlabki deformatsiyalash miqdori toʻgʻrisida koʻrsatma boʻlishi lozim. Kompensatorlarni oldindan choʻzish (yoki qisish) ularni oʻrnatishdan avval atrof-muhitning havo haroratini hisobga olgan holda amalga oshirilishi lozim, bu haqda ularni oʻrnatish dalolatnomasida qayd etish lozim.
73. Ferroqotishma, aralash gazlarning sexlararo gazoʻtkazgichlari butun uzunligi boʻylab har 150—200 m da, shuningdek, kondensat toʻplagich oʻrnatilgan joylarda bugʻ berish qurilmalari bilan jihozlangan boʻlishi lozim. Gazoʻtkazgichlarga beriladigan bugʻning hisoblangan bosimi 1,2 MPa dan ortiq boʻlmasligi lozim.
74. Gazoʻtkazgichga vaqti-vaqti bilan bugʻ uzatish uchun unda berkituvchi armaturali shtutser koʻzda tutilgan boʻlishi lozim. Gazoʻtkazgich shtutseriga joʻmrak oʻrnatish mumkin emas. Bugʻlatish paytida shtutsyerlar egiluvchan shlang yoki metall quvurlar yordamida ulanishi lozim. Bugʻlatish tugagandan soʻng shlang yoki quvurlar uzilishi, gazoʻtkazgich shtutseriga esa tiqin oʻrnatilishi lozim. Gazoʻtkazgichlarga bugʻ berish uchun moʻljallangan muqim (olinmaydigan) bugʻ oʻtkazgichlar teskari klapanlar va bugʻ bosimi pasayib ketganligi toʻgʻrisida xabarlash qurilmalari bilan jihozlanishi, tovush va yorugʻlik signallari gaz xoʻjaligining dispetcher punktiga chiqishi lozim.
75. Doimiy xizmat koʻrsatish talab etiladigan armatura va priborlar oʻrnatilgan joylar yoritilgan boʻlishi lozim.
III-Bob. Sexlararo va sexlar gazoʻtkazgichlarini yotqizishga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
1-§. Umumiy talablar
76. Tashkilot gazoʻtkazgichlari sexlararo va sex gazoʻtkazgich turlariga boʻlinadi. Sexlararo gazoʻtkazgichga ikki va undan ortiq sexlarga gaz uzatuvchi quvurlar hamda bitta sexga uzunligi 100 m dan ortiq gaz uzatuvchi tarmoqlar kiradi.
Sex gazoʻtkazgichlariga esa sexlararo gazoʻtkazgichlarga ulangan uzunligi 100 m dan kam gaz tarmoqlari, sex kollektori, sex kollektoridan gaz isteʼmol qiluvchi agregatlargacha boʻlgan tarmoqlar va sexning tegishli uskunasiga gaz tarqatuvchi quvurlar kiradi.
77. Gaz oʻtkazgichlar “Texnologik quvur oʻtkazgichlarning tuzilishi va xavfsiz ishlatish qoidalari” (mazkur hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2009-yil 1-dekabrdagi 6-15/23-9626/6-son xulosasiga muvofiq normativ-texnik hujjat deb topilgan) talablariga muvofiq yotqizilishi lozim. Yer usti gaz oʻtkazgichlarini yonmaydigan konstruksiya, tayanch, estakada, galereya yoki stendlarga va bino (inshoot)lar tomlari ustiga yotqizish lozim.
78. Gaz bosimi 0,6 MPa gacha boʻlgan gazoʻtkazgichlarni olovbardoshligi I-, II-, III-a darajali V, G va D toifali ishlab chiqarish binolarining tomlari boʻylab yotqizish mumkin. Gaz bosimi 0,6 MPa dan koʻp boʻlsa, gazoʻtkazgichlarni faqat 0,6 MPa dan ortiq gaz bosimida ishlaydigan gaz isteʼmol qiluvchi agregatlar oʻrnatilgan sexlarning devor va tomlari boʻylab oʻtkazishga yoʻl qoʻyiladi. A toifali binolarning devor va tomlari boʻylab faqat ushbu binolardagi ishlab chiqarishlarga taalluqli gazoʻtkazgichlarni yotqizishga yoʻl qoʻyiladi.
79. Yonma-yon turgan quvuroʻtkazgichlar oʻqlari orasidagi va quvuroʻtkazgichlardan qurilish konstruksiyalarigacha boʻlgan eng kichik ochiq masofa “Texnologik quvuroʻtkazgichlarning tuzilishi va xavfsiz ishlatish qoidalari”ning (mazkur hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2009-yil 1-dekabrdagi 6-15/23-9626/6-son xulosasiga muvofiq normativ-texnik hujjat deb topilgan) 173-bandi talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
80. Gazoʻtkazgichlarga toʻlqinsimon kompensatorlar oʻrnatilganda kompensator toʻlqini va devor orasidagi ochiq masofa 300 mm dan kam boʻlmasligi lozim.
81. Binolarning tashqi devorlari boʻylab yotqizilgan gazoʻtkazgichlar tomdan tushayotgan suvlar ularning ustida muzlab qolmasligi uchun himoyalangan boʻlishi lozim.
82. Binolarning devorlari boʻylab yotqizilayotgan gazoʻtkazgichlar deraza, eshik oʻrinlarini kesib oʻtmasligi lozim.
83. Gazoʻtkazgichlarning tayanch konstruksiyalari metall yoki temir-betondan yasalgan boʻlishi lozim.
84. Metall tayanchlarning barcha elementlarini, shuningdek, gazoʻtkazgich devorlariga payvandlanadigan detallar (masalan, qattiqlik qovurgʻalari)ni yaxlit chok qilib payvandlash lozim.
85. Gaz oʻtkazgichlar oʻrindiqqa zich qilib oʻrnatilishi lozim. Bunda gaz oʻtkazgichlarning koʻndalang payvandlash choklari haroratdan deformatsiyalanishni hisobga olgan holda tayanch chekkasidan kamida 50 mm ga chiqib turishi, boʻylama choklar esa tayanchdan yuqori va koʻrinarli tarafda joylashgan boʻlishi lozim. Agar koʻndalang payvandlash chokidan tayanchgacha koʻrsatilgan masofaga rioya qilib boʻlmasa, butun perimetr boʻylab payvandlangan taglik tsargalarni qoʻllashga ruxsat etiladi.
Yoʻldosh quvur oʻtkazgich va xizmat koʻrsatish maydonchalarining tayanchlarini mahkamlash uchun ishlatiladigan kronshteynlarni past va oʻrtacha bosimli gaz oʻtkazgichlarga payvandlab ulash mumkin. Bunda ular halqasimon qattiqlik qovurgʻasiga yoki qalinligi 6 mm dan koʻp boʻlgan gazoʻtkazgich devorlariga payvandlanib ulanishi lozim.
Oʻtkazilayotgan yuqori bosimli gaz oʻtkazgichlarning detallari boʻlgan tayanch oʻrindiqlari, yerga ulash elementlari va ochiladigan kronshteynlarni, shuningdek, gaz oʻtkazgichlar uchun moʻljallangan kabel va impuls oʻtkazgichlar mahkamlanadigan kronshteynlarni payvandlab ulash mumkin.
Bitta tayanchda yoki estakadada yonuvchan gazlarning gaz oʻtkazgichlari bilan boshqa gazlar, suv, bugʻ, mazut, qatron va moylarning quvur oʻtkazgichlarini, shuningdek, kislorod quvurlarini 3-ilovaning 1- va 3-bandi talablariga rioya etib birga yotqizish mumkin.
86. Gaz oʻtkazgichlar bilan oson alangalanuvchi suyuqliklarning quvur oʻtkazgichlari va birinchi toifali bugʻ oʻtkazgichlarni birgalikda oʻtkazish man etiladi.
Yangi oʻrnatilayotgan gazoʻtkazgichlar quyidagi qiyalikdan kam yotqizilmasligi lozim:
a) 0,005 — nam bilan toʻyingan ferroqotishma gazlari uchun;
b) 0,003 — namli tabiiy va yoʻlakay gazlar uchun;
v) 0,001 — quritilgan gazlar uchun.
87. Namli gazlar gaz oʻtkazgichlarining barcha quyi nuqtalaridan kondensatni tushirib olish uchun gaz isteʼmol qiluvchi—asosiy sexlar oldida kondensat toʻplagichlar oʻrnatilishi, quritilgan gazning oʻtkazgichlarida joʻmrakli yoki zulfinli toʻkish shtutsyerlari oʻrnatilishi lozim.
2-§. Sexlararo gazoʻtkazgichlarni yotqizishga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
88. Tashkilot hududidagi sexlararo gazoʻtkazgichlar yer usti boʻylab baland va past tayanchlarda yotqizilishi lozim. Sexlararo gazoʻtkazgichlarni joylashtirish va 1,2 MPa gacha va shunga teng bosimli yer usti gazoʻtkazgichlardan bino va inshootlargacha boʻlgan eng kam gorizontal (ochiq) masofa amaldagi qurilish meʼyorlari va qoidalari talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
89. Gazoʻtkazgichlar bilan elektr kommunikatsiyalarni birga oʻtkazish, shuningdek, gazoʻtkazgichlar va elektr uzatish liniyalari (EUL) orasidagi masofa “Elektr uskunalarni oʻrnatish qoidalari” (ushbu hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2004-yil 27-fevraldagi 20-15-62/24-sonli xulosasi bilan normativ-texnik hujjat deb topilgan) talablariga javob berishi lozim. Gazoʻtkazgichlarni piyodalar oʻtish galereyalari boʻylab yotqizish man etiladi.
90. Gazoʻtkazgichni konveyer galereyalari ustida joylashtirish uchun undan gazoʻtkazgichning quyi nuqtasigacha kamida 0,5 m masofa va gazoʻtkazgichga butun uzunligi boʻylab erkin chiqish taʼminlangan boʻlishi lozim.
91. Suyultirilgan gazning gazoʻtkazgichlarini, bosimdan qatʼi nazar, konveyer galereyalari boʻylab oʻtkazish man etiladi.
92. Gazoʻtkazgichlarni temir yoʻl koʻpriklari va estakadalari boʻylab yotqizish man etiladi.
93. Gaz bosimi 0,6 MPa gacha boʻlgan gazoʻtkazgichlarni yonmaydigan (temir-beton, metall va tosh) avtomobil va piyodalar oʻtish koʻpriklari boʻylab yotqizish mumkin. Ular piyodalar yoʻlagi chekkasidan gorizontal boʻyicha kamida 1 m uzoqlikda ochiq holatda joylashtirilishi va xizmat koʻrsatish uchun qulay boʻlishi lozim. Koʻprikning yuk koʻtaruvchi elementlari gazoʻtkazgichdan tushadigan qoʻshimcha yuklanishga tegishli ravishda tekshirilishi lozim. Gazoʻtkazgichlarni koʻprikdagi kanallarda yotqizishga yoʻl qoʻyilmaydi.
94. Metall va temir-beton koʻpriklar boʻylab yotqizilgan gazoʻtkazgichlar mazkur Qoidalarning talablariga binoan har 250 m da yerga ulab himoyalangan boʻlishi lozim.
95. Koʻprik hududida armatura va flanetsli birikmalarni oʻrnatishga yoʻl qoʻyilmaydi.
96. Sexlararo gazoʻtkazgichlarni boshqa quvuroʻtkazgich va kommunikatsiyalar bilan birga yotqizishga qoʻyiladigan talablar mazkur Qoidalarning 3-ilovasida keltirilgan.
97. Yer usti gazoʻtkazgichlardan tashkilot hududidagi bino va inshootlargacha boʻlgan gorizontal boʻyicha minimal ochiq masofa mazkur Qoidalarning 8-ilovasida keltirilgan.
98. Sexlararo gazoʻtkazgichlar ostiga gaz xoʻjaligi obyektlariga taalluqli boʻlmagan biror-bir bino va uskunalarni joylashtirish man etiladi.
99. Noqulay sharoitlarda yer osti kommunikatsiya trassalarini gazoʻtkazgich tayanchlarining poydevorlari ichidan oʻtkazib, yer usti gazoʻtkazgichlari trassalari bilan rejada birlashtirishga yoʻl qoʻyiladi, bu holda suvoʻtkazgich, kanalizatsiya va issiqlik taʼminoti quvurlari poydevor kesimining ikkala tarafidan 2,5 m ga chiqib turadigan gʻilof ichiga joylashtirilishi zarur, poydevor tagi esa koʻrsatib oʻtilgan quvurlar tuzilmasidan kamida 1 m past boʻlishi lozim.
100. Gazoʻtkazgich tayanchlarini turli maqsadlarga moʻljallangan tonnellarda oʻrnatish mumkin, bu holda tonnelning shamollatish shaxtalarini eng chekka gazoʻtkazgich tuzilmasidan gorizontal boʻyicha 10 m, keltiruvchi shamollatish shaxtalarini esa kondensat tarmoqlari uskunalaridan gorizontal boʻyicha kamida 20 m (ochiq) uzoqlikda joylashtirish lozim.
101. Yer usti gazoʻtkazgichlar havo EUL lari bilan kesishgan joylarda ushbu liniyalarning ostida boʻlishi lozim.
102. Estakadadagi yuqori gazoʻtkazgichlardan EUL gacha (quyi simlargacha, ularning solqib turishini hisobga olib) eng kam vertikal ochiq masofa kuchlanishga bogʻliq ravishda olinishi lozim (mazkur qoidalarning 2-ilovasida keltirilgan).
103. Gazoʻtkazgichlar ustiga oʻrnatilgan toʻsiqlar (panjara, maydoncha koʻrinishda va boshqa) ularning uzviy qismi boʻlib, havo EUL lari va gazoʻtkazgichlar orasidagi aniqlanayotgan masofa ushbu toʻsiqlardan hisoblanishi lozim.
104. Yuqori gazoʻtkazgichlardan osma yoʻllar vagonchasining (poʻlat arqonning solqib turishini hisobga olib) quyi qismigacha boʻlgan vertikal masofa kamida 3 m boʻlishi lozim.
105. Gazoʻtkazgichni elektr simlari tushishidan himoyalash uchun havo EUL lari bilan kesishgan joyda gazoʻtkazgichning ustiga yaxlit yoki toʻrsimon toʻsiq oʻrnatilishi lozim. Toʻsiq kesishish joyining ikki tomoni boʻylab havo EUL larining eng chekka simlaridan 2-ilovada koʻrsatilgan masofaga chiqib turishi lozim.
106. Toʻsiqli oʻtish yoʻlagiga ega boʻlgan gazoʻtkazgichlarning ustidagi toʻsiqlar oʻtish sathidan kamida 2,2 m balandlikka oʻrnatilishi lozim. Toʻsiq gazoʻtkazgichga bevosita tayanmasligi lozim. Toʻsiqlar gazoʻtkazgichdan izolatsiya qilingan va yerga ulangan boʻlishi lozim. Yerga ulanishning oʻtkazish qarshiligi 10 Ω dan koʻp boʻlmasligi lozim.
107. Gazoʻtkazgichlardagi berkituvchi qurilmalar, shuningdek, kondensat toʻplagichlar havo EUL larning eng chekka simlaridan kamida 10 m ochiq uzoqlikda oʻrnatilishi lozim.
108. Osma yoʻl bilan kesishgan joylarda gazoʻtkazgich vagoncha tushib ketganda yetkazadigan shikastlanishdan muhofazalangan boʻlishi lozim.
109. Gazoʻtkazgich estakada ostidan oʻtgan boʻlsa, estakadadan gazoʻtkazgichga yuklar tushib ketishiga yoʻl qoʻymaydigan qurilmalar oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
110. Quvuroʻtkazgichlar oʻtish yoʻlaklariga ega boʻlgan gazoʻtkazgichlar bilan kesishgan joylarda toʻsiqli oʻtish koʻprikchalari oʻrnatilgan boʻlishi, bu joyda quvuroʻtkazgichlarning izolatsiyasi metall gʻilof bilan muhofazalangan boʻlishi lozim.
111. Yangi qurilayotgan sexlararo yer usti gazoʻtkazgichlar temir yoʻl va avtomobil yoʻllari bilan kesishgan joylarda, agar ular boʻylab temir yoʻl va avtomobil kranlari muntazam qatnab tursa, kesishish joyining ikki tomonida yoʻllarga ogohlantiruvchi signalizatsiyali gabarit darvozalar oʻrnatilishi lozim.
112. Gabarit darvozalarning konstruksiyasi xartumi tasodifan gabaritdan chiqqan kranlar oʻtayotganda ularni buzib yuborishini hisobga olgan boʻlishi lozim. Sexlararo gazoʻtkazgichlar bilan koʻrsatib oʻtilgan yoʻllarning kesishmalarida gabarit darvoza yoʻq boʻlsa va baʼzi-bir sabablarga koʻra uni qurib boʻlmasa, gazoʻtkazgichni yotqizish balandligi (rels kallagi yoki avtoyoʻl yuzasidan gazoʻtkazgichning pastki tuzilmasigacha) 10 m ga oshirilishi, shuningdek, yorugʻlik signalizatsiyasi oʻrnatilishi, ogohlantiruvchi plakatlar osilishi va kranlarning harakat tezligi cheklanishi lozim.
113. Doimiy ravishda xizmat koʻrsatiladigan, boshqa quvuroʻtkazgich, kabel va impuls oʻtkazgichlarni yotqizish uchun koʻtarib turuvchi konstruksiya sifatida foydalaniladigan, diametri 1,2 m va undan katta boʻlgan yangi qurilayotgan gazoʻtkazgichlarning butun uzunligi boʻylab oʻtish yoʻlaklari oʻrnatilishi, ularga pastidagi yaxlit yon qoplamasining balandligi 140 mm boʻlgan balandligi 1,2 m li toʻsiq oʻrnatilishi lozim. Gazoʻtkazgich va yon qoplamaning pastki qirrasi orasidagi tirqish 20 mm boʻlishi lozim.
114. Bir nechta gazoʻtkazgichlar parallel yotqizilgan boʻlsa, yoʻlak ularning bittasiga quriladi.
115. Past bosimli (0,015 MPa gacha) tabiiy va ferroqotishma gazlarning gazoʻtkazgichlari ularning birortasida bosim avariyaviy ravishda pasayib ketganda bir gazoʻtkazgichdan ikkinchisiga gaz uzatilishini taʼminlaydigan, zulfinli qisqa tutashtirgichlar vositasida ulangan boʻlishi lozim. Zulfinlar gaz taʼminoti tizimini boshqarish punktidan masofada turib boshqariladigan elektr yuritmalarga ega boʻlishi lozim.
116. Tutashtirgichlar oʻrnatiladigan joylar loyihada belgilab qoʻyiladi. Bu maqsadlar uchun gaz aralashtirish stansiyalarining drossellarini ishlatish mumkin.
3-§. Sexlararo gazoʻtkazgichlardan kondensatni va kondensat toʻplagichlardan oqova suvlarni chiqib ketishiga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
117. Tashqi gazoʻtkazgichlar uchun yangi qurilayotgan kondensat toʻplagichlar tegishlicha issiqlashtirilib alohida maydonchalarga oʻrnatilishi lozim.
118. Kondensat toʻplagichlarni alohida ajratilgan xonalarga oʻrnatish mumkin.
119. Ferroqotishmalar gazlarining gazoʻtkazgichlaridagi eng yaqin kondensat toʻplagichlar orasidagi masofa gaz tozalash uskunasidan 400 m radiusda 100 m dan koʻp boʻlmasligi, soʻngra ushbu gazoʻtkazgichlarning trassalari boʻylab 300 m dan koʻp boʻlmasligi lozim.
120. Sexlararo gazoʻtkazgichlardan suv chiqaruvchi quvurlarning diametri gaz tozalash uskunasidan 400 m radiusda 100 mm dan kam boʻlmasligi lozim. Namli gazlar gazoʻtkazgichlarining boshqa uchastkalari uchun suv chiqaruvchi quvurlar diametri kamida 80 mm boʻlishi lozim.
121. Kondensat toʻplagichlarning suv chiqarish quvurlarini tashqi uchastkalari butun uzunligi boʻylab bugʻ yoki issiq suv quvuroʻtkazgichlari bilan umumiy issiqlik izolatsiyasida oʻtkazilishi lozim.
122. Suv chiqarish quvuriga gazoʻtkazgichning pastki qismidan 200 mm dan koʻp boʻlmagan masofada flanetslarga mahkamlanadigan tiqinli joʻmrak yoki zulfin oʻrnatilishi lozim. Xuddi shunday berkitish qurilmalari suv chiqarish quvuriga kondensat toʻplagichning toʻkish liniyasidan yuqorida undan 0,5 m dan koʻp boʻlmagan masofada oʻrnatilishi lozim. Suv chiqarish quvurini bugʻlatib tozalash imkonini yaratish uchun unga ikkita berkituvchi qurilmalar oʻrtasiga joʻmrakli shtutser oʻrnatish lozim.
123. Sexlararo gazoʻtkazgichlardan kondensat faqat ushbu gazoʻtkazgich uchun moʻljallangan alohida kondensat toʻplagichlarga olib ketilishi lozim.
124. Kondensat toʻplagichlarning konstruksiyasi ular joylashgan xonaga va kommunikatsiya kanallariga gazlar kirishini istisno qilishi lozim.
125. Kondensat toʻplagich mazkur Qoidalarning 43-bandiga asosan gazoʻtkazgich yoki yoʻldosh quvuroʻtkazgichlarga xizmat koʻrsatish maydonchasidan yuqoriroq chiqarilgan tortish quvuri bilan taʼminlangan boʻlishi lozim. Tortish quvuriga berkitish armaturasini oʻrnatish man etiladi.
126. Kondensat toʻplagich idishining diametri kamida 300 mm boʻlishi lozim.
127. Idish yon devorining pastki qismiga suv toʻkiladigan tiqinli joʻmragi boʻlgan shtutser va tozalash uchun tuynuk oʻrnatish lozim.
128. Ortiqcha bosim ostida ishlaydigan gazoʻtkazgichlardagi kondensat toʻplagichlarning suvli qaytargichlarini minimal balandligi gazning hisoblangan bosimidan 500 mm koʻp boʻlishi, lekin 2000 mm dan kam boʻlmasligi lozim. Zaruriyat tugʻilganda, suvli qaytargich balandligini oshirish uchun koʻpi bilan uchta ketma-ket idishdan iborat kondensat toʻplagich oʻrnatish mumkin.
129. Siyraklanish ostida ishlaydigan gazoʻtkazgichlar uchun suvli qaytargichning eng kichik balandligi hisoblangan siyraklanishdan 500 mm koʻp boʻlishi, bunda kondensat toʻplagich idishining sigʻimi suvli qaytargichning toʻkish liniyasi uchun hisoblangan sigʻimidan kamida ikki marta koʻp boʻlishi lozim.
130. Qishda kondensat toʻplagichlarni idishi ichiga kuchli bugʻ kiritish usuli bilan isitish man etiladi, bundan avariya holatlari mustasnodir. Kondensatsiya tuvagining bugʻli yoʻldoshidan kondensatni idishning pastki qismiga chiqarishga yoʻl qoʻyiladi.
131. Kondensat toʻplagichlardagi oqova suvlarni kondensat toʻplagichning toʻkish quvuri va kanalizatsiyaga chiqarish tarmogʻidagi qabul qiluvchi voronka orasida uzib-uzib chiqarish lozim, bundan tonnellardagi kondensat toʻplagichlar mustasnodir. Kanalizatsiyaga chiqarish tarmogʻiga qabul qiluvchi voronkadan keyin balandligi kamida 200 mm suvli qaytargich oʻrnatilishi lozim.
132. Ferroqotishma gazlarining gazoʻtkazgichlaridagi kondensat toʻplagichlardan chiqadigan oqova suvlar tegishli gaz tozalash uskunalarining aylanma sikllariga yoki ishlab chiqarish kanalizatsiyasiga toʻkilishi lozim.
133. Kondensat toʻplagichlardagi oqova suvlarni yomgʻir kanalizatsiyasiga toʻkish man etiladi.
134. Alohida xonalarga oʻrnatilgan kondensat toʻplagichlar va yangi loyihalanayotganlari quyidagi talablarga javob berishi lozim:
a) xonalar olovbardoshligi III-a darajadan past boʻlmasligi va G toifaga tegishli boʻlishi;
b) kondensat toʻplagich xonalarining eshiklari tashqariga ochilishi;
v) xona tashqaridan keladigan bugʻ yoki issiq suv tarmogʻi yordamida isitilishi;
g) ferroqotishma gazining bosim ostida ishlaydigan gazoʻtkazgichlaridagi kondensat toʻplagich oʻrnatilgan xonalarda 1 soatda olti karra havo almashuvini taʼminlaydigan tabiiy va sunʼiy shamollatgich (portlashdan himoyalangan tarzda yasalgan) boʻlishi lozim. Sunʼiy shamollatgich xona devorining tashqarisiga oʻrnatilgan tugma yordamida yuritilishi lozim. Shamollatgich oʻchiq boʻlganda xonaga kirish man etiladi;
d) kondensat toʻplagichlarning toʻkish quvurlari xonada joylashtirilganda, ular balandligi kamida 1500 mm boʻlgan U-simon qaytargich koʻrinishida yasalishi lozim.
4-§. Sexlararo gazoʻtkazgichlarga berkitish qurilmalarini oʻrnatilishiga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
135. Sexlararo gazoʻtkazgichlarga berkitish qurilmalari quyidagicha oʻrnatilishi lozim:
a) gazoʻtkazgichning tashkilot hududiga kirish joyida;
b) sexlar va ularning boʻlinmalariga (agar ular alohida binolarda joylashgan boʻlsa) borayotgan tarmoqlarga bevosita sexlararo gazoʻtkazgich yaqinida;
v) taʼmirlash yoki avariya paytlarida seksiyali zulfin yoki tiqinlar yordamida halqasimon sexlararo gazoʻtkazgichlarning alohida uchastkalarini uzib qoʻyish uchun;
g) asosiy sexlararo gazoʻtkazgichlardan sex guruhlariga boradigan shohobchalarda.
136. Sexlararo gazoʻtkazgichlar oʻrnatilayotganda loyihada moʻljallangan obyektlarga tarmoqlar oʻtkazish koʻzlangan joylarga tiqinli zulfinlar va biriktiruvchi kalta quvurlar oʻrnatilishi lozim. Gazoʻtkazgichlarning toretslarida tiqinli flanetslar va biriktiruvchi kalta quvurlar oʻrnatilishi lozim.
5-§. Sex gazoʻtkazgichlarini yotqizilishiga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
137. Bitta binoda joylashgan isteʼmolchilarning gaz taʼminoti sex kollektori orqali amalga oshirilishi lozim.
138. Sexning gaz isteʼmol qiluvchi alohida agregatlari (pech, qozon va hokazolar)ni sexlararo gazoʻtkazgichlarga mustaqil kirish quvurlari vositasida ulamaslik lozim.
139. Alohida yirik isteʼmolchi (havo qizdirish apparatlari guruhi va boshqa)larning kollektorlarini sexlararo gazoʻtkazgichlarga ulashga yoʻl qoʻyiladi.
140. Bitta binoda joylashgan isteʼmolchilarni boshqa binoda oʻrnatilgan sex kollektori orqali gaz bilan taʼminlash man etiladi, bundan binolar yaqin joylashgan, isteʼmolchilarning har birini mustaqil ravishda gaz bilan taʼminlash qiyinchilik tugʻdiradigan holatlar mustasnodir.
141. Sex gaz kollektorlari binodan tashqarida tom ustida yoki alohida turgan tayanchlarga yotqizilishi lozim. Kollektorlar diametri 500 mm va undan kamroq boʻlsa, ularni bino ichida yotqizish mumkin.
142. Gaz kollektori tom ustiga yotqizilganda kollektorning pastidan tomgacha boʻlgan masofa kamida 0,5 m va kompensator toʻlqinining pastidan esa kamida 0,3 m boʻlishi lozim. Zarur boʻlsa, odamlar oʻtishi uchun kollektor boʻylab yonmaydigan materialdan yasalgan koʻprikchalar, armaturalarga xizmat koʻrsatish joylarida esa maydoncha va zinapoyalar oʻrnatilgan boʻlishi lozim. Kollektorga oʻtish uchun tomga olib chiqadigan bitta zinapoya supali (marshli) boʻlishi lozim.
143. Kollektorlar tom ustiga yotqizilganda kollektor va yorugʻlik-aeratsiya derazalari orasidagi gorizontal boʻyicha (ochiq) masofa kamida 1,5 m boʻlishi lozim. Kollektorlar bino aeratsiyasi va yoritilganligini yomonlashtirmasligi lozim.
144. Yorugʻlik-aeratsiya derazalarining gazoʻtkazgichlar bilan koʻndalangiga kesishishiga kamdan-kam hollarda ruxsat etiladi. Gazoʻtkazgich yorugʻlik-aeratsiya derazalari orasidan oʻtganda gazoʻtkazgichning ikkala tomonidan derazalarning yon qismlarigacha boʻlgan ochiq masofa 0,8 m dan kam boʻlmasligi lozim.
145. Sex kollektori bino devori boʻylab yotqizilganda gazoʻtkazgichning pastki qismidan yer (pol) sathigacha kamida 3 m masofa boʻlishi lozim.
146. Agar texnologik talablarga koʻra zaruriyat boʻlsa, sex kollektorini 3m dan pastroq qilib oʻtkazishga yoʻl qoʻyiladi.
147. Sex kollektori bino tashqarisida alohida turgan tayanchlarga yotqizilsa, kollektor va sex devori orasidagi ochiq masofa 8-ilovada koʻrsatilgan oʻlchamlarning yarmiga teng boʻlishi, lekin 2 m dan kam boʻlmasligi lozim.
148. Gazoʻtkazgich bino devori ichidan gʻilof orqali oʻtkazilishi lozim. Gazoʻtkazgich va gʻilof orasidagi tirqish zichlanishi lozim. Gaz tarmogʻi tom orqali oʻtkazilganda, gazoʻtkazgich va tom orasida halqasimon boʻshliq qolishi, bu holda tomda halqasimon chiqiq, gazoʻtkazgichda esa konussimon soyabon yasalishi lozim.
149. Gazoʻtkazgichlar bevosita pech, qozon va yonuvchan gazlarni isteʼmol qiluvchi agregatlar joylashgan xonaga kirishi lozim.
150. Tabiiy va yoʻlakay gazlarning gazoʻtkazgichlarini ochiq oraliqda birlashtirib yondosh xonaga kiritishga yoʻl qoʻyiladi, bunda yondosh xonada kamida uch karra havo almashuvi taʼminlangan boʻlishi lozim.
151. Kirishlarni, shuningdek, gazoʻtkazgichlarni portlashga xavfli va yonuvchan materiallar omborlari, maishiy xonalar, NOʻAvaA xonalari, elektr taqsimlash qurilmalari va nimstansiyalarning xonalari, shamollatish uskunalarining xonalari va gazoʻtkazgich tez kimyoviy yemirilishlanadigan xonalar orqali oʻtkazish man etiladi.
152. Ferroqotishma, suyultirilgan gazlarning gazoʻtkazgichini bu gaz ishlatilmaydigan xona orqali oʻtkazish man etiladi.
153. Gaz ishlatilmaydigan xonalar orqali past va oʻrtacha bosimli tabiiy gazning gazoʻtkazgichlarini (ularga xodimlar hech qanday toʻsiqsiz xizmat koʻrsata olish sharti bilan) oʻtkazish mumkin. Bu xonalardagi gazoʻtkazgichlar payvandlash usulida yasalishi, flanetsli hamda rezbali birikmalar va armaturalarga ega boʻlmasligi lozim.
154. Xonalarda gazoʻtkazgichlar xizmat koʻrsatish, koʻzdan kechirish va taʼmirlash uchun qulay qilib oʻtkazilishi lozim. Sex transporti shikast yetkazishi mumkin boʻlgan joylarga gazoʻtkazgichlarni yotqizmaslik lozim. Shamollatish shaxtalari, havo oʻtkazgichlar va dudboʻronlar bilan gazoʻtkazgichlarning kesishishiga, shuningdek, gazoʻtkazgichlarni yopiq, yaxshi shamollatilmaydigan xonalardan oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
155. Sex gazoʻtkazgichlarini sex ichiga qurilgan elektr taqsimlash qurilmalari va nimstansiyalarning xonalari, shamollatish uskunalari joylashgan xonalar va doimiy xizmat koʻrsatuvchi xodimlar boʻlmaydigan xonalarning tashqarisida tom va devorlari boʻylab yotqizish mumkin, bunda gazoʻtkazgichlarning flanetsli birikma va armaturalari boʻlmasligi, payvandlash choklari esa davriy ravishda putur yetkazmaydigan usulda tekshirib turilishi lozim.
156. Barcha yonuvchan gazlarning sex kollektorlarini asosiy ish maydonchalari ostida yotqizish man etiladi.
157. Texnologik sharoitlarga koʻra boshqa usulda gaz keltirib boʻlmasa, alohida agregatlarga gaz tarmogʻini asosiy ish maydonchalari ostida yotqizishga yoʻl qoʻyiladi, bunda quyidagi talablar bajarilishi lozim:
a) gazoʻtkazgichda flanetsli birikma, armaturalar va gaz chiqish ehtimolining boshqa manbalari boʻlmasligi lozim;
b) gazoʻtkazgich qizib ketmasligi va avariya paytlarida unga suyuq metall, shlak tushmasligi lozim;
v) gazoʻtkazgichning barcha payvand choklari davriy ravishda putur yetkazmaydigan usul bilan tekshirib turilishi lozim.
158. Gazoʻtkazgichlarni pech, qozon va boshqa agregatlarning karkaslariga, agar karkasning mustahkamligi hisob-kitob qilinib tekshirilgan boʻlsa, mahkamlash mumkin; gazoʻtkazgichlar yonish jarayonining qizigan mahsulotlari yoki kimyoviy yemirilishga faol suyuqliklar taʼsiriga tushib qoladigan yoxud qizib choʻgʻ boʻlgan yoinki suyuq metallga tegib turadigan joylarda yotqizilmasligi lozim.
159. Yangi ishga tushirilayotgan sex gazoʻtkazgichlari bilan boshqa quvuroʻtkazgichlar birgalikda yotqizilganda, ularning orasidagi eng kichik ochiq masofa mazkur Qoidalarning 81-bandi talabiga muvofiq olinishi lozim.
160. Kislorod oʻtkazgichlargacha boʻlgan ochiq masofa (mm da) mazkur qoidalarning 4-ilovasida keltirilgan oʻlchamlardan kam boʻlmasligi lozim.
161. Gazning impuls quvurlaridan gazoʻtkazgichlargacha boʻlgan masofa chegaralanmaydi.
162. Sex gazoʻtkazgichlari bilan kislorod oʻtkazgich va boshqa quvuroʻtkazgichlar kesishganda yoki muayyan joyda yaqinlashganda ochiq oraliqni 100 mm gacha kamaytirish mumkin.
163. Sex gazoʻtkazgichlari va izolatsiya qilinmagan elektr simlari (trolleylari) orasidagi masofa kamida 1m boʻlishi lozim.
164. Gazoʻtkazgichlar bilan izolatsiyalangan elektr simlari (himoyalangan va himoyalanmagan) yoki kabellar parallel oʻtkazilganda oraliq masofa kamida 250 mm, kesishgan joylarda esa kamida 100 mm boʻlishi lozim.
165. Gazoʻtkazgichlarga xizmat koʻrsatish joylaridan izolatsiya qilinmagan simlargacha boʻlgan masofa 3,0 m dan kam boʻlmasligi lozim.
166. Gazoʻtkazgich issiqlikning toʻgʻri taʼsiri hududida yotqizilganda, uni xavfli darajada qizib ketishdan saqlaydigan issiqlik himoyasi koʻzda tutilgan boʻlishi lozim.
167. Diametri 100 mm gacha boʻlgan gazoʻtkazgichlarning burilishlari egib yoki shtampovkalanib tayyorlanishi lozim. Diametri 100 mm dan katta boʻlgan gazoʻtkazgichlarning burilishlari payvandlanib yoki tik bukilib tayyorlanishi mumkin.
168. Yangi qurilayotgan sexlarda oʻrnatilayotgan gaz isteʼmol qiluvchi agregatlarga gazoʻtkazgichlar yer ustidan oʻtkazilgan boʻlishi lozim.
169. Agregatning oʻtxonasi texnologik shartlarga yoki konstruktiv xususiyatlariga koʻra pol sathidan pastroq joylashgan boʻlsa, shuningdek, yer usti gazoʻtkazgichlardan bexatar foydalanib boʻlmasa, bunday agregatlarga ushbu talab qoʻllanilmaydi.
170. Pech va boshqa agregatlarga gaz keltiruvchi uchastkalarda tabiiy gazoʻtkazgichlarini quyidagi talablarga rioya qilib ariqchalarda yotqizishga yoʻl qoʻyiladi:
a) ariqchalar oʻtib yurilmaydigan, uzunligi minimal boʻlishi va yonmaydigan, olinadigan mustahkam toʻshama bilan yopilishi lozim;
b) diametri 300 mm dan katta gazoʻtkazgichlar uchun ariqchaning devor va tagigacha boʻlgan ochiq tirqish kamida 400 mm, diametri 300 mm va undan kam gazoʻtkazgichlar uchun esa — gazoʻtkazgich diametridan kam boʻlmasligi lozim;
v) ariqchalarga yotqizilgan gazoʻtkazgichlarda berkituvchi armatura (bundan gazoʻtkazgichdan kondensatni olib ketish armaturalari mustasnodir), shuningdek, flanetsli va rezbali birikmalar boʻlmasligi lozim. Bunday gazoʻtkazgichlarda payvand choklarining soni minimal boʻlishi lozim;
g) ariqchalarda gazoʻtkazgichlar bilan birga gaz isteʼmol qiluvchi agregatlarga ulangan havooʻtkazgichlarni hamda inert gazlarning payvandlab montaj qilingan va armaturasiz quvurlarini yotqizishga yoʻl qoʻyiladi;
d) gazoʻtkazgichlar yotqizilgan ariqchalar boshqa ariqchalar bilan kesishmasligi lozim. Ariqchalar majburan kesishganda germetik tutashtirgichlar qilinishi, gazoʻtkazgich esa gʻilofga kiritilgan boʻlishi lozim. Gʻilof uchi tutashtirgichning ikki tomoniga 300 mm chiqib turishi lozim;
e) ariqchalar tabiiy shamollatish qurilmalari bilan jihozlanishi lozim;
j) ariqchalarga kimyoviy yemirilishga faol suyuqliklar tushmasligi lozim.
6-§. Sex gazoʻtkazgichlaridan kondensatni olib ketilishiga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
171. Kondensat sex gazoʻtkazgichlaridan kondensat toʻplagichlar orqali toʻkib olinishi lozim. Uni pech yondirgichlari va boshqa gaz isteʼmolchilari orqali toʻkib olish man etiladi.
172. Sex binolarida oʻrnatilgan kondensat toʻplagichlarning konstruksiyasi binolar ichiga gazlar kirishiga yoʻl qoʻymasligi va quyidagi talablarga javob berishi lozim:
a) kondensat toʻplagich idishining diametri kamida 200 mm ni, gazoʻtkazgichdan kondensatni olib ketuvchi quvurning diametri esa kamida 40 mm ni tashkil etishi lozim;
b) kondensat toʻplagichdan qabul qiluvchi voronkagacha boʻlgan toʻkish liniyasi balandligi kamida 1500 mm boʻlgan U simon qaytargich (zatvor) koʻrinishida yasalishi lozim.
173. Agar sex isitilmasa, kondensatni olib ketuvchi quvurlar uchastkasini, shuningdek, kondensat toʻplagichlarni isitish koʻzda tutilgan boʻlishi lozim.
174. Past bosimli gazoʻtkazgichning alohida uchastkalarida vaqti-vaqti bilan kondensat toʻplansa, uni gazoʻtkazgich va toʻkish liniyasi taraflaridan zulfin yordamida uziladigan shlyuzli qaytargich (suvsiz zatvor) orqali olib ketishga ruxsat etiladi. Gazoʻtkazgichdan binolarga gaz kirishiga yoʻl qoʻymaydigan choralarni koʻrib, kondensatni vaqti-vaqti bilan chiqarib turish lozim.
7-§. Sex gazoʻtkazgichlariga berkitish armaturasini oʻrnatilishiga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
175. Berkitish armaturasi sex gazoʻtkazgichlariga quyidagi joylarda oʻrnatilishi lozim:
a) sex (boʻlinma)larga barcha gaz kirish joylarida, bundan sexlararo gazoʻtkazgichdan sex (boʻlinma)gacha boʻlgan masofa 100 m dan ortiq boʻlmagan hollar mustasnodir, sexga gaz kirishda zulfin bino ichiga yoki tashqarisiga oʻrnatilishi mumkin;
b) sex kollektoridan agregatlarga boradigan gaz tarmoqlarida, bunda oralariga svecha qoʻyilgan ikkita diskli zulfin ketma-ket oʻrnatilishi lozim, agar birinchi zulfin tomda, ikkinchisi esa bino ichida joylashgan boʻlsa, u holda ikkita svecha: birinchisi bevosita zulfinning oldiga (gaz yoʻnalishi boʻyicha), ikkinchisi –– ikkinchi zulfin oldiga oʻrnatilishi lozim.
v) agar ikkinchi zulfinga yaqinlashish qiyin boʻlsa, gazoʻtkazgich gaz isteʼmol qiluvchi agregatga bevosita yaqin boʻlgan joyda;
g) koʻp zonali pechlarda — har bir zonaga boruvchi gazoʻtkazgichga;
d) har bir yondirgichdan oldingi gazoʻtkazgichga.
176. Sex binolari ichki gazoʻtkazgichlaridagi listli zulfinlar oldiga diskli zulfinlar oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
IV-Bob. Pech, qozon va boshqa agregatlarning gaz uskunalariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
1-§. Pech, qozon va boshqa agregatlarning gaz uskunasiga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
177. Pech, qozon va agregat (bundan buyon – agregatlar)larning oʻtxonalari pol sathidan balandda (er ustida) joylashtirilishi lozim. Faqat texnologik shartlar yoki pechlarning konstruktiv xususiyatlariga koʻra oʻtxonalarni poldan pastda joylashtirish mumkin. Bu holda oʻtxonaning oʻrasi ochiq boʻlishi, toʻsiq va tabiiy shamollatish bilan taʼminlanishi lozim.
178. Panjarali toʻshama va majburiy shamollatgich bilan jihozlangan oʻralar qurish mumkin. Pechning qizdirish quduqlari va gaz yondirgich qurilmalari tub tagida joylashgan boʻlsa, panjarali toʻshama oʻrnatish talab etilmaydi.
179. Barcha pech, qozon va agregatlarga ixtisoslashtirilgan tashkilotlar tomonidan amaldagi standartlarga muvofiq tayyorlangan gaz yondirgichlar oʻrnatilishi lozim.
180. Yondirgichlarni ishga tushirish paytida asosiy koʻrsatkichlari (unumdorligi, gaz va havoning maqbul bosimi, injeksiya koeffitsiyenti, rostlash chegaralari, gazning toʻla yonishi va hokazo)ni tekshirish uchun sinalgan boʻlishi lozim.
181. Yondirgichlar uzluksiz va alanga yondirgich ichiga kirib ketmasdan agregatning issiqlik quvvatini zarur darajada rostlash chegarasida barqaror ishlashi lozim.
182. Gaz yondirgichlarini yoqish va ularning ishini kuzatish uchun oʻtxona eshikchalarida yoki frontal plitalarda yoxud pechning xizmat koʻrsatishga qulay boʻlgan boshqa uchastkalarida qopqoqli teshikchalar qilinishi lozim. Qopqoqlar oʻz-oʻzidan ochilib ketmaydigan boʻlishi lozim.
183. Gaz yondirgichlarini chiqib turgan qismidan yoki ularni ochiq holatdagi armaturasidan devor yoki binoning boshqa qismigacha, shuningdek, inshoot va uskunalargacha boʻlgan masofa kamida 1m boʻlishi lozim.
184. Agregatlardagi hamda sex kollektorida berkitish va rostlash qurilmalasidan keyin gaz bosimini nazorat qilish uchun bosimni oʻlchash asbobi, shuningdek, bosim pasayishining signalizatori oʻrnatilishi lozim. Bundan tashqari, bosim pasayishining signalizatori bilan bosimni oʻlchash asboblari ayrim yirik isteʼmolchilarga yoki isteʼmolchi guruhlariga (issiqlik quvvati 42∙106 kJ/s dan koʻp boʻlgan) ham oʻrnatilishi lozim.
185. Ishchi boʻshligʻida harorat 800 ˚S dan past boʻlgan agregatlar har bir yondirgichning mashʼalini nazorat qilish vositasi bilan jihozlangan va issiqlik-texnik nazorati qalqoni (shchiti)ga yorugʻlik-tovush signali chiqarilgan boʻlishi lozim.
186. Puflash yondirgichlari bilan jihozlangan har bir agregatga boradigan gaz quvurida tez ishlaydigan avtomatik uzuvchi klapanlar boʻlishi, ular gaz yoki havo bosimi belgilangan chegaradan tushib ketganda ishlab ketishi lozim.
187. Gaz isteʼmol qiluvchi agregatlar guruhining (uchtadan koʻp boʻlmagan) issiqlik quvvati yigʻindisi 12∙106 kJ/s gacha boʻlsa, ularning umumiy gaz quvuriga bitta klapan oʻrnatish mumkin.
188. Tezkor klapan turini tanlash pechning avtomatika tizimini loyihalovchi tashkilot zimmasiga yuklatiladi.
189. Tezkor uzuvchi klapanlar normal yopiq qilib yasalishi, yaʼni taʼminlash manbai uzilganda ishlab ketishi lozim.
190. Tezkor uzuvchi klapanlar sifatida elektr yuritmali zulfin, drossel va boshqa qurilmalarni qoʻllash man etiladi.
191. Tezkor uzuvchi klapanlar agregatgadagi gaz va havo bosimi pasayishi signalizatorlari bilan blokirovka qilingan va ularni ochish uchun dastaki boshqaruvga ega boʻlishi lozim.
192. Qozonlarning gaz uskunasi xavfsizlik avtomatikasining maxsus vositalari bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
193. Injeksiyali yondirgichlar bilan jihozlangan agregatlarga tezkor uzuvchi klapanlarni oʻrnatish talab etilmaydi, ularga gaz bosimi pasayishi signalizatori oʻrnatilishi lozim. Koʻp zonali gaz isteʼmol qiluvchi agregatlarda signalizatorlar har bir zonaga oʻrnatiladi. Issiqlik quvvati 12∙106 kJ/s gacha boʻlgan agregatlar uchun yondirgichning turidan qatʼi nazar, bitta signalizator oʻrnatish mumkin.
194. Bosim pasayishi signalizatorlari tovush va yorugʻlik signali berishi lozim. Bosim pasayishi signalizatoriga impuls olish joyi loyihada belgilanadi.
195. Gaz isteʼmol qiluvchi agregatning havo kollektori quyidagilar bilan jihozlangan boʻlishi lozim:
a) havo bosimi pasayishi signalizatori;
b) bosimni oʻlchash asbobi;
v) boshi berk puflash svechasi;
g) har bir yondirgich yoki yondirgich guruhlari oldiga oʻrnatiladigan berkitish qurilmalari.
196. Issiqlik quvvati 12∙106 kJ/s gacha boʻlgan va faqat tabiiy gaz isteʼmol qiluvchi agregatlarga qoʻllanilmaydi.
197. Yondirgichlarga havo uzatuvchi shamollatish uskunalari ventilyator bilan bitta valga oʻrnatilgan yoki reduktor orqali ulangan elektr dvigatel bilan jihozlangan boʻlishi lozim. Zarur boʻlsa, ponakamarli uzatma qoʻllanilishi mumkin.
198. Yuritma uchun yassikamarli uzatma qoʻllash man etiladi.
199. Oltitadan koʻp yondirgichga yoki umumiy issiqlik quvvati kamida 63∙106 kJ/s boʻlgan bir nechta zonaga ega pechlarning puflash shamollatgichlari va tutun tortgichlarini elektr taʼminoti ikkita mustaqil (asosiy va zaxira) taʼminlash manbasidan amalga oshirilishi, bunda zaxira manbasiga avtomatik tarzda oʻtilganda puflash shamollatgichlari va tutun tortgichlar avtomatik tarzda ishga tushishi lozim.
200. Gaz isteʼmol qiluvchi agregatlardan gaz yonishi mahsulotlari maxsus qurilgan tizim (tutun yoʻli — dudburon) orqali chiqarib yuborilishi lozim.
201. Tabiiy gazda ishlaydigan, issiqlik quvvati 0,42∙106 kJ/s gacha boʻlgan kichik agregatlar uchun, agar ish hududi havosida zararli moddalarning miqdori chegaraviy ruxsat berilgan konsentratsiyalardan ortiq hosil boʻlmasligi hisob-kitob bilan tasdiqlansa, yonish mahsulotlarini chiqarib yuborish tashkil etilmagan holda gaz yoqilishi mumkin.
202. Agregatdan gaz yonish mahsulotlarini chiqarib yuborish tizimining germetikligida nosozliklar (havo soʻrilishi va tizimda tortish buzilishiga olib keladigan teshik, yoriq va boshqa nuqsonlar) boʻlmasligi lozim.
203. Tutun yoʻlida tozalash ishlari uchun zich yopiladigan qopqoqli tuynuklar boʻlishi lozim.
204. Agregatlarning oʻtxonasida yoki ish boʻshligʻida bosimni rostlash uchun har bir agregatdan chiqib umumiy tutun yoʻlida birlashadigan tutun yoʻllariga rostlash klapanlari oʻrnatilishi lozim. Rostlash klapanlari agregatga xizmat koʻrsatuvchi operatorning ish oʻrnidan boshqarilishi lozim. Rostlash klapanining holati koʻrsatkich bilan aniqlanishi va saqlanishi lozim.
205. Agregatlardan gaz yonishi mahsulotlarini tutish va olib ketish tizimi ularning sex binosiga tushishini istisno etishi lozim.
206. Sunʼiy tortish (ejektor va tutun soʻrgichlar) bilan jihozlangan agregatlar uchun, muayyan sharoitlarga qarab, ejektor va tutun soʻrgichlar avariyaviy oʻchib qolgan holda quyidagi bir yoki bir nechta choralar koʻrilishi lozim:
a) tezkor uzuvchi klapan va ejektirlanayotgan havo bosimi pasayishi signalizatorini oʻrnatish. Tezkor uzuvchi klapan agregatga gaz keltiruvchi quvurga yoki bitta shamollatgich xizmat koʻrsatadigan agregatlar guruhining kollektoriga gaz keltiruvchi quvurga oʻrnatilishi va tutun soʻrgich yoki ejektor toʻxtaganda avtomatik tarzda yopilishi lozim.
Puflash yondirgichlari boʻlgan agregatlar uchun tezkor uzuvchi klapanlar qoʻllanilishi lozim;
b) dudburonga boradigan aylanma borov mavjud boʻlsa — tutun soʻrgich toʻxtaganda aylanma borovning tutun klapanini avtomatik ochilishi;
v) zaxira tutun soʻrgich mavjud boʻlsa — uning avtomatik yoqilishi;
g) dudburonda tortish yoʻqligini bildiruvchi, agregat oʻtxonalariga gaz uzatilishini avtomatik tarzda toʻxtatuvchi qurilma bilan blokirovka qilingan signalizatorni oʻrnatish.
207. Agregat oʻtxonasi yoki ish boʻshligʻida bosimni doimiy nazorat qilish uchun tegishli asboblar oʻrnatilishi lozim. Ushbu asboblarni oʻrnatish joyi loyihada belgilab qoʻyilishi lozim.
208. Turli yoqilgʻilarda ishlayotgan agregatlardan gaz yonishi mahsulotlarini umumiy tutun yoʻliga chiqarish faqat gaz yoqilgʻisiga oʻtkazilayotgan mavjud obyektlar uchun ruxsat etiladi.
209. Ish boʻshligʻi harorati 800 ˚S dan past boʻlgan agregatlarning oʻtxona va tutun yoʻllari, odatda, portlash klapanlari bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
210. Bugʻ va suv bilan isitish qozonlarining oʻtxona va tutun yoʻllarini portlash klapanlari bilan jihozlash amaldagi Bugʻ va suv bilan isitish qozonlarining tuzilishi va bexatar ishlatilishi qoidalari talablariga ham muvofiq boʻlishi lozim.
211. Yuqori haroratli (800 °S va undan koʻp) termik va qizdirish pechlariga hamda marten pechlariga portlash klapanlarini oʻrnatish talab etilmaydi.
212. Yonish mahsulotlari bevosita sexga yoki “soyabon”dan tutun yoʻliga olib ketiladigan pechlarda portlash klapanlarini oʻrnatish shart emas.
213. Portlash klapanlari, odatda, oʻtxona va tutun yoʻllarining yuqori qismiga, shuningdek, gaz toʻplanishi mumkin boʻlgan boshqa joylarga oʻrnatilishi lozim. Portlash klapanlarini oʻrnatish joyi, soni va oʻlchamlari loyiha bilan belgilanadi. Bitta portlash klapanining yuzasi kamida 0,05 m boʻlishi lozim.
214. Xizmat koʻrsatish xodimlari uchun xavfsiz joylarda portlash klapanlarini oʻrnatish imkoni boʻlmasa, klapan ishlab ketadigan hollar uchun himoya qurilmalari koʻzda tutilgan boʻlishi lozim.
215. Agregatlarni gaz yoqilgʻisida ishlash uchun qayta jihozlash mazkur Qoidalarning 5-bandi talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
216. Agregatlar joylashgan binolarni shamollatish va yoritish QMQ 2.04.05-97 “Havoni moʻtadillash, isitish va shamollatish”, QMQ 2.01.05-98 “Tabiiy va sunʼiy yorugʻlik”, GOST 12.4.021 hamda boshqa tegishli davlat standartlari talablariga javob berishi lozim.
217. Qozonxona binolaridagi uglerod oksidi miqdorini nazorat qilish “Qozonxona binolaridagi uglerod oksidi miqdorini nazorat qilish boʻyicha yoʻriqnoma”ga (ushbu hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2011-yil 8-noyabrdagi 6-24/11-11817/6-sonli xulosasi bilan normativ-texnik hujjat deb topilgan) muvofiq bajarilishi lozim.
2-§. Metallarga gaz alangasida ishlov berish uchun uskunasiga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
218. Metallarga gaz alangasida ishlov berish uchun qoʻllaniladigan gaz tarqatish postlari muqim oʻrnatilgan boʻlishlari lozim. Suyultirilgan uglevodorod gazi yoki atsetilendan foydalanilganda postlar koʻchma boʻlishi mumkin.
219. Atsetilen oʻtkazgichlari va uskunalarini yasash hamda ularni ishlatish atsetilen uskunalariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
220. Metallarga gaz alangasida ishlov berish uchun tabiiy hamda SUGlar qoʻllaniladigan sex, uchastka va ustaxonalarning gaztaʼminoti gaz quvurlar orqali amalga oshirilishi lozim. Suyultirilgan gaz bilan ballon uskunalari orqali taʼminlash mumkin. Bevosita gaz tarqatish posti yonida faqat bitta SUG ballonini oʻrnatishga ruxsat etiladi.
221. Ikki yoki undan koʻproq ballonlarni oʻrnatish zarur boʻlsa, ularni bino devori tashqarisi yoniga joylashtirib, umumiy sigʻimi 1 m3 (1000 L) dan koʻp boʻlmagan yoki ballonlarni gaztaʼminoti tizimi tuzilishiga qoʻyiladigan talablarga mos masofaga joylashtirib, umumiy sigʻimi 1,5 m3 (1500 L) dan koʻp boʻlmagan gaz-ballon uskunalari guruhiga birlashtirish lozim.
222. Muqim gaz tarqatish postlari gaz isteʼmol qilinadigan joylardagi devor, ustun va boshqa konstruksiyalarga quyidagi minimal masofalarga rioya etib oʻrnatilishi lozim:
a) izolatsiyalangan sim va elektr kabellarigacha — 1 m;
b) ochiq simlargacha — 2 m.
223. Gaz tarqatish postlari mexanik shikastlanishlardan ishonchli muhofazalangan boʻlishi lozim.
224. Suyultirilgan gazlarning gaz tarqatish postlarini ochiq yertoʻla, quduq va boshqa chuqurliklarga 10 m dan yaqin masofaga oʻrnatish man etiladi. Yertoʻla va oʻralardan SUG ning gaz tarqatish postigacha boʻlgan masofa 25 m dan kam boʻlsa, bu yerlarga signalizatsiyali avtomatik gazanalizatorlar oʻrnatilishi, ular SUG ning miqdori alangalanish quyi chegarasining 20 foizidan kam boʻlgan paytda ishlab ketishi lozim. Quduqlar ikkita qopqoqli tuynuklar bilan jihozlanishi lozim.
225. Muqim gaz tarqatish postlari shamollatish uchun teshiklari boʻlgan metall qutiga joylashtirilishi lozim. Kislorod va yonuvchan gazning gaz tarqatish postlari orasidagi masofa kamida 150 mm boʻlishi lozim. Ish paytida quti eshikchalari ochiq boʻlishi lozim. Gaz tarqatish postidan foydalanuvchi ishchi boʻlmagan paytda quti qulf bilan bekitilishi lozim.
226. Gaz tarqatish postlari, qutilarining tanituvchi rangi va ulardagi xabarlash-ogohlantirish yozuvlari GOST 12.2.008 talablariga mos boʻlishi lozim.
227. Atsetilen va uning oʻrnida ishlatiladigan gazlarning muqim gaz tarqatish postlari tegishli berkitish armaturasi va yopiq turdagi suyuqlikli qaytargich (zatvori) yoki quruq qaytargich (zatvori) bilan jihozlangan boʻlishi lozim. Suyuqlikli qaytargichlar qish faslida muzlamaydigan suyuqlik bilan toʻldirilishi lozim.
228. Tabiiy va SUG lar uchun saqlash qaytargichlari oʻrniga teskari klapan oʻrnatish mumkin.
229. Suyuqlikli yoki quruq turdagi saqlash qaytargichlari, shuningdek, teskari klapanlar loyiha boʻyicha yasalishi va gazning qabul qilingan bosimi va sarfiga tegishlicha ishlatilishi lozim.
230. Yonuvchan gazlarning gaz alanga apparaturasidan oldingi bosimi gaz va apparatura turiga qarab belgilanadi.
231. Atsetilen oʻrniga ishlatiladigan I-darajali gazlar uchun bosimning quyi chegarasi yondirgich yoki keskich tavsifida koʻrsatilgandan past boʻlmasligi, lekin 3,0 kPa dan past boʻlmasligi lozim.
232. Gaz tarqatish postlariga tabiiy gaz yoki SUG lar gaz quvurlari orqali uzatilsa, quvurdagi gaz bosimi 0,15 MPa dan koʻp boʻlmasligi lozim. Gaz quvurida bosim 0,15 MPa dan koʻp boʻlsa, suyuqlikli yoki quruq qaytargich (zatvor) yoxud teskari klapan oldiga gaz rostlash uskunasi oʻrnatilishi lozim.
233. Gaz tarqatish postini gaz bilan taʼminlaydigan ballonga gaz bosimni pasaytirish uchun reduktor oʻrnatilishi lozim.
234. Bitta suyuqlikli yoki quruq qaytargich (zatvor)ga yoxud teskari klapanga faqat bitta keskichni ulash mumkin. Agar gaz tarqatish posti bitta operator xizmat koʻrsatadigan mashinani taʼminlasa, mashinaga oʻrnatiladigan yondirgich yoki keskichlar soni faqat qaytargich (zatvor) yoki klapanning oʻtkazish qobiliyati bilan cheklanadi.
235. Gaz bosimini rostlagichlar gaz alangasida ishlov berish uskunasining tarkibiga kirsa, shu jumladan, tanavorlarni uzluksiz quyish mashinalari (TUQM)ning gaz bilan kesish qurilmalariga, shuningdek, gaz taqsimlash qalqonlariga ham oʻrnatilgan boʻlsa, ular GRU deb hisoblanishi va ularni qurish hamda ishlatishda mazkur Qoidalarning talablariga rioya qilish lozim.
236. Ishlatilayotgan TUQM uskunalari uchun gaz taqsimlash qalqonlarini yer sathidan yuqoriga chiqarish imkoni boʻlmasa, GRU ni bexatar ishlatilishini taʼminlaydigan tadbirlar tashkilotda belgilangan tartibda ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi lozim.
V-Bob. Gaz xoʻjaligining portlash-yongʻinga xavfli obyektlariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
237. Portlash-yongʻin va yongʻin xavfliligi darajasi boʻyicha bino va xonalarning toifasini aniqlash tegishli normativ-texnik hujjatlarga muvofiq amalga oshiriladi.
238. Ishlab chiqarishlarning portlash-yongʻin va yongʻin xavfliligi boʻyicha toifasi loyihalash paytida belgilanadi. Bir toifadan boshqasiga oʻtkazish tegishli hisob-kitob bilan tasdiqlangan boʻlishi lozim.
239. Bino ichiga va tashqarisiga joylashtiriladigan gaz uskunalari atrofidagi portlashga xavfli hududlarning oʻrnatilgan elektr uskunaga nisbatan toifasi “Elektruskunalarni oʻrnatish qoidalari” (mazkur hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2004-yil 27-fevraldagi 20-15-62/24-sonli xulosasiga muvofiq normativ-texnik hujjat deb topilgan) ga muvofiq belgilanadi.
240. Ortiqcha bosim ostida ishlayotgan yonuvchan gazlarning tashqi va sex ichki yer usti quvurlari (quvurlar armaturasi, klapanlar, flanetsli birikmalar, NOʻAvaA lar atrofidagi hudud ham kiradi), barcha yonuvchan gazlar va aralashmalarining kondensat toʻplagichlari, javonli GRP va GRU lar, shuningdek, umumiy maqsaddagi javonli uskunalar portlashga xavfsiz obyektlarga sirasiga kiradi.
241. Siyraklanish ostida ishlaydigan gazoʻtkazgich va gaz uskunalari, barcha yonuvchan gazlar va aralashmalarining quduqlarga oʻrnatiladigan kondensat toʻplagichlari portlashga xavfli obyektlar sirasiga kiradi.
242. Gaz xoʻjaligining A toifali bino va xonalariga qoʻyiladigan talablar 5-ilovada keltirilgan.
VI-Bob. Gaz rostlash punktlari va gaz rostlash uskunalariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
243. Gaz bosimini pasaytirish va uni gaz taʼminoti tizimlarida belgilangan darajada saqlash quyidagi uskunalarda amalga oshiriladi:
a) tashkilot hududiga quriladigan GRP larda;
b) gaz isteʼmol qiluvchi agregatlar joylashgan binolarga oʻrnatilgan GRU larda.
244. GRP va GRU lar ularga kirishdagi gaz bosimining miqdoriga qarab quyidagi turlarga boʻlinadi:
a) gaz bosimi 0,05 dan 0,3 MPa gacha boʻlgan oʻrtacha bosimli GRP va GRUlar;
b) gaz bosimi 0,3 dan 0,6 MRa gacha boʻlgan 2-toifa oʻrtacha bosimli GRP va GRUlar;
v) gaz bosimi 0,6 dan 1,2 MPa gacha boʻlgan 1-toifa yuqori bosimli GRP va GRUlar.
245. GRP va GRU larni joylashtirish va tuzilishiga qoʻyiladigan talablar 6-ilovada keltirilgan.
VII-Bob. Yopiq ferroqotishma pechlaridan keyin ferroqotishma gazini sovitish va changdan tozalash uskunalariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
1-§. Umumiy talablar
246. Mazkur boʻlimning barcha talablari gumbaz bilan yopilgan ferroqotishma elektrpechlar ishlaganda hosil boʻladigan texnologik gazlarni “namlab” tozalash qurilmalariga va elektrpechlar gumbazlaridagi gaz olish qurilmasiga ulangan joydan gazsoʻrish stansiyasining bosim kollektorigacha (oʻzini ham qoʻshib) boʻlgan gaz traktiga qoʻllaniladi, bunda elektrpech gumbazidagi gaz olish qurilmasidan, gaz tozalash qurilmasini ham qoʻshib, gazsoʻrish stansiyasining gazpuflagichlarigacha boʻlgan gaz trakti siyraklanish ostida ishlaydi.
247. Pechning gaz tozalash tizimi ishlayotgan paytda gumbaz osti boʻshligʻidagi bosim rejimi elektrpechda eritilayotgan qotishma turiga qarab texnologik yoʻriqnoma talablariga asosan oʻrnatiladi.
248. Bir maromda ishlayotgan yopiq ferroqotishma elektrpechlaridan chiqayotgan gaz tarkibida kislorod hajm boʻyicha 2 foizdan, vodorod 12 foizdan ortiq boʻlmasligi lozim, bundan pechda marganets va xromli qotishmalar eritilayotgan holatlar mustasnodir, bu paytda gazdagi vodorod miqdori 15 foizgacha boʻlishiga yoʻl qoʻyiladi.
249. Gazsoʻrish stansiyasining bosim kollektoridagi gazda kislorod miqdori hajm boʻyicha 1,5 foizgacha koʻtarilganda yorugʻlik-tovush xabari berilishi, kislorod 2 foizga yetganda esa, elektrpechdan gaz olib ketish jarayoni darhol toʻxtatilishi lozim.
2-§. Gaz tozalash qurilmasiga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
250. Har bir yangidan loyihalanayotgan elektrpech ishchi va zaxira liniyasi boʻlgan alohida gaz tozalash qurilmasi (gaztozalagich) bilan jihozlanishi lozim.
251. Gaz tozalash apparatlari iflos gazni namlovchi qiya gazoʻtkazgichning (pech gumbazidagi gaz olish qurilmasi va gaztozalagich orasidagi) uzunligini kamaytirish maqsadida elektrpech yaqiniga oʻrnatilishi lozim.
252. Gaztozalash apparatlarining barcha tarafida eni kamida 1 m li oʻtish yoʻlagi boʻlishi lozim. Gaztozalash apparatlari orasidagi asosiy oʻtish yoʻlagining eni kamida 1,2 m boʻlishi lozim.
253. Gazni elektrpech gumbazidan gaztozalagichga olib ketuvchi gaz traktining boshlanishida berkitish qurilmasi oʻrnatilgan boʻlishi, tiqin oʻrnatish va gazoʻtkazgichga bugʻ yoki inert gaz uzatish koʻzda tutilishi lozim.
254. Gazoʻtkazgich elektrpech gumbazidagi gaz olish qurilmasidan gaz tozalash apparatlarigacha kamida 0,1 nishablikda yotqizilishi hamda gazni namlash va changni yuvib tashlash uchun suv keltirish jihozlari bilan taʼminlanishi lozim.
255. Qiya gazoʻtkazgichga uni ish paytida tozalab turish uchun oʻrnatilgan tuynukchalar havo soʻrilishiga yoki gazoʻtkazgichdan gaz chiqishiga yoʻl qoʻymaydigan bugʻ “pardasi” bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
256. Iflos gazni pech gumbazidan gaztozalagichga yoki iflos gaz svechasiga olib ketish tarmogʻiga berkitish qurilmasi sifatida gidravlik qaytargich (zatvor) oʻrnatilishi mumkin.
257. Suv har bir gaztozalash apparatiga ushbu gaztozalash blokiga suv uzatiladigan umumiy kollektordan alohida quvurlar orqali berilishi lozim.
258. Suv taʼminoti tizimidagi tindirilgan suvning bosimli kollektori gaztozalash apparatlari joylashgan bino ichidan oʻtkazilgan boʻlishi lozim. Gaztozalash apparatlari qish faslida toʻxtatilganda gaztozalagichning suvoʻtkazgichlaridan suvni toʻkib tashlash uchun ularning pastki qismiga yopuvchi armaturali shtutser oʻrnatilgan boʻlishi lozim. Suvoʻtkazgichlardan toʻkilayotgan suvning oqimi uzilib-uzilib tushishini nazorat qilib turish lozim.
259. Gaztozalash tizimi gaz traktining barcha hajmini juda qisqa muddatda samarali puflanishini taʼminlaydigan bugʻ yoki inert gaz keltiruvchi quvurlar bilan jihozlangan boʻlishi lozim. Bunda bugʻ yoki inert gaz gaztozalash tizimiga alohida quvurlar orqali keltirilishi lozim, bu quvurlarga boshqa isteʼmolchilarni ulash man etiladi.
260. Gaztozalashga bugʻ yoki inert gaz keltiruvchi quvur sex kollektoriga ulangan joyda elektrlashtirilgan zulfin boʻlishi lozim. Bugʻoʻtkazgichdagi bugʻ bosimi 0,1 MPa dan kamayib ketganda gaztozalash NOʻAvaA qalqon (shchit)iga signal berilib, zulfin avtomatik tarzda yopilishi lozim.
261. Maxsus umumiy sex bugʻ kollektorlari mavjud boʻlsa, elektrzulfin sexga kirayotgan kollektorning boshlanishida oʻrnatilishi mumkin.
262. Gaztozalash blokining birortasi uzoq muddatga toʻxtaganda, unga boradigan quvuroʻtkazgichning tegishli puflash liniyasi tiqin oʻrnatib berkitilishi lozim.
263. Bugʻoʻtkazgichlar bugʻ kollektori tomonga qiya qilib oʻrnatilishi, kollektordan kondensat olib ketish koʻzda tutilgan boʻlishi lozim.
264. Bugʻ gaztozalash apparatlariga muqim (olinmaydigan) quvuroʻtkazgichlar orqali kiritilishi lozim.
265. Gaztozalash apparatlaridan oqova suvlarni faqat suvli qaytargich (zatvor) orqali gaztozalash tizimidagi aylanma sikl kanalizatsiyasining quyqum quvurlariga toʻkish lozim. Gaztozalash apparatidagi suvli qaytargichning balandligi hisoblangan siyraklanish plyus 500 mm ga teng boʻlishi lozim, bunda kondensat toʻplagich idishiga sigʻish sharti bajarilishi lozim.
266. Suvli qaytargichning konstruksiyasi suv bilan toʻldirilgan bakning pastki qismiga yon tomondan keltirilgan toʻkish quvuri koʻrinishida yasalishi lozim. Bak atmosfera bilan berkitish armaturasi boʻlmagan svecha orqali tutashgan boʻlishi lozim.
267. Gaztozalash apparatidan suv olib ketadigan asosiy (markaziy) toʻkish quvuridan tashqari apparatning yuqoriroq sathidan chiqarilgan ikkinchi (zaxira) quvur ham koʻzda tutilgan boʻlishi lozim.
268. Gaztozalash apparatlari va quyqum baklari pech yaqinida oʻrnatilganda, gaztozalash uskunalariga erigan metall tushmasligi uchun koloshnik ish maydonchasining pastida olovga chidamli himoya devori koʻzda tutilishi lozim.
269. Qurilish boʻlayotganda, ferroqotishma gazining gazoʻtkazgichlari va gaztozalash apparatlarining siyraklanish ostida ishlaydigan barcha payvand choklari nazoratning fizik usulida tekshirilishi lozim. Flanetslarning yuzasiga yoʻnib ishlov berilgan boʻlishi lozim.
3-§. Gazsoʻrish stansiyasiga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
270. Yangi qurilayotgan gazsoʻrish stansiyalari (GSS) ikki qavatli boʻlishi, ikkinchi qavatda gazpuflagichlar, birinchi qavatda esa kondensat toʻplagichlar joylashtirilishi lozim.
271. GSS lar alohida turgan binolarga yoki shu GSS lar xizmat koʻrsatadigan sex binolariga taqab qurilgan imoratlarga joylashtirilishi lozim.
272. GSS ning keltiruvchi va olib ketuvchi gaz kollektorlari bino tashqarisida, kondensat toʻplagichlarni yer ustida oʻrnatishga imkon beradigan balandlikda joylashgan boʻlishi lozim.
273. GSS mashina zaliga oʻrnatilgan gazpuflagichlar gaz kollektorlaridan elektrlashtirilgan zulfinlar yordamida uzilishi lozim, bundan tashqari, tiqinlar oʻrnatish uchun qurilmalar ham koʻzda tutilgan boʻlishi lozim.
274. Gazpuflagichlarni GSS toza gazining bosimli kollektoridan uzib qoʻyish uchun gazpuflagichdan umumiy kollektorga gaz uzatuvchi har bir gaz quvuriga gaz yoʻnalishi boʻyicha zulfin oldiga tezkor uzuvchi klapan oʻrnatilishi lozim.
275. Gazpuflagichlar GSS binosi konstruksiyalari bilan bogʻliq boʻlmagan alohida poydevorga oʻrnatilishi lozim.
276. Dvigatel quvvati 150 kW dan koʻp boʻlmasa va dinamik yuklanmalar binoga berilishiga yoʻl qoʻymaydigan titrama-asos oʻrnatilgan boʻlsa, gazpuflagichlarni ustyopmalar ustiga oʻrnatish mumkin.
277. GSS ning texnologik sxemasi sifatsiz (nokonditsiya) gazni, ushbu gaz yoqiladigan qurilma bilan jihozlangan, alohida chiqarish svechasi orqali chiqishini taʼminlashi lozim.
278. Gazni chiqarish svechasiga olib ketish gazpuflagichdan keyin joylashgan tezkor uzuvchi klapandan soʻng haydovchi gazoʻtkazgich orqali amalga oshirilishi lozim. Ulanish joyida chiqarish svechasiga elektrlashtirilgan zulfin oʻrnatilishi lozim.
279. Chiqarish svechasining ogʻzi loyihada belgilangan balandlikda boʻlishi lozim.
280. Har bir gazpuflagich, unga tutashgan gazoʻtkazgichlar bilan GSS ga oʻrnatilgan, alohida kondensat toʻplagichlar bilan jihozlangan boʻlishi lozim. Ikkita gazpuflagich uchun kondensat toʻplagichlarni birlashtirish man etiladi.
281. Kondensat toʻplagichdan chiqqan suvni kanalizatsiyaga U-simon gidroqaytargich orqali toʻkish lozim.
282. GSS ga oʻrnatiladigan gazpuflagichlarning dvigatellari elektrtaʼminot puxtaligini taʼminlash boʻyicha I-toifali elektrqabul qilgichlar turiga kiradi.
283. Gazpuflagichlarni ishga tushirish va toʻxtatish masofadan turib GSS ning NOʻAvaA xonasidan yoki gaztozalashning sex markaziy dispetcher punktidan va har bir gazpuflagichning mahalliy boshqaruv qalqon (shchit)idan amalga oshirilishi lozim.
VIII-Bob. Prokat, quvurprokat, metiz va termik sexlarning qizdirish qurilmalariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
1-§. Qizdirish qurilmalarini isitilishiga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
284. Qizdirish qurilmalariga gaz berishdan avval barcha pech mexanizmlari, nazorat-oʻlchov apparaturalari, shuningdek, zulfin, drossel qurilmalari, uzuvchi klapan va boshqa armaturalarning sozligini tekshirish lozim.
285. Ochib-yopuvchi klapan shtoklarining moytutqich (salnik)lari zichlangan boʻlishi lozim. Ularning holatini har smenada tekshirib turish lozim.
286. Ochib-yopish qurilmalari gaz va havo klapanlarining bir vaqtda ochilib-yopilishga yoʻl qoʻymaydigan blokirovkaga ega boʻlishi lozim.
287. Klapanlarning ochilib-yopilishidan avval va ochib-yopilish paytida avtomatik tarzda tovush yoki yorugʻlik signali berilishi lozim.
288. Klapanlarning ochilib-yopilish paytida ularning yaqinida odamlar boʻlishi man etiladi.
289. Isitilgan yoqilgʻida ishlaydigan regenerativ pechlar borovlarining gumbaz va devorlari germetik boʻlishi lozim.
290. Borovlar maxsus zichlovchi suvoqlar bilan qoplangan boʻlishi lozim.
291. Pechlarning borovlariga kirish uchun tuynuklar, agar loyihada boshqa konstruksiya koʻzda tutilmagan boʻlsa, borovning yuqori qismida joylashgan boʻlishi lozim. Borov tuynugiga tushish uchun mustahkam qotirilgan tutqichlar yoki narvonlar oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
292. Kuzatish tuynuklarida chuqurchaga zich qilib oʻtqazilgan qoʻsh qopqoqlar boʻlishi lozim.
293. Qizdirish qurilmalarining borovlari suv tushishidan muhofazalangan boʻlishi, suv tushganda darhol tortib olinishi lozim.
2-§. Metall va qotishmalarga termik ishlov berilishiga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
294. Himoya atmosferasida ishlaydigan pechlar germetik boʻlishi lozim.
295. Choʻzish, oʻtish, konveyer va boshqa uzluksiz ishlovchi pechlar himoya gazlarini yoqish yoki tutish qurilmalari bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
296. Barcha termik agregatlar nazorat-oʻlchov apparaturasi va haroratni avtomatik rostlash tizimi bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
297. Qalpoqli pechlar binodan tashqariga chiqarilgan svechalar bilan jihozlangan boʻlishi lozim. Himoya gazi mufel ostidan bevosita sex binosiga chiqarib yuborilmasligi lozim.
298. Qalpoqli pechlar ostida joylashgan yertoʻlalar kiritish-tortish shamollatgichlari bilan jihozlanishi lozim.
299. Qalpoqli pechni shamollatgichsiz ishlatish man etiladi.
300. Stendlarga oʻrnatilgan mufellarning germetikligi (qumli, suvli, aralash va boshqa turdagi) qaytargich (zatvor)lar yordamida taʼminlanishi lozim.
301. Qalpoqli pechlarning qaytargich (zatvor)lari himoya gazining tashqariga chiqishiga va pech ish boʻshligʻiga havo soʻrilishiga yoʻl qoʻymasligi lozim.
302. Pechlarning boshqarish organlari oʻrnashgan joyi xodimlarning issiqlikdan nurlanishiga yoʻl qoʻymasligi lozim.
303. Vodorod qoʻllanilib ishlaydigan pechlar joylashgan sex binolariga yorugʻlik va tovush signalizatsiyasi oʻrnatilib, avtomatik gazoanalizator bilan jihozlanishi lozim.
304. Gʻilof va uzellarning oraliq joylarini zichlashtirish uchun ishlatiladigan materiallar vodorod bilan kimyoviy oʻzaro taʼsirga kirmasligi, shuningdek, harorat taʼsirida ularning gaz singdiruvchanligi yoki bugʻlanishi oshmasligi lozim.
305. Vodorod keltiruvchi va olib ketuvchi quvurlarning oʻzaro joylashuvi pechni samarali puflanishini taʼminlashi va harakatsiz zonalar hosil qilmasligi lozim.
306. Qalpoqli pechlarni ishga tushirishdan oldin mufel osti boʻshligʻi va joʻmraklarning germetikligi tekshirilishi lozim.
307. Vodorod ishlab chiqarish uskuna va agregatlarining, shuningdek, gazoʻtkazgichlarning konstruksiyasi ularni puflab tozalash imkonini taʼminlashi lozim.
308. Vodorodni toʻliq siqib chiqarish uchun mufel osti boʻshligʻini uch karra hajmli azot bilan puflash lozim.
309. Yangi ishga tushirilayotgan qalpoqli pechlar uchun yumshatish jarayonining butun davrida mufel osti boʻshligʻi germetikligi uzluksiz nazorat qilinishi lozim.
310. Vakkumli-vodorod pechlari qalpogʻining devori vodorod muhitiga bardoshli, olovga chidamli materialdan qilinishi lozim.
311. Mufel yoki qalpoq ostida bosim pasayganda (vakkumli-vodorod pechlari uchun) vodorod uzatilishi avtomatik ravishda toʻxtashi va inert gaz bilan puflash tizimi ishga tushishi lozim. Shu paytning oʻzida tovush va yorugʻlik signalizatsiyasi ishlab ketishi lozim.
312. Termik ishlov berish boʻlinmasida mufel va qalpoqlarni zichlikka sinash hamda taʼmirlash uchun stendlar koʻzda tutilgan boʻlishi lozim.
313. Vodorod olish va tozalash uskunalarida ajralma flanetsli birikmalar soni minimal boʻlishi lozim.
314. Alohida qalpoqlarga gaz keltiruvchi quvurlarni ulash, gazni yoqish, qalpoqli gaz pechlarini oʻchirish va gazoʻtkazgichlarni taʼmirlash ishlari mazkur Qoidalar talablariga muvofiq bajarilishi lozim.
IX-Bob. Gaz chiqarish qurilmalariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
315. Ortiqcha ferroqotishma gazini vaqti-vaqti bilan yoqib turish uchun maxsus gaz chiqarish qurilma (GChQ)lari oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
316. Ortiqcha gaz yoqilishi koʻzda tutilmagan yangi GChQ larni qurish man etiladi.
317. GChQ lar sexdagi birinchi ferroqotishma pechi bilan bir vaqtda qurilishi lozim.
318. Ferrqotishma ishlab chiqarishining GChQ larini loyihalash, sozlash, ishga tushirish va ishlatish “Mashʼala tizimlarini tuzilishi va bexatar ishlatish qoidalari” (mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2008-yil 18-dekabrdagi 20-15-447/12-sonli xulosasiga muvofiq normativ-texnik hujjat deb topilgan), “Tutun va shamollatish sanoat quvurlarini ishlatishda xavfsizlik qoidalari” (mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2009-yil 30-dekabrdagi 6-15/11-10660/6-sonli xulosasiga muvofiq normativ-texnik hujjat deb topilgan) talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
319. GChQ larning ishlashi toʻliq avtomatlashtirilgan boʻlishi lozim. GChQ lar gazoʻtkazgichlardagi gaz bosimi belgilangandan ortiq koʻtarilib ketganda avtomatik ishga tushishi va piligi doim yonib turadigan yondirgichlar yoki avtomatik ishga tushadigan pilikli qurilma bilan jihozlanishi lozim.
320. Doim yonib turadigan yoki avtomatik pilikdan tashqari ehtiyot yuzasidan dastaki masofadan turib gaz yoqish moslamasi koʻzda tutilgan boʻlishi lozim.
321. GChQ lar gaz bosimi belgilangan miqdorga pasayganda avtomatik tarzda oʻchishi lozim.
322. Yonuvchan gazlarning GChQ lari qoʻshni bino va inshootlardan gorizontal boʻyicha kamida 30 m uzoqlikda boʻlishi lozim. Agar bu talabni bajarib boʻlmasa, GChQ ning ogʻzi qoʻshni bino, inshoot va xizmat koʻrsatish maydonchalaridan kamida 15 m yuqoriga chiqarilgan boʻlishi lozim. Yonuvchan gazlarning GChQ laridan portlash-yongʻinga xavfli mahsulotlarning omborlarigacha boʻlgan masofa kamida 75 m ni tashkil etishi lozim.
323. Yangi qurilayotgan GChQ larning ogʻzi ferroqotishma gazlari uchun kamida 50 m balandlikda boʻlishi lozim.
324. GChQ ogʻziga oʻrnatilgan gaz yondirgichlar gazni atmosferada toʻliq yonishini taʼminlashi lozim.
325. GChQ lar signalizatsiya, nazorat va gaz xoʻjaligining dispetcherlik punkti yoki boshqarish shchiti joylashtirilgan hamda navbatchi xodimlar ishlaydigan navbatchilik xonasiga oʻrnatilgan masofadan turib boshqarish vositalari bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
326. Ferroqotishma gazining yondirgich va piliklarini ishi toʻgʻrisidagi signal, bundan tashqari, gaz xoʻjaligining markaziy dispetcherlik punktiga ham uzatilishi lozim.
327. GChQ larda gaz chiqarish klapanlaridan keyin (yondirgichlardan oldin) klapan har qanday ishga tushirilgan va oʻchirilgan paytda puflash uchun quvuroʻtkazgichlarga bugʻ yoki inert gaz (azot) berilishi koʻzda tutilgan boʻlishi lozim.
328. Klapan inert gaz yoki bugʻ quvurining elektrlashtirilgan joʻmragi bilan blokirovka qilingan boʻlishi lozim.
329. Gaz chiqarish klapanlari va ularga xizmat koʻrsatish maydonchalari GChQ ogʻzidan taxminan 10 m past joylashgan boʻlishi lozim. Xizmat koʻrsatish maydonchasi ustiga issiqlikdan himoyalash ekrani oʻrnatilgan boʻlishi lozim. Ekrandan yuqoridagi barcha konstruksiyalar, jumladan, ustun, yondirgich, qoʻsh oyoqli narvonlar issiqbardosh poʻlatlardan yasalgan boʻlishi lozim.
330. Svechaning balandligi 60 m dan koʻp boʻlsa, supali zinapoya bilan birga, odatda, yuk-yoʻlovchi lifti ham qurilishi lozim.
331. Taʼmirlash ishlarini mexanizatsiyalashtirish koʻzda tutilgan boʻlishi lozim. GChQ sida lift boʻlmasa, gaz chiqarish klapanlariga xizmat koʻrsatish maydonchasiga yuklarni koʻtarish muqim oʻrnatilgan yuk-koʻtarish mexanizmi yordamida amalga oshirilishi lozim.
332. GChQ lar amaldagi bino va inshootlarga yashinhimoyalagichlar oʻrnatish boʻyicha yoʻriqnomaga muvofiq yashinhimoyalagich bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
333. Svechalarining balandligi 50 m dan koʻp boʻlgan hamda aerodrom va aviatrassalar yaqinida joylashgan va umuman, balandligi 100 m dan ortiq boʻlsa, GChQ lar amaldagi tegishli normativ-texnik hujjatlarga muvofiq kunduzgi belgi va yorugʻlik toʻsigʻi bilan jihozlanishi lozim.
334. Ferroqotishma gazlarining GChQ lari binolari gaz xoʻjaligi dispetcherlik punkti bilan, gaz chiqarish klapanlari yaqinidagi maydonchalar esa GChQ binosi bilan bevosita telefon aloqasiga ega boʻlishi lozim.
335. GChQ larning elektr qabul qilgichlari elektrtaʼminot puxtaligining I-toifasiga kiritilishi lozim.
X-Bob. Nazorat-oʻlchov asboblariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
336. Nazorat-oʻlchov asboblari kuzatish, xizmat koʻrsatish uchun qulay boʻlgan joylarga oʻrnatilishi va shikastlanishlardan himoyalangan boʻlishi lozim. Asboblarni almashtirish uchun berkitish qurilmalari koʻzda tutilgan boʻlishi lozim.
337. A va B toifali binolarda birlamchi asboblar sifatida qoʻllaniladigan yonuvchan gazlar sarfi va bosimi datchiklari portlashdan bexatar boʻlishi lozim.
338. Portlashdan bexatar datchiklar mavjud boʻlmasa, A toifali binolar uchun yuqorida koʻrsatilgan datchiklarning umumiy ishlatish turlarini sex imorati tashqarisidagi isitiladigan yopiq shkaflarga oʻrnatib foydalanish lozim. Shkaflarning yuqori qismida svecha, pastida esa shamollatish uchun teshiklar boʻlishi lozim. Datchiklarni ochiq sharoitda oʻlchash oʻtkaziladigan joylar yaqiniga, shkaf va maxsus xonalarga joylashtirish mumkin.
339. G va D toifali binolarda umumiy ishlatiladigan elektr datchiklardan foydalanish mumkin.
340. Boshqarish postlari va qalqon (shchit)li xonalarda faqat yonuvchan gazlarning sarfi va bosimini oʻlchaydigan ikkilamchi asboblar oʻrnatilishi lozim. Gaz bosimidan qatʼi nazar, bu xonalarga yonuvchan gazlarning impuls quvuroʻtkazgichlarini kiritish man etiladi.
341. Umumiy ishlatiladigan datchiklar yoki gazoanalizatorlar oʻrnatilgan sex ichidagi G va D toifali binolarga yonuvchan gazlarning impuls quvuroʻtkazgichlarini kiritish uchun ushbu binolar yuqori va pastki qismidagi ochiq darchalar orqali sex bilan tutashgan boʻlishi lozim. Bu holda yuqoridagi darchaning yuzasi bino yuzasining kamida 15 foizini, pastki qismidagisi esa kamida 10 foizini tashkil etishi lozim.
342. Agar G va D toifali sex binolarining ichiga qurilgan yopiq xonalarga yonuvchan gazlarning impuls quvuroʻtkazgichlari kiritilgan boʻlsa hamda mazkur Qoidalarning 345-bandi talabi boʻyicha sex bilan tutashish uchun darchalar qilib boʻlmasa, bu xonalar zaharli gazlar uchun — 1 soatda havoni olti karra, zaharmas gazlar uchun — uch karra almashishini taʼminlaydigan shamollatgich bilan jihozlanishi va shamollatish tashlandiqlari sex tashqarisiga chiqarib yuborilishi lozim.
343. Yonuvchan gazlarning datchik (yoki gazoanalizator)larini joylashtirish uchun sex binolariga taqab qurilgan imoratlarning toifasi portlash-yongʻin va yongʻin xavfsizligi qoidalari talablariga muvofiq hisoblanib aniqlanadi.
344. Agar taqab qurilgan imorat mazkur Qoidalarning 345-bandi talabiga muvofiq sex binosi bilan ochiq darcha orqali tutashgan boʻlsa, u sex binosi toifasiga kiritiladi.
345. Datchiklar javonga joylashtirilgan boʻlsa, u shamollatish uchun yuqori va pastki qismida teshiklarga, shuningdek, agar sex isitilmasa, isitish qurilmasiga ega boʻlishi lozim.
346. Sexlararo gaz quvurlariga tegishli datchiklar xonasini bevosita shu quvurlar ostiga oʻrnatishga yoʻl qoʻyiladi. Bunda xona tomidan quvuroʻtkazgichning pastki qismigacha kamida 2 m ochiq masofa boʻlishi lozim.
347. Impuls quvuroʻtkazgichlarni loyiha hujjatlariga muvofiq yotqizish lozim.
348. Namli gazning impuls quvuroʻtkazgichlari, oʻlchash diafragmalari, datchik va rostlash armatura (drosselli klapan va boshqa)lar bino tashqarisida yoki isitilmaydigan binolarda joylashtirilganda ularni isitish koʻzda tutilgan boʻlishi lozim.
349. Nazorat-oʻlchov asboblarini gaz apparatlari va gazoʻtkazgichlarga quvurchalar orqali ulash lozim.
350. Gaz bosimi 0,1 MPa gacha boʻlsa, nazorat-oʻlchov asboblarini kamida 0,63 MPa ga moʻljallangan standart rezina-matoli yengliklar yordamida ulash mumkin.
351. Rezina-matoli yengliklar uzunligi 1 m dan koʻp boʻlmasligi hamda gaz quvurlari va asboblarning shtutsyerlariga belbogʻ (xomut)lar bilan mahkamlanishi lozim.
352. Radioaktiv izotoplarni mazkur Qoida talablariga rioya qilib, texnologik jarayonlarni nazorat qilishning boshqa usullaridan foydalanib boʻlmagan hollarda qoʻllash mumkin.
353. Nazorat-oʻlchov asboblari qalqon (shchit)lari va uskuna yoki binoning qurilish konstruksiyalari orasidagi masofa 0,8 m dan kam boʻlmasligi lozim.
XI-Bob. Gazoʻtkazgich va gaz uskunalarini qurilishiga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
1-§. Quvur va materiallariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
354. Gazoʻtkazgichlarni qurish uchun 7-ilovada keltirilgan talablarga muvofiq poʻlat quvurlar qoʻllanilishi lozim.
355. Quvurlar va gaz uskunalarining apparatlarini poʻlat listdan tayyorlash metall konstruksiyalarni ishlab chiqarish va qabul qilish talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
356. Flanetsli birikmalar quyidagicha zichlashtirilishi lozim:
a) past bosimli tabiiy va ferroqotishma gazlarning oʻtkazgichlaridagi har qanday diametrli flanetslar — toʻqilgan asbest bogʻich (shnur) bilan;
b) oʻrtacha va yuqori bosimli tabiiy va ferroqotishma gazlarning oʻtkazgichlaridagi har qanday diametrli flanetslar — paronit bilan.
357. Rezbali birikmalarni zichlashtirish uchun tabiiy olif moyida eritilgan surik yoki oq boʻyoq shimdirilib eshilgan zigʻir arqon ishlatilishi lozim.
358. Kanop arqonni yoki tabiiy olif oʻrnini bosuvchilarni ishlatishga ruxsat etilmaydi.
2-§. Payvandlash ishlariga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
359. Gazoʻtkazgichlarni yigʻish va payvandlash ishlari “Texnologik quvuroʻtkazgichlarning tuzilishi va xavfsiz ishlatish qoidalari” (mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2009-yil 1-dekabrdagi 6-15/23-9626/6-sonli xulosasiga muvofiq normativ-texnik hujjat deb topilgan) va mazkur Qoidalar talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
360. Gazoʻtkazgichlar payvand quvurlardan ulanib yasalayotganda uchma-uch tutashtirilayotgan quvurlarning boʻylama payvand choklari bir-biriga nisbatan kamida 50 mm masofaga siljitilgan boʻlishi lozim.
361. Gazoʻtkazgichlar ham payvand quvurlardan, ham yaxlit tortilgan quvurlardan yasalayotganda quvurlarga payvandlanayotgan tarmoqlarning qisqa quvuri, shtutsyerlar, tuynuklarning qisqa quvuri, svechalar va boshqa moslamalar (qisqa quvurdan hisoblaganda) payvand choklaridan kamida 100 mm uzoqlikka oʻrnatilishi va quvurlarning payvand choklariga toʻgʻri kelmasligi lozim.
362. Gazoʻtkazgichlarning yangi uchastkalari va gaz uskunalarini mavjud gazoʻtkazgichlarga ulash ishlari mazkur Qoidalarning “Gazga xavfli ishlarni bexatar bajarishni tashkil etish” boʻlimi talablariga rioya etib bajarilishi lozim.
3-§. Gazoʻtkazgichlar va gaz uskunalarini sinashga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
363. Barcha gazoʻtkazgichlar va gaz uskunalarini qurilish-montaj, taʼmirlash va payvandlash ishlari bajarilgandan hamda ishlarning sifatini tasdiqlovchi hujjatlar rasmiylashtirilgandan keyin tashqi koʻrikdan oʻtkazish, mustahkamlik va zichlilikka sinash, shuningdek, qoʻshimcha ravishda germetiklikka sinash “Texnologik quvurlarning tuzilishi va xavfsiz ishlatish qoidalari” (mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2009-yil 1-dekabrdagi 6-15/23-9626/6-sonli xulosasiga muvofiq normativ-texnik hujjat deb topilgan) talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
364. Tashqi koʻrikdan oʻtkazishda quyidagilar tekshiriladi:
a) montaj qilingan gazoʻtkazgichlar, uskuna va armatura turlarining loyiha hujjatlariga muvofiqligi;
b) barcha montaj ishlarining, shu jumladan termik ishlov berish va payvandlash ham, toʻgʻri bajarilganligi va ularning loyiha hujjatlariga muvofiqligi;
v) armatura montaji toʻgʻriligi, uni ochish va yopish osonligi;
g) nazorat-oʻlchov asboblari va avtomatika vositalarining mavjudligi va loyihaga mosligi;
d) xizmat koʻrsatish maydonchalari va zinapoyalarning mavjudligi;
e) loyihadagi barcha mahkamlagichlarning oʻrnatilganligi va himoyaviy yerga ulash moslamasi mavjudligi;
j) montaj hujjatlarining toʻliqligi va toʻgʻri rasmiylashtirilishi.
Koʻrik natijalari oʻrnatilgan tartibda rasmiylashtiriladi.
365. Sinovni oʻtkazish tartibi va uslubi mazkur Qoidalar talablarini hisobga olgan holda belgilanadi. Sinov dasturi belgilangan tartibda kelishilib tasdiqlanadi. Sinov natijalari belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi.
366. Sinov turi (mustahkamlik va zichlilikka, germetiklikka qoʻshimcha sinash), sinov usuli (gidravlik, pnevmatik) va sinov bosimining kattaligi har bir gazoʻtkazgichning loyihasi boʻyicha olinadi. Sinov toʻgʻrisida koʻrsatmalar boʻlmasa, sinov usuli va bosimi miqdori ushbu Qoidalarga muvofiq olinadi.
367. Mustahkamlik va zichlilikka sinashdan oldin tashqi gazoʻtkazgichlarning ichki boʻshligʻini puflab tozalash lozim. Sex ichki gazoʻtkazgichlarning ichini montaj qilishdan avval tozalash lozim.
368. Gazoʻtkazgich va gaz uskunalarini sinash paytidagi bosim qiyoslashdan oʻtgan va tamgʻalangan ikkita manometr yordamida oʻlchanishi lozim. Manometrlarning aniqlik sinfi 1,5 dan kam boʻlmasligi, korpus diametri esa kamida 160 mm ni va nominal bosimga shkalasi oʻlchanayotgan kattalikning kamida 4/3 va koʻpi bilan 5/3 qismini tashkil etishi lozim.
369. Gazoʻtkazgichlarni mustahkamlik va zichlilikka sinash pnevmatik yoki gidravlik usulda amalga oshirilishi mumkin.
370. Ichki diametri 300 mm dan katta boʻlgan past va oʻrtacha bosimli (0,3 MPa gacha) gazoʻtkazgichlarni havo bilan sinash lozim. Bundan tashqari pnevmatik sinov usuli quyidagi hollarda yoʻl qoʻyiladi:
a) agar koʻtarib turuvchi qurilish konstruksiyalari yoki gazoʻtkazgich suv bilan toʻldirishga moʻljallanmagan boʻlsa;
b) atrof-muhit havosining harorati 0˚S dan past va gazoʻtkazgichning ayrim uchastkalari muzlab qolishi mumkin boʻlsa.
371. Kulrang choʻyandan yasalgan armaturalar oʻrnatilgan gazoʻtkazgichlar uchun mustahkamlikka pnevmatik sinov bosimi 0,4 MPa dan koʻp boʻlmasligi zarur.
372. Ichki diametri 300 mm gacha boʻlgan yuqori bosimli sexlararo va sex ichki gaz quvurlari, qoidaga koʻra, gidravlik usul bilan sinalishi lozim. Ularni mazkur Qoidalar talablari va ishlarni bajarish loyihasida koʻzda tutilgan maxsus xavfsizlik chora-tadbirlarini koʻrib sinash lozim.
373. Mustahkamlikni pnevmatik usulda sinash quyidagilar uchun yoʻl qoʻyilmaydi:
a) ishlab turgan sexlarda joylashgan gazoʻtkazgichlar;
b) estakada va ariqlarda joylashgan gazoʻtkazgichlar, agar bu joylardagi quvuroʻtkazgichlar foydalanishda boʻlsa.
374. Gazoʻtkazgichlarni mustahkamlik va zichlilikka, sinov usulidan qatʼi nazar, bir vaqtda sinash lozim.
4-§. Gazoʻtkazgichlarni sinashga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
375. Sexlararo va sex gazoʻtkazgichlari alohida-alohida sinalishi lozim.
376. Alohida turgan tayanchlarga, bino tashqarisida devorlar va tom boʻylab yotqizilgan sexning tashqi gazoʻtkazgichlarini sex ichki gazoʻtkazgichlaridan alohida sinash lozim.
377. Mustahkamlikka sinash bosimi kattaligi (Rs) “Texnologik quvurlarning tuzilishi va xavfsiz ishlatish qoidalari” (mazkur qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2009-yil 1-dekabrdagi 6-15/23-9626/6-sonli xulosasiga muvofiq normativ-texnik hujjat deb topilgan)ning 432-bandi talabiga muvofiq aniqlanishi va loyihada belgilab qoʻyilishi lozim.
378. Ish bosimi R ≤ 0,015 MPa boʻlgan gazoʻtkazgichlarni Rs = 0,02 MPa ga teng, agar R 0,015 dan 0,1 MPa gacha boʻlsa, Rs = 1,25 R MPa, lekin 0,1 MPa dan koʻp boʻlmagan sinov bosimi bilan sinash lozim.
379. Barcha sexlararo past bosimli gazoʻtkazgichlar faqat zichlikka sinalishi lozim.
380. Quvuroʻtkazgichdagi sinov bosimi 10 daqiqa mobaynida (mustahkamlikka sinash) ushlab turiladi, shundan soʻng ish bosimigacha pasaytiriladi va payvand choklar puxtalik bilan tekshirishdan oʻtkaziladi (zichlikka sinash). Tekshirish tugagach bosim qaytadan sinov kattaligiga koʻtariladi va 5 daqiqa ushlab turiladi, shundan soʻng yana ish bosimigacha pasaytiriladi va quvuroʻtkazgichlar takroran koʻrikdan oʻtkaziladi.
381. Zichlikka sinash muddati gazoʻtkazgichni koʻrikdan oʻtkazish va ajralma birikmalarning germetikligini tekshirishga ketadigan vaqt bilan belgilanadi.
382. Pnevmatik sinov havo yoki inert gaz (azot) bilan faqat sutkaning yorugʻ paytida oʻtkazilishi lozim.
383. Gazoʻtkazgichlarni pnevmatik sinov zarur xavfsizlik choralari koʻzda tutilgan, tashkilotning belgilangan tartibda tasdiqlangan yoʻriqnomasi asosida oʻtkazilishi lozim.
384. Mustahkamlikka sinov oʻtkazilayotgan paytda binolarning ichida ham, tashqarisida ham muhofaza hududi belgilab qoʻyilishi lozim. Muhofaza hududining chegaralari bayroqchalar bilan belgilanishi va toʻsilishi lozim. Sinalayotgan gazoʻtkazgichdan hudud chegarasigacha boʻlgan minimal masofa kamida 25 m ni, yirik diametrli gazoʻtkazgichlar va zaharli gazlarning oʻtkazgichlari uchun esa kamida 50 m ni tashkil etmogʻi lozim.
385. Bino ichida joylashgan gaz quvurlari uchun muhofaza hududi tegishli sex (obyekt) boshligʻi bilan kelishilgan holda, lekin kamida 10 m qilib belgilanishi lozim.
386. Gaz quvurida bosim koʻtarilayotgan paytda va unda mustahkamlikka sinov bosimi darajasiga erishilganda muhofaza hududida odamlar boʻlmasligi lozim.
387. Zichlikka pnevmatik sinashdan oldin mustahkamlikka gidravlik sinash bajarilgan boʻlsa, muhofaza hududi belgilanmaydi. Bu holda gaz quvurini qoldiq suvlardan tozalash uchun havo bilan puflash lozim.
388. Gazoʻtkazgichni yakuniy koʻrikdan oʻtkazishga faqat sinov bosimi ish bosimigacha pasaytirilgandan soʻng ruxsat etiladi.
389. Aniqlangan kamchiliklar gazoʻtkazgichning bosimi atmosferanikigacha pasaytirilgandan soʻng bartaraf etilishi lozim.
390. Agar sinov chogʻida uzilish, koʻrinadigan deformatsiya, manometr boʻyicha bosim pasayishi yuz bermagan, asosiy metall, payvand choki, armatura korpusi, ajralma birikmalar va barcha ulanishlarda havo chiqishi aniqlanmagan boʻlsa, shuningdek, gidrosinov paytida oqish va terlashlar payda boʻlmasa, mustahkamlik va zichlikka sinov natijalari qoniqarli deb topiladi.
5-§. Germetiklikka qoʻshimcha sinashga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
391. Sexlararo va sex ichki gazoʻtkazgichlar odatdagi mustahkamlik va zichlikka sinashdan tashqari qoʻshimcha tarzda germetiklikka (pnevmatik) sinalishi va sinov davrida bosim pasayishi aniqlanishi lozim. Qoʻshimcha sinash oʻtkazish zarurati loyihada belgilanadi va tashkilotning gaz boʻyicha texnik nazorat xizmati bilan kelishiladi.
392. Sinov ish bosimiga teng bosimda oʻtkaziladi.
393. Gazoʻtkazgichlarni germetiklikka qoʻshimcha sinash barcha montaj ishlari (mustahkamlik va zichlikka sinash, yuvish, oʻlchov diafragmalarining avtomatika asboblari oʻrnatilishi) tugagandan soʻng uskuna bilan birgalikda obyektni majmuas sinash jarayoni paytida havo yordamida oʻtkaziladi. Sexlararo gazoʻtkazgichlar uskunadan alohida sinaladi.
394. Yangi qurilgan gazoʻtkazgichlar uchun qoʻshimcha sinash kamida 24 soat davom etishi va loyihada koʻrsatilishi lozim. Davriy sinovlar paytida, shuningdek, payvandlash va gazoʻtkazgichni qismlarga ajratish bilan bogʻliq boʻlgan taʼmirlashlardan keyingi sinov muddati tashkilotda belgilab qoʻyilishi, lekin 4 soatdan kam boʻlmasligi lozim.
395. Sinash paytida gazoʻtkazgichdagi bosim pasayishi va tuzatish koeffitsiyenti (K) “Texnologik quvurlarning tuzilishi va xavfsiz ishlatish qoidalari” (mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2009-yil 1-dekabrdagi 6-15/23-9626/6-sonli xulosasiga muvofiq normativ-texnik hujjat deb topilgan)ning 462-bandi talabiga muvofiq aniqlanishi lozim.
396. Germetiklikka qoʻshimcha pnevmatik sinash natijalari, agar sinov paytida bosimning pasayish tezligi (ichki diametri 250 mm gacha va unga teng boʻlgan quvuroʻtkazgichlar uchun) quyidagini tashkil etsa, qoniqarli deb hisoblanadi:
a) sex ichki gazoʻtkazgichlar uchun –– soatiga 0,1 foizdan ortiq boʻlmasa;
b) sexlararo gazoʻtkazgichlar uchun –– soatiga 0,2 foizdan ortiq boʻlmasa.
397. Katta diametrli quvuroʻtkazgichlar uchun bosimning pasayish tezligi yuqorida koʻrsatilgan kattaliklarni tuzatish koeffitsiyentiga (K) koʻpaytirib aniqlanadi.
398. Germetiklikka qoʻshimcha sinash tugagach, har bir gazoʻtkazgich boʻyicha dalolotnoma tuzilishi lozim.
6-§. GRP va GRU larni sinashga qoʻyiladigan xavfsizlik talablari
399. GRP va GRU larning gazoʻtkazgich va gaz uskunalari mustahkamlik va zichlikka kirish gaz quvurining zulfinidan chiqish gaz quvurining zulfinigacha boʻlgan chegarada, bunga ulardagi nazorat-oʻlchov asboblariga boruvchi barcha liniyalar ushbu asboblar oldidagi berkitish joʻmraklarigacha kiritilib mazkur Qoidalar talablariga binoan havo yoki inert gaz bilan sinalishi lozim.
400. Agar pasport maʼlumotlari boʻyicha bosim rostlagichlarining boshqarish elementlari va saqlovchi chiqarish klapanlarining kallaklari mustahkamlikka (va zichlikka) sinash bosimiga moʻljallanmagan boʻlsa, ular sinov paytida uzib qoʻyiladi.
7-§. Foydalanishga qabul qilish
401. Gaz xoʻjaligi obyektlari qurilish (rekonstruksiya) yoki kapital taʼmirlash tugagandan soʻng ShNQ 3.01.04-04 “Qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish. Asosiy holatlar” talablariga muvofiq foydalanishga qabul qilinishi lozim.
402. Foydalanishga qabul qilingan gaz xoʻjaligi obyekti olti oy mobaynida ishga tushirilmagan boʻlsa, uni foydalanishga tushirishdan avval gazoʻtkazgich va gaz uskunalarni zichlikka takroran sinash, tutun chiqarish va shamollatish tizimlarining holati, uskuna, armatura, himoya-saqlovchi qurilma va avtomatika tizimlarining toʻliqligi va sozligi tekshirilishi lozim. Barcha aniqlangan nuqsonlar obyektni foydalanishga tushirishga qadar bartaraf etilishi lozim.
403. Mazkur Qoidalardan chetga chiqishlar boʻlgan gaz xoʻjaligi obyektlarini foydalanishga qabul qilish va ishlatishga yoʻl qoʻymaslik kerak.
XII-Bob. Dispetcherlik boshqaruvi, aloqa va xabarlash
404. Korxonalarning gaz xoʻjaligini boshqarish dispetcherlik xizmati sexlarga maqbul gaz taqsimlanishini, gaz rejimini bir maromda tutish va gazoʻtkazgich hamda gaz uskunalarining bexatar ishlatilishini taʼminlab, butun gaz xoʻjaligi ishi ustidan boshqaruv va nazoratning ishonchliligi va tezkorligini oʻrnatilgan tartibda amalga oshiradi.
405. Yangi qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan gaz xoʻjaligining dispetcherlik punkt (GXDP)lari telemexanizatsiya vositalari bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
406. GXDP ga uzatilayotgan teleoʻlchov, telexabar va teleboshqaruvlar hajmi loyihada belgilab qoʻyilishi va gaz taʼminotini boshqarishga dispetcherning tezkor aralashuvini taʼminlashi lozim.
407. Gaz isteʼmol qilish sharoitlari oʻzgarganda gazlarni maqbul tarzda avtomatik qayta taqsimlash uchun elektron hisoblash vositalarini oʻrnatish imkoni koʻzda tutilgan boʻlishi lozim.
408. GXDP ga gazoʻtkazgichlarning eng oʻziga xos nuqtalaridagi gaz bosimi va haroratini, tashkilot gaz quvuriga kelayotgan gazning bosimi, harorati va sarfini, barcha yirik va eng uzoqda joylashgan isteʼmolchilardagi, avtomatik rejimda ishlayotgan obyektlardagi, shuningdek, boshqa tashkilotlarga boradigan gazoʻtkazgichlardagi gazning bosim va sarfini nazorat qiladigan signal chiroq va asboblar oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
409. GXDP mnemosxemasida masofadan turib boshqariladgan zulfinlarning eng chekka holatlari koʻrsatilishi lozim.
410. GXDP bosim rostlagichlarining vazifalagichlar, drosselli klapanlar va gazoʻtkazgichlardagi zulfinlarni boshqarish vositalari bilan jihozlangan boʻlishi zarur.
411. GXDP dagi gaz xoʻjaligi obyektlarining tezkor nazorat, rostlash, aloqa va xabarlash uskunalari I-toifali elektr qabul qilgichlar turiga kiritiladi.
412. GXDP va gaz ishlab chiqaruvchi hamda isteʼmol qiluvchi barcha sexlar oʻzaro telefon aloqasi bilan bogʻlangan boʻlishi lozim.
413. GXDP va ferroqotishmalar pechlarining gaz tozalash xonalari, GTS lar, gaz qutqaruv xizmati, tashkilot yongʻin himoyasi, tibbiy punkt, gaz sexining gaz taʼminotini boshqarish punkti, dispetcher va tashkilot gaz xoʻjaligining bexatar ishlatilishini taʼminlash uchun javobgar shaxs oʻrtasida bevosita telefon aloqasi boʻlishi tavsiya etiladi.
414. Yirik tashkilotlarning GXDP larida tezkor radioaloqa va tezkor avtomashina, taʼmirchilar guruhi va dispetcher buyruqlarini yozib oluvchi diktofonli tekshiruvchilar boʻlishi tavsiya etiladi.
415. GXDP ga doimiy xizmat koʻrsatish xodimlarisiz ishlaydigan gaz xoʻjaligi obyektlaridan chiqadigan himoyaviy xabarlovchilar kiritilgan boʻlishi lozim.
416. GXDP ni alohida yoki tashkilot energoxoʻjaligini boshqarish punktlariga joylashtirish mumkin. GXDP binosi I- va II-olovbardoshlik darajasidan past boʻlmasligi lozim.
417. Yonuvchan gazlar quvurlarini GXDP binosiga kiritishga yoʻl qoʻyilmaydi. GXDP larni A toifali binolarda joylashtirish man etiladi.
418. GXDP meʼyoriy hujjatlarda belgilangan tartibda tezkor avariyaviy-taʼmirlash brigadasi va maxsus uskunalangan avtomashina bilan taʼminlanadi. Ushbu brigadaning vazifasiga uskunaning avariyaviy toʻxtashi va doimiy xizmat koʻrsatuvchi xodimlarsiz ishlaydigan uskunani profilaktik nazorat qilish bilan bogʻliq boʻlgan barcha ishlarni bajarish kiradi.
419. Yirik tashkilotlarning gaz sexlari idorasi tarkibida tezkor mashina uchun garaj hamda avariyaviy-taʼmirlash brigadasi uchun GXDP bilan bevosita aloqa va xabar qilish vositalari boʻlgan xona koʻzda tutilishi lozim.
XIII-Bob. Gaz xoʻjaligidan xavfsiz foydalanish talablari
1-§. Umumiy talablar
420. Energetika (gaz) sexi va qaramogʻida gazoʻtkazgichlar hamda gaz uskunalar boʻlgan boʻlinmalar orasidagi, shuningdek, umumiy gazoʻtkazgichga ega boʻlgan boʻlinmalar orasidagi xizmat koʻrsatish uchastkalarining chegarasi aniqlab qoʻyilishi va gazoʻtkazgichlarning sxemalarida koʻrsatilishi lozim.
421. Tashkilot gaz bilan magistral yoki shahar gazoʻtkazgichi orqali taʼminlansa, ushbu tashkilot hududiga gazoʻtkazgich kirish joyi gazoʻtkazgichlarga xizmat koʻrsatish chegarasi deb qabul qilinishi lozim. Bunda tashkilot chegarasi tashqarisida oʻrnatilgan va gaz beruvchi tashkilotga tegishli boʻlgan berkitish qurilmasidan tashqari gazoʻtkazgichning tashkilot hududiga kirish joyida ham berkitish qurilmasi oʻrnatilishi lozim.
422. Metallurgiya korxonasidan boshqa tashkilotga gaz berilayotganda, gaz berayotgan tashkilotning chegarasi gazoʻtkazgichning xizmat koʻrsatish chegarasi deb hisoblanadi.
423. Energetika sexi (gaz sexi yoki gaz xizmati) va isteʼmolchi sex orasidagi xizmat koʻrsatish chegarasi sexlararo gazoʻtkazgichdan isteʼmolchi sexga ulangan quvurga oʻrnatilgan, gaz xizmati (sexi)ga qarashli zulfin boʻlishi lozim.
424. GRP lar ham tashkilotning gaz sexi (xizmati)ga, ham gaz isteʼmolchi-sexga qarashli boʻlishi mumkin. Agar GRP gaz sexi (xizmati)ga qarashli boʻlsa, GRP dan keyin joylashgan, gaz sexiga qarashli zulfin, mabodo u boʻlmasa, isteʼmolchi sexning tashqi devori –– xizmat koʻrsatish chegarasi deb hisoblanadi. GRU lar isteʼmolchi sexning gaz xizmati tarkibiga kiritiladi va uning qaramogʻida boʻladi.
425. Gaz xoʻjaligining har bir obyektiga “Texnologik quvur oʻtkazgichlarning tuzilishi va xavfsiz ishlatish qoidalari” (mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2009-yil 1-dekabrdagi 6-15/23-9626/6-sonli xulosasiga muvofiq normativ-texnik hujjat deb topilgan)ning 8-bobi talablariga muvofiq texnik hujjatlar yuritilishi lozim.
426. Foydalanish davrida obyektda qilingan barcha oʻzgartirishlar, oʻtkazilgan kapital taʼmirlashlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar obyekt pasportiga kiritib borilishi, shuningdek, oʻzgartirishlar chizmasi yoki sxemasi ilova qilinishi lozim.
427. Pasportni gazoʻtkazgich (gaz uskunasi)ning texnik holati uchun javobgar shaxs yuritishi lozim.
428. Turli maqsadlarda ishlatiladigan rostlagichlar, avtomatik signalizatorlar, gazlashganlik indikatorlari va boshqa jihozlar uchun tayyorlovchi-tashkilotlardan berilgan pasportlar boʻlishi lozim.
429. Gaz sexining alohida obyektlarida hamda tarkibida gaz xoʻjaligi obyektlari boʻlgan sexlarda agregatni taʼmirlash, reviziya qilish va asboblarni sozlash boʻyicha bajarilgan ishlar qayd etiladigan agregat (taʼmirlash) jurnali, shuningdek, foydalanish jurnali ham yuritilishi, unda esa har smenada aniqlangan nosozliklar, shu jumladan, qoidalar va yoʻriqnomalar buzilishlari, buzilishlarni bartaraf etish choralari va ularni bajarish muddatlari yozib borilishi lozim.
430. Sexlarning gaz xoʻjaligi obyektlarini pasporti hamda foydalanish va taʼmirlash boʻyicha hujjatlari toʻgʻri yuritilishi korxonada belgilangan tartibda nazorat qilib boriladi.
431. Har bir gaz xoʻjaligi obyektidagi barcha bir tipli apparatlar, shuningdek, uzel va detallar, gazoʻtkazgichlar, kompensatorlarning ustunlari, kondensat toʻplagichlar, zulfinlar, svechalar va boshqalar shifrlangan va raqamlangan boʻlishi lozim. Raqam va shifrlar uskuna va konstruksiyalarning koʻrinarli joyiga yozilgan boʻlishi lozim.
432. Bevosita agregat yonida yoki xizmat koʻrsatish xodimlari turgan joylarda gaz uskunalarining aniq sxemasi osigʻliq boʻlishi, unda ushbu uskunalarga berilgan raqam va shifrlar koʻrsatilishi lozim.
433. Zulfin, joʻmrak va ventillarni gazoʻtkazgichlarga oʻrnatishdan oldin reviziya qilish va sinash lozim.
434. Gazoʻtkazgich, gaz uskunalari grafiklarda belgilangan muddatlarda rejali-oldini olish koʻrigidan, reviziya va taʼmirlashdan oʻtishi lozim. Taʼmirlash grafiklari tuzilayotganda, har bir uskunadan foydalanishning mahalliy shart-sharoitlari hisobga olinib, pasport yoki tayyorlovchi-tashkilotlarning yoʻriqnomalarida koʻrsatilgan muddatlarga rioya etish lozim. Bosim rostlagich, saqlovchi klapan, filtr va boshqa jihozlar yiliga kamida bir marta, agar tayyorlovchi-tashkilot bergan pasportlarda bundan kamroq muddat koʻrsatilmagan boʻlsa, qismlarga ajratilib reviziya qilinishi lozim.
435. Avtoblokirovka va signalizatsiyalarning sozligi asboblardan foydalanish yoʻriqnomasiga muvofiq bir oyda kamida bir marta imitatsiya usulida, shuningdek, gaz isteʼmol qiluvchi agregat belgilangan chegaraviy parametrga yetishganda rejali toʻxtatilgach tekshirilishi lozim.
436. Impuls quvurlari va rezina-matoli yengliklarning binoda joylashgan gazoʻtkazgich va nazorat-oʻlchov asboblari shtutsyerlariga zich ulanganligi haftada kamida bir marta, bino tashqarisida esa –– oyiga kamida bir marta tekshirilishi lozim. Zichlik koʻz bilan yoki gazoanalizator yordamida tekshirilishi lozim.
437. Gazoʻtkazgich, gaz jihozlari va uskunalari yiliga kamida ikki marta texnik koʻrikdan oʻtkazilishi lozim.
438. Texnik koʻrik paytida quyidagilarni tekshirish lozim:
a) qaytargich (zatvor), svecha, kondensat toʻplagich, kompensator, rostlagich, chang chiqarish qurilmasi, berkitish armaturasi, gaz yondirish, puflash va signalizatsiya qurilmalarining holati va soz ishlashi;
b) tuynuk qopqoqlari va svechalar zichligi, suvli qaytargich (zatvor)larni tekshirish;
v) binolar ichida joylashgan gazoʻtkazgich va apparatlardagi chok va flanetsli birikmalarning zichligi;
g) quvuroʻtkazgichlar holati, quvurlar armaturasi, ustunlar, ularning tayanch oʻrindiq va boshmoqlari, anker boltlari va poydevorlar yer usti qismining ahvoli;
d) mazkur Qoidalar va gaz uskunasini bexatar ishlatish yoʻriqnomalari talablariga rioya etishni, shuningdek, agregat va foydalanish jurnallarini toʻgʻri yuritilishni.
439. Texnik koʻrik natijalari oʻrnatilgan tartibda rasmiylashtiriladi, aniqlangan nuqsonlarni bartaraf etish boʻyicha zarur choralar va rejali-oldini olish taʼmirlash boʻyicha ishlar amalga oshiriladi hamda bajarilgan ishlar uskuna (agregat) jurnaliga va tegishli pasportga yozib boriladi.
440. Sexlararo va sex gazoʻtkazgichlarining, shuningdek, gaz uskunalarining tashqi yuzasiga har 5 yilda, flanets va boltlarga esa har 2 yilda himoyaviy lok-boʻyoqli qoplama surtilishi lozim.
441. Kimyoviy yemirilishga faol gaz yoki bugʻlar bilan ifloslanadigan joylarga oʻrnatilgan gazoʻtkazgich va jihozlarga, shu jumladan, tayanch konstruksiyalar, maydoncha va zinapoyalarga 3 yilda kamida bir marta kimyoviy yemirilishga qarshi maxsus qoplama surtilishi lozim.
442. Bunday qoplamani muddatidan oldin surtish zarurligi sex yoki ishlab chiqarish komissiyasi tomonidan belgilanadi.
443. Gaz xoʻjaligining yongʻin va portlash-yongʻin xavfi boʻlgan obyektlarida olovli ish (payvandlash, gaz bilan kesish va hokazo)lar amaldagi qonun hujjatlari talablariga muvofiq bajarilishi lozim.
444. Taʼmirlash paytida gazoʻtkazgichlarda elektr payvandlash ishlarini bajarishga undagi gazning ortiqcha bosimi 0,3 MPa dan ortiq boʻlmaganda ruxsat etiladi.
445. Ish bajarilayotgan joyda gaz bosimini nazorat qilish uchun manometr oʻrnatib, uni ish paytida doimo kuzatib turish lozim.
446. Siyraklashuv ostida ishlayotgan gazoʻtkazgich va apparatlarda gaz bilan kesish va payvandlash ishlarini bajarish man etiladi.
447. Ishlayotgan gazoʻtkazgichlarda gaz bilan kesish yoki payvandlash ishlari bajarilayotganda katta alanga paydo boʻlmasligi uchun gaz chiqish joylari asbest iplar, metall ponachalar bilan zichlanishi (chekankalanishi) va asbest ushoqlari aralashtirilgan yumshoq shamot loyi surtilishi lozim.
448. Ish bajarish joyida yongʻin oʻchirish va gaz alangalangan paytda ishchilarni evakuatsiya qilish vositalari boʻlishi lozim.
449. Ishlayotgan gaz quvuriga ulanilgandan keyin payvand chokini sovun eritmasi bilan zichlikka tekshirish lozim.
450. Gazoʻtkazgich va gaz isteʼmol qiluvchi agregatlar oʻrnatilgan bino (joy)larda payvandlash yoki gaz bilan kesish ishi bajarilgan boʻlsa, havoning gazlashganligi tekshirilishi, bunda atrof-muhit havosidagi kislorod miqdori hajm boʻyicha kamida 19 foiz boʻlishi lozim.
451. Havo namunasi quyidagicha olinadi: havodan yengil gaz uchun (tabiiy va b.) –– yuqori zonadan; havodan ogʻir gaz (propan-butan va b.) uchun –– pastki zonadan; ferroqotishma gazi uchun –– yuqori va pastki zonalardan.
452. Payvandlash yoki gaz bilan kesish ishlarini bajarish mobaynida koʻrsatib oʻtilgan bino (joy)lar yaxshilab shamollatib turilishi lozim.
453. Gazoʻtkazgich uchastkasi yoki gaz apparatini uzib qoʻyib, soʻngra uning ichida ish bajarish zarur boʻlsa, ularni ishlayotgan gazoʻtkazgichlardan berkitish qurilmalari yordamida uzib qoʻyish va berkitish qurilmasidan keyin list tiqin oʻrnatish lozim. Agar berkitish qurilmasi sifatida listli zulfin ishlatilsa, tiqin oʻrnatish talab etilmaydi.
454. Gazoʻtkazgichlarni boshqa usul bilan uzib qoʻyish man etiladi.
455. Uzib qoʻyilgan apparat va gazoʻtkazgich uchastkalari ichidan gazni tozalash uchun ularni inert gaz yoki havo bilan puflash lozim.
456. Zaharli gazlar apparati va gazoʻtkazgichlarining ichki boʻshligʻidan ketma-ket ikki marta olingan namunalar tahlilida uglerod oksidi miqdori 20 mg/m³dan ortiq boʻlmasa, gazoʻtkazgich va apparatlar puflanishini toʻxtatish mumkin.
457. Tabiiy gaz quvurlarini puflash toʻxtatilishi ham xuddi shu usulda metan miqdori tahlil qilib aniqlanadi, u namunada hajm boʻyicha yoki kislorod miqdorining 1 foizidan ortiq, namunadagi kislorod esa hajm boʻyicha 19 foizdan kam boʻlmasligi lozim. Suyultirilgan gaz quvurlarini puflash tugatilishi propan-butan miqdori boʻyicha aniqlanadi, u hajm boʻyicha 0,5 foizdan ortiq boʻlmasligi lozim.
458. Gazoʻtkazgichlar va apparatlar gaz bilan toʻldirilayotganda havo toʻliq siqib chiqarilguncha puflanishi lozim. Puflash faqat svechalar orqali amalga oshiriladi.
459. Pech, qozon va boshqa agregatlarning oʻtxonasiga gaz-havo aralashmasini kiritib puflash man etiladi.
460. Gazoʻtkazgichni puflashdan oldin zulfinlar zarur holatga keltirilishi, suvli qaytargich (zatvor)larga suv quyish, barcha qopqoqli tuynuklar, darcha va svechalar zich yopilishi lozim, bundan puflash uchun moʻljallangan svecha mustasnodir.
461. Gazoʻtkazgichlar uzluksiz va ketma-ket puflanib, asta-sekin isteʼmolchiga yaqinlashib borish lozim. Puflash jarayonida chiqayotgan gazni yondirish man etiladi. Puflashni tugatish oxirgi (puflash havosi chiqarib yuborilayotgan) svechadan olinadigan namuna tahlil qilinib aniqlanadi. Bunda gazdagi kislorod miqdori ketma-ket ikkita olingan namunalarda 1 foizdan ortiq boʻlmasligi lozim.
462. Gazoʻtkazgichni puflash paytida gaz-havo aralashmasi atmosferaga chiqarilayotgan 50 m radiusli joyda barcha turdagi transportlar harakatini toʻxtatish, ochiq olovni qoʻllash va payvand ishlarini, shuningdek, puflash jarayonida qatnashmayotgan odamlarning turishini man etish lozim. Gazoʻtkazgich va alohida apparatlarni puflash paytida gaz chiqariladigan joylar yaqiniga postlar qoʻyilishi lozim.
463. Gaz bosimi ostida boʻlgan gazoʻtkazgichlarga tiqinlarni oʻrnatish va olish, shuningdek, oʻlchash diafragmalarini almashtirish man etiladi, bundan texnologiya sharoitlariga koʻra toʻxtatib boʻlmaydigan sex va ishlab chiqarishlarning gazoʻtkazgichlari mustasnodir.
464. Koʻrsatib oʻtilgan sex va ishlab chiqarishlardagi gazoʻtkazgichlarning roʻyxati oʻrnatilgan tartibda tasdiqlanishi va kelishilishi lozim.
465. Ushbu gazoʻtkazgichlarga tiqinlarni oʻrnatish va olish, shuningdek oʻlchash diafragmalarini almashtirish, ularda gazning ortiqcha bosimi 0,5 kPa dan ortiq boʻlmaganda va quyidagi gazlar uchun ushbu miqdorlardan (kPa) ortiq boʻlmaganda bajarilishi lozim:
Ferroqotishma, zaharsiz va ular bilan aralash gazlar…..................2,0
Tabiiy gaz…….............................................................................. 1,0
466. Tashkilotlarning gaz xoʻjaligi obyektlaridan (gaz isteʼmol qiladigan pech, qozon va boshqa agregatlarning gaz uskunalari, sexlararo va sex gazoʻtkazgichlari, ferroqotishma gazlarini tozalash uskunalari, gaz rostlash punkt va uskunalari, gaz ballonlari va hokazolar) gaz sizib chiqishiga yoʻl qoʻyilmasligi lozim.
467. Quyidagi hollarda ochiq olovdan foydalanish man etiladi:
a) gazoʻtkazgichlarni isitish uchun;
b) gaz sizib chiqishini aniqlash uchun.
468. Gazoʻtkazgichlarning birikma va armaturalarini, rezbali va flanetsli birikmalarini, choklar va boshqalarni zichligini sovun yoki boshqa koʻpik hosil qiluvchi eritma bilan tekshirish lozim. Noldan past haroratlarda eritmaga xlorli kalsiy yoki xlorli natriy qoʻshish lozim.
469. Bevosita isteʼmolchi oldidagi (rostlash qurilmalaridan keyin) eng kam ruxsat berilgan bosim 0,5 kPa dan kam boʻlmasligi lozim.
470. Gaz bosimi eng kam ruxsat berilgan miqdordan pasayib ketsa, gaz isteʼmolchilari darhol oʻchirilishi lozim. Isteʼmolchilarni hatto avtomatik oʻchirish qurilmalari boʻlishiga qaramay qoʻlda oʻchirish lozim.
471. Ishlab chiqarishlarning gazni isteʼmol qilish tartibi tashkilot boʻyicha tasdiqlangan gaz isteʼmol qilish rejasi asosida gaz xoʻjaligi dispetcheri tomonidan belgilanadi.
472. Yoqilgʻi gazlarni ishlab chiqaruvchi va isteʼmol qiluvchi sexlarning xodimlari gaz ishlab chiqarish va isteʼmol qilish tartibining barcha oʻzgarishlari toʻgʻrisida gaz xoʻjaligi dispetcheriga darhol xabar qilishlari lozim.
473. Puflash svechalaridan ortiqcha bosimni atmosferaga chiqarish uchun foydalanish man etiladi, bundan avariya holatlari mustasnodir (xavfsizlik choralarini koʻrish sharti bilan).
474. Gaz quvurlari va apparatlari ichiga odamlar tushib taʼmirlash va boshqa ishlarni bajarish uchun mazkur Qoidalarning 457 — 461-bandlariga muvofiq ularni uzib qoʻyish va gazdan tozalash lozim. Bundan tashqari, gaz quvurlari va apparatlaridagi gaz-havo aralashmasi ish jarayonida yaxshi shamollatilmaydigan joylardan kamida har soatda havo namunasini olish yoʻli bilan uglerod oksidi va portlashga xavfli komponentlar borligi tekshirib turilishi lozim.
2-§. Gazoʻtkazgichlardan foydalanish
475. Gaz oʻtkazgichlarning texnik holati doimiy ravishda nazorat qilinishi lozim. Gaz oʻtkazgichlardan foydalanish, ularni nazorat, reviziya qilish va taʼmirlash “Texnologik quvur oʻtkazgichlarning tuzilishi va xavfsiz ishlatish qoidalari” (mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2009-yil 1-dekabrdagi 6-15/23-9626/6-sonli xulosasiga muvofiq normativ-texnik hujjat deb topilgan) va mazkur Qoidalar hamda boshqa normativ-texnik hujjatlar asosida ishlab chiqilgan yoʻriqnomaga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
476. Gaz oʻtkazgichlardan xavfsiz foydalanish ustidan doimiy nazoratni sex gaz oʻtkazgichlaridan bexatar foydalanish uchun javobgar shaxs amalga oshiradi.
477. Gaz oʻtkazgichlardan xavfsiz foydalanish boʻyicha davriy texnik nazorat yiliga kamida bir marta oʻtkazilishi lozim.
478. Berkitish armaturasi, drosselli klapanlar, kondensat toʻplagich, kompensator va boshqa qurilmalarni tashqi koʻrikdan oʻtkazish va ishga yaroqligini tekshirish muddatlari gaz uskunalaridan foydalanish boʻyicha tayyorlovchi-tashkilot talablari hisobga olinib tegishli grafiklarda belgilab qoʻyiladi.
479. Berkitish armaturasining sozligi har uch oyda kamida bir marta, kompensatorlarniki esa bir oyda bir marta tekshirilishi lozim.
480. Gazoʻtkazgichlarni koʻrikdan oʻtkazish va qurilmalarning ishga yaroqligini tekshirish natijalari foydalanish jurnalida qayd etilishi, aniqlangan nuqsonlar esa xavfsizlik choralari koʻrilib bartaraf etilishi lozim.
481. Tashkilotda gaz oʻtkazgichlarni bexatar ishlatish va texnik holati uchun javobgar shaxslar ishtirokida gaz quvurlarini reviziya qilish tashkil etiladi.
482. Reviziyani oʻz vaqtida oʻtkazishga javobgarlik boʻlinma rahbari zimmasiga yuklatiladi.
483. Reviziya oʻtkazish davriyligi gaz quvurlarining xizmat qilish muddati, kimyoviy yemirilish tezligi, foydalanish tajribasi, avvalgi tashqi koʻrik va reviziyalar natijalaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Reviziya oʻtkazish muddatlari quyidagilardan kam boʻlmasligi lozim:
a) kimyoviy yemirilish tezligi 0,5 mm/Y ortiq boʻlsa –– 1 yilda bir marta;
b) kimyoviy yemirilish tezligi 0,1 –– 0,5 mm/Y boʻlsa –– 2 yilda bir marta;
v) kimyoviy yemirilish tezligi 0,1 mm/Y gacha boʻlsa –– 3 yilda bir marta.
484. Odatda, reviziya asosiy gaz agregatlarining rejali-oldini olish taʼmirlanishi oʻtkazilayotgan paytda bajariladi.
485. Gazoʻtkazgichlarning puxtaligi mazkur Qoidalar talablariga asosan mustahkamlik va zichlikka davriy sinash yoʻli bilan tekshiriladi. Sinovlar gazoʻtkazgichlarini reviziya qilish davrida tashkilot maʼmuriyati tomonidan belgilangan muddatlarda, lekin 8 yilda kamida bir marta oʻtkazilishi lozim.
486. Ortiqcha bosim ostida ishlayotgan gaz quvurlarida gaz bosimi keskin pasayganda, isteʼmolchilarga xabar berilmaguncha va ular uzib qoʻyilmaguncha gazning ortiqcha bosimini saqlab turish choralari koʻrilishi lozim. Bunda sexlararo gazoʻtkazgichlardan biridagi ortiqcha gaz bosimini boshqa gazoʻtkazgichdan gaz yuborib saqlab turish lozim.
487. Sexlararo gazoʻtkazgichlarda ortiqcha gaz bosimini qisqa muddatga saqlab turish uchun ularga mazkur Qoidalar talablariga rioya etgan holda bugʻ yuborishga yoʻl qoʻyiladi.
488. Bugʻlatish, puflash va qizdirish uchun gaz oʻtkazgichga bugʻ asta-sekin tashkilot yoʻriqnomasiga muvofiq yuborilishi lozim. Gaz haroratining koʻtarilishi 1 soatda 15 ˚S dan oshmasligi lozim. Gaz oʻtkazgichlardagi gaz haroratini 65 ˚S dan oshirish man etiladi.
489. Agar gazoʻtkazgichning biror-bir uchastkasida gaz bosimi nolgacha tushgan boʻlsa, uni ishga tushirishdan avval ushbu uchastkadan tashqari gaz yoʻnalishi boʻyicha keyingi barcha gazoʻtkazgichlar, shu jumladan, sex gaz quvurlari va isteʼmolchilarga boradigan quvurlar ham gaz bilan puflanishi lozim.
490. Gaz oʻtkazgichlarni puflash mazkur Qoidalar talablariga rioya qilib bajarilishi lozim.
491. Gaz oʻtkazgichlarda naftalin choʻkishi va muz hosil boʻlishi ustidan bosim tafovutlarini davriy ravishda oʻlchash yoʻli bilan puxta nazorat oʻrnatilgan boʻlishi lozim. Gaz oʻtkazgichlardagi muz tiqinlari va naftalin choʻkindilarini, odatda, bugʻ bilan qizdirib, mazkur Qoidalar talablariga rioya qilib tozalash lozim.
492. Foydalanishdagi gazoʻtkazgichlarni nivelirlash 5 yilda bir marta, yangidan qurilayotganlar esa –– qurilish tugagandan soʻng ikki yil davomida har yilda oʻtkazilishi lozim. Nivelirlash natijalarini loyiha maʼlumotlari va oldingi nivelirlash natijalari bilan solishtirish lozim.
493. Tayanchlarga yuklamalarning xavfli qayta taqsimlanishini yuzaga keltiradigan va kondensat yigʻish sxemasini buzadigan loyihadan chetga chiqishlar darhol bartaraf etilishi lozim.
494. Agar gazoʻtkazgichlarning tayanchlari poydevori yaqinida chuqurlik yoki xandaq qaziladigan ishlar bajarilgan boʻlsa, ushbu uchastkalardagi gazoʻtkazgichlarni yangi qurilganday nivelirlashdan oʻtkazish lozim.
3-§. Gaz isteʼmol qiluvchi agregatlarning gaz uskunasini ishlatish
495. Gaz isteʼmol qiluvchi agregatlarni ishga tushirishdan avval oʻtxona va tutun yoʻllarini shamollatish zarur, buning uchun yondirgichlarga havo uzatuvchi shamollatgich yoki tutun soʻrgichdan, agar ular boʻlmasa dudboʻronning tortish kuchidan foydalanish lozim.
496. Gaz isteʼmol qiluvchi agregat yoqilguncha agregat kollektori oldidagi gazoʻtkazgichni oxirgi svecha orqali gaz bilan puflash lozim. Agregat gazoʻtkazgichi va kollektorlarini yondirgichlarga oʻrnatilgan zulfinlar yopiq boʻlganda puflash lozim.
497. Yondirgichlarni bevosita yoqishdan avval gaz isteʼmol qiluvchi agregat oldidagi gazoʻtkazgichda yetarli darajada gaz bosimi borligi, puflash qurilmalaridan havo uzatilganda esa havo bosimi ham mavjudligi tekshirilishi lozim. Bundan tashqari, oʻtxonada yoki tutun yoʻlida (rostlash klapanigacha) siyraklashuv mavjudligini tekshirish va zarur hollarda tortish kuchini rostlash lozim.
498. Yondirgich oldidagi gazoʻtkazgichning berkitish qurilmasini faqat yondirgichga pilik, alanga yoki gaz yoquvchi boshqa vositani yaqinlashtirgandan keyin ochishga ruxsat etiladi.
499. Agar qizdirilgan zona devorlarining harorati 800 ˚S dan ortiq boʻlsa, yondirgichga pilik, alanga yoki gaz yoquvchi boshqa vositani yaqinlashtirmasdan (qozonlardan tashqari) gaz uzatishga yoʻl qoʻyiladi.
500. Yondirgichlarni yoqish chogʻida oʻtxonaga gazni toʻliq yonishini va alanganing yondirgichdan uzilmasligini taʼminlaydigan minimal miqdorda havo berish lozim. Tortish kuchi cheklangan boʻlishi lozim. Yondirgichlarni yoqish paytida quyidagi tartibga rioya qilish lozim:
a) puflash yondirgichlarining havo quvurlaridagi drosselli rostlash klapanlarini qisman yopish, injeksiyali yondirgichlarning rostlash shaybalarini esa berkitib qoʻyish;
b) puflash yondirgichlarining gazoʻtkazgichidagi tezkor uzuvchi klapanni ochish va ochiq holatini saqlab qoʻyish. Gaz yoʻnalishi boʻyicha oxirgi yondirgichning zulfin yoki joʻmragini ochish va pilik (mashʼal)dagi ochiq olovga ohistalik bilan gaz yuborish. Shundan soʻng qolgan yondirgichlardagi zulfinlarni ketma-ket ochish;
v) yondirgichlar barqaror ishlay boshlagandan keyin gazoʻtkazgichdagi tezkor uzuvchi klapanni ishga tushirish lozim;
g) agar birinchi yondirgich orqali gaz yuborilganda yonmasa yoki yonib rostlash paytida oʻchib qolsa, gaz yuborishni toʻxtatish, oʻtxona va tutun yoʻllarini shamollatish, gaz hamda havo bosimini tekshirish lozim va kam-koʻstlar bartaraf etilgandan soʻng qayta yoqishga kirishish mumkin;
d) yondirgichlarni yoqish va rostlash paytida gaz va havo asta-sekin va faqat bosim barqarorlashganda uzatilishi lozim;
e) yondirgichga yoqilgʻi yuklamasini oshirganda avval gaz, keyin havo uzatilishi oshirilishi; yuklama pasaytirilganda esa avval havo, keyin gaz kamaytirilishi lozim. Yoqilgʻining tartibli sarfini oʻtxona yoki ish boʻshligʻining qizib borishiga qarab oʻrnatish lozim.
501. Agar agregatlar har xil yoqilgʻilarda ishlasa va umumiy tutun yoʻliga ega boʻlsa, gazda ishlovchi agregatni, odatda, boshqa yoqilgʻi turlarida ishlaydigan agregatlar oʻchiq boʻlganda yoqish lozim.
502. Ishlab chiqarish texnologiyasi boʻyicha toʻxtatib boʻlmaydigan boshqa yoqilgʻi turlaridagi agregatlar ishlab turgan boʻlsa, gaz agregatlarni faqat texnologik yoʻriqnomada koʻzda tutilgan talablarga rioya qilib yoqish lozim.
503. Gaz isteʼmol qiluvchi agregatlar taʼmirlanayotgan yoki uzoq muddatga (toʻxtash muddati har bir muayyan holatda tashkilot yoʻriqnomasi bilan belgilanadi) toʻxtatilgan boʻlsa, ularning gazoʻtkazgichlari ishlab turgan gazoʻtkazgichlardan berkitish qurilmalari va listli zulfinlar yordamida yoki ulardan keyin tiqinlar qoʻyib uzib qoʻyilishi lozim.
504. Gaz oʻtkazgichlar uzib qoʻyilgandan soʻng puflash svechalari ochiq holatda qolishi lozim.
505. Uzoq muddatga toʻxtagan yoki ichida taʼmirlash oʻtkazish uchun toʻxtagan agregatni qayta ishga tushirish uchun gazoʻtkazgich, tutun yoʻllari va nazorat-oʻlchov asboblari tekshirilgan boʻlishi lozim.
506. Ishga tushirilgan gaz isteʼmol qiluvchi agregatlarni qarovsiz qoldirish man etiladi, bundan dispetcher punktidan nazorat qilinadigan uskunalar mustasno boʻlib, bunda quyidagi talablarga rioya qilish lozim:
a) uskuna alohida ajratilgan, himoyaviy signalizatsiya va portlamaydigan qilib yasalgan nazorat yoritgichi bilan jihozlangan binoda joylashgan boʻlishi lozim;
b) qozonlar amaldagi Bugʻ va suv isitish qozonlarini tuzilishi va bexatar ishlatish qoidalari talablariga muvofiq avtomatik xavfsizlik, avtomatik nazorat va rostlash vositalari bilan jihozlangan boʻlishi lozim.
507. Gaz isteʼmol qiluvchi agregatlar tutun yoʻllarining holati ularning har bir navbatdagi rejali-oldini olish taʼmirlanishida yoki tortish rejimi buzilganda tekshirilishi lozim.
508. Gaz isteʼmol qiluvchi agregatlar nosoz yoki rostlanadigan parametrlarni nazorat qilish asboblari buzuq boʻlsa va tortish kuchi boʻlmasa ularni ishlatish man etiladi.
509. Agregatlar oʻtxonasiga xodimlar kirib texnik koʻrik va taʼmirlash oʻtkazishi uchun barcha agregatlarni gazoʻtkazgichlar va umumiy tutun yoʻllaridan uzish, shamollatish hamda zararli moddalar mavjudligiga havo tarkibini tekshirish zarur. Oʻtxonadagi barcha eshikchalar va tuynuklarni ochib qoʻyish lozim. Zarur hollarda oʻtxonalarga toza havo yuborish kerak. Ushbu ishlar bajarilayotganda keltirilgan xavfsizlik talablariga rioya qilish lozim.
4-§. Metallarga gaz alangasida ishlov berish uskunasini ishlatish
510. Gaz bilan kesish, payvandlash va metallarga gaz alangasida ishlov berish boʻyicha boshqa ishlar, shuningdek, boshqa manbalardan ochiq olovni qoʻllashga quyidagi minimal masofalardagi joylarda (gorizontal boʻyicha) ruxsat etiladi:
a) guruhiy gazballonlarining uskunalarigacha –– 10 m;
b) kislorodli yoki yonuvchan gazli alohida ballonlargacha –– 5 m;
v) yonuvchan gazlarning quvurlarigacha, shuningdek, gaz tarqatish postlarigacha: qoʻlda ishlaganda –– 3 m, mexanizatsiyalashgan ishlarni bajarishda –– 1,5 m.
511. Alohida ballonlardan taʼminlanadigan koʻchma gaz tarqatish postlari ishlayotganda maxsus konstruksiyali bitta aravachaga yonuvchan gazli ballon bilan kislorodli ballonni oʻrnatishga ruxsat etiladi. Ballonlar oʻzaro urilib ketmasligi yoki yiqilmasligi uchun mahkamlangan boʻlishi lozim.
512. Suyultirilgan gazli ballonlar ish paytida tik holatda boʻlishi, siqilgan gazli ballonlarni, ventilini yuqoriga yoʻnaltirib, qiya holatda oʻrnatishga yoʻl qoʻyiladi.
513. Suyultirilgan gazli ballonning maksimal joiz harorati 45 ˚S dan oshmasligi lozim.
514. Xonalarga oʻrnatiladigan ballonlar isitish radiatorlari va boshqa isitish asboblaridan kamida 1 m, ochiq olovli isitish manbalaridan esa kamida 5 m uzoqda boʻlishi lozim.
515. Suyultirilgan yoki siqilgan gazli ballonlarning tik quyosh nurlari yoki boshqa isitish manbalari taʼsirida qizishiga yoʻl qoʻymaslik lozim.
516. Koʻchma yondirgich va koʻchma agregatlarni gazoʻtkazgichlarga (shu jumladan, suyultirilgan gazning) rezina-matoli yengliklar yordamida ulash mumkin. Bu yengliklar GOST 9356 boʻyicha 0,63 MPa ga moʻljallangan boʻlishi lozim.
517. Englik uzunligi 30 m dan koʻp boʻlmasligi lozim. U uchta alohida boʻlaklardan koʻp boʻlmasligi, boʻlaklar oʻzaro ikki yoqlama maxsus nippellar yordamida ulanishi lozim.
518. Englik uchlari gazoʻtkazgich va yondirgichga belbogʻ (xomut) yordamida puxta mahkamlangan boʻlishi lozim. Uzuvchi joʻmrak (yondirgich yoki koʻchma agregatga oʻrnatilgan joʻmrakdan tashqari) yenglikkacha oʻrnatilgan boʻlishi lozim.
519. Suyultirilgan gazlar qoʻllaniladigan gaz bilan payvandlash, kesish va metallarga gaz alangasida ishlov berishning boshqa turlarini tsokol xonalar va yertoʻlalarda, shuningdek, quduq, shaxta va boshqa yerosti inshootlarida bajarish man etiladi.
520. Koʻchma ish posti suyultirilgan gaz bilan ballon orqali taʼminlanganda undagi ish bosimi talab darajasidan tushib ketsa, ballondan gaz olish man etiladi.
521. Barcha gaz tarqatish postlariga boriladigan yoʻlaklar erkin boʻlishi lozim. Ballonlarni oʻtish yoʻlak va yoʻllariga qoʻyish man etiladi.
522. Yondirgich, keskich va boshqa apparaturalarni ish oʻrnida gaz payvandchi va kesuvchilar tomonidan taʼmirlash man etiladi.
523. Dastaki yondirgich yoki keskichni yoqish paytida avval kislorod ventili bir oz ochilishi, keyin yonuvchan gaz ventili ochilishi va havoni chiqarib yuborish uchun yenglik qisqa muddatga puflangandan soʻng gazlarning yonuvchan aralashmasi yoqilishi lozim.
524. Ish paytida yondirgich (keskich) alangasi gaz taʼminoti manbasidan teskari tarafga yoʻnaltirilgan boʻlishi zarur. Agar buning imkoni boʻlmasa, gaz taʼminoti manbasini metall qalqon yoki materiali yonmaydigan parda bilan toʻsish lozim.
525. Yonuvchan gazlarning yengliklarini kislorod bilan va kislorod yengliklarini esa yonuvchan gaz bilan puflash, shuningdek ish paytida yengliklarni oʻzaro almashtirish man etiladi.
5-§. Portlash-yongʻin xavfi boʻlgan obyektlardan foydalanish
526. A toifa binolarda gazoʻtkazgichlarning flanetsli va rezbali birikmalari, armatura va asboblar zichligini sovun koʻpigi bilan tashkilot yoʻriqnomasida koʻrsatilgan muddatlarda, lekin oyiga kamida bir marta tekshirish lozim.
527. A toifa binolarning har bir eshigida bino toifasi va portlash xavfi boʻlgan zonaning sinfi koʻrsatilgan boʻlishi lozim. Ushbu binolarning koʻrinarli joylarida avariyalarni bartaraf etish rejasi va birinchi zaruriyatdagi telefonlar roʻyxati osigʻliq boʻlishi lozim.
528. A toifa binolarda elektr uskunalarini taʼmirlash boʻyicha ishlar elektr tarmogʻi uzilgandan soʻng bajarilishi lozim. Zarur boʻlsa, portlamaydigan qilib yasalgan akkumulyatorli koʻchma yoritkichlardan foydalanish lozim.
529. A toifa binolarda artish va moylash materiallarini sutkalik ehtiyojdan koʻp boʻlmagan miqdorlarda, zich yopiladigan metall javon yoki qutilarda saqlash lozim.
530. GRP binolarida artish va boshqa yonuvchan materiallarni saqlash man etiladi.
531. Tashqi uskunalar yaqinida, shuningdek, A toifa binolar yaqinida va ichida chekish va ochiq olovdan foydalanish man etiladi, bu haqda koʻrinarli joylarga xavfsizlik belgilari qoʻyilishi lozim.
6-§. GRP va GRU larini ishlatish
532. GRP va GRU larning ish tartibi loyiha hujjatlariga muvofiq oʻrnatilishi lozim.
533. GRP binolarida ish bajarayotganda asosiy va ehtiyot (u mavjud boʻlsa) chiqish eshiklarining qulfi ochib qoʻyilishi lozim.
534. GRP va GRU uskunalariga xizmat koʻrsatish grafiklarda koʻzda tutilgan muddatlarda amalga oshirilishi lozim. Bunda yiliga kamida bir marta, agar tayyorlovchi-tashkilot pasportida boshqa muddat belgilanmagan boʻlsa, bosim rostlagichi, saqlovchi klapan va filtrlarni qismlarga ajratib uskuna joriy taʼmirdan oʻtkazilishi lozim.
535. Saqlovchi berkitish va chiqarish klapanlarining sozlanganligini va ishlab ketishini ikki oyda kamida bir marta, shuningdek, ularni reviziya va taʼmirlashdan keyin tekshirish lozim. GRP (GRU) larda saqlovchi berkitish klapanlari mavjud boʻlsa, ularning ishlab ketishi hisoblangandan 15 foiz ortiq bosim bilan sozlanishi lozim. Saqlovchi chiqarish klapanlari bosim 5 foizga koʻtarilganda ochila boshlashga va bosim 15 foizga koʻtarilganda toʻliq ochilishga sozlangan boʻlishi lozim.
536. Uskunani reviziya qilish yoki taʼmirlash paytida isteʼmolchilarga gazni GRP va GRU larning aylanma liniyasi (baypas) orqali berish uchun GRP da yoki GRU yonida ulardan chiqayotgan gaz bosimini rostlaydigan navbatchi boʻlish lozim.
537. Bunda manometrlar baypasdagi rostlash zulfinidan oldin va keyin oʻrnatilgan hamda xizmat koʻrsatish xodimlariga yaqqol koʻrinadigan boʻlishi lozim.
538. Saqlovchi chiqarish klapani yoki manometr taʼmirlash uchun echib olinganda, ularning oʻrniga sinalgan klapan yoki manometr oʻrnatilishi lozim. Ushbu jihozlarsiz GRP va GRU larni ishlatish man etiladi.
539. GRP va GRU lardan chiqayotgan gazning bosimi isteʼmolchilarning gaz quvurlariga oʻrnatilgan bosim rejimiga muvofiq rostlanishi lozim.
540. GRP va GRU dan chiqishdagi gaz bosimining oʻzgarib turishi belgilangan ish bosimidan 10 foiz ortiq boʻlmasligi lozim.
541. GRP yoki GRU ga oʻrnatilgan filtrlarni tozalash uchun ochishdan avval ularni zulfinlar vositasida uzib qoʻyish va tiqinlar oʻrnatish lozim.
542. Filtr qopqogʻi unda bosim yoʻqligi tekshirilgandan soʻng olinishi lozim.
543. Filtrlovchi nasadka (kasseta) chiqarib olingandan keyin filtr korpusi puxtalik bilan tozalanishi lozim. Kassetani qismlarga ajratish va tozalash GRP binosidan tashqarida bajarilishi lozim.
544. GRP va GRU uskunalariga xizmat koʻrsatish (sozlash, taʼmirlash, tozalash va h.) va ularni normal ishlashida yuz bergan chetga chiqishlarni bartaraf qilish ishlari toʻgʻrisida foydalanish jurnaliga yozish lozim. GRP va GRU uskunalarining detal va uzellarini almashtirish bilan bogʻliq taʼmirlash (reviziya) ishlari ularning pasportiga yozilishi lozim.
545. GRP va GRU lardan foydalanishda quyidagilar oʻtkazilishi lozim:
a) foydalanish xavfsizligi va puxtaligini taʼminlash uchun yoʻriqnomada belgilangan muddatlarda texnik holatni koʻrik (obxod)dan oʻtkazish;
b) saqlovchi berkitish va chiqarish klapanlarining ishlab ketish parametrlarini 2 oyda kamida bir marta, shuningdek, uskunani taʼmirlash tugagandan soʻng tekshirish;
v) texnik xizmat koʻrsatish –– 6 oyda kamida bir marta;
g) joriy taʼmirlash –– yiliga kamida bir marta, agar gaz uskunasini tayyorlovchi-tashkilot boshqa taʼmirlash muddatlarini belgilamagan boʻlsa;
d) kapital taʼmirlash –– koʻrik va joriy taʼmirlash natijalari boʻyicha tuzilgan nuqsonlar qaydnomasi (defekt vedomosti) asosida uskuna, oʻlchov vositalari almashtirilganda, isitish, shamollatish, yoritish tizimlari, bino konstruksiyasi taʼmirlanganda.
546. GRP va GRU xonalarining eshiklari xizmat koʻrsatish xodimlari boʻlmagan paytda qulflab qoʻyilishi yoki himoya signalizatsiyasi bilan jihozlangan boʻlishi lozim. GRP binosining tashqi tarafida yoki GRU ning devorida koʻrinarli joyga “Gaz. Yongʻinga xavfli” degan ogohlantirish yozuvi qilinishi lozim.
7-§. Gaz trakti va ferroqotishma gazini sovitish va changdan tozalash uskunalarini ishlatish
547. Gaz tozalash va GSS uskunalari taʼmirlash uchun va avariya holatlarida toʻxtagan paytda apparat va uskunalarni gaz kelish manbasi tarafdan tiqinlar oʻrnatilib uzib qoʻyish lozim.
548. Elektr energiyasi uzilganda yoki GSS ga oʻrnatilgan gazpuflagichlarning birortasi avariyaviy toʻxtaganda shu gazpuflagichdagi haydash quvurchasida tezkor uzuvchi klapan avtomatik tarzda yopilishi zarur. Bundan tashqari, haydash gazoʻtkazgichidan gaz tozalash trakti va soʻngra elektrpechga gaz bormasligi uchun klapandan keyin oʻrnatilgan, elektrlashtirilgan zulfin ham avtomatik yopilishi lozim.
549. Gazoʻtkazgich va gaz tozalash apparatlarini gaz bilan puflash va toʻldirish paytida portlovchi aralashma hosil boʻlmasligi uchun dastlab bugʻ (inert gaz) yordamida havo toʻliq siqib chiqarilgandan keyingina gaz berilishi lozim.
550. Taʼmirlash yoki uzoq muddatga toʻxtash vaqtida gaz trakti havo bilan toʻldirilganda gaz oldin bugʻ yoki inert gaz yordamida siqib chiqarilishi lozim. Gaz traktini havo bilan toʻldirish tugagani mazkur Qoidalarning 459 — 461-bandlari talablariga muvofiq belgilanadi.
551. Gazoʻtkazgichlar gaz bilan toʻldirilayotgan paytda gaz aralashmasidagi kislorod miqdori muntazam ravishda nazorat qilinishi lozim.
552. Havo soʻrilmasligi uchun elektrpechni ishga tushirishdan va gaz berishdan avval gaz trakti va puflash svechalaridagi berkitish qurilmalarining vaziyatini, shuningdek, gaz tozalash apparatlarining qopqoqli tuynuk va darchalari germetikligini puxtalik bilan tekshirib chiqish lozim.
553. Gaz tarkibida kislorod va vodorod miqdori texnologik yoʻriqnomalarda belgilab qoʻyilgan chegaralargacha koʻtarilganda, ogohlantirish signalizatsiyasi ishlab ketishi lozim.
554. Pech oʻchirilganda va ferroqotishma gazi tarkibida kislorod va vodorod miqdori belgilangan chegaradan ortiq koʻtarilib ketganda, quyidagi avtomatik xavfsizlik tizimlari ishlab ketishi lozim:
a) gaz tozalashni oʻchirish;
b) pechdan gaz soʻruvchi gaz puflagichlarni toʻxtatish;
v) gaz puflagichlarni GSS ning haydash kollektoridan uzish.
8-§. Gaz chiqarish qurilmalarini ishlatish
555. Yonuvchan gazlarni yoqmasdan GChQ orqali chiqarib yuborish man etiladi.
556. Yonuvchan gazlarni chiqarish paytida GChQ ning xizmat koʻrsatish maydonchasi va zinapoyalarida odamlar boʻlmasligi lozim. Gaz chiqarish klapanlari yaqinidagi maydonchalardan turib GChQ larga meʼyoriy xizmat koʻrsatish uchun avtomatika oʻchirilishi, gaz chiqarish klapanlari toʻliq yopilishi va klapanlardan keyin joylashgan quvur ustunlarga inert gaz yoki bugʻ berilishi lozim.
557. Zinapoyalarga kirish eshigi qulflangan va unda tegishli ogohlantirish yozuvi boʻlishi lozim.
558. GChQ larga barcha xizmat koʻrsatish ishlari gazga xavfli hisoblanadi va mazkur Qoidalarning “Gazga xavfli ishlar bexatar bajarilishini tashkil etish” boʻlimi talablariga rioya etib bajarilishi lozim.
9-§. Nazorat-oʻlchash asboblaridan foydalanish
559. Nazorat-oʻlchash asboblari foydalanish jarayonida yiliga kamida bir marta qiyoslashdan oʻtkazilishi lozim. Bundan tashqari, ishchi manometrlar qoʻshimcha tarzda nazorat manometri yordamida 6 oyda kamida bir marta tekshirilishi va tekshirish natijalari tegishlicha qayd etilishi lozim. Nazorat manometrlari boʻlmasa, qiyoslashni boshqa tekshirilgan manometr yordamida oʻtkazish mumkin.
560. Nazorat-oʻlchash asboblarini ushbu hollarda qoʻllash man etiladi:
a) asbobda davlat qiyoslanishi oʻtkazilganligi toʻgʻrisida plomba yoki tamgʻa boʻlmasa;
b) davlat qiyoslanishining muddati oʻtgan boʻlsa;
v) shikastlanish yoki nosozlik boʻlsa.
561. Suyuqlikli manometrlardan davriy oʻlchashlar uchun foydalanishga faqat gaz bosimi 0,03 MPa gacha boʻlganda ruxsat etiladi.
562. Gazning impuls oʻtkazgichlarini puflash uchun asbob va datchiklar uzib qoʻyilib bugʻ, siqilgan havo yoki gaz yordamida amalga oshiriladi. Bugʻ bilan puflash asbobdan gazoʻtkazgichga qarab bajariladi. Siqilgan havo bilan puflash gazoʻtkazgich tarafga qarab amalga oshirilishi, bu paytda gazoʻtkazgichdan impuls oʻtkazgichi uzib qoʻyilishi va havo atmosferaga chiqarib yuborilishi lozim. Gaz bilan puflash impuls oʻtkazgichni egiluvchan shlang vositasida svechaga ulab asbob turgan tarafga qarab amalga oshiriladi.
563. Radioaktiv izotopli asboblardan foydalanilsa, “Radiatsiya xavfsizligi qoidalari va sanitariya meʼyorlari” SanQvaM 0193-06 va “Radioizotopli asboblarni oʻrnatish va ulardan foydalanishdagi sanitariya qoidalari” SanQvaM 0252-08 talablariga muvofiq ushbu asboblarni xavfsiz ishlatish usullari toʻgʻrisida yoʻriqnoma boʻlishi lozim.
564. Ishlab chiqarish jarayonida qoʻllaniladigan barcha oʻlchash vositalari tegishli normativ hujjatlarida belgilangan tartibda taʼmirlashdan va davlat qiyoslovidan oʻtkazilgan boʻlishi lozim..
10-§. Gazga xavfli ishlar bexatar bajarilishini tashkil etish
565. Metallurgiya korxona va ishlab chiqarishlarining gaz xoʻjaligida xavfli ishlarga tayyorgarlik va ularni bexatar olib borish tartibi keltirilgan.
XIV-Bob. YAKUNIY QOIDA
Mazkur Qoidalar “Oʻzmetkombinat” ochiq aksionerlik jamiyati, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” Davlat korxonasi, Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, “Oʻzstandart” agentligi va Ichki ishlar vazirligi bilan kelishilgan.
“Oʻzmetkombinat” ochiq aksiyadorlik jamiyati bosh direktori A. NURUTDINOV
“Navoiy kon metallurgiya kombinati” Davlat korxonasi bosh direktori K. SANAQULOV
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri A. XAITOV
Davlat arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi B. ZOKIROV
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi T. NARBAYEVA
“Oʻzstandart” agentligi bosh direktori A. KURBANOV
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
Metallurgiya tashkilot va ishlab chiqarishlarining gaz xoʻjaligida xavfsizlik qoidalariga 1-ILOVA
Berkitish armaturasi materialini tanlashga qoʻyiladigan
talablar
Berkitish armaturasi materialini tanlash paytida gaz bosimi va harorat boʻyicha foydalanish sharoitlari quyidagi maʼlumotlar asosida hisobga olinishi lozim.
Izoh. Seysmik xavfli hududlarda gazoʻtkazgichlarga faqat poʻlat armatura oʻrnatilishi lozim.
Metallurgiya tashkilot va ishlab chiqarishlarining gaz xoʻjaligida xavfsizlik qoidalariga 2-ILOVA
Gazoʻtkazgichdan EUL gacha eng kichik ochiq vertikal masofa, m
Metallurgiya tashkilot va ishlab chiqarishlarining gaz xoʻjaligida xavfsizlik qoidalariga 3-ILOVA
Sexlararo gazoʻtkazgichlar bilan boshqa quvuroʻtkazgich va kommunikatsiyalarni birgalikda yotqizishga qoʻyiladigan
talablar
1. Kislorod oʻtkazgichlargacha boʻlgan masofa quyidagi jadvalda koʻrsatilgan miqdorlardan kam olinmasligi lozim:
2. Gazoʻtkazgichlar kislorodoʻtkazgichlar bilan birgalikda yotqizilganda quyidagi talablar bajarilishi lozim:
a) sexlararo gazoʻtkazgichlarning estakadalarida (alohida sexlarga oʻtkazilgan tarmoqlardan tashqari) kislorod bosimi 1,6 MPa gacha boʻlgan ikkitadan koʻp kislorod oʻtkazgichni yotqizish mumkin emas;
b) cheklangan sharoitlar uchun sexlararo gazoʻtkazgichlar estakadalarida diametri 100 mm gacha va bosimi 1,6 MPa gacha boʻlgan uchinchi kislorod oʻtkazgichni birgalikda yotqizishga yoʻl qoʻyiladi;
v) kislorodning bosimi 1,6 dan 4,0 MPa gacha boʻlsa, sexlararo gazoʻtkazgichlar bilan birgalikda yotqizilgan kislorodoʻtkazgichning diametri 200 mm dan oshmasligi lozim;
g) soni koʻp boʻlgan kislorodoʻtkazgichlarni yotqizish zarur boʻlganda, ularni alohida trassada yotqizish lozim. Trassalar parallel boʻlganda alohida trassadagi eng chekka gazoʻtkazgichlar bilan alohida trassada joylashgan eng chekka kislorodoʻtkazgichlar orasidagi ochiq masofa 3 m dan kam boʻlmasligi lozim.
d) kislorodoʻtkazgichlar sexlararo gazoʻtkazgichlar bilan kesishganda yoki muayyan joyda yaqinlashganda ushbu ilovaning 1-bandida koʻrsatilgan masofalarni zarur boʻlsa ikki martadan ortiq kamaytirishga yoʻl qoʻyiladi. Bunda eng kichik masofa barcha holatlar uchun 300 mm dan kam boʻlmasligi lozim;
e) gazoʻtkazgichlar kislorodoʻtkazgichlar bilan birgalikda yotqizilganda ularning armatura va flanets birikmalari bir-biriga nisbatan 1 m dan kam boʻlmagan masofaga uzoqlashtirilgan boʻlishi lozim.
3. Gazoʻtkazgichlar boshqa quvurlar birgalikda yotqizilganda mazkur Qoidalarning 81-bandi hamda quyidagi talablar bajarilishi lozim:
a) foydalanilayotgan gazoʻtkazgichlar bilan birgalikda qoʻshimcha quvurlar yotqizishga faqat bosh loyiha tashkiloti va tashkilot rahbariyati ruxsati boʻlishi lozim;
b) mavjud gazoʻtkazgichlar boʻylab yoʻldosh quvur yotqizilgan har bir alohida holat uchun qoʻshimcha yuklanma va gazoʻtkazgich metall konstruksiyasining haqiqiy holati hisobga olinib gazoʻtkazgich va tayanch konstruksiyalarining mustahkamligi va barqarorligi boʻyicha tekshirish hisob-kitobi qilinishi lozim;
v) gazoʻtkazgich kimyoviy yemirilishga faol suyuqliklarning quvuroʻtkazichlari bilan birgalikda yotqizilganda ular pastda yoki gazoʻtkazgichning yon tomonidan kamida 500 mm masofada joylashgan boʻlishi lozim.
Kimyoviy yemirilishga faol suyuqliklarning quvuroʻtkazichlarida flanetsli birikmalar boʻlsa, gazoʻtkazgichlar va ularning tayanch konstruksiyalariga ushbu suyuqlik tushmasligi uchun muhofaza soyaboni oʻrnatilishi lozim. Kimyoviy yemirilishga faol suyuqlikli quvuroʻtkazichlarning flanetsli birikma va berkitish armaturalarini ustunlar yaqinida, zinapoya va mayonchalar ustida joylashtirmaslik lozim;
g) gazoʻtkazgichlarning tuynuk, svecha va boshqa elementlari oʻrnatilgan joylarda yoʻldosh quvuroʻtkazgichlar ulardan kamida 800 mm dan masofada joylashtirilishi lozim;
d) yoʻldosh quvuroʻtkazichlarning drenajlari gazoʻtkazgichlar, tayanch konstruksiyalar va ularning elementlariga, armatura va kondensat toʻplagichga drenaj mahsulotlari tushmaydigan masofaga uzoqlashtirilgan boʻlishi lozim;
e) yoʻldosh quvuroʻtkazgichlarga nisbatan har bir gazoʻtkazgichning bitta tomoni yaqinlashish uchun bemalol boʻlishi lozim;
j) xodimlar uchun toʻsiqli oʻtish joyi boʻlgan gazoʻtkazgichlarda yoʻldosh quvuroʻtkazgichlar shu joydan tashqarida oʻtkazilishi lozim.
4. Gazoʻtkazgich boʻylab kuchlanishi 380 V gacha boʻlgan va gaz xoʻjaligiga xizmat koʻrsatish uchun moʻljallangan (dispetcherlashtirish, signalizatsiya, yoritish va gazoʻtkazgichlar zulfinlarining elektryuritmalarini taʼminlash kabellari) elektroʻtkazgich poʻlat quvurlar ichida yoki bronlangan kabellar koʻrinishida oʻtkazilishi lozim.
5. Yonuvchan gaz quvurlarini kabel galereya (estakada)lari bilan birgalikda umumiy qurilish konstruksiyalarida yotqizish uchun quyidagi talablarga rioya qilish lozim:
a) kuchlanishi 10 kV gacha, bronlangan yoki bronlanmagan, jami 30 tadan koʻp boʻlmagan kabellar yotqizilishi mumkin;
b) kabellar galereya (estakada)si gazoʻtkazgichlardan pastda joylashgan boʻlishi lozim. Galereya konstruksiyasi yoki estakadadagi eng chekka kabel bilan gazoʻtkazgichlar orasidagi ochiq masofa 1m dan kam boʻlmasligi lozim. Kabellarga xizmat koʻrsatish uchun alohida zinapoya va maydonchalar hamda yongʻin oʻchirish vositalari boʻlishi lozim;
v) kabel muftalarini quvuroʻtkazgich armaturalari, tuynuklar va salnikli kompensatorlar oʻrnatilgan joydan kamida 3 m masofada joylashtirish lozim;
g) gazoʻtkazgich va kabel galereyalarining yuk koʻtaruvchi asosiy qurilish konstruksiyalari olovbardoshlik darajasi 0,75 soatdan kam boʻlmagan temirbeton yoki olovbardoshlik darajasi 0,25 soatdan kam boʻlmagan poʻlatdan yasalishi lozim;
6. Kabellar galereya (estakada)si yonuvchan gazlar (ularning havoga boʻlgan nisbiy zichligidan qatʼi nazar) quvuroʻtkazgichlarining estakadalari ustidan yoki ostidan kesib oʻtishi uchun quyidagi talablarga rioya qilish lozim:
a) gazoʻtkazgichlar bilan galereya (estakada)ning toʻsiqlari orasidagi ochiq masofa galereya (estakada) gazoʻtkazgichlar ostidan oʻtganda 0,5 m dan, galereya (estakada) gazoʻtkazgichlar ustidan oʻtganda esa 2 m dan kam boʻlmasligi lozim;
b) gazoʻtkazgichlar estakadalari bilan kabel galereyalari kesishgan uchastkada kabel muftalari gazoʻtkazichlardan kamida 3 m uzoqlikda joylashgan boʻlishi lozim;
v) kabel galereya (estakada)si va gazoʻtkazgichlar uchun ular kesishgan joyda umumiy tayanch qurish mumkin emas.
Metallurgiya tashkilot va ishlab chiqarishlarining gaz xoʻjaligida xavfsizlik qoidalariga 4-ILOVA
Sex gazoʻtkazgichlari va kislorodoʻtkazgichlar orasidagi ochiq masofa, mm
Metallurgiya tashkilot va ishlab chiqarishlarining gaz xoʻjaligida xavfsizlik qoidalariga 5-ILOVA
Gaz xoʻjaligining A toifali bino va xonalariga boʻlgan talablar
1. A toifali binolar alohida yoki sex binolariga taqab qilib qurilgan boʻlishi lozim. G va D toifali binolar ichida joylashgan A toifa xonalarning tuzilishi amaldagi texnologik loyihalash meʼyorlari, portlash va yongʻin xavfi boʻlgan bino va inshootlar toifasini aniqlash talablariga javob berishi lozim.
2. A toifali alohida va taqab qurilgan binolardan boshqa binolargacha boʻlgan, bevosita A toifali binolarning tashqi devoridan oʻlchanadigan, masofa (ishlatilayotgan gazlarning bosimidan qatʼi nazar) quyidagi oʻlchamlar (m)dan kam boʻlmasligi lozim:
3. A toifali xonalarni yonuvchan gazlar ishlatilmaydigan olovbardoshligi 1- va 2- darajali G va D toifadagi binolar yoniga, shuningdek, A toifadagi binolar yoniga qurishga ularda faqat yonuvchan gazlar ishlatilsa yoʻl qoʻyiladi.
Jamoat va maishiy binolar yoniga A toifali xonalarni qurish man etiladi.
4. A toifali xonalarni boshqa toifali binolarga taqab qurishda quyidagi talablarga rioya qilish lozim:
a) olovbardoshligi 1- va 2-darajali binolarning olovbardoshlik chegarasi 0,75 soatdan kam boʻlmagan, yongʻinga qarshi gaz oʻtkazmas yaxlit devorlari tomonidan qurilishi;
b) taqab qurilayotgan xonalar toʻkilmaydigan qoplamali boʻlishi, bunda derazalar yuzasi qurilayotgan xonaning 1 m3 hajmiga 0,05 m2 dan kam boʻlmasligi lozim;
v) taqab qurilgan xonani boshqa binolardan ajratadigan devorga dahliz-shlyuz bilan jihozlangan eshik oraliqlarini oʻrnatish mumkin;
g) taqab qurilgan inshootlarning yon devorlaridan asosiy binoning deraza va eshik romlarigacha boʻlgan gorizontal masofa 3 m dan kam boʻlmasligi lozim.
5. A toifali binolarga ularga qarashli elektr nimstansiyalarni taqab qurishda EUOʻQ talablariga rioya qilish lozim.
6. Gaz xoʻjaligining A toifali binolari chordoqsiz va olovbardoshligi 1- va 2-darajali boʻlishi lozim.
Havoga nisbatan zichligi 0,8 dan yuqori boʻlgan gazlar qoʻllaniladigan binolarda yertoʻlalar qurish mumkin emas.
A toifali xonalarni pastki (tsokol) qavatda qurish man etiladi.
7. A toifali ikki qavatli binolar orayopmasida (ochiq yoki panjarali toʻshama bilan toʻsilgan) darchalar boʻlishi lozim. Darchalar yuzasi havoga nisbatan zichligi 0,8 va undan kam boʻlgan gazlar qoʻllaniladigan binolarda har bir qavat umumiy yuzasining (darchalar egallagan yuzalarni qoʻshgan holda) 15 foizdan va havoga nisbatan zichligi 0,8 dan koʻp boʻlgan gazlar qoʻllaniladigan binolarda esa 10 foizidan kam boʻlmasligi lozim.
Kuchli taʼsir qiluvchi zaharli moddalar tarqalishining oldini olish zarur boʻlgan ishlab chiqarishlardagi qavatlararo orayopmalarga darchalar qurmaslik lozim, bundan ularni texnologik talablar bilan qurish belgilangan holatlar mustasnodir.
8. A toifa binolarning hajmiy-rejaviy yechimlari shamollatilmaydigan va turgʻun hudud (qop)lar paydo boʻlishiga yoʻl qoʻymasligi lozim.
9. Havoga nisbatan zichligi 0,8 dan yuqori boʻlgan yonuvchan gazlar ishlatiladigan A toifa xonalardagi xandaq, oʻralar, pol osti ariqcha va tonnellar koʻmib tashlangan boʻlishi lozim.
Texnologik jarayon sharoitlariga koʻra A toifa xonalarda ochiq oʻra va ariqchalar mavjud boʻlsa, bu xonalarda ishlatiladigan yonuvchan gazlarning havoga nisbatan zichligi 0,8 va undan kam boʻlishi lozim. Bu holda chuqurligi 0,5 m dan koʻp boʻlgan oʻra va ariqchalar uzluksiz ishlaydigan kiritish-tortish ventilatsiyasi bilan taʼminlangan boʻlishi lozim.
10. A toifa xonalardagi deraza va yorugʻlik fonarlarini oynaklash uchun deraza oynasi qoʻllanilishi lozim. Armaturali oyna, shishablok yoki oynafilit qoʻllash man etiladi.
11. Ikkinchi qavatning ustyopmasida perimetri boʻyicha balandligi 1,2 m boʻlgan toʻsiqli montaj darchasi qilinishi lozim. Ushbu darcha mashina zali kranining ishlash xududida boʻlishi lozim.
12. A toifali alohida turgan binolar va taqab xonalar joylashgan hudud balandligi kamida 1,25 m boʻlgan yengil toʻsiq bilan muhofazalanishi lozim.
13. A toifa xonalar ichida yangi qurilayotgan gaz xoʻjaligi obyektlari va tashqi uskunalar, odatda, toʻliq avtomatlashtirilgan, masofadan turib boshqariladigan va dispetcher punktidan yoki normal sharoitlarda portlashga xavfli zonalari boʻlmagan hamda doimiy xizmat koʻrsatuvchi xodimlar boʻlmaydigan yonma-yon xonadan nazorat qilinadigan qilib loyihalanishi lozim.
14. A toifa xonalarda joylashtirilgan alohida apparat, mashina va kommunikatsiyalarning boʻrtib chiqqan qismlari orasida, shuningdek, uskunalar va binolarning konstruksiyalari (devor, ustunlari) orasida eni kamida 1 m li oʻtish yoʻlaklari boʻlishi lozim.
15. A toifa xonalarga va tashqi gaz qurilmalariga ularga aloqador boʻlmagan asbob-uskunalarni joylashtirish man etiladi.
16. A toifa xonalarga gaz keltiradigan gaz kollektorlar binolarning tashqari tomonidan yotqizilishi lozim. Ularni olovbardoshligi 1- va 2- darajali binolarning yonmaydigan va tashlab yuborilmaydigan tomlarida joylashtirish mumkin.
17. A toifali xonalar havosidagi yonuvchan gazlar miqdori ishlatilayotgan gaz muhiti uchun moʻljallangan avtomatik gazoanalizatorlar vositasida nazorat qilinishi lozim. Avtomatik gazoanalizator yorugʻlik va tovush signallaridan tashqari zaharmas gazlar konsentratsiyasi alangalanish quyi konsentratsiya chegarasining 20 foiziga yetganda yoki xonalarning havosida zaharli gazlar konsentratsiyasi sanitariya meʼyorlari boʻyicha chegaraviy ruxsat etilgan meʼyorga yetganda avariya shamollatgichi avtomatik yoqilishi uchun impuls berishi lozim.
Signal chiroqlari va tovush xabarlagichlari shchit xonalarida yoki A toifali xonalarning kirish joyida va gaz xoʻjaligining dispetcher boʻlimida boʻlishi, tovush xabarlagichlari esa, bundan tashqari, mashina zalida ham boʻlishi lozim. Avtomatik gazoanalizatorlar sanoatda ishlab chiqarilmasa, vaqtinchalik indikatorlar qoʻllanishi yoki xonalar gazlanishi bosh muhandis tomonidan tasdiqlangan jadval boʻyicha davriy nazorat qilinishi lozim.
Gazoanalizator va gazindikatorlar datchiklari gaz chiqishi va toʻplanishi mumkin boʻlgan joylarda oʻrnatilishi lozim.
18. A toifali xonalarni yongʻin aniqlash va oʻchirish avtomatik qurilmalari bilan jihozlash texnologik loyihalash meʼyorlariga muvofiq hamda yongʻinni aniqlash va oʻchirish avtomatik qurilmalari bilan himoyalanishi lozim boʻlgan binolar roʻyxati talablarini hisobga olgan holda bajariladi.
19. Gaz xoʻjaligi obyektlari xonalarining isitish va shamollatish tizimlari QMQ 2.04.05-97 “Havoni moʻtadillash, isitish va shamollatish” va mazkur Qoidalar talablariga muvofiq boʻlishi lozim.
20. G va D toifa binolarga taqab qurilgan A toifa xonalarning umumalmashuv shamollatish tizimlari shu binolarning umumalmashuv tortuvchi shamollatish tizimidan alohida boʻlishi lozim.
21. Portlashga xavfli zonalar uchun elektr uskunalarni tanlash va oʻrnatish EUOʻQ ning 7.3-bobiga muvofiq va portlashga xavfli zonalar toifalari, portlash xavfi boʻlgan aralashmalar toifalari va guruhlari tasnifi asosida bajarilishi lozim.
Portlashga xavfli zonalardagi elektr uskunalar portlashdan himoyalanib yasalgan elektr uskunalarga qoʻyiladigan davlat standarti talablariga javob berishi lozim.
22. A toifali xonalardagi elektr kuch va yorugʻlik liniyalarining elektroʻtkazgichlari portlashga xavfli zonalarni avtomatlashtirish tizimi va elektr uskunalar, elektr kuch va yorugʻlik tarmoqlarini montaj qilish boʻyicha yoʻriqnoma talablariga rioya qilib yasalishi lozim.
23. A va B toifali xonalardagi uskunalarni nazorat qilish va boshqarish uchun ishlatiladigan nazorat oʻlchov asboblari, signalizatsiya va umumiy turdagi aloqa vositalari impuls quvuroʻtkazgichlari va portlashga xavfli zonalari boʻlmagan alohida qoʻshni xonaga joylashtirilishi lozim, bunda ajratuvchi devor yaxlit, gazoʻtkazmaydigan va olovbardoshligi chegarasi 0,75 soatdan kam boʻlmasligi lozim. Devorda kabel va simlar gazdan himoyalovchi quvurlar orqali oʻtishi uchun tuynuk qilish mumkin. Kirish tuynuklari gaz oʻtkazmasligi va yonmaydigan materiallar bilan zich berkitilgan boʻlishi lozim.
A toifali xonalarda umumiy foydalanish avtomatika asbob va vositalarini EUOʻQ talablariga muvofiq faqat ortiqcha bosim ostida havo bilan puflanib atmosferaga chiqarib yuboriladigan germetik javonlarda joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
24. A toifali xonalardagi barcha texnologik, elektrik, shamollatish, isitish uskunalari va metall quvuroʻtkazgichlarini EUOʻQ talablariga rioya qilgan holda ushbu tizimning butun uzunligi boʻylab uzluksiz elektr zanjirga tokoʻtkazuvchi tutashtirgich orqali ulab va har bir tizimni kamida ikkita joyda elektr uskunalarni yerga ulash va yashindan himoyalash konturiga ulab himoyalash lozim.
Boshqarish shchit va pultlari xonalari ichiga barcha turdagi yonuvchan gazlarning, ularning bosimidan qatʼi nazar, impuls quvur oʻtkazgichlarini kiritish mumkin emas.
Metallurgiya tashkilot va ishlab chiqarishlarining gaz xoʻjaligida xavfsizlik qoidalariga 6-ILOVA
GRP va GRU larni joylashtirish va tuzilishiga boʻlgan talablar
1. GRP ni texnologik zaruriyat va vazifalaridan kelib chiqqan holda quyidagilarga joylashtirish lozim:
a) 5-ilovaning 1 — 13 bandlari talablariga muvofiq boʻlgan alohida yoki binolarga taqab qurilgan xonalarga, bunda GRP uskunasining bir qismini (zulfin, filtr, saqlovchi chiqarish klapanlari va h.) GRP xonasidan tashqarida, atrofi toʻsilgan maydonchalarda joylashtirish mumkin;
b) olovbardoshligi 1-, 2- va 3-darajali ishlab chiqarish binolarining gaz isteʼmolchilari joylashgan tomlarda, bunda tomga toʻshalgan isitkich yonmaydigan yoki kam yonuvchan qiyin alangalanuvchi materialdan tayyorlangan boʻlishi lozim;
v) gaz isteʼmol qilinadigan, olovbardoshligi 3-darajadan past boʻlmagan binolar tashqarisida devorlarga oʻrnatilgan javonlarga, bunda javonlarning yon devorlaridan derazalar, eshiklar va boshqa darchalargacha boʻlgan gorizontal masofa 1 m dan, yoʻllarning qatnov qismigacha esa 3 m dan kam boʻlmasligi lozim. Binolarning derazalari ostida javonli GRP ni joylashtirish mumkin emas. GRP javonlari yonmaydigan materiallardan yasalgan boʻlishi hamda ustki va pastki qismida shamollatish uchun teshiklar boʻlishi lozim. Javonlar keltirilgan issiq suv yoki bugʻ tizimi yordamida isitilishi lozim. Javonlarning devorlari issiqlik izolatsiyasi bilan qoplangan, eshikchalari esa qulflanadigan boʻlishi lozim;
g) binolar tashqarisida alohida oʻrnatilgan, yonmaydigan materiallardan yasalgan tayanchlarda va gazoʻtkazgichlarning tayanch va maydonchalariga oʻrnatilgan javonlarda;
d) bostirmalar ostidagi atrofi toʻsilgan ochiq maydonchalarda, agar bu yerdagi iqlim sharoitlari uchun uskunalarning normal ishlashi taʼminlansa.
2. GRP xonalarini maʼmuriy va sanitariya-maishiy xonalarga taqab qilib qurish, shuningdek, ushbu xonalarning devorlariga javonli GRP larni joylashtirish man etiladi.
3. GRP xonalaridagi asosiy oʻtish yoʻlaklarining eni kamida 0,8 m boʻlishi lozim. GRP regulyatorlar xonasining uzunligi 6 m dan ortiq boʻlsa, ikkinchi chiqish joyi koʻzda tutilgan boʻlishi lozim.
4. GRP xonasida 1 soatda kamida uch karra havo almashinuvini taʼminlaydigan tabiiy, doimiy ishlaydigan shamollatgich boʻlishi lozim.
5. GRP da alohida kirish (chiqish) eshigi boʻlgan va regulyatorlar xonasidan gaz oʻtkazmaydigan, olovbardoshlik chegarasi kamida 0,75 soat boʻlgan yaxlit devor bilan ajratilgan NOʻA xonasi boʻlishi lozim. Bu xonaga tashkilot gaz xoʻjaligining dispetcher punkti bilan toʻgʻridan toʻgʻri telefon aloqasi oʻrnatilishi lozim.
6. GRU ning ochiq yoki javonli turini, GRU ga kirishdagi gaz bosimdan qatʼi nazar, bevosita gaz isteʼmolchi agregatlar joylashgan sex va qozonxonalar binolarida oʻrnatish lozim. GRU oʻrnatilgan xonalar G va D toifaga tegishli boʻlishi va olovbardoshligi 3-darajadan kam boʻlmasligi lozim.
GRU ni sexning boshqa binosidan ajratilib ichiga qurilgan xonalarida (masalan, boshqaruv punktlarida, shchit xonalarida), shuningdek, asosiy ish maydonchalari ostida, chuqurlashtirilgan berk joylarda va zinapoya supalari ostida oʻrnatish man etiladi.
7. Poʻlat eritish, prokat, termik va boshqa yirik sexlarda barcha sex isteʼmolchilari uchun bitta yoki har bir alohida joylashgan gaz isteʼmolchi agregatlar guruhlarining oldiga GRU oʻrnatilishi mumkin.
Bitta binodagi turli xonalarda joylashgan gaz isteʼmolchi agregatlarga bitta GRU dan gaz berish uchun GRU va gaz isteʼmolchi agregatlar oʻrnatilgan xonalarga sutkaning istalgan vaqtida xizmat koʻrsatuvchi xodimlar bemalol kira olishi lozim.
8. GRU lar xizmat koʻrsatish oson boʻlgan, mexanik shikastlanishlar yuz bermaydigan, tebranishlar va issiqlik taʼsiri mavjud boʻlmagan joylarda oʻrnatilishi lozim. Bu joylar shamollatib turilishi va yoritilishi lozim. GRU qizigan metallni tushirish, saqlash va tashish joyidan kamida 5 m masofada joylashgan yoki undan yonmaydigan panjara bilan toʻsilgan boʻlishi lozim.
9. GRP va GRU larning har bir liniyasida filtr, saqlovchi berkitish klapani, gaz bosimi rostlagichi, svechalar, yuqori va quyi tomonli berkituvchi qurilmalar, rostlagichdan keyingi bosimni va filtrda bosim oʻzgarishlarini oʻlchash uchun manometrlar boʻlishi lozim.
GRP va GRU larning parallel ulangan liniyalardan tashkil topgan har bir uzeli orasiga svecha oʻrnatilgan ikkita berkitish qurilmali aylanma gazoʻtkazgichlar (baypas), quyi tomonda saqlovchi chiqarish klapan (ularning soni loyihada belgilanadi) va GRP gaz kollektorlarining yuqori va quyi tomonida qayd qiluvchi manometrlar boʻlishi lozim. Prujina tipidagi saqlovchi chiqarish klapanlari oldiga ochiq holati tamgʻalangan (plombalangan) berkitish armaturasini oʻrnatish mumkin.
Yangi loyihalanayotgan GRP lar uchun baypasni xona tashqarisida joylashtirish lozim.
Javonli GRP va GRU da zaxira rostlash liniyasi boʻlsa, aylanma gazoʻtkazgichar boʻlishi shart emas.
10. Har bir rostlash liniyasida barcha flanetsli birikma va armaturalarni aylanib oʻtuvchi tok oʻtkazish tutashtirgichlari boʻlishi lozim. Yerga ulagichning tok yoyilishiga impulsli qarshiligi 10 Ω dan koʻp boʻlmasligi lozim.
11. Ishlab chiqarish sharoitlari boʻyicha uzluksiz gaz taʼminoti talab qilinadigan metallurgiya sexlari uchun GRP va GRU larda saqlovchi berkitish klapanlarini oʻrnatish man etiladi.
12. Har bir GRP liniyasiga filtrlar oʻrnatmasdan GRP xonasidan tashqarida filtrlarni markazlashtirilgan usulda oʻrnatish mumkin, bu holda zaxira filtr boʻlishi shart. Bir tizimda va filtrlari boʻlgan GRP dan keyin yoki gaz tozalash punktidan 1000 m dan kam uzoqlikda joylashgan GRP va GRUlarda filtrlar oʻrnatish shart emas.
Gazoʻtkazgichlarning tashkilotga kirishidagi gaz tozalash punktlarida yoki GRP oldida oʻrnatiladigan, 0,07 MPa dan yuqori bosim ostida ishlaydigan vissin filtr va separatorlar amaldagi “Bosim ostida ishlaydigan idishlarning tuzilishi va bexatar ishlatish qoidalari”ga muvofiq boʻlishi lozim.
13. GRP va GRU larning quyi tomonida bosimning belgilangan chegaradan oshishini va pasayishini bildiradigan va dispetcher punktlariga yoki navbatchi xodimlar xonasiga xabar beradigan signalizatsiya boʻlishi lozim.
14. GRP va GRU dagi saqlovchi chiqarish klapanlar, shu jumladan, bosim rostlagichlariga oʻrnatilgan, ish bosimi 15 foizga koʻtarilganda klapan toʻliq ochilishini va gaz svechalar orqali chiqarib yuborilishini taʼminlashi lozim.
Saqlovchi klapandan keyingi svechaning diametri klapanning chiqarish quvurchasi diametridan kam boʻlmasligi lozim.
15. Har bir GRP liniyasidagi berkitish qurilmalarining flanetsli birikmalari rostlagichlardan oldin va keyin qistirma halqalarga ega boʻlishi lozim, liniya taʼmirlash uchun uzilganda ularning oʻrniga tunuka tiqin oʻrnatilishi lozim.
16. Bosim rostlagichidan keyin zulfindan oldin rostlagichni sozlash uchun puflash svechasi, rostlagich unumdorligidan kamida 15 foiz gazni oʻtkazishga hisoblangan, oʻrnatilishi lozim.
17. GRP larga, shu jumladan, javonli GRP ga, gaz keltiruvchi gazoʻtkazgichlarda xona (javon)dan tashqarida vaqti-vaqti bilan kondensatni maxsus sigʻimlarga toʻkish uchun shtutsyerlar boʻlishi lozim.
18. Keltiruvchi va olib ketuvchi gazoʻtkazgichlarga GRP dan oldin va keyin rostlagichlar xonasigacha 5 m dan yaqin va 100 m dan uzoq boʻlmagan masofada berkitish qurilmalari oʻrnatilishi lozim. Ushbu berkitish qurilmalarini, agar ular sexlararo gazoʻtkazgichlarning tarmogʻida va sexga kirish quvurida GRP rostlagichlari xonasidan 100 m dan uzoq boʻlmagan masofada koʻzda tutilgan boʻlsa, oʻrnatish shart emas. Faqat bitta sex (obyekt)ni taʼminlaydigan GRP dan keyin ham zulfin oʻrnatilmaydi. GRP dan oldin elektryuritmali zulfin oʻrnatilishi lozim.
19. GRU gacha gazoʻtkazgichga berkitish qurilmasi oʻrnatilishi lozim. GRU dan keyin gazoʻtkazgichga berkitish qurilmasini oʻrnatish talab etilmaydi.
20. Chiqarish svechalari saqlovchi chiqarish klapanlaridan mazkur Qoidalarning talablariga muvofiq balandlikka chiqarilgan boʻlishi lozim.
21. GRP va GRU larni ishlatish paytida tashkilot ish joylaridagi shovqin tavsifi va ruxsat etilgan darajasi amaldagi meʼyorlarda belgilangan miqdorlardan oshmasligi lozim.
Metallurgiya tashkilot va ishlab chiqarishlarining gaz xoʻjaligida xavfsizlik qoidalariga 7-ILOVA
Poʻlat quvurlar va materiallarga qoʻyiladigan talablar
1. Barcha sexlararo va sexlarning yonuvchan gaz gazoʻtkazgichlari (quvurlar, fasonli detallar) “Texnologik quvuroʻtkazgichlarning tuzilishi va xavfsiz ishlatish qoidalari” (mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2009-yil 1-dekabrdagi 6-15/23-9626/6-sonli xulosasiga muvofiq normativ-texnik hujjat deb topilgan) va ushbu Qoidalarga muvofiq tayyorlangan boʻlishi lozim.
2. Quvuroʻtkazgichlar ishlab chiqarilishida ishlatiladigan tayyor mahsulot va materiallarning sifati va texnik xususiyati ishlab chiqaruvchi tashkilotlar tomonidan tegishli sertifikat va pasportlar bilan tasdiqlangan boʻlishi lozim.
3. Quvurlarni tashilayotgan muhitning parametrlariga bogʻliq holda 1-jadvalga muvofiq tanlash lozim.
4. Changushlagichlar va iflos gaz gazoʻtkazgichlar gʻiloflari, shu jumladan, vertikal va pasayib boruvchi uchastkalari uchun quyidagi markali poʻlatlarni qoʻllash lozim:
a) 10 dan 25 mm gacha boʻlgan qalinlikda — Vst3sp5 va Vst3sp9;
b) 10 dan 40 mm gacha boʻlgan qalinlikda — 10G2S1-12
v) 4 dan 10 mm gacha boʻlgan qalinlikda — 10G2S1-9;
g) 10 dan 40 mm gacha boʻlgan qalinlikda — 09G2S-12;
d) 4 dan 10 mm gacha boʻlgan qalinlikda — 09G2S-9
Metallurgiya tashkilot va ishlab chiqarishlarining gaz xoʻjaligida xavfsizlik qoidalariga 8-ILOVA
Yer usti gazoʻtkazgichlardan tashkilot hududidagi bino va inshootlargacha boʻlgan minimal masofa gorizontal boʻyicha quyidagi miqdorlardan (m larda berilgan) kam boʻlmasligi lozim:
