Oʻzbekiston Respublikasida shahar yoʻlovchi tashish transportini rivojlantirish konsepsiyasi toʻgʻrisida (513-son)
26.11.1999
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Shahar yoʻlovchi tashish transporti xizmatlariga boʻlgan ehtiyojni yanada toʻlaroq qondirish, yagona transport siyosatini amalga oshirish va shahar yoʻlovchi tashuvlari bozorini rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 2000 — 2005-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida shahar yoʻlovchi tashish transportini rivojlantirish Konsepsiyasi va uni amalga oshirish chora-tadbirlari Dasturi 1 va 2-ilovalarga muvofiq maʼqullansin.
2. Mazkur Konsepsiyani amalga oshirish boʻyicha Respublika komissiyasi 3-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin.
3. Respublika komissiyasi:
“Oʻzavtotrans” korporatsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, “Toshshaharyoʻlovchitrans” uyushmasi, tegishli vazirliklar va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2-ilovada koʻrsatilgan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida ishlab chiqilishini va amalga oshirilishini taʼminlasin;
ushbu qarorni bajarishning borishi toʻgʻrisida har yili, yarim yillik va umuman yillik ish yakunlari boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga axborot berib borsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasida shahar yoʻlovchi tashish transportini rivojlantirish Konsepsiyasi asosida shahar yoʻlovchi tashish transporti tizimini isloh qilish va rivojlantirishning mintaqaviy kompleks dasturlarini uch oy muddatda ishlab chiqsinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari L.A. Axmetov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 26-noyabr,
513-son
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 26-noyabrdagi 513-sonli qaroriga 1-ILOVA
2000 — 2005-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida shahar yoʻlovchi tashish transportini rivojlantirish
KONSEPSIYASI
I. UMUMIY QOIDALAR
1.1. Bozor munosabatlariga oʻtishda shahar yoʻlovchi tashish transportining roli va ahamiyatining oshishi sanoat va aholining shaharlarga toʻplanishi jarayonlarining kuchayishi, yangi sanoat markazlarining shakllanishi, shaharlar infratuzilmasini kompleks rivojlantirishni, aholining jamoat transportidan keng foydalanishini taʼminlash zaruriyati bilan belgilanadi.
1.2. Ushbu Konsepsiya shahar yoʻlovchi tashish transportining iqtisodiy jihatdan foydali va ekologiya jihatidan toza turlarini kompleks rivojlantirish, aholini transport xizmatlari bilan taʼminlash sifatini oshirish, yoʻlovchilar tashish xavfsizligini kuchaytirish, transportning atrof-muhitga zararli taʼsirini kamaytirish, ushbu sohada bozor munosabatlarini keng rivojlantirish asosida respublika aholisiga transport xizmatini koʻrsatishni takomillashtirish yoʻnalishlarini asoslangan holda belgilash maqsadida ishlab chiqilgan.
1.3. Konsepsiya quyidagi asosiy vazifalarni hal etishga yoʻnaltirilgan:
mamlakat shahar yoʻlovchi tashish transportining zamonaviy xalqaro talablarga va aholining oʻsib borayotgan turmush darajasiga muvofiq boʻlgan tizimini bosqichma-bosqich shakllantirish;
yoʻlovchilar tashish sohasida bozor munosabatlarini, transport vositalariga mulkchilikning nodavlat shakllarini rivojlantirish;
transport xizmatlari bozorida raqobat muhitini shakllantirish;
umumiy foydalanishdagi shahar yoʻlovchi tashish transportini boshqarishning tashkiliy tuzilmasini takomillashtirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish;
shahar yoʻlovchi tashish transporti korxonalarining moliyaviy barqarorligini taʼminlash, foydalanish xarajatlarini kamaytirishni taʼminlaydigan moliyaviy mexanizmlarni joriy etish;
shahar yoʻlovchi tashish sohasiga investitsiyalarni, shu jumladan chet el investitsiyalarini jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
shahar jamoat transportining harakatdagi turlarini yangilash va zamonaviylashtirish;
shahar yoʻlovchi tashish transporti infratuzilmasini, eng avvalo, tuzatish bazasini rivojlantirish darajasini oshirish, uni harakatdagi tarkibga xizmat koʻrsatish va uni tuzatishning yangi texnika vositalari va texnologiyalari bilan taʼminlash;
shahar yoʻlovchi tashish transporti tizimini malakali kadrlar bilan taʼminlash;
shahar yoʻlovchi tashish transporti sohasida xoʻjalik yurituvchi subyektlarning oʻzaro munosabatlarini tartibga soluvchi, uning barqaror ishlashi va rivojlanishini taʼminlovchi meʼyoriy-huquqiy bazani takomillashtirish.
1.4. Koʻrsatib oʻtilgan maqsad va vazifalardan kelib chiqqan holda Konsepsiyada 2005-yilgacha boʻlgan davrda shahar yoʻlovchi tashish transportini rivojlantirishning, mulkchilik munosabatlarini yanada isloh qilish va transport xizmatlari koʻrsatish bozorida raqobat muhitini shakllantirishning, shahar yoʻlovchi tashish transportini boshqarish tuzilmasi va tizimini takomillashtirishning, uning texnikaviy darajasini oshirish va moliyaviy ahvolini mustahkamlashning, xodimlar mehnatini ragʻbatlantirish hamda kadrlar tayyorlashning asosiy yoʻnalishlari belgilab berilgan.
1.5. Konsepsiya Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga, Hukumat qarorlariga, mamlakatning boshqa qonun hujjatlariga, shuningdek shahar yoʻlovchi tashish transporti hozirgi ahvolining tahlili natijalariga, ilmiy va prognoz ishlanmalariga asoslanadi.
1.6. Quyidagilar Konsepsiyaning boshlangʻich uslubiy tamoyillari boʻldi:
mintaqalar boʻyicha shahar aholisining prognoz qilinayotgan soni;
respublika va uning mintaqalarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning oʻrtacha yaqin istiqbolga moʻljallangan prognoz koʻrsatkichlari;
aholini joylashtirish sxemalarini va shaharsozlik sxemalarini shakllantirish yoʻnalishlari;
shaharsozlik meʼyorlari tizimi.
II. Shahar yoʻlovchi tashish transportining mamlakat transport tizimidagi roli va oʻrni
2.1. Oʻzbekistonning yagona transport tizimida yoʻlovchilar tashish umumiy hajmining 59 foizi shahar yoʻlovchi tashish transporti ulushiga toʻgʻri keladi.
Oʻzbekistonda shahar yoʻlovchi tashish transportining barcha turlari ishlamoqda. Shahar yoʻlovchi tashish transporti tuzilmasida jamoat transporti — avtobuslar, tramvaylar, trolleybuslar va metro ustuvor ahamiyatga ega (1-ilova).
Shahar yoʻlovchi tashish transporti shoxobchalarining umumiy uzunligi 8046,2 kilometrni, shu jumladan avtobus yoʻnalishlari — 6982,2, tramvaylarniki — 267,0, trolleybuslarniki — 767,5 va metropoliten liniyalari — 29,5 kilometrni tashkil qiladi.
Jamoat transporti tomonidan bajarilayotgan shahar yoʻlovchi tashuvlari umumiy hajmidan 40,0 foizi “Oʻzavtotrans” korporatsiyasi, 1,6 foizi Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi va 58,4 foizi “Toshshaharyoʻlovchitrans” uyushmasi korxonalari ulushiga toʻgʻri keladi.
2.2. Shu bilan birga, aholining shaharlarda yoʻlovchi tashuvlarga boʻlgan ehtiyoji toʻliq qondirilmayapti. Harakatdagi transportlar ortiqcha sigʻim bilan ishlayapti. Sigʻimdan foydalanish koeffitsiyenti 1990-yildagiga nisbatan faqat Toshkent shahrining oʻzidagina shahar avtobuslari boʻyicha 0,512 dan 1,013 gacha, metro vagonlari boʻyicha 1,34 dan 1,49 gacha ortdi.
Harakatdagi tarkibni yangilash, yoʻl qoplamalarini, tramvay yoʻllarini va tutashtirish tarmoqlarini yaxshilash, yer ustida ishlaydigan elektr transportning tortuvchi yordamchi stansiyalari quvvatini koʻpaytirish, transport korxonalarining tuzatish bazalarini texnikaviy rekonstruksiya qilish va qayta jihozlash zaruriyati yetildi.
Transport xizmatlari koʻrsatish bozori, turli tashuvchilar oʻrtasida raqobat muhiti hali shakllangani yoʻq.
III. Shahar yoʻlovchi tashish transportini rivojlantirish istiqbollari
3.1. 2000 — 2005-yillarda shahar yoʻlovchi tashish transportini rivojlantirishning asosiy bosqichlari
Shahar yoʻlovchi tashish transportini rivojlantirishning ushbu Konsepsiyasini asosan uch bosqichda amalga oshirish nazarda tutilmoqda.
Yaqin istiqbol uchun (2000-yil) uchun mulkchilik munosabatlarini, shahar yoʻlovchi tashish transporti har xil turlari ishini boshqarish tuzilmasini va tartibga solib borish mexanizmini yanada takomillashtirishga, transport xizmatlari koʻrsatish bozorida raqobat muhitini yaratishga ustuvor ahamiyat beriladi. Buning uchun meʼyoriy-huquqiy hujjatlarning tegishli paketini ishlab chiqish nazarda tutilgan.
Harakatdagi transportlar parkini texnika bilan qayta jihozlash va zamonaviylashtirish boshlab yuboriladi, shahar yoʻlovchi tashish transportining yer ustida ishlaydigan turlarini boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish loyihasi tayyorlangan. Metropolitenning Yunusobod liniyasi birinchi navbatini foydalanishga topshirish, vagon tuzatish zavodini rekonstruksiya qilishni tugallash va Sirgʻali trolleybus zavodini ishga tushirish nazarda tutilmoqda.
Ikkinchi bosqich (2001 — 2003-yillar)da asosiy eʼtibor shahar yoʻlovchi tashish transportini yangilash va zamonaviylashtirish boʻyicha investitsiya loyihalarini ishlab chiqishga va amalga oshirishga qaratiladi. Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki, Germaniyaning KFW banki, Yaponiya transport vazirligi va “Merubeni Korporeyshn” firmasi bilan ishlar davom ettiriladi, harakatdagi transportlar parkini yangilash va toʻldirish uchun Chexiyaning EGAP kredit liniyasi ishga solindi. Toshkent metropolitenining uchinchi liniyasi va Yunusobod deposi qurilishini tugallash, shuningdek metroning yangi “Sobir Rahimov — Sirgʻali” liniyasini barpo etish loyihasini qabul qilish moʻljallangan.
Tramvay-trolleybus kompleksi infratuzilmasini zamonaviylashtirishni boshlash, avtobus parklari va deposining dastgoh va garaj asbob-uskunalarini yangilash, Qarshi va Guliston shaharlarida trolleybus liniyalarini foydalanishga topshirish nazarda tutilmoqda. Toshkent shahrining yer ustidagi shahar yoʻlovchi tashish transportini Avtomatlashtirilgan boshqarish markazini tajriba tariqasida foydalanishga topshirish moʻljallangan.
Uchinchi bosqich (2004-2005-yillar)da shahar yoʻlovchi tashish transportining harakatdagi tarkib parkini zamonaviylashtirish tugallanadi, metropolitenning toʻrtinchi (Sobir Rahimov — Sirgʻali) liniyasini qurish ishlari boshlanadi. Qoʻqon, Termiz, Navoiy shaharlarida trolleybus qatnovi rivojlantiriladi. Trolleybuslarni yigʻish zavodi toʻla quvvat bilan ishlay boshlaydi. Toshkent shahrida yer ustida shahar yoʻlovchi tashish transportini boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish va respublikaning yirik shaharlari uchun ana shunday loyihalarni ishlab chiqish nazarda tutilmoqda. Shahar yoʻlovchi tashish jamoat transportining barcha korxonalarini kompyuterlashtirish, ularning dasturiy va muhandislik taʼminlanishi tugallanadi.
Shahar yoʻlovchi tashish transportini rivojlantirishning barcha uchchala bosqichining amalga oshirilishi natijasida 2005-yilda yoʻlovchi tashishlar 30,8 foizga koʻpayadi. Trolleybusda tashuvlar ustuvor darajada rivojlanadi, bu boradagi oʻsish 2,1 baravarni tashkil qiladi. Toshkent metropolitenidagi tashuvlar hajmi 1,4 baravar ortadi. Prognozga koʻra tashiladigan yoʻlovchilar soni Toshkent shahrida (29,9%), yirik va oʻrtacha shaharlarda (18 foizdan ziyod) eng yuqori surʼatlar bilan koʻpayadi. (2-ilova).
Transport turlari boʻyicha tashuvlar tuzilmasida ijobiy oʻzgarishlar boʻladi. 2005-yilda tashiladigan yoʻlovchilar umumiy sonining 32,1 foizi (hozirgi vaqtda — 26%) yoʻlovchi tashish transportining ekologiya jihatdan eng toza turlari (tramvay, trolleybus va metro) ulushiga toʻgʻri keladi (3-ilova).
Yoʻnalishlar tarmogʻi yanada rivojlanadi. Uning uzunligini 2005-yilga borib 11,5 foizga, shu jumladan trolleybuslar boʻyicha — 33,3 foizga, metropoliten boʻyicha 40,3 foizga, avtobuslar boʻyicha — 9,2 foizga va tramvaylar boʻyicha 6,7 foizga koʻpaytirish moʻljallangan (4-ilova).
2005-yilda harakatdagi transport parkini 37,5 foizga, shu jumladan mikroavtobuslarni — 3,3 baravardan ziyodroq, trolleybuslarni — 1,9 baravar, yengil avtomobil taksilari va metro vagonlarini — 1,4 baravar, avtobuslarni — 20,5 foizga va tramvaylarni — 22,5 foizga koʻpaytirish moʻljallanmoqda (5-ilova). Harakatdagi transportlar parkini yangilash, kengaytirish va zamonaviylashtirish maqsadida 2000-2005-yillar mobaynida 3460 ta avtobus va 660 ta trolleybus, 240 ta tramvay va 50 ta metro vagonlari sotib olish nazarda tutilmoqda (6-ilova).
2000 — 2005-yillar mobaynida 20 ta tortish yordamchi stansiyalarini qurish va zamonaviylashtirish, 40,5 kilometr rels va 80,4 kilometr tutashtirish tarmoqlarini toʻliq tuzatish moʻljallangan.
3.2. Mulkchilik munosabatlarini rivojlantirish. Shahar yoʻlovchi tashish transporti sohasida xususiylashtirish va aksiyalashtirish chora-tadbirlari
Konsepsiya qoidalarini amalga oshirishning birinchi bosqichidayoq shahar yoʻlovchi tashish transporti sohasida aniq mulkdorlarni shakllantirish keng chora-tadbirlari kompleksini roʻyobga chiqarish nazarda tutilmoqda.
Shaharda yoʻlovchilarni mikroavtobuslar va yengil avtomobil taksilarida tashuvlarni, qoidaga koʻra, xususiy transport vositalari egalari va xususiy korxonalar tomonidan amalga oshirish moʻljallangan.
Muntazam shahar yoʻnalishlari boʻyicha avtobuslarda tashuvlarni asosan ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyatlari, xususiy korxonalar va xususiy transport vositalari egalari tomonidan amalga oshirish moʻljallanmoqda.
Yoʻnalishlar tashuvchilar oʻrtasida tender asosida taqsimlanadi.
2005-yilgacha boʻlgan davrda tramvay-trolleybus deposi va Toshkent metropoliteni, shuningdek ularning infratuzilmasi korxonalari davlat mulkchiligida qoladi.
3.3. Transport xizmatlari koʻrsatishning raqobat bozorini rivojlantirish
Yoʻlovchi tashuvlari bozori mulkchilikning turli shakllaridagi tashuvchilar oʻrtasida raqobatni rivojlantirish asosida shakllantiriladi va faoliyat koʻrsatadi.
Quyidagilar transport xizmatlari koʻrsatish bozorini shakllantirish va kengaytirishning asosiy vazifalari hisoblanadi:
sogʻlom raqobatni tashkil qilish, monopoliyachilar faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish;
transport xizmatlari koʻrsatishdan foydalanuvchilar va transport xizmatlari koʻrsatuvchi tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilish;
mulkchilikning barcha shakllaridagi jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli avtobuslarni umumiy foydalanishdagi yoʻnalishlarga qoʻyish hamda ularning ishlash tartibi va shartlarini belgilash;
mulkchilikning barcha shakllaridagi korxonalarni belgilab qoʻyilgan tariflar boʻyicha ishlashga tanlov asosida jalb etish;
xususiy tashuvchilarning shahar jamoat transporti aksiyadorlik korxonalari bilan oʻzaro muvaffaqiyatli ishlashi va hamkorlik qilishi uchun shart-sharoitlar yaratish;
marketing tuzilmalarini shakllantirish, transport xizmatlari koʻrsatish bozori rivojlanishining hozirgi ahvolini oʻrganish va uni prognozlash;
transport vositalarining texnik holati va atrof muhitni muhofaza qilish boʻyicha tashuvchilarga nisbatan talablarni kuchaytirish;
transport xodimlarining kasb-hunar darajasini nazorat qilish;
transportning texnika vositalariga va transport tadbirkorligiga nisbatan milliy talablarni rivojlangan xorijiy mamlakatlarda qabul qilingan talablarga bosqichma-bosqich muvofiqlashtirish.
Tender hujjatlarida mulkchilikning turli shakllaridagi tashuvchilarga nisbatan yagona talablar qoʻyilgan holda yoʻlovchi tashish yoʻnalishlarini joylashtirish boʻyicha tenderlar ana shunday shart-sharoitlar yaratishning asosiy yoʻllaridan biri boʻlib qoladi.
Xususiy transport vositalarini rivojlantirish va ularning egalarini ragʻbatlantirish uchun har bir shaharda xususiy yoʻlovchi tashuvchilar uyushmalari tashkil etish moʻljallanmoqda.
3.4. Shahar yoʻlovchi tashish transportini davlat tomonidan tartibga solib borish va boshqarish tizimini takomillashtirish
Shahar yoʻlovchi tashish transportini boshqarish tizimini takomillashtirish maqsadida, “Shahar yoʻlovchi tashish transporti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, shaharlar hokimliklari huzurida shahar yoʻlovchi tashish transportini boshqarish organlari tashkil qilish nazarda tutilmoqda.
Toshkent shahrida “Toshshaharyoʻlovchitrans” davlat uyushmasi shahar yoʻlovchi tashish transportini boshqarishning yagona organi boʻladi.
Yoʻlovchi tashiydigan avtomobil va elektr transportiga ega boʻlgan yirik shaharlarda hamda viloyatlar markazlarida shahar yoʻlovchi tashish transportini boshqarish organlari tashkil qilish va ularga “Oʻzavtotrans” korporatsiyasi birlashmalari va konsernlarining hamda Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi korxonalarining yoʻlovchi tashuvchi bir qator xizmatlari shtatlarini hamda ish haqi fondini ularga berish moʻljallanmoqda.
Faqat avtomobilda yoʻlovchi tashish transportiga ega boʻlgan oʻrtacha va kichik shaharlarda jamoat yoʻlovchi tashish transporti korxonalarining joylashgan joyini va bir-biridan uzoqligini hisobga olgan holda shunga oʻxshash boshqaruv organlari tashkil etish moʻljallanmoqda. Bunda mazkur boshqaruv organi bir viloyatning kichik va oʻrtacha shaharlari guruhi uchun tashkil etilishi mumkinligi nazarda tutiladi.
Shahar yoʻlovchi tashish transporti hududiy boshqaruv organlari:
yoʻlovchilar oqimini oʻrganishga va uning asosida transportning har xil turlari uchun maqbul yoʻnalish tarmogʻini ishlab chiqishga;
yoʻnalish hujjatlarini ishlab chiqishga va ularni davlat avtomobil nazorati organlari bilan kelishishga;
har bir yoʻnalishda qatnovlar jadvalini belgilashga va tashuvchilar tomonidan unga rioya qilinishi ustidan nazoratni taʼminlashga;
yoʻnalishlarni, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, tashuvchilar oʻrtasida tender asosida taqsimlashga;
yagona texnika siyosati oʻtkazishga va shaharda yoʻlovchi tashuvchi harakatlanadigan tarkibga qoʻyiladigan yagona tartiblarga rioya etilishini nazorat qilishga;
shahar yoʻlovchi tashish transporti subyektlari uchun yagona chipta tizimi joriy qilinishini taʼminlashga daʼvat etilgandir.
Shahar yoʻlovchi tashish transportini boshqarish organlari, hokimlik bilan tashuvchilar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar shartnoma asosida amalga oshiriladi. Shahar hokimligi shahar yoʻlovchi tashish transporti boshqaruv organlari bilan aholiga transport xizmati koʻrsatishga shartnoma (kontrakt) tuzishi, cheklangan tariflarni belgilashi, shuningdek yoʻlovchilar tashishning sifatli bajarilishi va tashuvchilar tomonidan tasdiqlangan tariflarga rioya qilinishi ustidan nazoratni amalga oshirishi nazarda tutiladi.
Shahar yoʻlovchi tashish transportini boshqarish organlari tashuvchilar bilan tashishlarning muayyan turini bajarish, ular faoliyatini muvofiqlashtirish yuzasidan shartnomalar tuzadi.
Boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish chora-tadbirlari sifatida:
Oʻzbekiston Respublikasi Kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tomonidan trolleybus depolari va ularga xizmat koʻrsatuvchi infratuzilmaning “Oʻzavtotrans” korporatsiyasi ixtiyoriga berilishi;
“Oʻzavtotrans” davlat-aksiyadorlik korporatsiyasi va “Toshshaharyoʻlovchitrans” davlat uyushmasi tomonidan transport vositalarining quvvati kattaroq avtokorxonalarning ishlab chiqarish quvvatlaridan va kadrlar resurslaridan oqilona foydalanish maqsadida ularda jamlanishi;
Toshkent shahar tramvay-trolleybus kompleksini metropoliten tajribasi boʻyicha yagona korxonaga integratsiyalash nazarda tutilmoqda. Bu ularga sarflanadigan xarajatlarni ancha qisqartirish imkonini beradi.
Shahar yoʻlovchi tashish transporti faoliyatini davlat tomonidan boshqarishni transport xizmatlarini shakllantirish va bu xizmatlarni koʻrsatishga ruxsat berishni tartibga solish, litsenziyalash, meʼyoriy hujjatlarni ishlab chiqish, tarif siyosatini, soliq solishni, markazlashtirilgan mablagʻ bilan taʼminlash, yagona ilmiy-texnika siyosati oʻtkazish, tashishlarning xavfsizligini taʼminlash yoʻli bilan amalga oshirish nazarda tutilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasida shahar yoʻlovchi tashish transportini davlat tomonidan boshqarish Vazirlar Mahkamasi, joylardagi davlat hokimiyati organlari, Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, “Toshshaharyoʻlovchitrans” davlat uyushmasi tomonidan amalga oshiriladi.
3.5. Shahar yoʻlovchi tashish transportining ishlab chiqarish-texnika bazasini zamonaviylashtirish
Harakatlanadigan transport parkini koʻpaytirish, uning tarkibini oʻzgartirishni moʻljallash bilan birgalikda shahar yoʻlovchi tashish transportining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va zamonaviylashtirish nazarda tutilmoqda.
Harakatlanadigan transportga servis xizmati koʻrsatish markazlari tashkil etishga alohida oʻrin ajratiladi. “Mersedes-Bens” va “OʻzavtoDEU” avtobuslariga, “Tatra” tramvaylariga xizmat koʻrsatish boʻyicha ilgari tashkil etilgan markazlar, shuningdek sotishdan oldin servis xizmati koʻrsatish va kafolatli xizmat koʻrsatish boʻyicha texnik markazlar — “PAZavtotexmarkaz” va “ToshKochAvto” qoʻshma korxonalari rivojlantiriladi.
Yaqin vaqt ichida “Shkoda” trolleybuslariga va “SamKochAvto” avtobuslariga servis xizmati koʻrsatish markazi tashkil etish nazarda tutilmoqda. “Shkoda” firmasi bilan shuningdek metro vagonlarini rekonstruksiya qilish markazi tashkil etish ham moʻljallangan. Shu jumladan:
Toshkent shahrida (ATZ-10), Samarqandda (Samarqand tajriba-eksperimental mexanika zavodi), Qoʻqonda (ATK-10) DEU avtomobil zavodining;
Toshkent viloyatida (Zangiota ATK), Samarqandda (A-K 2509), Andijonda (ATZ-6), Urganchda “Karosa” avtomobil zavodining servis va kafolatli xizmat koʻrsatish boʻyicha diler huquqlari berilgan texnik markazlarini tashkil etish vazifasi qoʻyilmoqda.
Barcha viloyat markazlarida va Nukus shahrida avtobuslarni tuzatish boʻyicha texnik markazlar filiallarini tashkil etish nazarda tutilmoqda.
ATZ-2 aksiyadorlik jamiyati shahar avtobuslariga, “Remeltrans” aksiyadorlik jamiyati tramvaylarga xizmat koʻrsatishga, trolleybuslar parkiga xizmat koʻrsatishga esa 2000-yilda foydalanishga topshirish moʻljallangan Sirgʻali trolleybus zavodi ixtisoslashtiriladi.
2000-yilda ShTZ-9da Barnaul zavodi bilan birgalikda tormoz qoplamalari ishlab chiqarish sexi ishga tushiriladi. Avtoshinalarni tiklash boʻyicha mahalliy ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, avtobus parkini suyultirilgan tabiiy gazga oʻtkazishni tugallash, yonilgʻining muqobil turlarini izlash ishlarini davom ettirish nazarda tutilgan.
Respublikaning sanoat salohiyatidan foydalangan holda ehtiyot qismlar, uzellar va agregatlar tayyorlash ustuvor ahamiyatga ega boʻladi. Eng yaqin vaqtdayoq respublika sanoat korxonalari tomonidan:
avtobuslar, tramvaylar, trolleybuslar, metro vagonlari uchun 350 nomda ehtiyot qismlar;
40 nomda garaj asbob-uskunalari;
turli modellardagi avtomobillarga 6 nomda ixtisoslashtirilgan kuzovlar tayyorlashni taʼminlash;
shuningdek xorijiy rusumdagi avtomobillarning 1500 agregati va dvigatelini mukammal tuzatish-tiklash hamda “OʻzDEUavto” va “SamKochAvto” avtomobillari dvigatellarini tuzatishni oʻzlashtirish moʻljallanmoqda.
Keyingi yillarda talab past boʻlgan mahsulotni ishlab chiqarishdan olib tashlash bilan bir vaqtda ishlab chiqariladigan mahsulot turlarini har yili 10 — 15 foizga yangilash moʻljallanadi.
Metro vagonlari uchun oʻz kuchlari bilan tayyorlanayotgan ehtiyot qismlarning asosiy turlarini 400 nomgacha, tramvay-trolleybus kompleksi boʻyicha esa — 200 nomgacha yetkazish moʻljallangan.
Jamoat transporti uchun maxsus svetoforlarda ustuvor harakat qilishni va ayrim shox koʻchalarda uning tez harakat qilishi uchun alohida yoʻlni nazarda tutuvchi yer usti transport vositalari harakatini avtomatlashtirilgan boshqarish ishlari davom ettiriladi. Foydalanish xizmatlari ishi transport chiqimlarini qisqartirishni, ularning bir-birini asossiz takrorlashini tugatishni va yoʻlovchilarni yetkazish vaqtini qisqartirishni nazarda tutuvchi harakat yoʻnalishlarini maqbullashtirishga yoʻnaltiriladi. Toʻxtab oʻtish manzillarini xususiylashtirish, ular tarmogʻini oqilona joylashtirish, yoʻlkira kartochkalari va chiptalari sotish punktlarini rivojlantirish ishi davom ettiriladi.
Harakatlanadigan tarkibni tezkor aloqa vositalari bilan jihozlashga, yer usti jamoat transporti harakatini boshqarishning radio navigatsiyali avtomatlashtirilgan tizimini joriy etishga, markaziy dispetcherlik xizmatini, birinchi navbatda Toshkent shahrida va respublikaning yirik shaharlarida zamonaviylashtirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Buning uchun Yaponiya, Avstraliya, Fransiya yoki Germaniyaning yirik xorijiy investorlarini jalb etgan holda maxsus investitsiya dasturlari tayyorlash moʻljallanmoqda.
Toshkent shahri markazi tramvay va trolleybus yoʻllaridan xoli qilinadi, ular shahar chekkasidagi sanoat zonasiga va aholi zich yashaydigan joylarga koʻchiriladi.
3.6. Shahar yoʻlovchi tashish transportining moliyaviy ahvolini mustahkamlash chora-tadbirlari
Shahar yoʻlovchi tashish transportini boshqarish tizimini tarkibiy oʻzgartirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, shu jumladan boshqaruv aloqalarining yangi mexanizmini barpo etish, boshqarish va davlat tomonidan tartibga solish huquqlarini chegaralash, tashuvchilarning xoʻjalik mustaqilligini kuchaytirish avtobus va taksomotor parklari, tramvay va trolleybus depolarining ishlatish chiqimlarini oʻrtacha 12 — 15 foizga pasaytirish imkonini beradi.
Bozorga oʻtish sharoitlarida tashuvchilaring oʻz mablagʻlari kapital qoʻyilmalarni mablagʻ bilan taʼminlashning asosiy manbaiga aylanayotganligini hisobga olgan holda transport vositalaridan foydalanish samaradorligini oshirish, tushumni qatʼiyroq hisobga olish, yonilgʻi-energetika resurslari, ehtiyot qismlar, avtoshinalar, uzellar, agregatlar, xomashyo va materiallardan tejab va ehtiyotlab foydalanish chora-tadbirlari nazarda tutilmoqda.
Transport korxonalari aksiyalarini sotish, shu jumladan xorijiy investorlarga sotish chora-tadbirlari amalga oshiriladi.
Koʻrsatilayotgan transport xizmatlari uchun haq toʻlash muddatlaridan kelib chiqib moslashuvchan tarif siyosatini qoʻllash daromad qismining oshishiga koʻmaklashadi. Oylik yoʻlkira kartochkalarini sotishda ixtiyoriy yakka tartibda sugʻurta tizimidan keng foydalaniladi.
Koʻrsatilayotgan xizmatlarning qulayligi va sifatiga qarab tariflar darajasini belgilash ularni tabaqalashtirishning asosiy yoʻnalishiga aylanadi.
Transportning bir necha turlarida yurishga oylik yoʻlkira kartochkalarini sotishda tariflar va imtiyozlarni tartibga solish nazarda tutilmoqda. Metropolitenda 20, 40 va 60-marta yuriladigan magnit kartochkalari joriy etiladi. Yoʻlkira haqini oldindan toʻlash shahar yoʻlovchi tashish transportini boshqarish organlari ishida ustuvor yoʻnalishga aylanadi.
3.7. Shahar yoʻlovchi tashish transportini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari
Aholi hayot faoliyatini taʼminlashda shahar yoʻlovchi tashish transportining ahamiyatini, uni jadal rivojlantirish va parkni yangilash zarurligini hisobga olib unga davlat yordami koʻrsatish nazarda tutilmoqda.
Shahar yoʻlovchi tashish transportini rivojlantirishga davlat investitsiyalari tanlab investitsiyalash tusiga ega boʻladi va birinchi navbatda transportning ishonchli va xavfsiz ishlashini taʼminlashga, uning atrof muhitga zararli taʼsirini kamaytirishga yoʻnaltiriladi.
Davlat tomonidan, budjet mablagʻlari hisobiga shahar yoʻlovchi tashish transportining harakatlanadigan tarkibini toʻldirish va yangilash, transport infratuzilmasini rivojlantirish, metropoliten liniyalari qurish, fuqarolarning ayrim toifalarini tashishda imtiyozlar berilishi munosabati bilan xarajatlarni qisman qoplash qoʻllab-quvvatlanadi.
Investitsiyalar hajmlarini kengaytirish uchun Shahar yoʻlovchi tashish transportini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasini tashkil etish moʻljallanmoqda, unga yetakchi sanoat korxonalari, xususiy tuzilmalar, tijorat tuzilmalari va boshqa homiylarning mablagʻlari jalb etilishi mumkin.
3.8. Shahar yoʻlovchi tashish transportining qonunchilik-huquqiy bazasini takomillashtirish
Mazkur Konsepsiyada nazarda tutilgan qoidalar amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida qonunchilik-meʼyoriy bazani yanada takomillashtirish chora-tadbirlari moʻljallangan. Ushbu chora-tadbirlar “Shahar yoʻlovchi tashish transporti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlarini, “Fuqarolarning ayrim toifalari imtiyozli yurishi toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasini ishlab chiqishni oʻz ichiga oladi.
Quyidagilarni:
hokimlik bilan shahar yoʻlovchi tashish transportini boshqarish organi oʻrtasidagi shartnoma (kontrakt) hamda shahar yoʻlovchi tashish transportini boshqarish organi bilan tashuvchilar oʻrtasidagi shartnomaning namunaviy shartlarini;
muntazam ravishda shaharda yoʻlovchilar tashuvchilarni mablagʻ bilan taʼminlash tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni;
transport vositalari va tashuvchilar faoliyati ustidan inspektorlik nazoratini kuchaytirishni nazarda tutgan holda shahar yoʻlovchi tashish transporti tomonidan bajariladigan xizmatlarni sertifikatsiyalash tartibini tayyorlash nazarda tutilmoqda.
3.9. Kadrlar siyosati va ijtimoiy siyosat
Quyidagilar kadrlar siyosati va ijtimoiy siyosatning asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi:
haydovchi kadrlar va metropoliten mashinistlarining, konduktorlar, tuzatuvchi ishchilar, oʻrta boʻgʻin va dispetcherlik apparati mutaxassislarining doimiy kasb tayyorgarligini, ularning malaka darajasi oʻz vaqtida oshirilishini taʼminlash;
oʻrta maxsus va kasb-hunar oʻquv yurtlari tarmoq tizimini mustahkamlash va rivojlantirish;
jamoat yoʻlovchi tashish transporti korxonalari bazasida yuqori sinflar oʻquvchilaridan transportning har xil turlari haydovchilarini tayyorlash boʻyicha bolalar-oʻsmirlar sport maktablari barpo etish;
transport vositalarini tuzatish va ularga xizmat koʻrsatish ishlarini mexanizatsiyalash va avtomatlashtirish darajasini oshirish;
koʻrsatilayotgan xizmatlar hajmi va turlarini kengaytirish hisobiga qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish;
shahar yoʻlovchi tashish transporti xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish mexanizmini takomillashtirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda oliy oʻquv yurtlarida mutaxassislar tayyorlash hamda shahar yoʻlovchi tashish transportining rahbar xodimlari va mutaxassislarining malaka darajasini oshirish kompleks dasturini ishlab chiqish nazarda tutilgan.
3.10. Shahar yoʻlovchi tashish transporti sohasida tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish
Quyidagilar shahar yoʻlovchi tashish transportida tashqi iqtisodiy faoliyatni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari hisoblanadi:
harakatlanadigan tarkibni tuzatish va unga servis xizmati koʻrsatish boʻyicha qoʻshma korxonalar tashkil etish hisobiga tashuvchilarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
mamlakatimiz sanoatini barpo etish va oʻz kuchlari bilan tayyorlanayotgan buyumlar turlarini kengaytirish hisobiga harakatlanadigan tarkib, ehtiyot qismlar, agregatlar va asbob-uskunalarni chet eldan import qilishni asta-sekin qisqartirish;
shahar yoʻlovchi tashish transportini rivojlantirishga xorijiy investitsiyalar jalb qilinishini ragʻbatlantirish;
xorijiy mamlakatlar bilan kooperatsiyani kengaytirish va chuqurlashtirish.
Tashqi iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishda xususiy firmalar va tadbirkorlarga alohida eʼtiborni qaratgan holda xorijiy kompaniyalar va mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilarining investitsiyalari va kreditlari hajmini ancha kengaytirish moʻljallanmoqda (7-ilova).
Shahar yoʻlovchi tashish transportini rivojlantirish Konsepsiyasiga 1-ILOVA
Oʻzbekiston shaharlarida jamoat yoʻlovchi tashish transporti turlarini rivojlantirish
Shahar yoʻlovchi tashish transportini rivojlantirish Konsepsiyasiga 2-ILOVA
Shahar yoʻlovchi tashish transportining har xil turlari bilan yoʻlovchi tashish hajmlari prognozi
Shahar yoʻlovchi tashish transportini rivojlantirish Konsepsiyasiga 3-ILOVA
Transportning har xil turlari bilan yoʻlovchi tashish tarkibi prognozi
Shahar yoʻlovchi tashish transportini rivojlantirish Konsepsiyasiga 4-ILOVA
Yoʻnalishlar tarmogʻi umumiy uzunligining koʻpayishi
Shahar yoʻlovchi tashish transportini rivojlantirish Konsepsiyasiga 5-ILOVA
Yoʻlovchi tashish transportining mavjud harakatdagi tarkibi
Shahar yoʻlovchi tashish transportini rivojlantirish Konsepsiyasiga 6-ILOVA
Shahar yoʻlovchi tashish transporti parkini toʻldirish va yangilash uchun transportlar xarid qilish
Shahar yoʻlovchi tashish transportini rivojlantirish Konsepsiyasiga 7-ILOVA
1999 — 2005-yillarda shahar yoʻlovchi tashish transportini rivojlantirishga xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb qilish
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 26-noyabrdagi 513-sonli qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida shahar yoʻlovchi tashish transportini rivojlantirish Konsepsiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari
DASTURI
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 26-noyabrdagi 513-sonli qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida shahar yoʻlovchi tashish transportini rivojlantirish Konsepsiyasini amalga oshirish boʻyicha Respublika komissiyasi
TARKIBI
Izoh: Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtganlarida Komissiya tarkibiga ularning lavozimlariga yangi tayinlangan shaxslar kiritiladi.
