Muhammad Rizo Erniyozbek oʻgʻli-Ogahiy tavalludining 190 yilligini nishonlash toʻgʻrisida (407-son)
23.09.1998
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Xalqimizning milliy madaniyati, maʼnaviyati va maʼrifati taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan atoqli shoir, tarixnavis, tarjimon, davlat arbobi Muhammad Rizo Erniyozbek oʻgʻli - Ogahiyning adabiy-ilmiy merosini yanada keng targʻib qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, respublika “Maʼnaviyat va maʼrifat” jamoatchilik markazi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi va Xorazm viloyati hokimligining 1999-yilda respublikamizda Muhammad Rizo Erniyozbek oʻgʻli - Ogahiy tavalludining 190 yilligini keng nishonlash haqidagi taklifi qabul qilinsin.
Ogahiy tavalludining 190 yilligiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha respublika tashkiliy qoʻmitasi tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Tashkiliy qoʻmita tegishli vazirliklar, idoralar, tashkilotlar bilan birgalikda bir oy muddatda yubileyga tayyorgarlik koʻrish, uni oʻtkazish tadbirlari rejasini ishlab chiqsin va amalga oshirishga kirishsin.
2. Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi:
Xorazm Maʼmun akademiyasi bilan birgalikda 1999-yil dekabr oyida “Sharq xalqlarining maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotida Ogahiy adabiy-ilmiy merosining ahamiyati” mavzuida ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi va tegishli vazirliklar bilan birgalikda 1998-1999-yillar davomida shoirning badiiy, ilmiy-tarixiy merosidan “Tanlangan asarlari”ni hamda Ogahiy haqidagi risola, maqolalar toʻplamini tayyorlasin va chop etsin.
3. Xorazm viloyati hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, “Maʼnaviyat va maʼrifat” jamoatchilik markazi bilan birgalikda 1999-yil dekabr oyida Urganch shahrida Ogahiy yubileyiga bagʻishlangan tantanalarni tashkil qilsin va oʻtkazsin.
4. Xorazm viloyati hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi hamda tegishli idoralar bilan birgalikda mahalliy budjet va homiylarning mablagʻlari hisobiga Ogahiy nomi bilan ataluvchi majmua tarkibiga kirgan inshootlarni, jumladan, Xiva tumanidagi shoir maqbarasini, muzey hamda bogʻini taʼmirlash, yangi eksponatlar bilan boyitish, obodonlashtirish ishlarini amalga oshirsin.
5. Oʻzbekiston pochta va telekommunikatsiyalar agentligi Ogahiy surati tasvirlangan pochta markalari, konvertlar chiqarishni tashkil etsin.
6. “Oʻzteleradio” kompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ogahiyning oʻzbek adabiyoti va tarix ilmini rivojlantirishga qoʻshgan ulkan hissasi, hayot yoʻli aks etgan koʻrsatuvlar, eshittirishlar tashkil etish, maqolalar uyushtirish hamda shoir asarlari asosida videofilmlar yaratish topshirilsin.
7. Belgilab qoʻyilsinki, Ogahiy yubileyini oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar vazirliklar va idoralarning rejadagi oʻz, mahalliy budjet va homiylar mablagʻlari hisobiga qoplanadi.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A. Azizxoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 23-sentabr,
407-son
Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 23-sentabrdagi 407-son qaroriga ILOVA
Muhammad Rizo Erniyozbek oʻgʻli - Ogahiy tavalludining 190 yilligiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita
TARKIBI
