1995-yilda boshoqli don ekinlari hosilini yigʻishtirib olish va davlatga topshirishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (168-son)
15.05.1995
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
[Koʻchirma]
Respublikaning don mustaqilligini mustahkamlash, boshoqli don ekinlari hosilini yigʻishtirib olishni jadal tugallash va davlat resurslariga don topshirishni koʻpaytirish borasida xoʻjaliklarni ragʻbatlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 1995-yilda boshoqli ekinlar donini preyskurant narxlarda xarid qilish hajmi 1420 ming tonna miqdorida belgilansin va “Oʻzdonmahsulot” davlat korporatsiyasiga 1-ilovaga muvofiq kamida 680 ming tonna donni erkin narxlarda qoʻshimcha ravishda sotib olish yuzasidan kontraktatsiya shartnomalari tuzilishini taʼminlash yuklatilsin.
Boshoqli ekinlar doni uchun preyskurant narxlar 1a-ilovaga muvofiq belgilansin.
Xoʻjaliklar tomonidan donni don qabul qilish punktlariga yetkazib berish boʻyicha transport xarajatlari “Oʻzdonmahsulot” davlat korporatsiyasi korxonalari hisobiga qoplansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish” davlat-kooperativ qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda viloyatlar hokimliklari bilan kelishilgan boshoqli ekinlar donini yigʻishtirib olish va topshirish muddatlari boʻyicha takliflariga 2-ilovaga muvofiq rozilik berilsin.
3. Oʻrim-yigʻim ishlarini jadallashtirish va hisob-kitoblarni oʻz vaqtida oʻtkazish uchun “Oʻzdonmahsulot” davlat korporatsiyasi 1995-yilning may oyida qishloq xoʻjaligi korxonalariga xarid qilinadigan jami don miqdori qiymatining 40 foizgachasi avans tariqasida berilishini taʼminlasin, don uchun uzil-kesil hisob-kitoblarni uning amalda xarid qilinishiga qarab oʻtkazsin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat” uyushmasi va Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi berilgan avansdan ish haqi toʻlash, yonilgʻi-moylash materiallari, oʻgʻitlar, oʻsimliklarni himoya qilishning kimyoviy va biologik vositalari, qishloq xoʻjaligi texnikasi va ularga ehtiyot qismlar, xizmat koʻrsatuvchi korxonalar bilan hisob-kitob qilish uchun foydalanilishi ustidan nazoratni taʼminlasinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi (Husanov) Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi bilan birgalikda don oʻrim-yigʻimida band boʻlgan xodimlar mehnatiga haq toʻlash va ularni moddiy ragʻbatlantirish boʻyicha tavsiyanomalarni bir hafta muddatda xoʻjaliklarga yetkazsin. Don oʻrim-yigʻimida moddiy ragʻbatlarni kuchaytirish uchun xoʻjaliklarga kombaynchilar hamda oʻrim-yigʻim ishlarida band boʻlgan boshqa xodimlar bilan har besh va oʻn kunda hisob-kitob qilish tavsiya etilsin. Oʻrim-yigʻim mavsumi tugagach, bajargan ishiga qarab kombaynchilarga ikki tonnagacha, yuk avtomashinalari haydovchilariga va oʻrim-yigʻimdagi qoʻl ishlarida qatnashganlarga bir tonnagacha don bergan holda mahsulot bilan ish haqi toʻlash qoʻllansin.
Markaziy bank, “Oʻzagrosanoatbank”, “Oʻzsanoatqurilishbank” oʻrim-yigʻim mavsumi qatnashchilari bilan oʻz vaqtida hisob-kitob qilish uchun xoʻjaliklarni naqd pul bilan taʼminlasinlar.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi (Husanov), “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish” (Jabborov), “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat” uyushmasi (Nosirov), “Oʻzdonmahsulot” davlat korporatsiyasi:
shu yilning 20-mayigacha don oʻrish-yigʻish kombaynlarini, yigʻib olingan donni tashish uchun transport vositalarini, urugʻlik donni tozalash mashinalarini, xirmonlarni, yuklash vositalarini, yongʻinga qarshi kurashish va boshqa asbob-anjomlarni tayyorlab qoʻyishni taʼminlasinlar. Zarur ehtiyot qismlar va rezinatexnika buyumlari rezervlarini yaratish chora-tadbirlarini koʻrsinlar. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar boʻyicha kombaynlarni don oʻrim-yigʻimiga chiqarishni 3-ilovaga muvofiq amalga oshirsinlar;
sugʻoriladigan yerlardan foydalanish samaradorligini oshirish uchun boshoqli don ekinlari hosili oʻrim-yigʻimi tugagach boʻshagan maydonlarni tayyorlash hamda don va silosbop makkajoʻxori, kartoshka, sabzavot va oʻsish davri qisqa boʻlgan boshqa ekinlarni viloyatlar boʻyicha 4-ilovaga muvofiq takroriy ekish ishlarini qisqa muddatlarda oʻtkazsinlar;
boshoqli don ekinlari hosilini oʻz vaqtida oʻrib-yigʻib olishda va yerlarni takroriy ekin ekishga tayyorlashda fermerlarga va aholiga amaliy yordam koʻrsatsinlar.
7. “Oʻzmashsanoat” uyushmasi (Sobirov) va “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish” davlat-kooperativ qoʻmitasi (Jabborov) don hosilini yigʻishtirib olish davrida sanoat korxonalarini xoʻjaliklarga texnika yordami koʻrsatish vazifasi bilan tumanlarga 5-ilovaga muvofiq biriktirib qoʻysinlar.
8. “Oʻzdonmahsulot” davlat korporatsiyasi (Mahamadjonov):
1995-yilgi don hosilining elevatorlarda, don qabul qilish korxonalarida va uzoq punktlarda, don yetishtirish joylarida uzluksiz qabul qilib olinishini taʼminlasin;
donni davlat resurslariga koʻplab topshirtirish maqsadida jamoa xoʻjaliklari, kooperativlarning uyushmalari, xoʻjaliklarning boshqa turlari, shuningdek dehqon (fermer) xoʻjaliklari bilan donni erkin narxlarda xarid qilish uchun shartnomalar tuzish ishlarini avj oldirsin.
9. Qishloq xoʻjaligi vazirligiga va “Oʻzdonmahsulot” davlat korporatsiyaga, “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat” uyushmasiga, Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasiga 1996-yil hosili uchun boshoqli don ekinlari urugʻligini gʻamlab qoʻyishni 6-ilovaga muvofiq taʼminlash tavsiya qilinsin.
10. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzdonmahsulot” davlat korporatsiyasi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlari hokimliklari zarurat boʻlganda qayd etilgan viloyatlarning xoʻjaliklarida 1996-yil hosili uchun ekish maqsadida bugʻdoyning serhosil navlari urugʻliklarini respublika tashqarisidan keltirishni taʼminlasinlar.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Ichki ishlar vazirligi, “Oʻzmevasabzavotuzumsanoat” uyushmasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklarining don hosilini yigʻishtirib olish joylarida, ularni xirmonga va don qabul qilish punktlariga, shuningdek saqlash joylariga tashish chogʻida qatʼiy qoʻriqlanishini va hisobga olinishini taʼminlasinlar, buning uchun nazorat postlari tashkil etsinlar.
12. “Oʻzavtotrans” davlat korporatsiyasi (Axmetov), “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish” davlat-kooperativ qoʻmitasi don hosilini yigʻishtirib olish davrida Jizzax, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari xoʻjaliklari bilan shartnomalar asosida, avtomashinalarning 2 smenada ishlashini hisobga olgan holda, yuk avtomobillarini haydovchilar, xizmat koʻrsatuvchi xodimlar va tuzatish vositalari bilan birgalikda xoʻjaliklarning buyurtmanomalariga muvofiq miqdorda va muddatlarda yuborsinlar.
13. “Oʻzdavneftmahsulot” birlashmasi don hosilini yigʻishtirib olish va tashish uchun yonilgʻi-moylash materiallarining zarur zaxirasini yaratsin, ularning xoʻjaliklarga uzluksiz berilishini taʼminlasin.
14. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari I. Joʻrabekov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1995-yil 15-may,
168-son
Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 15-maydagi 168-sonli qaroriga 1-ILOVA
1995-yilda respublika xoʻjaliklarida boshoqli ekinlar donini xarid qilish
HAJMLARI
Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 15-maydagi 168-sonli qaroriga 1a-ILOVA
1995-yilgi boshoqli ekinlar doni uchun xarid narxlari
Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 15-maydagi 168-sonli qaroriga 2-ILOVA
1995-yilgi boshoqli ekinlar donini oʻrib-yigʻib olish va topshirish
MUDDATLARI
Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 15-maydagi 168-sonli qaroriga 3-ILOVA
1995-yilgi boshoqli ekinlar hosili oʻrim-yigʻimida ishlaydigan oʻrim-yigʻim kombaynlari
* Sholi oʻrish-yigʻish kombaynlarini jalb etishni hisobga olgan holda.
Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 15-maydagi 168-sonli qaroriga 4-ILOVA
1995-yilda boshoqli don ekinlari hosili yigʻishtirib olingandan keyin boʻshagan maydonlarga takroriy qishloq xoʻjaligi ekinlari ekiladigan
MAYDONLAR
Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 15-maydagi 168-sonli qaroriga 5-ILOVA
1995-yilgi boshoqli ekinlar doni hosilini yigʻishtirib olish davrida yordam koʻrsatish uchun “Oʻzmashsanoat” uyushmasi va “Oʻzqishloqxoʻjaliktaʼminottuzatish” davlat-kooperativ qoʻmitasi zavodlarining tumanlarga
BIRIKTIRIB QOʻYILISHI
Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 15-maydagi 168-sonli qaroriga 6-ILOVA
Respublika xoʻjaliklarida boshoqli ekinlar donining 1995-yil hosilidan gʻamlab qoʻyiladigan urugʻlik
HAJMLARI
*Davlat don xaridlari hajmiga kiritilgan.
