Bozor sharoitlarida qishloq xoʻjaligini isloh qilishning iqtisodiy va huquqiy asoslarini maqsadli oʻqitish toʻgʻrisida (11-son)
11.01.1999
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Rahbar kadrlarga qishloq xoʻjaligida bozor islohotlarini chuqurlashtirishning iqtisodiy va huquqiy asoslarini oʻqitish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, viloyatlar hokimlarining qishloq xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosarlariga, qishloq tumanlar hokimlariga, xoʻjaliklar va qishloq xoʻjaligi korxonalari rahbarlariga qishloq xoʻjaligini isloh qilishning iqtisodiy va huquqiy asoslarini oʻqitish boʻyicha oʻqish tashkil etish va uni oʻtkazish yuzasidan 1-ilovaga muvofiq tarkibda ishchi guruhi tuzilsin.
2. 1999-yil 19-yanvardan 8-fevralgacha (ikki guruhda) Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi bazasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, viloyatlar hokimlarining qishloq xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari, qishloq tumanlari hokimlarining oʻqishi oʻtkazilsin.
Oʻqitish jadvali, mavzusi va mashgʻulotlarni oʻtkazish uchun lektorlar roʻyxati 2 va 3-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
3. 1999-yil 30-yanvardan 19-fevralgacha Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda barcha xoʻjaliklar va qishloq xoʻjaligi korxonalari rahbarlarining oʻqishi oʻtkazilsin.
Oʻqitish jadvali va mavzusi, joylarda oʻqitishni tashkil etish va uni oʻtkazish uchun masʼul shaxslar roʻyxati 4, 5 va 6-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
4. Dehqon va fermer xoʻjaliklari uyushmasi, Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 1999-yil 1-martgacha yetakchi olimlar va amaliyotchilarni jalb etgan holda asosiy qonun hujjatlari va Hukumat qarorlari boʻyicha, fermer xoʻjaliklarini, qishloqda kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish va mustahkamlash masalalari boʻyicha fermerlar va qishloq tadbirkorlarining ikki haftalik oʻqishini tashkil etsinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Adliya vazirligi, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat mulki qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi, Markaziy banki, “Paxta-bank”, Oliy xoʻjalik sudi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda mashgʻulotlar oʻtkazish uchun yetakchi oʻqituvchilarni va olimlarni, vazirliklar va idoralar, oliy oʻquv yurtlari va ilmiy-tadqiqot muassasalari mutaxassislarini qoʻshimcha ravishda jalb qilsinlar.
6. Belgilab qoʻyilsinki, oʻqish tugagandan soʻng har bir tinglovchi oʻz mintaqasida yoki xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarning amalga oshirilishi boʻyicha referat tayyorlaydi, tinglovchilarga test natijalariga koʻra belgilangan namunadagi sertifikat (guvohnoma) beriladi.
7. Qishloq xoʻjaligi korxonalari rahbarlarining oʻqishini tashkil etish va uni sifatli oʻtkazish uchun shaxsiy javobgarlik Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari, vazirliklar va idoralarning hududlarga biriktirilgan rahbarlari zimmasiga yuklansin.
8. Respublika ishchi guruhi (Olimjonov) va Toshkent davlat agrar universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Samarqand qishloq xoʻjaligi instituti va Andijon qishloq xoʻjaligi institutining profil kafedralari rahbarlari va professor-oʻqituvchilari tarkibini ikki oy muddatda attestatsiyadan oʻtkazsin, bunda ularning qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish boʻyicha qabul qilingan qonun hujjatlari va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlarini bilishlariga asosiy eʼtibor bersin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ. T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 11-yanvar,
11-son
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 11-yanvardagi 11-sonli qaroriga 1-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining va viloyatlar hokimlarining qishloq xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari, qishloq tumanlari hokimlari oʻqishini tashkil etish va uni oʻtkazish boʻyicha ishchi guruhi
TARKIBI
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 11-yanvardagi 11-sonli qaroriga 2-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining va viloyatlar hokimlarining qishloq xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosarlarini, qishloq tumanlari hokimlarini oʻqitish
JADVALI
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 11-yanvardagi 11-sonli qaroriga 3-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining va viloyatlar hokimlarining oʻrinbosarlarini, qishloq tumanlari hokimlarini oʻqitish mavzusi va mashgʻulotlarni oʻtkazish uchun lektorlar
ROʻYXATI
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 11-yanvardagi 11-sonli qaroriga 4-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda xoʻjalik rahbarlarini oʻqitish
JADVALI
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 11-yanvardagi 11-sonli qaroriga 5-ILOVA
Qishloq xoʻjaligi korxonalari rahbarlarini oʻqitish
mavzulari
Bozor iqtisodiyoti sharoitlarida xoʻjalikni boshqarish asoslari
1. Respublika qishloq xoʻjaligida bozor iqtisodiyoti shakllanishining qonuniy asoslari. Bozor munosabatlariga oʻtishning oʻzbek modeli.
2. 1998 — 2000-yillardagi davrda qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish dasturi.
3. Qishloq xoʻjaligi korxonalarining mulkiy pay asosida qishloq xoʻjaligi kooperativ (shirkat xoʻjalik) lariga aylantirishning mohiyati va bosqichlari.
4. Oilaviy pudratni va oʻzaro hisob-kitoblarda chek tizimini joriy etish. Moliya hisob-kitob markazlari.
5. Qishloq xoʻjaligida ijara munosabatlari. Bogʻlar va uzumzorlarni ijaraga berish.
6. Yer resurslari. Yer kadastri. Yerdan oqilona foydalanish muammolari.
7. Fermer va dehqon xoʻjaliklari tashkil etilishining mohiyati va ularni rivojlantirish yoʻllari.
8. Qishloqda bozor infratuzilmasini shakllantirish — qishloqda bozor iqtisodiyotini rivojlantirishning bosh shartidir.
9. Qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishining past rentabelligi hamda zarar koʻrib ishlashining asosiy sabablari va ularni bartaraf etish yoʻllari.
10. Qishloqda yangi ish joylarini tashkil etish va investitsiyalar siyosati.
11. Qishloq xoʻjaligi korxonalarida menejment asoslari.
12. Asosiy va aylanma mablagʻlar: hisobga olish, baholash, qayta baholash, toʻldirish va takror ishlab chiqarish.
13. Mahsulotlar birligini ishlab chiqarishda mehnat xarajatlari va resurslar meʼyorlari.
14. Qishloq xoʻjaligi korxonalarida biznes-rejaning roli, uning mazmuni, tuzish tartibi va amalga oshirish yoʻllari.
15. Xususiylashtirish. Aksiyalar va qimmatli qogʻozlar bozori.
16. Kontraktatsiya shartnomalarini tuzish va ularni bajarish qoidasi. Shartnoma — iqtisodiy munosabatlarni tartibga soluvchi asosiy huquqiy hujjatdir.
17. Qishloq xoʻjaligi korxonalarini sanatsiyalashning mohiyati va ahamiyati:
sanatsiyalashning meʼyoriy-huquqiy asoslari;
tashqi boshqaruv, uning mohiyati va vazifalari. Tashqi boshqaruvchining huquqlari va majburiyatlari va uning sanatsiyalash masalalari boʻyicha mintaqaviy komissiya bilan oʻzaro faoliyati;
moliyaviy sogʻlomlashtirish rejasi (biznes-reja)ni tuzish va uni amalga oshirish.
18. Natija bermaydigan xarajatlarni qisqartirish:
xodimlar sonini meʼyorga muvofiq holga keltirish va keragidan ortiqcha resurslarni ishga joylashtirish;
keragidan ortiqcha mol-mulkni sotish;
foydalanilmaydigan binolar va texnikalarni ijaraga berish;
pullik xizmatlar koʻrsatish;
ishlab chiqarish xarajatlarini qisqartirish;
ichki oʻzaro hisob-kitoblarni chek asosiga oʻtkazish.
19. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini sotishning oqilona usullari, bozor tadqiqotlari (marketing) va raqobatlar.
20. Tadbirkorlik asoslari va qishloqda oʻrta hamda kichik biznesni rivojlantirish.
21. Qishloq xoʻjaligi korxonalarini kreditlash tartibi, foiz stavkalari va kreditni qaytarish mexanizmi.
22. Qishloq xoʻjaligi korxonalarida yagona yer soligʻini joriy etishning mohiyati.
23. Qishloq xoʻjaligida sugʻurtalash tizimi: turlari, shartlari, xarajatlarni qoplash.
Qishloq va suv xoʻjaligi ishlab chiqarishida ilmiy-texnika va texnologiya siyosati asoslari
1. Respublikada paxtachilikni rivojlantirish istiqbollari va gʻoʻzani ilgʻor agrotexnika (chigitni plyonka ostida ekish usuli) asosida yetishtirish.
2. Seleksiya ishlarining ahvoli va uning samaradorligini oshirish yoʻllari, paxtaning yuqori hosilli, tezpishar navlarini yaratish va qoʻllash.
3. Respublikada don ekinlari hosildorligini oshirish yoʻllari.
4. Respublikada boshoqli don ekinlarining navli urugʻlarini sifatli tayyorlashni oshirish usullari.
5. Oʻsimliklarni himoyalash masalalari va qishloq xoʻjaligi zararkunandalariga qarshi kurashishning zamonaviy usullari.
6. Almashlab ekishdan ilmiy asosda foydalanish qishloq xoʻjaligi ekinlarining hosildorligini oshirish va begona oʻtlar bilan kurashish usulidir.
7. Qishloq xoʻjaligi ekinlari yetishtirishda suvni tejash texnologiyalari (tomchilab, yomgʻirlab va boshqa noanʼanaviy usullar)dan foydalanish muammolari.
8. Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash yoʻllari.
9. Kollektor — zovur tarmoqlaridan foydalanishning samaradorligini oshirish yoʻllari.
10. Mashina-traktor parklari (MTP) ni yanada rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar bilan MTP oʻrtasidagi shartnoma munosabatlari muammolari va ularni takomillashtirish yoʻllari.
11. Zamonaviy qishloq xoʻjaligi mashinalari va traktorlaridan foydalanishning oʻziga xos xususiyatlari va ularning samaradorligini oshirish yoʻllari.
12. Bogʻdorchilik va uzumchilikni rivojlantirish masalalari.
13. Sabzavot-poliz ekinlari va kartoshka yetishtirishda zamonaviy texnologiyadan foydalanish.
14. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlashni rivojlantirish va ularni saqlashni yaxshilash masalalari.
15. Chorvachilik va parrandachilikni, naslchilik ishlarini, veterinariya xizmatini va omuxta yem ishlab chiqarishni rivojlantirish masalalari.
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 11-yanvardagi 11-sonli qaroriga 6-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda qishloq xoʻjaligi korxonalari rahbarlarining oʻqishini oʻtkazish uchun masʼul boʻlgan shaxslar
ROʻYXATI
